November 10

Ikkinchi Liga kuzgi mavsum 3-tur savollari (26.09.2026)

Ikkinchi Liga, kuzgi mavsum, 3-tur savollari
1-savol:
Yapon xalqi e'tiqodiga ko'ra, Yangi yilning birinchi kechasida tushda Uni ko'rish omad va baxt keltiradi. Bir xokkuda U tumanlar ortida ham mag'rurlarcha go'zal turishi aytiladi.
Savol: Uni yozib bering.
Javob: Fudzi tog'i, Fudziyama
Izoh: Fudzi tog'i yapon xalqi uchun muqaddas obyektlardan biri. Uni tushda ko'rish baxt va omad belgisi ekan. Umid qilamizki, bugungi savollar sizga omadli keladi. Tushdagi Fudzi... Tumanlar ortida ham Mag'rurlarcha go'zal. Yoso Buson
2-savol:
Jonatan Heidtning "Behalovat avlod" asarida yozilishicha, 2000-yillarning boshida AQShda texnologik kompaniyalar dunyoni o'zgartirib yuboradigan va insonlarga foydali mahsulotlar yaratishdi. Shuning uchun bu kompaniyalarni ba'zilar U kabi qahramon sifatida ulug'lashdi.
Savol: U o'rnidagi mifologik qahramonni toping.
Javob: Prometey.
Izoh: Prometey insonlarga olovni olib kelib, ularning hayotini yaxshilashga yordam bergan. Texnika yutuqlari ham insonlar hayotini tamomila o'zgartirib yubordi.
3-savol:
Savolda almashtirish bor.
"Sichqon" serialida sirli qotillik tafsilotlarini sinchikovlik bilan o'rganish va qotilni aniqlashga qaratilgan ko'rsatuv boshlovchisi o'ziga U ismini tanlaydi. Boshqa bir U 2010-yildan boshlab chiqa boshlagan.
Savol: IKS o'rnidagi ismni yozib bering.
Javob: Sherlok
Izoh: Boshlovchi o'ziga Sherlok ismini olgan. Bu bilan ko'rsatuvning maqsadini ham tushunish mumkin. "Sherlock" seriali 2010-yildan chiqa boshlagan.
4-savol:
Savolda IKS almashtirish.
"Sichqon" serialida Sherlok Xonju boshlovchilik qiladigan va jinoyatlarni ochishga qaratilgan ko'rsatuv logotipida IKSni ham ko'rish mumkin. Bir mashhur personaj IKSni toshbaqa Tortilodan olgan edi.
Savol: O'sha personajni yozib bering.
Javob: Buratino.
Izoh: Jinoyatlarni ochishga qaratilgan ko'rsatuv logotipida kalit bo'lishi mantiqiy. "Oltin kalit yoxud Buratinoning sarguzashtlari" ertagida kalit muhim atribut bo'lib, kalit ochadigan maxfiy eshik ortida baxtli qo'g'irchoqlar mamlakati va yangi, ozod "Yashirin teatr" joylashgan edi.
5-savol:
Bu so'z etimologiyasida yog' va go'shtni aralashtirib, QO'L bilan BOSIB tayyorlangan yegulik ham eslab o'tilgan. Albatta ruslarda bir harfning yo'qligi ham ta'sir ko'rsatgan.
Savol: Bu so'zni yozib bering?
Javob: Kolbasa.
Izoh: Kolbasa so'zi "qo'l bosti" jumlasidan kelib chiqqan bo'lib, bu nom ichakka go'shtni zichlab solish jarayonidan hosil bo'lgan. Ruslarda Q harfi yo'qligi sabab "Qo'lbosti" "Kolbasa"ga o'zgarib ketgan.
6-savol:
20-asrning birinchi yarmida o'tkazilgan so'rovnomalarda respondentlarning deyarli yarmi o'z tushlarini QORA-OQ TUSDA ko'rishlarini ta'kidlashgan. Biroq 20-asr o'rtalaridan keyin bunday tush ko'radiganlar ulushi 4-5 foizgacha tushib ketdi. Olimlar bu keskin o'zgarishni psixologik kasalliklar bilan emas, balki bir yangilik bilan bog'lashadi.
Savol: Odamlarning bunday tush ko'rishiga ta'sir ko'rsatgan yangilikni ikki so'zda yozib bering.
Javob: Rangli televizor.
Izoh: Qora-oq televizorlar davrida ulg'aygan insonlar tushini qora-oq ko'rishgan. Rangli televizorlar paydo bo'lgach, insoniyat tushi ham "rangli"ga aylangani tajribalarda ma'lum bo'lgan.
7-savol:
"Ravshan" dostonida sevgilisini izlab begona yurtlarda asirga tushgan Ravshanga BU ISHNI QILISHga rozi bo'lsa, uni ozod qilish taklifi beriladi. Versiyaga ko'ra, qirol Ioann yordam olish maqsadida xalifa Muhammad an-Nosirga yuborgan maktubida hatto BU ISHNI QILISHga ham rozi ekanligi aytiladi.
Savol: BU ISHNI QILISH o'rnidagi so'zlarni yozib bering?
Javob: Dinini o'zgartirish
Izoh: Dostonda Ravshanga agar Qoraxon diniga o'tsa ozod bo'lishi aytiladi, lekin u qabul qilmaydi. Manbalarda judayam tang ahvolda qolgan ingliz qiroli Ioann hatto Islom diniga o'tishga ham rozi ekanligi aytiladi.
8-savol:
[Boshlovchiga: Savol tartib raqamiga urg'u berilsin.]

Tadqiqotchilar fikricha, 15-asrda yaratilgan ijod mahsuli o'tib ketgan vaqtni ifodalovchi so'z bilan emas, aksincha so'roq olmoshi bilan boshlanadi.
Savol: Qaysi ijod mahsuli?
Javob: "Kelmadi" radifli g'azali.
Izoh: Kecha so'zi o'tgan zamonni emas, balki necha marta ma'nosida kelgan.
Zachot: "Kecha kelgumdur debon…" deb boshlanuvchi g'azal
9-savol:
Xitoyning "Sea Legend" kompaniyasi Buyuk Britaniyagacha shimol, ya'ni sovuq Arktika orqali ilk muntazam yuk qatnovini yo'lga qo'yishi haqida xabar berdi.
Savol: Bu loyiha nomini uch so'zda yozib bering.
Javob: Muz ipak yo'li
Izoh: Arktika muzli hudud. Shuning uchun "Muzdagi ipak yo'li" nomi tanlangan ekan.
Zachot: Muzdagi ipak yo'l, Muzli ipak yo'li.
10-savol:
Savolda almashtirishlar bor.
Ko'plab xalq dostonlarida qahramonlarning mashaqqat va sinovli yo'lida U ham uchraydi. Chunki U yer bilan osmonni bog'lovchi, ajdodlar ruhi joylashgan muqaddas makon sifatida ko'riladi. O'tgan asrdagi manbada Ulardan biri oqsoch ta'rifi berilgan.
Savol: Manbadagi Uning nomini yozib bering.
Javob: Tyanshan
Izoh: Dostonlarda tog' muqaddas va uni zabt etish ulug' sharaf hisoblanadi. Erkin Vohidovning "O'zbegim" qasidasida: "Tarixingdir ming asrlar ichra pinhon, o'zbegim, Senga tengdosh Pomir-u, oqsoch Tiyonshon, o'zbegim" satrlarini ko'rish mumkin.
11-savol:
Ozod Sharafiddinov o'zining kommunistik partiya safidagi hayotini USHBU ASAR personaji bilan qiyoslaydi — tashqi obro'-e'tibor saqlanib qolgani holda, ichki dunyosi asta-sekin buzilib borgan.
Savol: 1890-yili nashr etilgan bu asar qaysi?
Javob: Dorian Grey portreti.
Izoh: Asar qahramoni yoshligini, go'zalligini abadiy saqlab qolish evaziga qandaydir yashirin tasvirga o'z gunohlarini "yuklaydi" – u qancha ko'p yomonlik qilsa, o'sha tasvir shunchalik xunuklashib boradi, o'zi esa hamon navqiron ko'rinishda qoladi. Faqat o'lim to'shagida uning haqiqiy qiyofasi ochiladi.
12-savol:
Savolda almashtirishlar bor.
"O'tkan kunlar" asarida Otabek Rossiyaning juda ko'p shaharlariga borgani, Homid esa o'z yurtining katta shaharlariga ham bormaganini aytarkan, suhbatdoshlardan biri Otabekni IKSga, Homidni esa IGREKka qiyoslab bir maqolni eslab o'tadi. Ushbu maqoldan tinimsiz harakat qilgan, dunyo ko'rgan kishining bilimi oshishi, bir joyda qimirlamay o'tirgan odamning dunyoqarashi kengaymasligi ma'nosini tushunish mumkin.
Savol: To'rt so'zli ushbu maqolni yozib bering
Javob: Yurgan daryo, o'tirgan bo'yra
Izoh: Maqolda daryo kabi harakatda bo'lish, bo'yradek bir joyda, oyoq ostida qolib ketmaslik haqida so'z boradi.
13-savol:
Og'riq darajasini o'lchovchi Shmidt shkalasiga ko'ra, U deb nomlanuvchi chumolining chaqishi eng og'riqli hisoblanadi. Kino sanoatida "U vaqti" deb nomlanuvchi effekt "Matritsa" filmidan keyin ommalashib ketgan.
Savol: Uni qisqa so'zda yozib bering.
Javob: O'q.
Izoh: O'q chumolisi shkaladagi eng og'riqli chaqishga ega hasharot hisoblanadi. "Matritsa" filmida o'q otilgan sahnada vaqtning sekinlashib, qahramonning o'qdan qochish sahnasi "Bullet time" ya'ni "o'q vaqti" nomini olgan va bu boshqa filmlarda ham ommalashgan.
14-savol:
Frank Sinatraning "My way" (Mening yo'lim) qo'shig'i Filippinda madaniyat darajasiga ko'tarilib, muqaddas madhiyaga aylangan. Qo'shiqni yaxshi ayta olmaganlar esa o'ldirib ketilgan.
Savol: Qurbonlarning ko'pchiligi aynan qayerda o'ldirilganini yaponcha so'zda yozib bering?
Javob: Karaoke.
Izoh: Bu voqealar tarixda "Karaoke qirg'ini" deb ataladi. Ba'zi insonlar mast bo'lib qo'shiqni kuylashgan, bu esa qo'shiqning haqiqiy muxlislariga yoqmagan va ijrochilar o'ldirilgan. Karaoke yaponcha "bo'sh orkestr" degan ma'noni anglatadi
15-savol:
Shahzoda Garri va Megan Marklning Kaliforniyadagi 6 yillik baxtli hayotidan keyin Angliyaga qaytishi haqidagi maqola nomi "IKSning tugashi". Titanik kemasidagi ko'plab insonlar, afsuski, IKSga erisholmagan.

Savol: IKSni ikki so'zda yozib bering.
Javob: Amerika orzusi.
Izoh: Amerikada 6 yil yashaganidan keyin aristokratlar Angliyaga qaytdi va bu holat "Amerika orzusi"ning tugashi deb baholandi. Titanik kemasidagi ko'plab insonlar "Amerika orzusi"ga erishish uchun yo'lga chiqishgan, lekin voqealar rivoji bunga yo'l qo'ymagan.
16-savol:
Yunonlarda "Ichishni bilmasang – ko'zingdan ayrilasan" degan hazilomus maqol bor. Bu maqol mashhur asardagi personaj sababli kelib chiqqan.
Savol: Qaysi asar?
Javob: Odisseya, Odissey.
Izoh: Odissey g'ordan chiqib ketish uchun Polifemni o'tkir vino bilan mast qiladi va qattiq uxlab yotganida ko'zini jarohatlaydi.
17-savol:
18-asrda londonlik savdogar Jonas Xenvey ko'chada IKSni o'zi bilan olib yurgan birinchi erkak hisoblanadi. Bunga javoban karetachilar va foytunchilar Jonas qattiq g'azablanishgan, chunki Xenveyning bu harakati ularning daromadiga bevosita xavf solgan edi.
Savol: IKS o'rnidagi predmetni yozib bering.
Javob: Soyabon.
Izoh: Karetachilar yomg'irli kunda odamlar ularning transportidan foydalanmay, soyabon tutib piyoda ketishidan g'azablanishgan.
18-savol:
O'zbekistondagi ma'lumotlar bazalari o'rtasida yorug'lik tezligida ma'lumot almashishni ta'minlovchi loyiha U deb nomlangan. Vikipediya maqolasida Uning massaga ega emasligi yozilgan.
Savol: Uni unlilari bir xil so'z bilan yozib bering.
Javob: Foton.
Izoh: Foton bu yorug'lik tezligida harakatlana oladigan, yorug'lik yoki elektromagnit to'lqin tarkibidagi massasiz zarracha hisoblanadi.
19-savol:
Bir multifilmda hayvonlar o'rtasidagi ommaviy o'yin Zverbol nomi bilan ataladi. Sportchilar orasida jirafani ham ko'rish mumkin.
Savol: Zverbol 1891-yilda yaratilgan qaysi o'yin muqobili edi?
Javob: Basketbol.
Izoh: Basketbol 1891-yilda Jeyms Neysmit tomonidan o'ylab topilgan.
20-savol:
Zverbol o'yini asosan katta jussali hayvonlar uchun bo'lishiga qaramay, Uil Harris ismli qahramon unda eng zo'r o'yinchi bo'lishga erishadi.
Savol: Uil Harris qanday jonzot edi?
Javob: Echki.
Izoh: Eng zo'r o'yinchilarni GOAT ya'ni echki deyishadi.
21-savol:
1905-yilgi inqilob kunlarida rus ishchilari ko'cha janglarida qatnashib, amaldorlarga qarshi kurashgan. Hozirda shu joyda BETA nomli kinoteatr mavjud.
Savol: BETAni kelib chiqish fransuzcha so'z bilan yozib bering.
Javob: Barrikada.
Izoh: Barrikada – bu odatda ko'chalarda, oddiy aholi tomonidan olib boradigan janglar. Unda turli to'siqlar qo'yish orqali dushmanni o'tkazmaslikka harakat qilishadi.
22-savol:
Nashrlardan biri dunyoda bo'layotgan siyosiy mojaro va urushlar front va portlash chizig'iga uzoq bo'lgan hududlar tabiati hamda ekologiyasiga ham zarar yetkazayotganini va bunga sabab IKS ekanligini yozadi. IKSlar kamroq yo'qotish bilan ma'lumot uzatish imkonini bergani uchun qulay hisoblanadi.
Savol: IKSni kamida ikki so'z bilan yozib bering.
Javob: Optik tolali kabel
Izoh: Signal uzuvchi qurilmalar sabab, hozirda bir necha 10 kilometrlik optik tolali kabelga ega dronlardan foydalanilmoqda. Bu kabellar tushgan joylarning o'simlik va hayvonot dunyosi zarar ko'rmoqda. Urush har tomonlama zarar keltirishini shu omildan ham ko'rish mumkin.
Zachot: Optik kabel; shisha tolali kabel; dron kabeli.
23-savol:
6-8-asrlarda Xitoy, Yaponiya va Koreyada hujjatlarni tasdiqlash maqsadida IKSdan foydalanilgan. Biroq, IKSdagi naqshlar ahamiyatli ekanligi yoki identifikatsiya sifatida foydalanilgani haqida manbalar yo'q. IKS haqidagi maqolada "pappilyar chiziqlar" jumlasini ko'rish mumkin.
Savol: IKSni ikki so'zda yozib bering.
Javob: Barmoq izi.
Izoh: Hujjatlarni imzolashda sharqiy davlatlarda barmoq izidan foydalanish ancha oldin boshlangan. Lekin bu identifikatsion ahamiyatga ega bo'lgani haqida ma'lumotlar yo'q. Barmoqdagi chiziqlar pappilyar liniyalar deb atalar ekan.
24-savol:
"Persi Jekson va olimpiyaliklar" seriali epizodlaridan birida Persi Germesdan bergan yordami sir bo'lib qolishini so'raydi.
Savol: Ushbu suhbat Shimoliy Amerikaning qaysi shahrida bo'lgan?
Javob: Las-Vegas.
Izoh: "Vegasda bo'lgan narsa Vegasda qolishi kerak" degan ibora mashhur.

@zakovat_savollarii