November 10

Ikkinchi Liga kuzgi mavsum 5-tur savollari (10.10.2026)

Ikkinchi Liga, kuzgi mavsum, 5-tur savollari
1-savol:
Gazeta.uz saytining huquqiy masalalar bo'yicha mutaxassislar bilan suhbatlar o'tkazadigan loyiha nomi huquq bo'yicha mutaxassis nomiga bir harf qo'shish orqali paydo qilingan va hozirgi mashhur kontentla nomi bilan kolobratsiya qilingan.
Savol: Loyiha nomini 8 harfli so'zda yozib bering.
Javob: Advokast.
Izoh: Loyiha subbat ya'ni podkast shaklida bo'lib, huquqiy masalalar bo'yicha mutaxassis nomi va podkast so'zlari birikishidan hosil qilingan.
2-savol:
1993-yilda filmning katta premyerasi mantiqan mos bo'lgan sanaga emas, tijoriy maqsadlar sababli sal keyinroqqa, "Sevishganlar kuni" atrofiga surilgan.
Savol: Gap qaysi film haqida ketmoqda?
Javob: Sug'ur kuni.
Izoh: 1993-yilda ekranlarga chiqqan "Sug'ur kuni" filmi haqida ketmoqda edi. Sug'ur kuni aslida 2-fevralda nishonlanadi ammo tijoriy maqsadlar sababli filmning katta premyerasi Sevishganlar kuniga ko'chirilgan.
3-savol:
2015-yilda Hindiston va Bangladesh terma jamoalari kriket bo'yicha jahon chempionatida duch kelishgan. Mana shu match haqidagi maqolalardan birida U g'alaba qozongani haqida yozilgan.
Savol: Nobel laureati bo'lgan ushbu inson kim?
Javob: Robindranat Tagor
Izoh: Bilasiz match oldidan terma jamoalar madhiyalari yangraydi. Qiziq jihati bu ikki davlat madhiyalari ham shoir Tagorga tegishli. Shu sababli bu matchda Tagor g'alaba qozondi deyish mantiqiydir.
4-savol:
Xorxog – bu mug'ullarning go'shtli taomi hisoblanadi. Chingizxon davrida og'ir qozonlarni ko'tarib yurmaslik uchun xorxog taomi Unda tayyorlangan. U qatnashgan iborada shuningdek yirtqich hayvon ham eslab o'tiladi.
Savol: Uni ikki so'zda yozib bering.
Javob: Qo'y terisi
Izoh: Chorvador mug'ul xalqining xorxog taomi Chingizxon imperiyasi davrida to'g'ridan-to'g'ri qo'y terisiga issiq toshlar solib pishirilgan. Iboraga esa qo'y terisi yopingan bo'ri.
5-savol:
Yaqinda okean ortidagi ushbu shahar birinchilardan bo'lib 1-sentyabr sanasini "O'zbekiston Mustaqilligi kuni" deb e'lon qildi. Keyinchalik bu tashabbusga Vashington va Sitak shaharlari va Oregon shtati ham qo'shildi. Shaharning O'zbekiston bilan yaqin aloqasi 1973-yilga borib taqaladi.
Savol: Gap qaysi shahar haqida ketmoqda?
Javob: Sietl
Izoh: AQSHning Sietl shahri 1973-yilda Toshkent bilan birodarlashgan shaharga aylangan. Sietl shahri birinchilardan bo'lib O'zbekiston mustaqilligi kunini bayram sifatida nishonlashni boshlab bergani mantiqiy.
6-savol:
Korallar dengiz va okeanlarda yashovchi o'simliksimon organizmlar. Ular koloniya bo'lib yashab marjon qoyalarni tashkil etishadi.
Savol: 2004-yil chiqqan qaysi manbada bosh qahramon onasining ismi Korall edi?
Javob: Nemoni izlab.
Izoh: "Nemoni izlab" animatsiyasida baliqlarning yashash joyi marjon qoyalar edi. Ekranda ko'p ko'rinish bermasa ham Nemoning onasining ismi Korall ekan.
7-savol:
"Ulug'bek xazinasi" asarida Mirzo Ulug'bek umri oxirida sevib qolgan va "qariganda topgan sevgan gavhari" deya ta'riflangan qizning ismi U ekanligi qiziq holat. Maqolga ko'ra, "Xasisning pulidan U yaqinroq" ekanligi aytiladi.
Savol: U o'rnidagi so'zni yozib bering.
Javob: Yulduz
Izoh: Mirzo Ulug'bek samodagi yulduzlarni tadqiq qilgani bilan mashhur. Maqolga ko'ra, "Xasisning pulidan yulduz yaqinroq" deyiladi.
8-savol:
Futbol sharhlovchisi Davron Fayziev bahor kelguncha yaxshigina dam olib, shundan keyin boshqa jamoalarni o'z o'ljasiga aylantiradigan PSJ jamoasini Unga qiyoslaydi. Uni shuningdek Madrid shahri gerbida ham ko'rish mumkin.
Savol: Uni bir so'zda yozib bering?
Javob: Ayiq
Izoh: Qish tugaguncha uxlab, bahordan boshlab uyg'onadigan PSJ jamoasini sharhlovchi ayiqqa o'xshatadi. Madrid shahri va Atletiko Madrid jamoasi gerbida ham ayiq tasviri mavjud.
9-savol:
Savolda U ikki so'zni almashtirib keladi.
"Olifant" o'rta asrlardagi ovda signal berish uchun qo'llanilgan shox shaklidagi burg'u. Olifantlar asosan Undan tayyorlangan.

Savol: Qaysi toponim Uning savdosi tufayli o'z nomini olgan?
Javob: Kot-d'ivuar
Izoh: U fil suyagi bo'lib, Olifant so'zi etimologiyasi fil ya'ni "elephant" so'ziga borib taqaladi. Kot-d'Ivuar davlati esa fil suyagi qirg'og'i degan ma'noni anglatadi.
10-savol:
"Choliqushi" asarida bosh qahramon Feride qishloqlardan birida "Ipak qurti" laqabini oladi. Asarda mato sotuvchi badavlat kishi o'zida IKS ko'p ekanligini aytib xushomad qiladi.
Savol: IKSni o'zaro juft undoshlardan boshlanuvchi ikki so'zda yozib bering.
Javob: Tut daraxti
Izoh: Ipak qurti uchun asosiy ozuqa tut daraxti yaproqlari hisoblanadi. Xushomadgo'y kishining mato sotuvchisi ekanligi ham sizni javobga olib borishi mumkin edi.
11-savol:
Isajon Sultonning "Genetik" asarida, o'zbek xalqining tarixi qadimiyligini isbotlagan olim "Mening yurtim insoniyatning IKSi" deya intervyu beradi. IKS haqida afsona Zahiriddin Muhammad Boburning Hindistonga qochishi bilan bog'liq.
Savol: IKSni ikki so'zda yozib bering.
Javob: Oltin beshik
Izoh: Oltin beshik - Qo'qon xonligini boshqargan minglar sulolasining kelib chiqishi Boburga borib taqalishiga oid rivoyatdir
12-savol:
Savolda bir so'zdan harflar tushirib qoldirilgan.
Bir necha yillar oldin o'zbek olimlari tomonidan o'simliklarning sovuqqa chidamliligini ta'minlovchi genni aniqlashgan. Shu sababli bu genga "SOS" deya nom berilgan.
Savol: Harflari tushirib qoldirilgan xorijiy so'zni asl holida yozib bering.
Javob: Eskimos
Izoh: Sovuqqa chidamlilikni ta'minlovchi genga sovuq iqlimda yashovchi xalq – eskimoslar nomi berilgani mantiqiydir.
13-savol:
Ushbu filmning yakuniy sahnasida orqa fonda Kapitoliy binosi va shuningdek kalamushni ko'rish mumkin. Bu orqali rejissyor asosiy barcha qahramonlar o'lsa da, tizimda sotqinlar qolaverishi haqida ishora qilgan.
Savol: 2006-yilda ekranlarga chiqqan qaysi film haqida gap ketmoqda?
Javob: Murtadlar.
Izoh: Kriminal drama janridagi "Murtadlar" filmi syujetiga politsiya va gangsterlar to'dasi ichidagi boshqa tomonga xizmat qiluvchilar haqida. Shu sababli ham film oxirida kalamush chiqib keladi.
14-savol:
Bir hazilga ko'ra, mashhur sarkarda janglarda ko'p bo'lganligi sababli o'z onasini har 4 yilda bir marta ko'rishiga to'g'ri kelgan. Shu sababli sarkardaning onasining ismi U bo'lgani aytiladi.
Savol: U o'rnidagi ismni yozib bering?
Javob: Olimpiada
Izoh: Gap Aleksandr Makedonskiy haqida ketmoqda. Aleksandrning onasining ismi Olimpiada bo'lgan.
15-savol:
"15 yoshli kapitan" asarida kema oshpazi Negoroning Uni ishdan chiqarishi sarguzashtlarga sabab bo'ladi. U ixtiro qilingan davrda hozirgi vazifada emas, balki qimmatbaho toshlarni topish maqsadida ham ishlatishgan.
Savol: Uni yozib bering.
Javob: Kompas
Izoh: Kemaning adashib boshqa joyga borib qolishiga kompasning buzilgani sabab bo'ladi. Kompasdan xitoyliklar dastlab hozirgi maqsadida foydalanishmagan.
16-savol:
Asosan shov-shuvli bo'lgan maishiy mavzularda ko'cha intervyularini olib boradigan Youtube blogi nomida SHUNDAY so'zini uchratish mumkin. Nomida SHUNDAY so'zi qatnashgan romanning muvaffaqiyati sabab davomi ham yozilgan va 1973-yilda nashr etilgan.
Savol: SHUNDAY o'rnidagi so'zni yozib bering.
Javob: Sariq.
Izoh: Savolning birinchi qismida asosan shov-shuvli yangiliklarga oid sariq matbuot atamasiga ishora edi. Xudoyberdi To'xtaboevning "Sariq devni minib" romanining mantiqiy davomi bo'lgan "Sariq devning o'limi" romani 1973-yilda nashr qilingan.
17-savol:
Mate – maxsus naycha orqali ichiladigan janubiy amerika xalqlari ichimligi. Bir davrada mate ichish paytida hamma bitta naychadan foydalanadi va bu davradagilarning bir-biriga ishonchini anglatgan. Maqolalardan birida mate Amerika tub aholisiga xos bo'lgan Unga o'xshatiladi.
Savol: Uni bir xil harfdan boshlanuvchi ikki so'zda yozib bering
Javob: Tinchlik trubkasi.
Izoh: Tinchlik trubkasi - Amerikaning tub aholisi tomonidan qabilalar orasidagi tinchlik va o'zaro ishonch ramzi hisoblanadi. Mate ichish jarayonida ham shu holat takrorlanadi

18-savol:
"MIF" nashriyoti tomonidan har xil nominatsiyalarda yilning eng yaxshi kitoblariga beriladigan mukofot nomi "Kitobiy U".
Savol: 1854-yil Dublinda tug'ilgan Uning ism familiyasini yozib bering.
Javob: Oskar Uayld
Izoh: Nashriyot eng yaxshi filmlarga beriladigan Oskar mukofotining kitoblar uchun beriladigan muqobilini yaratgan va uni Oskar ismli yozuvchi ism familiyasi bilan atagan.
19-savol:
Savolda U almashtirish.
Odil Yoqubovning asarida Mirzo Ulug'bek o'tirgan kursiga u yopilgani haqida yozadi. Nomida U qatnashgan manba Tamaraga bag'ishlangan va muallifining nomi Toshkent ko'chalaridan biriga berilgan.
Savol: Ushbu muallifni toping.
Javob: Shota Rustaveli
Izoh: Ulug'bek xazinasi asarida keltirilishicha, Ulug'bekning kursisiga yo'lbars terisi yopilgan bo'lgan. Shota Rustavelining "Yo'lbars terisini yopingan pahlavon" dostoni gruzin malikasi Tamaraga bag'ishlangan.
20-savol:
Bir zamonaviy inglizcha topishmoqni tinglang:
Unda kalitlar bor, lekin qulflar yo'q. Unda bo'shliq bor, lekin xonalar yo'q. Unda Kirish bor, lekin xona ichiga emas. Unda yana uy va chiqishni ham topish mumkin.
Savol: U nima?
Javob: Kompyuter klaviaturasi.
Izoh: Inglizchada klaviatura tugmalari keys deb ataladi. Unda yana Space – bo'shliq, enter - kirish, home - uy va escape-chiqish tugmalari bor.
Zachot: Klaviatura.
21-savol:
Savolda bir so'zdan harflar tushirib qoldirilgan.
Isajon Sultonning "Genetik" asarida TIKOdagi odam haqida quyidagi savollar paydo bo'ladi: Nima falokat, qachon ro'y bergan? Sakkiz yashar bola nega halok bo'lgan? U-ku topilibdi, boshqalar qani?
Savol: Harflari tushirib qoldirilgan toponimni asl holida yozib bering.
Javob: Teshiktosh.
Izoh: Asar nomidan sezganingizdek, asar qahramoni genlar orqali qadimiy ajdodlarimizni tadqiq qiladi. Bu o'rinda O'zbekistondagi Teshiktosh g'oridan topilgan 8-9 yoshlar chamasidagi neandertal bola suyaklari haqida shu savollar paydo bo'lgan.
22-savol:
Bu so'z asli xitoycha Yuan va Bao so'zlari birikishidan hosil bo'lgan. Yuan va Bao so'zlari birgalikda "boylik to'plashning boshlanishi" ma'nosini anglatadi.
Savol: Gap tilimizdagi qaysi so'z haqida ketmoqda?
Javob: Yombi.
Izoh: Yombi (xitoycha "Yuan bao" — boylik to'plashning boshlanishi) — quyma oltin va quyma kumush bo'lagini anglatuvchi so'z hisoblanadi.
23-savol:
"15 yoshli kapitan" asari ekranizatsiyasida halokatga uchragan kema qoldig'ini kema oshpaziga U sifatida berishadi. U so'zi qatnashgan ibora "kutilmaganda" ma'nosida ishlatiladi.
Savol: Uni unlilari bir xil so'zda yozib bering.
Javob: Tarasha.
Izoh: Tarasha bu kichik yog'och bo'lagini anglatuvchi so'z bo'lib, asosan o'tin ma'nosida ishlatiladi. "Tomdan tarasha tushgandek" iborasi kutilmaganda sodir bo'lgan hodisani ifodalashda ishlatiladi.
24-savol:
Marca nashri tomonidan Jahon Chempionati yakunlanishidan oldinroq chiqarilgan suratda Lamin Yamal dastlab Federiko Valverdeni, keyinchalik Ronaldu, Kurtua, Mbappe kabi futbolchilarni bosqichma-bosqich yenggani tasvirlangan. Ushbu suratda Lionel Messi U sifatida gavdalantirilgan.
Savol: Uni ingliz tilidagi ikki so'z bilan yozib bering.
Javob: Final Boss.
Izoh: Lamin Yamal Lionel Messi bilan finalda duch kelar edi. Savoldagi bosqichma-bosqich yutib kelgani haqidagi so'zlar sizlarni o'yinlardagi eng oxirgi bosqich – Final Bossga olib bordi degan umiddamiz.