Ikkinchi Liga kuzgi mavsum 1-tur savollari (12.09.2026)
Ikkinchi Liga, kuzgi mavsum, 1-tur savollari
1-savol:
Savol matnidagi o'yin nomi qisqartirilgan.
Bir asarda "Horse" o'yini haqida parcha mavjud bo'lib, fermada ishlovchilar o'z omadlarini sinab ko'rish uchun yerga qoziq suqishgan va qo'llariga Uni olishgan.
Savol: U o'rnidagi so'zni yozib bering.
Javob: Taqa
Izoh: "Horseshoes" deb nomlanuvchi o'yinda qoziq tomonga taqa otiladi va eng yaqin otilgan taqa uchun ochkolar beriladi. Omad keltiruvchi element bilan omadni sinab ko'rishadi. U harfi ham taqani eslatib yuboradi. Bugungi o'yinda barcha jamoalarga omad tilaymiz!
2-savol:
Boshni oldinga egib turish holati bo'yinga 27 kilogrammgacha bosim yuklaydi va umurtqa pog'onasi, bo'g'imlar, mushaklar, o'pka kabilarda muammo yuzaga kelishi mumkin. Bularning sababchisi U. Yakob Sempler yo'l halokatiga uchrashiga sal qolgandan keyin qo'lida U tutgan piyoda tasvirlangan yo'l belgisini o'ylab topgan.
Savol: U nima?
Javob: Telefon
Izoh: Inson telefondan foydalanayotganda ko'pincha bo'yni egilgan holatda bo'ladi va muntazam bu holatda turish keyinchalik muammolarni keltirib chiqaradi. Telefondan kamroq foydalanish yoki telefonni yuqoriroq ko'tarish tavsiya etiladi. Telefoniga berilib ketib yo'l halokatiga uchrashiga sal qolgan Yakob yo'l belgisida qo'lida telefon ushlagan piyodani tasvirlagan.
Zachot: Smartfon, Planshet va telefon funksiyasini bajara oluvchi turli qurilmalar.
3-savol:
Qorong'u va nam muhit achitqi zamburug'lari uchun ayni muddao. Bunday muhitda terining ta'sirlanishi yoki hatto ekzema paydo bo'lishi mumkin. Bu holat yuz berishiga olib keluvchi predmetlardan biri – U. Hozirda U akselerometr, termometr, barometr kabi funksiyalarni ham o'z ichiga olmoqda.
Savol: Uni ikki o'zakli inglizcha so'zda yoki bizdagi nomlanishini yozib bering.
Javob: Smartwatch
Izoh: Smart soatlarni muntazam taqib yurish terida muammolar keltirib chiqarishi mumkin. Bunda soatni tez-tez yechib turish va terini yuvish tavsiya qilinadi. Himoya kremidan foydalanish ham mumkin. Zamonaviy smart watchlar ko'plab vazifalarni bajara oladi. O'yin avvalida Sizga telefon va smart soat kabi qurilmalardan foydalanmaslik kerakligini eslatishimiz o'yin jarayoniga ham taalluqli edi.
Zachot: Smart soat, Aqlli soat.
4-savol:
Asaxiy tomonidan chiqarilgan kreativ suratlardan birida "Boshqalarga moslashishga urinib, o'zingizni yo'qotasiz" so'zlari yozilgan va pastda bir o'yin jarayoni ko'rsatilgan. Bu o'yin haqidagi maqolada standart bo'yicha eniga 10 ta, bo'yiga 20 ta qator mavjudligi yozilgan.
Savol: Gap qaysi o'yin haqida ketmoqda?
Javob: Tetris (Javob slaydida manba 1 dagi rasmni ko'rsatish maqsadga muvofiq).
Izoh: O'zingizni moslashtirish orqali, kerakli joyga joylashishingiz mumkin, ammo yakunda yo'q bo'lib ketasiz – deya tetris o'yinidan parcha ko'rsatilgan. Tetris maydonida 10x20 katak mavjud. Savol raqami ham o'yin nomiga ishora qilgandek 4.
5-savol:
Yevropa anchousi nomli baliq turi yunonlar orasida "xapsi" deb atalgan va keyinchalik arab, turkiy xalqlar orasida IKS shakliga o'zgargan. Qidiruv jarayonida baliqqa berilgan IKS nomi XV asrda yaratilgan mashhur manbaga aloqador emasligi aniq bo'ldi.
Savol: IKS o'rnidagi unlilari bir xil bo'lgan so'zni yozib bering.
Javob: Xamsa
Izoh: Qora va Azov dengizida tarqalgan xamsa nomli baliq turi nomi "Xamsa" asari yoki "5" sonini bildiruvchi "xamsa" so'ziga aloqador emasligi, bu nom "xapsi" dan kelib chiqqan bo'lishi mumkinligi yozilgan. Savol raqami ham balki sizga yordam bergandir.
6-savol:
[Tarqatma: "Cafe Mall"]
Toshkent shahrida uchta mashhur kafe brendlari yonma-yon joylashgan binolari orasida devor qurmagan va o'simliklar chegarani belgilab turadi. Bunday yoqimli muhit yaratgan loyiha nomini tarqatmada ko'rib turibsiz.
Savol: Tarqatmadagi harf tushirilgan so'zni asl holida yozib bering.
Javob: Mahalla
Izoh: Kafelar xuddi mahalladagi uylar joylashuvi kabi bir-biri bilan deyarli qo'shilib ketgan va o'zbeklarga xos samimiy muhit hosil bo'lgan. Shu boisdan loyihaning nomi - Café Mahalla.
7-savol:
"Shum bola" asarida qalandarlar jamoasi oldidan ketayotgan bir gorodovoy qamchi o'ynatib, olomonning orasini yorib yo'lida davom etadi.
Savol: Kitobning shu sahifasida uchrovchi ikki bo'g'inli atoqli otni yozib bering.
Javob: Muso
Izoh: Asardagi bu holat Muso alayhissalomning Qizil dengiz orasidan yo'l ochib, ortidan odamlarni ergashtirishiga o'xshab ketadi. Tasodifni qarangki, kitobning shu sahifasida Muso ismi ham uchraydi.
8-savol:
Ssenariy muallifi Sharof Boshbekov bo'lgan "O'yin" filmida yigit dastlab katta pul yutib, osmonlarda uchadi, keyin esa yutqazib qo'yadi va tubsizlikka qulaydi. Kadrlardan birida yigitni Uning oldida turganini ko'rish mumkin. U miloddan avvalgi 4-3-mingyilliklarda paydo bo'lgan.
Savol: U o'rnidagi unlilari bir xil so'zni yozib bering.
Javob: Charxpalak
Izoh: Yigit goh yuqoriga ko'tariladi, goh pastga tushadi. Omad charxpalak misoli aylanib turishi lavhada chiroyli ishora bilan ko'rsatilgan. Qizig'i shundaki, "Charxpalak" seriali ssenariysi ham Sharof Boshbekov qalamiga mansub. Charxpalak qadimiy suv inshooti hisoblanadi.
9-savol:
Shveytsariyalik bankir Italiyadagi bir shaharga borib, korxonani boshqara boshlaydi. Shaharga qo'shin kirib kelganida korxona harbiylarni ko'k matodan tikilgan kiyimlar bilan ta'minlay boshlaydi. Barchamiz bilgan mahsulot turi shu tariqa paydo bo'lgan degan versiyalar mavjud.
Savol: Bankir Italiyadagi qaysi shaharda korxona sotib olgan?
Javob: Genuya.
Izoh: Jinsi tarixi haqida turli versiyalar mavjud. Bir versiyaga ko'ra, Genuya shahridagi korxonada jinsi matosi o'ylab topilgan. Genoa va Jeans so'zlari bir-biriga bog'liq deb hisoblashadi.
10-savol:
Bolalarga moliyaviy savodxonlikni va tejamkorlikni o'rgatishni maqsad qilgan "Pul" nomli kitob chiqarildi. Bu kitob taqdimoti uchun blogerlarga taklifnoma va taklifnoma yonida kitob shaklidagi kreativ U tarqatilgan. U haqidagi maqolada Xitoyda cho'chqa timsoli moddiy ta'minlanganlik ramzi ekanligi yozilgan.
Savol: U o'rnidagi so'zni toping.
Javob: Aqchadon (Kopilka)
Izoh: Kitob shaklidagi aqchadon kitob mazmuniga juda mos keladi. Aqchadonlar aksariyat hollarda cho'chqa ko'rinishida chiqariladi. Shu boisdan aqchadon vatani Xitoy deb ham taxmin qilingan.
11-savol:
Savol matnida bir so'zdan harflar tushirilgan.
"UCHAR yigit" nomi bilan tanilgan Ismoil Bahodirov ichkarida bola qiyin vaziyatda qolib ketgan bo'lsa, oynani sindirishni eng to'g'ri yo'l deb hisoblashini, chaqirgan inson shubhali tuyulsa, ishni bitirmasdan qaytib ketishini aytgan.
Savol: Harflari tushirilgan ikki o'zakli so'zni asl holida yozib bering.
Javob: Qulfochar
Izoh: Qulf ochish bilan shug'ullanuvchi yigit bola ichkarida dimiqib qolsa, avtomobil oynasini sindirish ochishdan ko'ra yaxshiroq variant ekanligini aytgan. Begona uy yoki mashinani o'ziniki deb ochib berishni so'rovchi yomon niyatli insonlar ham topiladi va yigit bunday holatlarning oldini olishga urinadi.
12-savol:
Yaponiyada sakura gullashi bayrami odamlarga tezkor turmush tarzidan bir muddat to'xtab, ruhan va jismonan tetiklashish imkonini beradi, keyin esa yana hammasi o'z yo'lida davom etaveradi. Blogerlardan biri sakura gullashini yaponlar uchun IKS deb ta'riflagan. IKS tushunchasining muqobillaridan birida "repair" so'zini ko'rish mumkin.
Savol: IKS o'rnidagi defis bilan yoziluvchi so'zni toping.
Javob: Pit-stop
Izoh: Yaponlar tezkor hayot oqimidan qisqa muddat tanaffus olishadi va bu Formula 1 sportidagi tanaffus pit-stopga o'xshatilgan. Pit-stop so'zining ma'nodoshlaridan biri "repair pit", ya'ni ta'mirlash o'rasi hisoblanadi. Bizda ham pit-stop vaqti. Tanaffus!
13-savol:
Savolda almashtirishlar bor.
Rusiyzabon bloger sakura gullashi bayramida odamlar tabiat qo'yniga chiqib, pikniklar uyushtirishini kuzatarkan bu jarayonni Unga o'xshatadi. Uning nomi BESHINCHIga borib taqaladi.
Savol: BESHINCHI o'rnidagini yozib bering.
Javob: May
Izoh: Sakura gullashi paytida uyushtiriluvchi pikniklarni rus blogeri mayovkaga qiyoslagan. Mayovka o'z nomini beshinchi oydan olgan.
14-savol:
IKSga bag'ishlangan muzeyda siz dastlab 12, keyin 30, keyin 45 gradusli qiyalikda turgan maketlarda tushib ketmaslikka harakat qilishingiz kerak. Muzey qismlaridan birida esa sizga 37 soniya vaqt beriladi va qarshingizda rul turadi.
Savol: IKS o'rnidagi atoqli otni yozib bering.
Javob: Titanik
Izoh: "Titanik" kemasi cho'ka boshlaganida turli soatlarda kema turli qiyalikda bo'lgan va bu holat maketlar orqali qayta jonlantirilgan. Kapitan xonasida esa siz rulni boshqargan holda 37 soniyada aysberg bilan to'qnashuvdan kemani saqlab qolishingiz kerak bo'ladi.
15-savol:
Savol matnida almashtirish bor.
"Ko'rlik" asarida epidemiya boshlangach, shifokor oldiga kelgan bemorga bilmasdan turib, hech qanday usul tavsiya qilolmasligini, bunday qilsa, YAXSHI O'YLAB KO'RMASDAN ish tutgan bo'lishini aytadi. Bemor esa javobdan miyig'ida kulib qo'yadi.
Savol: Almashtirishni asl holida yozib bering.
Javob: Ko'r-ko'rona
Izoh: Shifokorning ishlatgan iborasi vaziyatga juda mos edi. "Yaxshi o'ylab ko'rmasdan" va "Ko'r-ko'rona" jumlalari o'zaro ma'nodosh.
16-savol:
[Tarqatma, she'r:
Ma'naviyat qimmat bo'lgan, Zamonlar o'tdi-ketdi.
Qochib qoling Navoiy bobo, muzeyingizga gal yetdi.
Ayo xalqim, belni bog'la, ekkaningni o'rgani.
Chidaysan-da, shuda endi * * degani.]
Mashhur blogerning videosidagi she'rdan ikkita so'zni berkitdik.
She'rda ma'naviyat tushunchasi hozirgi zamonaviy iqtisodiyot sharoitlarida qadrlanmayotgani aks etgan.
Savol: Berkitilgan ikki so'zni yoki video muallifi bo'lgan blogger kimligini yozib bering.
Javob: Erkin bozor
Izoh: Erkin bozor sharoitlarida hamma narsa pulga taqalishi, ma'naviyat ortga chekinishi blogger Erkin Bozorovning she'rida chiroyli ochib berilgan. Blogger o'z taxallusini she'r ichiga mohirona joylashtirgan.
Zachot: Erkin Bozor(ov)
17-savol:
2-tur 5-savoli: Trevlblogger Abdulaziz Umarov Trabzon shahrini Shveytsariya bilan deyarli bir xil ekanligini aytarkan, o'ziga xos yagona farqni ta'riflashda bir SONNI va arabcha so'zni aytadi.
Savol: Shu son va so'zni yozib bering.
Javob: 5, azon
Izoh: Sayyoh tabiati, iqlimi, manzaralari deyarli bir xil bo'lgan Shveytsariya va Trabzonning farqi sifatida "Trabzonda 5 mahal azon ovozini eshitish mumkinligini" aytgan. "Azon" so'zi arabchadan "namozga chaqirish" deganidir. Savol avvalida 2-tur 5-savoli ekanligini aytganimiz ham bejizga emasdi.
18-savol:
Savol matnida almashtirilgan so'z bor.
Romen Rollanning "Jan Kristof" romanlar turkumida bosh qahramonning bolaligi, ulg'ayib borishi, hayotiga xotini, farzandlari, qarindoshlarining qo'shilib borishi yoritilgan. Rollan o'zining bu romanini "KUN roman" deb ta'riflagan.
Savol: Savol matnidagi almashtirilgan so'zni asl holida yozib bering.
Javob: Daryo
Izoh: Daryo roman – besh yoki undan ortiq romandan iborat katta adabiy turkum bo'lib, unda bir xil qahramonlar yoki bir oilaning bir necha avlodi hayoti yoritiladi. Savol matnida yurtimizdagi eng mashhur ikkita yangiliklar platformasi nomlari almashtirildi.
19-savol:
"Alvon yelkanlar" asarida mehribon va olijanob Grey bola payti bo'yoq olib chiqib, qontalash joylarni bo'yaydi. Keyin esa oyoqlarni zanjirdan xalos qilishni xohlaydi, ammo ulgurmaydi. Grey bu ishlarni qilishdan oldin IKSlarni olib tashlashga befoyda urinib ko'rgandi. So'zlashuv tilida IKS qatnashgan jumla "juda yaxshi, hammasi joyida" ma'nolarini beradi.
Savol: IKS o'rnidagi so'zni toping.
Javob: Mix
Izoh: Iso Masih tasvirlangan suratni ko'rib, azoblanayotgan insonga yordam berishni xohlagan oqko'ngil bola mixlarni sug'urib tashlashga urinib ko'radi. Eplolmagach, qontalash joylarni bo'yaydi. Zanjirni bo'yamoqchi bo'lganida qo'lga tushadi. "Ishlar mix", "Ishlar mixday" jumlalari so'zlashuv tilida yuqoridagi ma'nolarni beradi.
20-savol:
Forumlardan birida Garri Potter filmidagi to'kin dasturxon hamda serialidagi yupun dasturxon taqqoslanib, izoh sifatida U eslab o'tilgan. U haqidagi maqolada Amerika ochilgach Yevropaga tabiiy boyliklarning katta miqdorda kirib kelishi ham yozilgan.
Savol: Uni lotin tilidan kelib chiqqan so'z bilan toping.
Javob: Inflyatsiya
Izoh: Forumdagilar dasturxonlar o'rtasidagi farqni hazillashib, inflyatsiya bilan bog'lashgan. Amerikadan qimmatbaho toshlar katta miqdorda kirib kelgach Yevropada narxlar sezilarli ko'tarilib ketgan.
21-savol:
Savol matnida almashtirish bor.
Amir Temur kunlardan birida ustozi va boshqalar tomonidan imtihon qilinib, "Qur'oni Karim" dan 3 ta surani qiroat bilan o'qib berishi so'raladi. Imtihon yaxshi yakunlangach, Temur "Sa'diy" degan unvon oladi. Amir Temurning "Sa'diy" bilan suhbatida "hindu meng" so'zlari ham eslangan.
Savol: Almashtirilgan so'zni asl holida yozib bering.
Javob: Hofiz
Izoh: Hofiz – suralarni yoddan qiroat qiluvchi qoriga nisbatan ishlatiluvchi so'z. Hofiz Sheroziy bilan suhbatda "hindu meng" ya'ni go'zalning "qora xoli" eslab o'tilgan – deyiladi afsonalarda. Sa'diy va Hofizning taxallusi bir xil, ya'ni Sheroziy.
22-savol:
Savol matnida ETA va TETA so'zlari almashtirish.
Yozuvchi Tohir Malik inson doimo tanlash imkoniga egaligi, qaysi yo'ldan ketishi o'ziga bog'liqligini aytarkan, o'zbek ertaklaridagi ETA va TETANI eslab o'tadi. ETA va TETANING oxirgi 5 ta harfi bir xil.
Savol: ETA va TETA o'rnidagi so'zlarni toping.
Javob: Egrivoy va To'g'rivoy
Izoh: Inson qaysi yo'lni tanlashiga qarab yoki Egrivoy, yoki To'g'rivoyning taqdiriga ega chiqadi – deydi yozuvchi.
23-savol:
Savolda almashtirishlar bor.
Yurtimizdagi baliq mahsulotlari bilan shug'ullanuvchi muassasa reklamasida blogger Jamshidxon Ziyoxonov mahsulotlarni tanishtirayotib, BIRINCHINI va IKKINCHINI ham sanab o'tadi. 1973-yilda chiqqan filmda BIRINCHI va IKKINCHI sanalganidan keyin bir import mahsulot ham tilga olinadi.
Savol: O'sha import mahsulot nomini yozib bering.
Javob: Baqlajon ikrasi
Izoh: Blogger baliq mahsulotlarini tanishtirayotganda qora va qizil ikrani sanab o'tgan. "Ivan Vasilyevich kasbini o'zgartiradi" filmida dasturxonda qora ikra, qizil ikra va chet eldan keltirilgan baqlajon ikrasi bor edi.
24-savol:
"Meros" asarida dehqon Yolqin Otajonov vafotidan keyin medal ukasiga topshiriladi va ukasiga savobli ishlarni davom ettirish borasida turli maslahatlar beriladi. Bu suhbatda ETA ham eslanadi. ETA paydo bo'lishi haqidagi ma'lumotda tezkor pochta va bir qancha otliq choparlar so'zlarini ko'rish mumkin.
Savol: Yuqorida ikki o'rinda harflari tushirilgan so'zni asl holida yozib bering.
Javob: Estafeta
Izoh: Ukaga akasidan qolgan estafeta tayoqchasi ramziy tarzda eslatib o'tiladi. Estafeta tushunchasi qadimda bir qancha otliqlarning ma'lum masofaga xabarni tezlikda yetkazib berishi va keyingi otliq yo'lni davom ettirishiga borib taqaladi. Biz ham ishimizni yakunladik va estafeta tayoqchasini keyingi tur mualliflariga tutqazamiz!