October 4, 2024

Zakovat savollari ( katta sinflar uchun )

I tur

1. XVI-XVII asrlarda Italiyaning Florensiya shahridagi shoirlar, rassomlar va albatta musiqachilar bu san’atning asoschisi bo‘lishgan. Bu san’at nomini bir mashhur internet brauzeri nomida ham ko‘rish mumkin.
Savol: Bu qaysi san’at?
Javob: Opera.
Izoh: Opera san’atining paydo bo‘lishi shu tarzda bo‘lgan. Opera internet brauzeri ham mavjud.

2. Birinchi U “Merry Christmas” [merri kristmas] bo‘lib, Nil Papuortga tegishli. Sardor Rahimxon rol ijro etgan “Sen meni sevasanmi?” filmi nomini U deb atashgan.
Savol: Uni yozib bering.
Javob: SMS.
Izoh: Dunyodagi ilk SMS “Merry Christmas” hisoblanadi. Film nomining bosh harflaridan SMS hosil qilingan.

3. Qozoq xalq afsonasiga ko'ra UNI toki o'zi sinmaguncha sindirish mumkin emas deyiladi. Shifokorlar U qon aylanishining sekinlashishi, miya giptorafiyasi va gipodinamiyaga sabab bo‘lishi mumkinligi haqida yozib qoldirishgan.
Savol: U nima?
Javob: Beshik.

4. Sobir Abdullaning asarida Muqimiy Furqatga ta'rif berar ekan, “nozik harakatlari, shoirona muomalalari, jozibali fasohati, malohati va U meni oʻziga maftun qildi”, - deya ta'rif beradi. Uning etimologiyasida “oqillik, odillik” so‘zlariga ham duch kelamiz.
Savol: Uni bir so‘zda yozib bering.
Javob: Zakovat.

5. Talimarjon suv omborining hududdagi kattaligi haqida gapirar ekan bloger BU SO‘Zni ishlatadi. Bizdagi BU SO‘Z bilan ataluvchi ism oiladagi ilk farzand ekanligini anglatadi.
Savol: Qaysi so‘z?
Javob: To‘ng‘ich.

6. Futbolga bag‘ishlangan filmda AQSH klublaridan biridagi hujum uchligini tashkil etuvchi oq tanli markaziy hujumchi va doimo qanotlardan yordam beruvchi ikki afroamerikaliklar ajoyib natijalar qilayotganligi e’tirof etiladi. Uchlikga muxlislar bir shirinlik nomini laqab qilib berishadi.
Savol: Qaysi shirinlik?
Javob: Oreo.
Izoh: Oreoning ham o‘rtasi oq va ikki cheti qora pechenye hisoblanadi.

7. Bir serial qahramoni shubhalanuvchi uyidagi qorong‘u xonada tintuv amalga oshirar ekan, qidirgan narsasini topganda, baqirib yuboradi. Lekin topgan narsasi bir o‘yin atributi bo‘lib chiqadi.
Savol: Qaysi o‘yin?
Javob: Bingo.
Izoh: Bingo o‘yinida ham kim kerakli raqamlarni birinchi birinchi bo‘lib to‘ldirsa, Bingo deb baqirishi kerak. Qahramon ham aynan Bingo deb baqirgan.

8. Alisher Navoiy o‘zining “Majolis un-nafois” asarida BU INSONning bag‘oyat qobiliyati borligi, xatga ishq paydo qilgani, musiqaga mayl ko‘rganini e’tirof etgan. Bundan tashqari BU INSON bir yaxshi me’morchilikdan ham xabardor bo‘lgan.
Savol: 1512-yilda Qarshida vafot etgan BU INSON kim?
Javob: Kamoliddin Binoiy. Qabul: Binoiy.
Izoh: U bir yaxshi, binoyidek binolarni tushungan desak ham bo‘ladi.

9. Tush tabirlariga ko‘ra tushda Uni ko‘rish g‘iybatlardan yuz o‘girishga ishora deyiladi. Balki shu sababli Uning nomida “yuz” ma’nosini beruvchi so‘z bor. Ozarbayjon ayollariga eng yaxshi Uni tanlashda uzukdan foydalanish tavsiya etiladi.
Savol: U nima?
Javob: Ro‘mol.
Izoh: Ro‘ so‘zi “ro‘y”ning qisqargan shakli va “yuz, chehra” kabi ma’nolarni bildiradi. Ozarbayjon ayollari ro‘molni uzuk teshigidan o‘tkazib ko‘rib olishar ekan. Agar ro‘mol uzukdan silliq o‘tsa demak u yaxshi degan xulosaga kelingan.

10. U nomli kompyuter o‘yinida siz kema shturvali qarshisida turib, muz qoyalardan qochib, ozodlik haykaligacha yetib borishingiz kerak bo‘ladi.
Savol: O‘yin nomini bir so‘zda toping.
Javob: Titanik.
Izoh: Titanik kemasi aysbergga urilib halokatga uchragan. O‘yin shu asosida ishlangan bo‘lib, eson omon manzilga yetib borish talab etiladi.

II tur

11. Toshkent shahrida joylashgan bir restoranda nafaqat koreys, balki boshqa davlat taomlari ham tayyorlanadi. Restoranga ba’zan xastalanganlar shifo izlab kelish holatlari ham kuzatiladi. Ushbu restoranga bir serial qahramoni ismi berilgan.
Savol: Shu restoran nomini toping.
Javob: Tangem.
Izoh: Koreys ijodkorlarining “Saroy javohiri” seriali qahramoni Tangemga atab restoranga nom berilgan. Tangem ham mohir oshpaz va tabib bo‘ladi.

12. Kimyoda Uning nomi fransuzcha “yog‘” ma’nosini beruvchi so‘zdan kelib chiqqan. Geografiyada esa Uning nomi tibetchadan kelib chiqqan bo‘lib, “Tibut chegarasi” degan ma’noni anglatadi.
Savol: Uni bir so‘zda yozib bering.
Javob: Butan.
Izoh: Kimyoda Butan va Geografiyada Butan davlati.

13. Stiven King asari qahramoni Uning ovozini eshitib, qayrilmasdan orqasidagi odam o‘zidan katta ekanligini anglab yetadi. O‘zbek topishmoqlaridan birida U kuni bilan yurib, tunda turishi haqida aytiladi.
Savol: U nima?
Javob: Hassa.

14. Zavod uchun nega bu shahar tanlangani haqida gapirar ekan, mutaxassislardan biri, shahar nomining ma’nosi “chavandoz”ni anglatishini va
shuning uchun ham bu shaharni tanlash mantiqiy bo‘lishini ta’kidlagan.
Savol: Qaysi shahar?
Javob: Asaka.
Izoh: Asaka shahrida avtomobil ishlab chiqariladi.

15. 861-yilda ish olib borgan hamyurtimizga bir nechta mahalliy miroblar ham yordam berishgan.
Savol: Ushbu hamyurtimiz kim?
Javob: Ahmad al-Farg‘oniy.
Izoh: Gap Nilometr qurilishi haqida edi. Miroblar ham suv bilan shug‘ullanuvchi kishilardir.

16. Vilnyus shahrini havo sharida tomosha qilish ekskursiyasi bir nuqtadan boshlanadi. Sayohat qaysi joyda tugashi esa UNGA bog‘liq. U eroziyaning sababchilaridan biridir.
Savol: U nima?
Javob: Shamol.
Izoh: Shamol havo sharini qaysi tomonga olib ketsa, o‘sha tomon so‘ngi manzil bo‘ladi.

17. Parijda mavsumning eng original modalar kolleksiyalarini yaratgan dizaynerlar uchun “Oltin U” deb ataluvchi mukofot topshiriladi. U forscha “barmoq” va “saqlamoq” so‘zlari qo‘shilishidan hosil bo‘lgan.
Savol: U nima?
Javob: Angishvona.

18. Uning “Komod ajdari” nomli turi 130 kilogramm atrofidagi og‘irlikka va 4 metr uzunlikka ega bo‘ladi. Shu sababli bu holatda Uning nomi tarkibidagi bir sifatni “uzun” deya ishlatish mumkin.
Savol: U nima?
Javob: Kaltakesak.
Izoh: Komod ajdari kaltakesakning bir turi hisoblanadi. 4 metr bo‘lgani uchun uni “kaltakesak” emas, “uzunkesak” deyish ham mumkin, albatta hazil tariqasida.

19. Bir multfilm qahramoni dalada turganicha bug‘doy boshoqlari oltin tangaga, U esa qog‘oz pulga aylanayotganligini o‘ylaydi.
Savol: U nima?
Javob: Karam.
Izoh: Karamning qavatlari ko‘p va ko‘pgina qog‘oz pulni shunday tasavvur qiladi.

20. Eng katta U Verj orolida joylashgan bo‘lib, 82,5 metr balandlikka ega. O‘rta asrlarda yomon ob-havoda Uning vazifasini baland ovozli qo‘ng‘iroqlar bajargan.
Savol: U nima?
Javob: Mayoq.
Izoh: Mayoqlar uzoqdan kelayotgan kemalar uchun mo‘ljal vazifasini o‘tagan. Yomon ob-havolarda esa mayoqlar ko‘rinmasa, qo‘ng‘iroqlar chalib turilgan.

✅Telegram kanal: https://t.me/Zakovat_Savollarii