Ikkinchi Liga kuzgi mavsum 6-tur savollari (11.10.2025)
1-savol:
Insonga biror mushkul yetganda, yoki qiyin ahvolda qolganda aytiluvchi duolarni jamlagan kitob “Uning
kalitlari” deb nomlangan. Odinaxon Muhammad Sodiqning so‘zlariga ko‘ra, Uni kutish ham - ibodatdir.
Savol: Uni bir so‘z bilan yozib bering.
Javob:Kushoyish.
Izoh: Kushoyish bu – biror qiyin ishning oson hal bo‘lishi, yengil bitishi. Biror muammo yoki mushkulotning
hal bo‘lishini sabr bilan kutish ham ibodat o‘rnida qabul bo‘lar ekan. Bugungi savollarda ham sizlarga
kushoyishni tilab qolamiz.
2-savol:
Ma’lumotlarga ko‘ra, U Afina yaqinidagi, afsonaviy qahramon Akadem sharafiga nomlangan bog‘ni sotib
olgan. Xayrulla Hamidovning HAQIQAT haqidagi she’rida ham U eslab o‘tilgan. Savol: U deganda qaysi
yunon faylasufi nazarda tutilmoqda?
Javob:Aflotun.
Izoh: Aflotun shu bog‘ o‘rnida o‘zining akademiyasiga asos solgan. Akademiya so‘zi ham aynan shundan
kelib chiqqan. Xayrulla Hamidov Aristotelning “Platon mening do‘stim, lekin haqiqat undan qadrliroq”
aforizmini ajoyib tarzda she’rga tushirgan.
Zachot: Platon
3-savol:
Savolda IKS qisqa so‘z o‘rnida qo‘llanilgan. Rivoyatlarda Idris payg‘ambar IKSdan foydalangan ilk inson
ekanligi aytiladi. Ungacha odamlar hayvon terisini ishlatishgan. IKSning industrial ya’ni sanoat turidan
avtomobil shinalari ishlab chiqarishda ham foydalaniladi. Savol: 1997-yilgi qaysi filmda Uning yo‘qligi
betartiblik keltirib chiqarishi aytiladi?
Javob:Sichqon ovi.
Izoh: Savolda gap ip haqida ketayotgan edi. 1997-yilgi “Sichqon ovi” filmida ikki aka-ukaning otasi bo‘lgan
ip ishlab chiqaruvchi fabrika egasi “ipsiz dunyo – betartib dunyo” jumlasini ko‘p takrorlar edi.
4-savol:
Yunon mifologiyasiga ko‘ra, Ariadna Teseyga Minotavr labirintidan chiqish yo‘lini topishga yordam berish
uchun ipli kalavani beradi va Minotavrni o‘ldirgan Tesey shu ip orqali labirintdan chiqishga muvaffaq
bo‘ladi. Savol: Qaysi nemis ertagi haqidagi maqolada yuqoridagi afsona eslab o‘tilgan?
Javob:Genzel va Gretel.
Izoh: Aka-uka Grimmlar tomonidan nashr etilgan ushbu ertakda Genzel va Gretel ismli bolalar adashib
qolmaslik uchun yurgan yo‘liga non ushoqlarini tashlab borishi syujeti mavjud. Yuqoridagi yunon
afsonasidan esa ko‘chma ma’noda ham ko‘p qo‘llaniluvchi “Ariadna ipi” atamasi kelib chiqqan.
5-savol:
Muhandis Jorj Vashington 19-asr oxiridagi Butunjahon Kolumbiya ko‘rgazmasida tashrif buyuruvchilar
butun ko‘rgazma maydonini kuzatishi mumkin bo‘lgan inshoot qurishni taklif qildi. Ko‘rgazma davomida bu
inshoot kuniga 38 ming mehmonga xizmat ko‘rsatdi. Keyinchalik butun dunyo bo‘ylab ommalashgan
bunday inshootlar Jorj Vashingtonning familiyasi bilan atala boshlandi. Savol: Ushbu familiyani yozib
bering.
Javob:Ferris.
Izoh: Biz charxpalak deb ataydigan atraksion Jorj Vashington Geyl Ferris tomonidan yaratilgan bo‘lib,
hozirda bunday turdagi attraksionlar umumiy qilib Ferris g‘ildiragi deb ataladi.
6-savol:
Qizig‘i, Norvegiyada BU ISH odobdan emas deb hisoblanadi va boshqalar oldida inson o‘zini jismonan ustun
ko‘rsatmoqchidek taassurot qoldiradi. Matnazar Abdulhakimning “Qarz” nomli she’rida muallif BU ISH
uchun bir kun Yer yuzidan ketishi bilan javob qaytarishini aytib o‘tadi. Savol: BU ISHni bir nechta so‘zda
yozib bering.
Javob:Avtobusda joy berish.
Izoh: Norvegiyada avtobusda joy berish odobsizlik hisoblanadi. She’rda esa bolakayning avtobusda joy
bergani uchun muallif bir kun kelib Yer yuzidan joy bo‘shatish bilan qarzini uzishini aytadi.
Zachot: Shu mazmundagi javoblar
7-savol:
O‘tgan asr 50-yillari oxirida kanadalik Stiven ismli yigit qotillikda ayblanadi va 10 yil qamoq jazosiga hukm
qilinadi. Oradan ancha yillar o‘tgandan so‘ng mutaxasislar tomonidan jinoyat sodir etilgan joy va jasad
holati tekshirilib, o‘lim vaqti soatigacha aniqlashtirildi. Shundan keyin, Stiven ozod etiladi va 6,5 million
dollar kompensatsiyaga ham ega bo‘ladi Savol: Bu voqea haqida gapirilgan videoda kelib chiqishi lotincha
bo‘lgan qaysi huquqiy atama tilga olinadi?
Javob:Alibi.
Izoh: Alibi – bu jinoyat sodir etilgan gumonlanuvchining jinoyat sodir etilgan joyda bo‘lmaganini isbotlovchi
dalil.
8-savol:
2024-yilgi “Ozarbayjon Otabeklari” filmi turkiy Eldegiziylar sulolasi asoschisi Shamsiddin Eldegizning
hukmronlik yo‘liga bag‘ishlangan. Filmda O‘rta asrlar turkiylari turmush tarzini tasvirlash asosiy
vazifalardan biri bo‘lgani uchun suratga olish joylari qatorida Bo‘zatovni ham ko‘rish mumkin. Savol: Savol
matnida harflar qo‘shilgan so‘zni asl holida yozib bering.
Javob:O‘tov
Izoh: Turkiylar turmush tarzi muhitini yaratish maqsadida film sahnalari o‘tovda ham suratga olingan.
9-savol:
Tarqatmada Uning kreativ ko‘rinishlaridan birining surati berilgan. 2020-yilda Uning “touchless”, ya’ni
teginmasdan, infraqizil nur yoki qo‘l harakatlari orqali masofadan ishlaydigan turi taqdim etildi. Savol: Uni
ikki so‘zda yozib bering.
Javob:Eshik qo‘ng‘irog‘i.
Izoh: Suratdagi mexanizmni ipini tortsangiz qushchaning tumshug‘i taxtaga uriladi va ovoz chiqaradi.
Pandemiya davrida eshik qo‘ng‘irog‘ining teginmasdan, masofadan ishlaydigan turlari taqdim etilgan edi.
10-savol:
U qanday qilib chuqur okeanda tik holatda turgani haqidagi tanqidiy maqolada bir nechta taxminlar ilgari
surilgan. Ushbu taxminlardan birida Uni ulkan kit ko‘tarib turgani tasvirlangan surat ham bor. 2015-yilda U
bir sharqiy mamlakatning turizm elchisiga aylangan. Savol: Uni qo‘sh undoshli so‘zda yozib bering?
Javob:Godzilla
Izoh: Filmlarda Godzilla okean o‘rtasida tik holatda paydo bo‘ladigan ba’zi sahnalar mavjud bo‘lib, bu
koordinatalarda suv sathi 3 ming metrdan ortiqni tashkil qiladi. Godzillaga 2015-yilda “mamlakatni
dunyoga tanitishdagi xizmatlari uchun” yaponiya fuqaroligi va turizm elchisi unvoni berilgan.
11-savol:
Sayyoramizdagi eng katta Ularga misol qilib Arabiston, Hindiston, Somali, Skandinaviya, Koreya kabilarni
aytish mumkin. “OR” ham qaysidir ma’noda U. Savol: Uni yozib bering.
Javob:Yarim orol.
Izoh: Yuqorida Yer yuzidagi maydoni eng katta bo‘lgan yarimorollarga misollar berildi. “OR” orol so‘zining
yarmi hisoblanadi, shu sabab “OR”ni yarim orol deyish mumkin.
12-savol:
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xon o‘z saroyida hakimlarni yig‘ib, ilmiy anjumanlar tashkil etib turgan va o‘z sohasi
mutaxasislari bilan fikrlar almashgan. Uning davrida gullab-yashnagan bir madrasa boshqa madrasalardan
farq qilib, bu ilm dargohida faqat tibbiyotdan ta’lim berilgan. Savol: Gap qaysi Buxoro xoni haqida
ketmoqda?
Javob:Subhonqulixon.
Izoh: Ashtarxoniylardan bo‘lgan Subhonqulixon o‘zining tibbiyotga oid bir nechta asarlari va Buxoroda
shifoxona qurdirgani bilan mashhur.
13-savol:
16-asr oxirida ingliz Robert Shirlining Sharqqa qilgan diplomatik missiyasi davomida topilgan U, dastlab, Iso
Masih va Injilga oid tasvirlar deb taxmin qilingan. 19-asrga kelib ossurolog Genri Roulinson tomonidan
Uning ma’lum qismi tarjima qilinib, hozirgi nomini olgan. Ba’zi manbalarda U Rozetta toshiga
tenglashtiriladi. Savol: Uni yozib bering
Javob:Behistun [qoyatosh] yozuvi.
Izoh: Qadimgi fors, elam va akkad tillarida qoyaga o‘yib yozilgan bitiklar qadimgi Misr yozuvini yechishga
kalit bo‘lgan Rozetta toshiga qiyoslangan.
14-savol:
O‘tgan asr oxirida premyera qilingan Ushbu filmning muvaffaqiyatidan so‘ng kino sanoatida “Bullet time”
effektidan foydalanish ommalashib ketadi. Franshizaning ikkinchi qismi chiqarilgandan keyin dunyo bo‘ylab
qora ko‘zoynaklarning savdo hajmi keskin oshadi. Savol: Ushbu franshiza nomini yozib bering.
Javob:Matritsa.
Izoh: Bullet time o‘q vaqti degan ma’noni bildirib, sekinlashtirilgan kadr hisoblanadi. Sekinlashtirilgan
kadrlar “Matrits” filmini mashhur bo‘lishiga sabab bo‘lgan eng katta omillardan biri. Kinoda qahramonlar
qora ko‘zoynalarda ko‘rinish beradi.
15-savol:
Yaponiyada Tendzin ilm-fan, adabiyot, she’riyat homiysi hisoblanadi va olim inson ko‘rinishida tasvirlanadi.
Uning surati yilning ma’lum mavsumida Ular tomonidan ko‘plab sotib olinadi. Germaniyada 19-asr oxirida
maktabni bitirganlik to‘g‘risidagi guvohnomani olish uchun o‘tkaziladigan imtihon U deb atalagan. Savol:
Uni chet tilidan o‘zlashgan so‘z bilan yozib bering.
Javob:Abituriyent.
Izoh: Yapon abituriyentlari omad keltirishiga irim qilib Tendzinning suratini sotib olishadi. Abituriyent
Germaniyada, dastlab, o‘rta maktab imtihonlarining nomi bo‘lgan.
16-savol:
Ingliz qiroli Edvard salib yurishini tashkil qilishda mablag‘ yetishmovchiligiga duch kelgach, bu muammoni
hal qilishni Fransiyadan taklif qilingan Unga ishonadi. Boshqa bir Uni yaratishda muallif Yevropa folkloridagi
“Uy xazinasi” hikoyasidan ilhomlangan bo‘lishi mumkin. Savol: Uni bir so‘zda yozib bering.
Javob:Alkimyogar.
Izoh: Qirol Alkimyogardan boshqa moddalarni oltinga aylantirib berishini so‘raydi. Paolo Koelyoning
“Alkimyogar’ asari syujeti Yevropa folkloridagi “Uy xazinasi” hikoyasiga o‘xshab ketadi.
17-savol:
Tarqatmada 2018-yil holatiga ko‘ra, ma’lum ko‘rsatgich bo‘yicha yaratilgan Yevropa xaritasi tasvirlangan.
Bu suratni qisqa qilib “IKSning kuchi” deb atash mumkin. Ba’zi musulmon davlatlarida IKSning “Haj” deb
nomlangan alohida turi ham mavjud bo‘lgan. Savol: IKSni chet tilidan o‘zlashgan so‘z bilan yozib bering.
Javob:Pasport.
Izoh: Bu xaritada Yevropa davlatlarining pasporti orqali vizasiz kirish mumkin bo‘lgan davlatlar soni
berilgan. Jazoir, Indoneziya kabi davlatlarda pasportning maxsus haj safari uchun beriladigan maxsus turi
mavjud bo‘lgan. 2009-yilda Saudiya Arabistoni Haj pasportini rad qila boshlagandan keyin bunday pasport
berilishi bekor qilingan.
18-savol:
IKS so‘zi ko‘chma ma’noda bir tekis, tovlanib turadigan hamda qalin va to‘q rangli yuzalarni ifodalash
uchun ishlatiladi. O‘tgan asr 70-yillaridagi manbada IKSdan tayyorlangan kiyimga ega bo‘lish uchun
dorbozga shogird tushish kerakligi aytiladi. Savol: IKS o‘rnidagi bir so‘zni yozib bering.
Javob:Duxoba.
Izoh: Duxobadek so‘zi ko‘chma ma’noda yuqorida aytilgandek tovlanib turadigan, tekis yuzalarni
ifodalashda foydalaniladi. “Shum bola” filmidagi ko‘pchilikka tanish epizodda Qoravoy Omonga dorbozga
shogird tushsa duxoba ishton tiktirib berishini aytadi
19-savol:
Uning otasi Junaydullaxo‘ja, onasi Xurbibi ham o‘qimishli insonlar bo‘lgan. Ota-onasidan O‘RNAK olib, ziyoli
inson bo‘lib yetishgan U 1901-yilda nashr etilgan asarida o‘zbekcha so‘zlarning arabcha, forscha, hindcha,
turkcha va ruscha muqobillarini keltirib o‘tgan. Savol: Uning bizga mashhur taxallusini yozib bering.
Javob:Ibrat.
Izoh: Is’hoqxon Ibrat ota-onasidan ibrat olib ziyoli inson bo‘lib yetishgan. Ibratning “Lug‘ati sitta al-sina”
asari bir nechta tilli lug‘at hisoblanadi.
20-savol:
Bir necha yil oldin kanadalik yigit o‘z sevgilisiga IKS bilan bezatilgan uzuk sovg‘a qiladi va bu orqali nikohga
allaqachon tayyor ekanligini noodatiy tarzda ko‘rsatmoqchi bo‘ladi. Faktlarga ishonadigan bo‘lsak,
Antarktidada ishlamoqchi bo‘lsangiz IKSdan voz kechishingiz kerak. Savol: IKS o‘rnidagi ikki so‘zni yozib
bering.
Javob:Aql tishi
Izoh: Yigit o‘z aql tishini uzukka ko‘z sifatida ishlatadi va bu bilan unda aql tishi chiqib, aqli kirganligini
bildirmoqchi bo‘ladi. Antarktidada yetarli sharoitlari yo‘qligi sabab, aql tishi va ko‘richagi olib
tashlanmagan insonlarning qolishi mumkin emas.
21-savol:
Islom.uz saytidagi ma’lumotga ko‘ra, safarga chiqqan inson namozini qisqartirib o‘qishi uchun yashash
joyidan 16 farsax uzoqlikda bo‘lishi kerak. Hanafiylikda bu masofa hozirgi o‘lchovlarda 96 kilometrni tashkil
qiladi. Savol: Qadimgi islomiy o‘lchov birliklarida 16 farsaxga teng masofa qaysi bir bo‘g‘inli so‘z bilan
nomlangan?
Javob:Qasr.
Izoh: Safarda yurganda namozni qisqartirib o‘qish “qasr” deb ataladi. Namozni qasr qilib o‘qish uchun,
doimiy yashash joyidan 1 qasr ya’ni 16 farsax yoki 96 kilometr uzoqlikda bo‘lish kerakligi islom.uz saytida
aytib o‘tilgan.
22-savol:
O‘tgan yili “Boysun bahori” festivali doirasida 100 nafar mohir hunarmandning qo‘l mehnati bilan uzunligi
31 metr, eni 5,2 metr bo‘lgan eng katta U tikildi. Uning ruscha nomlanishini bir xorijiy ayollar ismi bilan
adashtirib yuborish mumkin. Savol: Uni bir so‘zda yozib bering
Javob:So‘zana.
Izoh: So‘zana – odatda qo‘l mehnati bilan matoga kashta tikib tayyorlanuvchi badiiy buyum. So‘zana
ruschada “syuzane” deb ataladi.
23-savol:
Etnograf mutaxassislarning yozishicha, IKS o‘zbeklarning 92-qabilasi orasida eng katta qabila hisoblanadi.
IKS qabilasining nufuzi yanada ortishiga IGREK qabilasining shaharlashib, o‘z urug‘-qabila odatlarini
unutishi va kamayib ketishi sabab bo‘lgan. Aytish mumkinki, IGREK IKSdan 10 barobar katta. Savol: IKS va
IGREK so‘zlari o‘rnidagi bir bo‘g‘inli so‘zlarni yozib bering.
Javob:Yuz, Ming.
Izoh: O‘zbek qabilalari orasida Yuz va Ming qabilalari eng nufuzli va eng katta qabilalardan bo‘lgan.
24-savol:
So‘nggi savol. Bu ertakning boshida O‘rta asrlar Yevropasida amalda bo‘lgan “Mayorat” tizimi yoritib
berilgan bo‘lib, unga ko‘ra merosning katta qismi to‘ng‘ich o‘g‘ilga qoladi. Shunga qaramay, ertak
davomida kenja o‘g‘il o‘ziga qolgan meros tufayli katta muvaffaqiyatga erishadi. Savol: Ertak nomini uch
so‘zda yozib bering.
Javob:Etik kiygan mushuk.
Izoh: Ertakda mushuk o‘z xo‘jayinini badavlat markizga aylantiradi. So‘nggi so‘zi “Etik kiygan mushuk:
So‘nggi tilak” animatsion filmiga ishora edi. Bizda ham bu so‘nggi savol.