Ikkinchi Liga kuzgi mavsum 7-tur savollari (18.10.2025)
1-savol:
Tarqatma bu savolda sizga yordam bermasligi mumkin! “Ayiqcha” multfilmi oxirida ayiqcha chaynab,
shishirgan saqich ichida Ular ko‘rinish beradi. 1929-yilgi Oskar taqdirlash marosimida tarixda bir martagina
“Eng yaxshi Ular" uchun sovrin topshirilgan. Savol: U o‘rnidagi qisqa so‘zni yozib bering.
Javob:Titr.
Izoh: Multfilm oxirida saqichning ichidan titrlar chiqib keladi va multfilm ustida ishlagan ijodkorlar nomi
ko‘rinadi. Oskarning ilk taqdimotida ‘Eng yaxshi titrlar‘ uchun ham sovrin berilgan, chunki ovozsiz kinoda
kadrlar orasida paydo bo‘luvchi titrlar juda muhim bo‘lgan. Ammo ovozli kino rivoji tufayli bunga hojat
qolmagan va sovrin topshirish to‘xtatilgan.
2-savol:
“Gladiator” filmi boshida dushman taraf muzokara uchun kelgan otliq elchini juda sovuq qarshi oladi va
jangga tayyorligini amalda namoyish etadi. Aytish mumkinki, muzokara yakunida elchini Unga
aylantirishadi. 19-asr ikkinchi yarmida yaratilgan “U” nomli asarning to‘liq nomida “Texas” so‘zini ham
ko‘rish mumkin. Savol: U o‘rnidagi ikki so‘zni toping.
Javob:Boshsiz chavandoz.
Izoh: Elchining boshini kesishadi va muzokara tugaydi. Kadrda boshsiz qolgan otliqni ko‘rish mumkin. Mayn
Rid qalamiga mansub “Boshsiz chavandoz” romanining original nomi: “The Headless Horseman: A Strange
Tale of Texas” [ze hedles horsmen: e strenj teyl of tekses].
3-savol:
Robert Kreyg ilgari surgan U haqidagi nazariyaga ko‘ra, Shotlandiyada o‘suvchi qarag‘ay turlaridan biri
qirg‘oq bo‘yida ko‘p o‘sadi va suvga tushganida suv yuzida turli shakllar hosil qilib harakatlanishi mumkin.
Savol: U nimaligini aniq yozib bering.
Javob:Lox-Ness maxluqi.
Izoh: Lox-Ness maxluqi hayotda bo‘lmagan, aslida qarag‘ayning suvdagi harakatlarini ko‘rishgan degan
taxmin ham ilgari surilgan. Savolda Shotlandiya haqida aytilgani sizga yordam berdi deb o‘ylaymiz.
Zachot: Nessi.
4-savol:
O‘tgan asr 80-yillarida pandalarga talab oshib ketgach, Xitoy o‘z milliy boyligini boshqa mamlakatlarga 1
mln dollar evaziga faqat 10 yilga ijaraga berishni belgilab qo‘yadi. Agar bu vaqt orasida panda o‘lib qolsa,
qo‘shimcha pul to‘lanadi, agar bolali bo‘lsa, katta bo‘lgach Xitoyga qaytariladi. Pandalarni saqlash
mamlakatlarga juda qimmatga tushadi. Savol: Pandalarning bu jihatlari haqida gapirilganda yana qaysi
hayvon turi eslab o‘tiladi?
Javob:Fil.
Izoh: “Oq fil” birjada kutiladigan daromaddan xarajatlarning oshib ketishi tushuniladi. Umuman olganda
“Oq fil“ – qandaydir mol-mulkka egalik qilishga majburlik, lekin bundan hech qanday foyda olinmaydigan
vaziyatdir. Pandalar ham katta xarajat talab qilgan.
5-savol:
Fibonachchi sonlarida qatordagi ikki oxirgi sonning yig‘indisi navbatdagi sonni hosil qiladi. Masalan, 0, 1, 1,
2, 3, 5, 8, 13, 21, ketma-ketligida. Fibonachchi bu tushunchani osonroq izohlash uchun jonli misol
keltirgan. Misolga ko‘ra, Ular doimiy ravishda BU ISHNI QILISHADI. Savol: Qaysi davlatda Ularning BU ISHNI
QILISHI hatto hozirgacha ham iqtisodiyotga 200 million dollar zarar keltirmoqda?
Javob:Avstraliya.
Izoh: Fibonachchi jonli misolida quyonlar doimiy ravishda ko‘payib boradi. Avstraliyada quyonlar haligacha
qishloq xo‘jaligi uchun zarar keltirishda davom etmoqda.
6-savol:
Versiyalardan biriga ko‘ra, Poseydon suv ilohi bo‘lib, shuningdek, zilzilalarni boshqargan va otlarga ham
homiylik qilgan. Ko‘plab mutaxassislar tarixdagi U bilan bog‘liq mashhur voqeada aslida zilzila nazarda
tutilgan degan fikrni ilgari surishadi. Savol: U o‘rnidagi toponimni yozib bering.
Javob:Troya.
Izoh: Troya halokatida mashhur afsonaga ishonsak, Troya oti muhim rol o‘ynagan. Ko‘pchilik buni shubha
ostiga oladi va tarixchilar ot deganda aslida zilzilani nazarda tutgan deb ishonishadi, chunki Poseydon
ikkalasiga ham aloqador bo‘lgan.
7-savol:
Bir ayolda yong‘oqli pechenye yeganidan keyin allergiyaning kuchli ko‘rinishi namoyon bo‘ladi. Ayol
bungacha ham shunday pechenyelarni yegan bo‘lsa-da, bunday ko‘ngilsizlik yuz bermagan edi.
Tekshirishlar natijasida aniq bo‘ldiki, allergiya kelib chiqishiga bir muddat oldin ayolning BU AMALIYOTni
boshidan o‘tkazgani sabab bo‘lgan. Savol: BU AMALIYOTni lotinchadan kelib chiqqan so‘z qatnashtirib ikki
so‘zda yozib bering.
Javob:O‘pka transplantatsiyasi.
Izoh: Bu ayolda bir muddat oldin o‘pka transplantatsiyasi amaliyoti o‘tkazilgan ya’ni unga allergiyasi
bo‘lgan insonning o‘pkasi qo‘yilgan.
8-savol:
Angliyadagi “Zaharli bog‘” da inson hayotiga katta xavf tug‘dirishi ehtimoli hisobga olinib, IKSlar IGREKda
saqlanadi. Bir manbada esa IGREKdagi IKS baribir xursandchilik keltira olmasligi aytiladi. Savol: IKS va
IGREK o‘rnidagi so‘zlarni toping.
Javob:Gul va Qafas.
Izoh: Bog‘dagi aksariyat flora olami vakillari o‘ta zaharli bo‘lgani uchun qafaslarda o‘stiriladi. Navoiy
qalamiga mansub ruboiyda shunday satrlar bor: “Oltin qafas ichra gar qizil gul butsa, Bulbulg‘a tikondek
oshyon bo‘lmas emish”. 8-savolda Navoiyni eslash odatini davom ettirdik.
9-savol:
Dizayner Yaakko Iisalo shunchaki bolalikda chizishni xush ko‘rgan hayvonini tasvirlaganini aytsada,
ko‘pchilik 2009-yilda yuz bergan epidemiyada bu hayvon nomi yovuzlik timsoliga aylanib qolganini
ta’kidlagan. Yaakko Iisalo Ularni chizgan muallif hisoblanadi. Savol: Ular o‘rnidagi alifboda ketma-ket
keluvchi harflardan boshlangan ikki inglizcha so‘zni toping.
Javob:Angry Birds.
Izoh: 2009-yilda cho‘chqa grippi avj olgan. Odamlar Angry Birds o‘yinidagi salbiy personajlar cho‘chqalar
ekanligini shu bilan izohlashga harakat qilishgan. Dizayner fin millatiga mansub, o‘yinni chiqargan Rovio
Mobile ham Finlyandiya brendi hisoblanadi.
10-savol:
Aziz Saidning 1644-yilda tug‘ilgan inson sharafiga yozgan she’riy konserti nomi “YORI QANI
FAXRIYORNING” deb nomlangan. Savol: She’riy konsertning asl nomini yozib bering.
Javob:“Dili qani Bedilning”.
Izoh: Almashtirish orqali taxallusdagi oxirgi qism takrorlanishini bildirmoqchi edik. Bedil 1644-yilda
Azimobodda dunyoga kelgan.
11-savol: Дуплет
1.
[1-savol uchun ham, 2-savol uchun ham mana shu bitta surat ko‘rsatiladi] Savol matnida BO‘SHLIQ so‘zi 3
so‘zni almashtirib keladi. Bir maqolada sovet filmlaridagi qahramonlar va Disney personajlari o‘rtasidagi
solishtirishlar keltiriladi. Maqola sarlavhasida BO‘SHLIQ so‘zlarini ko‘rish mumkin. Savol: BO‘SHLIQ
o‘rnidagi iborani yozib bering.
Javob:Ikki tomchi suvdek
Izoh: Maqolada bir-biriga o‘xshash personajlar suratlari keltirilgan bo‘lib, maqola nomi “Sovet filmlaridagi
Disney qahramonlariga ikki tomchi suvdek o‘xshash aktyorlar”. Dupletdagi ikkala savol ham bir-biriga ikki
tomchi suvdek o‘xshash edi.
2.
Savol matnida BO‘SHLIQ so‘zi 3 so‘zni almashtirib keladi. Bir maqolada sovet filmlaridagi qahramonlar va
Disney personajlari o‘rtasidagi solishtirishlar keltiriladi. Maqola sarlavhasida BO‘SHLIQ so‘zlarini ko‘rish
mumkin. Savol: BO‘SHLIQ o‘rnidagi iborani yozib bering.
Javob:Ikki tomchi suvdek.
12-savol:
“Qurultoy” podkastida Xorazm dostonchilik maktabi mavzusida suhbat uyushtirilganida mehmonlar milliy
kiyimlarda, cholg‘u asboblari bilan birga kelishadi. Uzoq suhbatdan so‘ng podkast boshlovchisi
dostonlardan biridan parcha tinglash istagini bildiradi. Shunda baxshi (podkast boshidan beri) stol ustida
turgan torni Unga o‘xshatadi va ijroni boshlaydi. Savol: U o‘rnidagi ikki bo‘g‘inli so‘zni yozib bering.
Javob:Miltiq.
Izoh: Baxshi “teatr sahnasida miltiq osilib turibdimi, demak u otilishi kerak. Stol ustida tor turibdimi, demak
biz ham kuylashimiz kerak” – deydi. Shunday qilib, 1-savol tarqatmasida devorga ilingan miltiq bor edi. Siz
tarqatma nega kerak deb o‘ylagandirsiz. O‘sha miltiq yakunda baribir otildi. Tanaffus!
13-savol:
“Pandora qutisi” haqidagi asotirda quti ochilganda barcha illatlar dunyoga tarqaladi. Bu holat insonlar
uchun salbiy oqibatlarni anglatadi. Adabiyotshunos Ziyoda Turdiboyeva “Pandora qutisi” haqidagi mifni
o‘zimizdagi muqobilini izlarkan, Ushbu personajga tegishli predmetni qayd etib ketadi. Savol: Personaj
ismini qo‘sh undosh qatnashtirib yozib bering
Javob:Qimmat.
Izoh: Qimmat ham ertakda sandiqni ochganidan keyin o‘zi va onasi uchun ko‘ngilsizlik ro‘y beradi.
Maqolada Qimmat sandig‘i Pandora qutisiga qaysidir ma’noda o‘xshab ketishi ta’kidlangan. Biz ham
turimizni OCHIQ deb e’lon qilamiz va umid qilamizki, bu ochilish turli ko‘ngilsizliklarga olib kelmaydi.
14-savol:
Fransuz iqtisodchilaridan biri proteksionizm siyosati iqtisodda qanchalik zararli ekanligini mantiqiy
tushuntirish uchun deputatlarga murojaat qiladi. Mutaxassis mahalliy sham ishlab chiqaruvchilarni qo‘llabquvvatlash maqsadida BU ISHNI QILISH kerak deya taklif bildiradi. Savol: BU ISHNI QILMASLIKNI so‘ragan,
Korinfda vafot etgan insonni yozib bering.
Javob:[Sinoplik] Diogen.
Izoh: Iqtisodchi odamlar har doim sham yoqib o‘tirishlari uchun quyoshni to‘sishni taklif qilgan. Faylasuf
Diogen esa Makedoniyalik Aleksandrdan quyoshni to‘smaslik haqida so‘ragan voqeasi mashhur.
15-savol:
“Eslab eslab” ko‘rsatuvining bir sonida boshlovchi mehmon aktyorni: “Kelajakni oldindan ko‘ra bilgan
tadbirkor” deb ta’riflaydi. Bir paytlar odamlar o‘sha aktyor personaji qilgan ishni takrorlashsa, atrofdagilar
xomxayolga berilmaslik kerakligini aytib kulishgan, ammo endi davlat dasturlarida bu soha ham bor –
deydi boshlovchi. Savol: Ko‘rsatuv mehmoni bo‘lgan, 1940-yilda tug‘ilgan aktyorni yozib bering.
Javob:Baxtiyor Ixtiyorov.
Izoh: Quyonchilik bilan shug‘ullangan odamlar ustidan avval “Ajoyib xayolparastmisan? Baxtiyor Ixtiyorov
bo‘lmoqchimisan?” – deyishgan bo‘lsa, endi bu soha davlat tadbirkorlik sohalari orasiga kiritildi – deydi
boshlovchi
16-savol:
“Hushtak afandim” hikoyasida Musa va do‘sti do‘konlarga borsa, tekinga mahsulotlar berishadi, restoranga
borsa, ovqatlar uchun pul olishmaydi, yakunda esa Musaning firibgar ekanligi aniq bo‘ladi. Do‘sti Musaning
kasbi haqida aniq bilmagani uchun Musani U deb o‘ylaydi. “U” 1836-yilda nashr etilgan komediyaning
nomi. Savol: U o‘rnidagi bir so‘zni yozib bering.
Javob:Revizor.
Izoh: Musa ham “Revizor” personaji Xlestakov kabi odamlarga firib beradi, ammo odamlar buni
payqamasdan laganbardorlik qilaverishadi. Gogolning “Revizor” asari 1835-yilda yozilib, 1836-yilda ilk bora
nashr etilgan.
17-savol:
Kamalak tusdagi Agama kaltakesaklari “To‘rt pishloq” nomli pitsa turini xush ko‘rishlari aniqlandi. Buning
uchun tadqiqotchilarga nutritsiologiya sohasi bo‘yicha Nobel mukofoti taqdim etildi. Savol: Savol matnida
tushirib qoldirilgan bir, ikki yoki to‘rt harfni yozib bering.
Javob:Sh.
Izoh: Bunday ahmoqona yangilik uchun tadqiqotchilar Shnobel mukofotining 2025-yilgi sohiblariga
aylanishdi. Mukofotni shuningdek Ig Nobel yoki Antinobel mukofoti ham deyishadi
Zachot: Ig, Anti
18-savol:
DAVOM ETAMIZ! Yangi iPhone sotib olish uchun buyragini sotgan yigit 3-guruh nogironiga aylanib qoldi va
hayoti davomida endi doimiy ravishda sog‘ligi bilan bog‘liq muammolarga duch kelishi aniq. Hatto shu
ketishda yigit o‘lishi ham mumkin. Bunday AHMOQONA taqdir egasi bo‘lgan yigit haqida yozilgan postda
Shrusberi shahrida tug‘ilgan mashhur insonning familiyasi eslab o‘tilgan. Savol: O‘sha familiyani yozib
bering.
Javob:Darvin.
Izoh: Postda Yigit Darvin mukofotini olishini aytib qora hazil qilishgan. Darvin mukofoti ahmoqona o‘lim
topib, o‘ziga o‘xshagan ahmoqlarni dunyoga kelishini oldini olib qolgani uchun beriladi.
19-savol:
Tarqatmada Jontemir Jondorning “Uzlat turkumidan” nomli she’ri berilgan. Savol: She’r sarlavhasiga
berilgan izoh qismida eslab o‘tilgan italyancha so‘zni yozib bering.
Javob:Karantin.
Izoh: Shoirning tashqariga chiqishga haqqi yo‘q, chunki tashqarida koronavirus va insoniyat o‘rtasida
qirg‘inbarot jang kechayotgandi. Uzlat so‘zi ham sizga balki yordam bergandir. Savol raqami ham 19,
Covid-19 ni eslatish uchun.
20-savol:
Savolda SHUNDAY so‘zi boshqa ikki so‘z o‘rnida keladi. “Ali va Nino” asarida knyaz Nikolay o‘z yurtidan
uzoqdagi Anatoliyani ham bosib olmoqchi ekani haqidagi gaplar tarqalgach odamlar knyazni “SHUNDAY
Nikolay” deb atay boshlagani yozilgan. SHUNDAY so‘zlari Nikolaydan bir necha yuz yillar oldin hukm
surgan boshqa bir monarxga nisbatan ishlatilgan. Savol: O‘sha monarxning ismini yozib bering.
Javob:Yuriy.
Izoh: Nikolay uzoq joylardagi hududlarga ham qo‘l uzatganidan keyin knyazga “Qo‘li uzun Nikolay” deb
laqab qo‘yishgan. Nikolayga millatdosh va vatandosh bo‘lgan boshqa bir monarx Yuriy Vladimirovich ham
“qo‘li uzun” – Dolgorukiy laqabiga loyiq ko‘rilgan.
Zachot: Yuriy Vladimirovich; Yuriy Dolgorukiy
21-savol:
“Sakkizlik o‘yini” serialida ishtirokchilar 8 ta qavatda joylashgan bo‘ladi va daromadlari bir-biridan farq
qiladi. 1-qavatdagi ishtirokchi 10 ming von topadi, 2-qavatdagi 20, 3-qavatdagi 30, 4-qavatdagi 50 ming
topadi va hokazo. Bu haqida tushuntirish bergan ziyrak ishtirokchi XII asrda tug‘ilgan yevropalikni eslaydi.
Savol: O‘sha yevropalikni yozib bering?
Javob:Leonardo Pizano.
Izoh: Biz siz bilan 5-savolda Fibonachchi sonlari bilan tanishgan edik. Daromadlar ham Fibonachchi sonlari
tartibida o‘sib borgan: 1, 2, 3, 5, 8 kabi. Buni payqagan 7-ishtirokchi Fibonachchini eslaydi. Darvoqe,
Fibonachchi haqidagi 2-savolni ham Fibonachchi soniga mos savolda berdik, 21 ham Fibonachchi soni
hisoblanadi.
Zachot: Fibonachchi.
22-savol:
“Mo‘jiza” filmi bosh qahramoni Oggi yuzida nuqsonlar bilan tug‘ilgan va atrofdagilar boshqacha nigoh bilan
qaraydigan amerikalik bolakay. Savol: Oggining eng sevimli sanasini (aniq) yozib bering.
Javob:31-oktyabr.
Izoh: Bola faqat shu kuni “Helloven” bayramida o‘zini qulay his qilishi mumkin, chunki bolaning yuzidagi
niqob yuzini yashirib turadi.
23-savol:
Savolda BO‘SHLIQ ikki so‘z o‘rnida keladi. Yurtimizda ichki turizmni rivojlantirish va borishga arzigulik joylar
bilan tanishtirish maqsadida yozilgan maqolada Xotira maydonidan tortib, Kaltaminorgacha eslab o‘tiladi.
Maqola nomi BO‘SHLIQ. Savol: Bir ijod mahsulida BO‘SHLIQdan so‘ng eslangan masofani yozib bering.
Javob:1100 kilometr.
Izoh: Maqola nomi: “Toshkentdan Xorazmgacha”. Alisher Fayz qo‘shig‘ini esa eshitgansiz, albatta.
24-savol:
6-oktyabr kuni Toshkentda yuz bergan antiqa va quvonchli xabardan keyin bloggerlardan biri voqea
qahramoni endi iddao va kinoya bilan beriluvchi bir savolga “Ha” javobini bera olishi, endi bemalol BU
ISHNI QILMASLIGI mumkinligini aytib, hazil izoh qoldiradi. Savol: BU ISHNI QILMASLIK o‘rnidagi ikki so‘zni
toping.
Javob:Eshikni yopmaslik.
Izoh: Toshkent metropolitenida chaqaloq dunyoga kelgani haqidagi xabarga bizga tanish blogger
Shahribonu “Bola “Metroda tug‘ilganmisan?” – degan savolga “Ha” deb javob berarkan-da” deya hazil izoh
post yozadi va bola endi bemalol eshiklarni yopmasdan yursa ham bo‘laveradi – deydi. Turning oxirgi
javobi orqali biz ham eshiklarimizni yopamiz, faqat o‘sha chaqaloq oramizda bo‘lsagina eshikni yopmasligi
mumkin). E’tiboringiz uchun rahmat.
Zachot: Eshikni yopish.