April 26

Ikkinchi Liga bahorgi mavsum 2-tur savollari (04.04.2026)

1-savol:
Saidrasul Saidazizovning 1902-yil rus-tuzem maktablarining o‘zbek sinflari uchun nashr qilingan kitobini U
deb atash mumkin. U deb tarjima qilish mumkin bo‘lgan boshqa bir asar 1961-yilda qirg‘iz tilida nashr
etilgan.
Savol: Uni ikki so‘zda yozib bering.
Javob:Birinchi muallim.
Izoh: Saidrasul Saidazizovning darsligi “Ustodi avval” deb atalgan va uni “Birinchi muallim” deb atash
mumkin. Chingiz Aytmatovning “Birinchi muallim” nomli qissasi bor.
2-savol:
Olim Oltinbekning Abdulla Qodiriy haqida yozgan asarida adibning “Kalvak mahzumning xotira daftaridan”
qissasi haqida gap borarkan, asar bir tarafdan xurofot ildizlarini yo‘q qilishi, bir tarafdan dinsiz jamiyat
kishilar dunyosi haqida ekanligini ayta turib Uni eslaydi. Uni ta’riflashda “dudama” so‘zi ham ishlatiladi.
Savol: Uni bir nechta so‘zda yozib bering.
Javob:Ikki tarafi tig‘li pichoq.
Izoh: Ikki tarafi tig‘li bo‘lgan pichoqlar fors-tojikchadan ikki tig‘li ma’nosini bildiruchi “dudama” so‘zi bilan
ataladi.
Zachot: Shu mazmundagi javoblar.
3-savol:
Akshamala – bu sanskrit tilidagi mantralarni o‘qish paytida sanash uchun ishlatiladigan tulsi o‘simligining
shoxlari yoki urug‘laridan yasalgan predmet hisoblanadi.
Savol: Akshamala nimaning hindcha varianti hisoblanadi?
Javob:Tasbeh.
Izoh: Mantralar – diniy matnlar va duolar hisoblanadi. Islomda ham zikrlar va duolarni sanashda tasbehdan
foydalaniladi.
4-savol:
2017-yilda arab mamlakatlariga O‘zbekiston futbol terma jamoasi bir necha bor yutqizadi. O‘zbekiston
ayollar terma jamoasi esa ketma-ket ikki marta BAA termasining ustidan g‘alaba qiladi. Bu haqidagi
maqola nomida Aleksey Smirnov personaji tomonidan aytilgan, buyruq shaklidagi mashhur kinoiqtibosni
ko‘rish mumkin.
Savol: Ushbu kinoiqtibosni ikki so‘zda yozib bering.
Javob:O‘rgan, student.
Izoh: Maqola nomi “I operatsiyasi” filmidagi mashhur ibora bilan boshlangan.
Zachot: Учись, студент.
5-savol:
“McDonald’s” kompaniyasining reklamalaridan birida bo‘sh yoki usti yopiq turgan ovqat qutilarini ko‘rish
mumkin. Reklama kunning ma’lum davrida shu ko‘rinishda turgan.
Savol: Kompaniya bu reklamani aynan qaysi paytda amalga oshirgan?
Javob:Ramazon oyida.
Izoh: Ro‘za tutgan odamlarga ovqatlarni ko‘rsatib o‘zlarini ham, mijozlarni ham noqulay ahvolda qoldirishni
xohlamagan brend yuqorida aytilgandek yo‘l tutgan.
6-savol:
Asqad Muxtorning “Tundaliklar” asarida “Rassom qoʻlida PAT. Goʻyo uchmoqchi-yu, lekin qanoti bittagina”
deb yozilgan jumla mavjud. PAT haqidagi faktlar ichida “bosh barmoq uchun” degan ma’lumotga duch
kelish mumkin.
Savol: Matnda ikki o‘rinda harflari tushib qolgan so‘zni asl holida yozib bering.
Javob:Palitra.
Izoh: Palitra – bu rassomlar ishlatadigan, bo‘yoqlar turadigan taxtacha. Palitradagi bitta teshik bosh
barmoq uchun bo‘lib, taxtachani mahkam ushlab turishga xizmat qiladi.
7-savol:
Moasir Sklyarning “Maks va mushuklar” asarida Maks Shmidt zolim mo‘yna savdogari bo‘lib, bolaligidan
otasining omborida tulki, qoplon terilari saqlanadigan shkaf ustidagi yo‘lbarsning haykalidan yashirinib
ulg‘aygan edi.
Savol: Ushbu asardan keyinchalik 2001-yilgi qaysi asar syujetida qisman foydalanilgan?
Javob:Pi hayoti.
Izoh: “Pi hayoti” asarida ham personaj yo‘lbars bilan bir qayiqda okean bo‘ylab suzishiga to‘g‘ri keladi.

8-savol:
Bu janr haqidagi maqolada Umberto Ekoning “Bir kun oldin orolda”, Uilyam Goldingning “Pashshalar
hukmdori” va Nikolay Vnukovning “Yolg‘iz” nomli asarlari eslab o‘tiladi.
Savol: Ushbu janrni nomlashda qaysi personaj ismida foydalanilgan?
Javob:Robinzon [Kruzo].
Izoh: Janr nomi “Robinzonada” bo‘lib, unda kimsasiz orolda omon qolish, bir yoki bir necha odamning
sayohatlari haqida hikoya qilinadi.
9-savol:
Grinvichdan 60 mil g‘arbda joylashgan Oksford shahri vaqti bo‘yicha boshqa yaqin shaharlarga qaraganda
5 daqiqaga orqada yurgan. Bugungi kunga qadar shahar soboridagi soat minorasi rasmiy Britaniya
vaqtidan besh daqiqa kechroq ishlaydi. Maqolalardan birida, Bu mashhur inson Oksfordda ishlagani ham
aytiladi.
Savol: 1832-yil tug‘ilgan ushbu matematikni yozib bering?
Javob:Lyuis Kerrol.
Izoh: Lyuis Kerrolning Alisa haqidagi asarlaridan ma’lum bo‘lgan, har doim kech qolib yuruvchi Oq quyon
personaji yuqoridagi holatlar sabab o‘ylab topilgan degan versiyalar mavjud.
10-savol:
Sobir O‘narning “Kibrsiz odam” asarida Bu insonning kasali og‘irlashishi shunday ta’riflanadi: “Osmon to‘la
havolar faqat menga yetmaydi... – deb yurgan kunlari ekan, biz uni yaxshi bo‘lyapti deb o‘ylabmiz”.
Savol: 1950-yil O‘shda tug‘ilgan Bu inson kim?
Javob:Shavkat Rahmon.
Izoh: Shavkat Rahmonning she’rlaridan biridagi “osmon to‘la havolar faqat menga yetmaydi” jumlasi
mashhur. Muhammad Yusufning Shavkat Rahmon xotirasiga bag‘ishlab yozgan she‘rida ham “Menga esa
havo yetmaydi, xolos. Tiriklar mudroqda, O‘liklar uyg‘oq. Lola, lolajonim, Lolaqizg‘aldoq!” jumlasini ko‘rish
mumkin.
11-savol:

Zaynobiddin Abdurashidovning “Behbudiy” asarida Mahmudxo‘janing ONAsiga “muharrirning eng qizg‘in
ijod pallasini aks etib turgan KO‘ZGU” deb ta’rif berilgan.
Savol: Matnda harflari tushib qolgan so‘zni asl holida yozib bering.
Javob:Oyina.
Izoh: 1913-yildan nashr qilina boshlangan “Oyina” jurnaliga Mahmudxo‘ja Behbudiy tomonidan asos
solingan. Savolda “oyina” so‘zidan harflar tushirilib “ona” so‘zi hosil qilingan
12-savol:
She’riy parchani tinglang:
Sukunatga tortilgan taroq,
Tun yoyilar sochlarimdek tim.
Derazamning ostida nogoh
SENADA kuylayotgan kim?
Savol: Parchada harflari tushib qolgan xorijiy so‘zni yozib bering.
Javob:Serenada.
Izoh: Odatda tunda kuylanadigan sevgi qo‘shiqlari Serenada deyiladi.
13-savol:
“Shirin bilan Shakar” dostonining o‘zbek variantlarida epik qahramonning onasi ezgulik homiysi tomonidan
berilgan Uni yegandan so‘ng farzandli bo‘ladi. Zardushtiylikda suv va hosildorlik ma’budasi Anaxita qo‘lida
U bilan tasvirlanadi.
Savol: Uni bir so‘zda yozib bering.
Javob:Anor.
Izoh: Xalq tasavvurlarida anor qadimdan serhosillik va serfarzandlik ramzi sifatida qaralgan. Shu sababli,
folklorda ko‘pincha farzand tilash yoki hosildorlik timsoli sifatida uchraydi. Ba’zi tasvirlarda suv va
hosildorlik ma’budasi Anaxita ham anor bilan tasvirlanadi.
14-savol:
Bu so‘z arabcha “ta’bir” so‘zi bilan o‘zakdosh hisoblanib, dastlab, tushni ta’bir qiluvchi insonlarga nisbatan
ishlatilgan. Vaqt o‘tishi bilan ta’birchilarning aytganlari ko‘pincha haqiqatga mos kelmagani sababli Bu so‘z
hozirgi ma’nosini ola boshlagan.

Savol: Bu so‘zni yozib bering.
Javob:Mug‘ombir.
Izoh: “Mug‘ombir” so‘zi arabcha muabbir (tush ta’bir qiluvchi) so‘zidan kelib chiqqan. Keyinchalik ma’no
o‘zgarishi natijasida bu so‘z aldovchi, hiylakor ma’nosida ishlatiladigan bo‘lib qolgan.
15-savol:

tarqatma

Suratda “Maratus volans” deb nomlangan o‘rgimchak turi tasvirlangan. Uning yorqin naqshli tanasi sabab
OV o‘rgimchagi deb ham atashadi.
Savol: Matnda harflari tushib qolgan so‘zni asl holida yozib bering.
Javob:Tovus
Izoh: “Maratus volans” ko‘pincha tovus o‘rgimchagi deb ataladi. Erkak o‘rgimchakning qornidagi rangbarang naqsh va raqsga o‘xshash harakatlari tovusning pat yoyishiga o‘xshatilgani sababli shu nomni
olgan.
16-savol:
Gavayi orollarida uchrovchi “Zingiber zerumbet” o‘simligi “tabiiy IKS” deb ham atalib, undan olinadigan
suyuqlik jilo berish va mayinlashtirishda juda foydali hisoblanadi. IKS nomining kelib chiqishi champa
o‘simligi nomi bilan ham bog‘lanadi.
Savol: IKSni bir so‘zda yozib bering.
Javob:Shampun
Izoh: “Zingiber zerumbet” o‘simligidan olinadigan modda tabiiy soch tozalovchi vosita sifatida ishlatilgan.
Champa o‘simligidan ham soch uchun moy olinadi.
17-savol:
Is’hoqxon Ibrat Uni voqelikdan uzilib qolgan hukmdor deb ta’riflab, xalqning ahvoli bilan ishi bo‘lmay, qush
ovlab, bo‘ri quvlab yurganini yozadi. Amerikalik diplomat Yujin Skayler Uning davrida xalqning
qiyinchiliklari haqida yozar ekan, hattoki hovuz bo‘yida yashovchilardan zuluk, ko‘chalarda hayvonlar bilan
tomosha ko‘rsatuvchilardan hayvon, o‘tin teruvchilardan esa o‘tin solig‘i olinganini qayd etadi.
Savol: Uning kim ekanligini yozib bering?
Javob:Xudoyorxon.
Izoh: Xudoyorxon Qo‘qon xonligining hukmdorlaridan biri bo‘lib, ayrim tarixiy manbalarda uning davrida

soliqlar og‘irlashgani va xalq turmushi qiyinlashgani qayd etilgan. Is’hoqxon Ibrat ham, Yujin Skayler ham
o‘z asarlarida shu davr haqida tanqidiy fikrlar bildirgan.
18-savol:
Norin tumani Norin va Qoradaryo daryolari oralig‘ida joylashgan. Shu sababli Norin tumanini qaysidir
ma‘noda SOYA deb atash mumkin. Wikipedia maqolasida SOYA “tamaddun beshigi” ekanligi aytiladi.
Savol: Matnda ikki o‘rinda tushirib qoldirilgan so‘zni asl holida yozib bering.
Javob:Mesopotamiya.
Izoh: Mesopotamiya yunoncha so‘z bo‘lib, “ikki daryo oralig‘i” degan ma’noni anglatadi. Tarixda Dajla va
Frot daryolari oralig‘idagi hudud shunday nomlangan va u qadimgi sivilizatsiya beshigi hisoblanadi.
Savolda Norin va Qoradaryo oralig‘i shu hududga qiyos qilingan.
19-savol:
Xalqimiz orasida BETTA nomini kelib chiqish versiyalardan birida sersuv joyda tarvaqaylab oʻsishi, yog‘ochi
yengilligi uchun qadimda undan suzuvchi moslama, qayiqlar yasalgani keltiriladi.
Savol: Uni qoʻshma soʻzda yozib bering.
Javob:Baqaterak.
Izoh: Baqaterak (turang‘il) teraksimonlar oilasiga mansub daraxt bo‘lib, uning yog‘ochi yengil va suvga
chidamli hisoblanadi. Shuning uchun qadimda undan suzuvchi moslamalar yasashda foydalanilgan.
Nomidagi “baqa” nomini qo’llanishi haqida esa xuddi baqa singari sersuv joylarda , tarvaqaylab o’sishi
keltiriladi.
20-savol:
Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘atit turk” asarida IKS so‘zi, dastlab, chorva moli ma’nosini bildirgan,
keyinchalik esa har qanday moddiy boylikni anglata boshlagan. Orif Tolib ko‘pchilik tilimizdagi IKSni
chetdan kirgan so‘z deb hisoblashini aytarkan, IKSni “tilimizning ming yillik IKS”i deb atab, undan bemalol
foydalanish mumkinligini ta’kidlaydi.
Savol: IKS o‘rnidagi so‘zni yozib bering.
Javob:Tovar.
Izoh: Devonu lug‘atit turk asarida “tovar” so‘zi chorva moli ma’nosida ishlatilgan. Keyinchalik bu so‘z
kengayib, umumiy moddiy boylik yoki savdo mahsulotini bildiradigan ma’noni olgan. Tilshunos Orif Tolib
“tovar” so‘zini tilimizning ming yillik tovari ekanini ta’kidlaydi.

21-savol:
Papilyotka – soch tolalarini burash uchun ishlatiladigan, mato yoki qog‘ozdan yasalgan kichik o‘rama
hisoblanadi. Papilyotkalar haqidagi maqolada U ham tilga olinadi. 1930-yilda Solomon Xarper ilk elektr Uni
yaratdi.
Savol: U o‘rnidagi kelib chiqishi fransuzcha so‘zni yozib bering.
Javob:Bigudi.
Izoh: Bigudi (fransuzcha bigoudi) – sochni burash va jingalak qilish uchun ishlatiladigan qurilma bo‘lib,
papilyotkalar bilan bir xil maqsadda qo‘llanadi. XX birinchi yarmida uning elektrlashtirilgan variantlari ham
paydo bo‘lgan.
22-savol:
Diniy manbalarga ko‘ra, U iymon, rahm-shafqat, sabr-toqat, saxovat, ezgulik, donolik, taqvo va farosat kabi
ruhiy sifatlarni ifodalaydi. Arab xattotligida Uning bir suraning oxirini belgilash uchun o‘rtasida doira
bo‘lgan ikkita ustma-ust qo‘yilgan kvadratli shakli ham uchraydi.
Savol: Uni raqam qatnashtirib yozib bering.
Javob:Sakkiz qirrali yulduz.
Izoh: Islomiy bezak san’atida sakkiz qirrali yulduz muvozanat va uyg‘unlik ramzi hisoblanadi. Uning sakkiz
qirrasi ko‘pincha iymon, rahm-shafqat, sabr-toqat, saxovat, ezgulik, donolik, taqvo va farosat kabi fazilatlar
bilan bog‘lanadi.
23-savol:
“Kung-Fu Panda 4” multfilmi epizodlaridan birida buqalamun hech narsani unutmasligini aytar ekan, IKSga
aylanadi. O‘zbekiston Mnemosport federatsiyasi logotipida ham IKS tasvirini ko‘rish mumkin.
Savol: IKS o‘rnidagi jonzotni toping.
Javob:Fil
Izoh: Fillar kuchli xotirasi bilan mashhur jonzot hisoblanadi. Shu sabab ko‘plab madaniyatlarda fil xotira va
eslab qolish ramzi sifatida ishlatiladi. Mnemosport (xotira sporti) bilan bog‘liq ramzlarda ham fil tasviri
uchraydi.

24-savol:
Savol matnida bir so‘zdan ikki o‘rinda harflar tushirib qoldirilgan.
Samarqandlik Doktor Kobra nomi bilan mashur Alisher Yarmatov ilon va chayonlarni parvarishlaydi. U
zaharlanishdan himoyalanish maqsadida MATIZ bilan shug‘ullanadi. MATIZ atamasining kelib chiqishi
miloddan avvalgi 117–63-yillarda yashagan pontlik nomi bilan bog’liq.
Savol: Harflari tushirilgan so‘zni asl holida yozib bering.
Javob:Mitridatizm.
Izoh: Pont podshosi Mitridat VI o‘ziga suiqasd qilinishidan qo‘rqib, turli zaharlardan oz miqdorda muntazam
iste’mol qilib, ularga immunitet hosil qilishga harakat qilgan. Hozirgi kunda bunday holat mitridatizm deb
ataladi.

@Zakovat_Savollarii