April 23

Professional va Birinchi liga bahorgi mavsumi 2-tur Zero jamoasi savollari 4.04.20206

1-savol:
Fotograf Natalya Ilyina ayollarning portretlaridan iborat fotoko‘rgazma tashkil etdi. Uning fikricha, ayolning
dekorativligi va tashqi jozibasi emas, balki ichki hissiyotlari va shaxsiyati diqqat markazida bo‘lishi lozim.
Shuning uchun, Natalya ko‘rgazmaga “Men ALFA emasman” deya nom tanlagan.
Savol: ALFA o‘rnidagi rus tilidan kirib kelgan so‘zni yozib bering.
Javob:Otkritka.
Izoh: Xuddi otkritkaning go‘zalligidan ko‘ra, uning ichida yozilgan xatning mazmuniga ko‘proq e’tibor
berish lozim bo‘lgani kabi ayolning ham shaxsiyatiga ko‘proq e’tibor qaratish lozim, degan fikrda Natalya
Ilyina.
2-savol:
Bir oʻzbek asarida qahramon U kelganida tilagi ijobat boʻlib, kesaklar oltinga aylanishini istaydi. Bu gapni
eshitgan boshqa bir qahramon esa U kunduzi kelmasligini aytadi.
Savol: Uni yozib bering.
Javob:Laylatul-qadr
Izoh: Qahramon Laylatul-qadrda tilagi ijobat boʻlib, kesaklar oltinga aylanishini istaydi. Doʻsti esa Laylatulqadr tunda kelishini aytadi.
Zachot: Qadr kechasi.
3-savol:
“Breaking bad” serialining epizodida qahramonlardan biri pullar bilan toʻla arava ustida yotgan sherigiga
qarab Uni esga oladi. 2007-yilda Glazgo shahri kengashi Uni “Mashhur Glazgoliklar” ro‘yxatiga qo‘shgan.
Savol: Uni yozib bering.
Javob:Skruj Makdak
Izoh: Skruj Makdak ham o‘zining boyliklari ustida yotishni xush ko‘radi. Manbalarda Skruj Makdak
Shotlandiyaning Glazko shahridan ekani aytiladi.
4-savol:
Savol matnidagi bir soʻz ikki soʻzning o‘rnida keladi.
Qamchibek Kenja oʻzining “Palto” nomli romaniga “Oʻlsam, yuzimni Vatanim tarafga qaratib koʻminglar”

degan soʻzlarni epigraf qilib tanlagan.
Savol: Almashtirilgan ikki soʻzni yozib bering.
Javob:Palaxmon tosh[lar]i.
Izoh: Asar shuningdek, “istiqlolni orzulab oʻtganlar” xotirasiga bagʻishlanib, oʻzida nohaq sovet tuzumi
zugʻumlaridan qochib, vatangadolikda kun kechirgan qahramon taqdirini yoritadi.
5-savol:
Zamondoshlaridan biri qulogʻiga Uni qistirib olgan Zayd ibn Xolidni kotibga oʻxshatgan. U ovozni
tiniqlashtirishi, nutq talaffuzini yengillashtirishi aytiladi.
Savol: Uni bir soʻzda yozib bering.
Javob:Misvoq.
Izoh: Xuddi kotiblar qulog‘iga qalam qistirib yurganidek Zayd ibn Xolid ham qulogʻiga misvoq qistirib olib,
har namozdan oldin tishlarini tozalagan ekan. Zamonaviy tadqiqotlar ham misvoqning bir qancha tibbiy
foydalarini aniqlagan.
6-savol:
Savol matnida IKS va IGREK so‘zlari bittadan so‘zni almashtirib keladi.
Tadqiqotchilar fikricha, bir necha yil oldin Buxorodagi eski masjiddan topilgan IKS 11-14 asrlarda IGREK
sifatida foydalanilgan. Instagramdagi bir videoda havaskor xonanda Hulkar Abdullayevaning qoʻshigʻini IKS
joʻrligida ijro etgan.
Savol: Bir xil harfdan boshlanuvchi IKS va IGREKni yozib bering.
Javob:Qayroqtosh, qabrtosh.
Izoh: Topilgan qayroqtoshda arabcha soʻzlar yozilgan boʻlib, tadqiqotlarga ko‘ra oʻsha paytda qabrtosh
oʻrnida foydalanilgan. Xorazm milliy qoʻshiqlarining baʼzilari qayroqtosh joʻrligida ijro qilinadi.
7-savol:
Qo‘shiqchi Laylo Rixsiyeva o‘z ajdodlarining hayotini o‘rganishga qiziqib qoladi va shu tufayli “Ildizlar”
nomli albom yaratish g‘oyasi paydo bo‘ladi. Uning aytishicha, albom SHUNDAY bo‘lishi reja qilingan edi.
Savol: SHUNDAY o‘rnidagi so‘zlarni yozib bering.
Javob:Yettita qo‘shiqdan iborat.
Izoh: Ajdodlarini o‘rgangan Laylo dastlab albomida 7 ta qo‘shiq bo‘lishini reja qilgan ekan.

Zachot: 7 kompozitsiyali; 7 soni qatnashgan mazmunga mos javoblar.
8-savol:

“Eslab-eslab” koʻrsatuvida mehmon boʻlgan Iqbol Mirzo boshlovchi Farhod Abdullayevga atab siz koʻrib
turgan she’rni aytgan.
Savol: She’rda yetishmayotgan ikki soʻzni yozib bering.
Javob: Oynai jahon
Izoh: Shoir Farhod Abdullayevning ismiga mos qilib “Farhod va Shirin” dostoni syujetini zamonaviy talqin
qiladi. Farhod Shirinni Oynai jahonda koʻrib sevib qolgan edi.
9-savol:
Savol matnidagi SHUNDAY IKS so‘zlari almashtirish.
Komik Uill Ferrellning aytishicha, turmush oʻrtoq tanlashdan oldin uni SHUNDAY IKSga ega kompyuter
orqali sinovdan o‘tkazishingiz mumkin. Kubadagi SHUNDAY IKS sabab Jorj Noris yarim tundan so‘ng
uyg‘onishni boshlagan.
Savol: SHUNDAY IKS o‘rnidagi so‘zlarni yozib bering.
Javob:Sekin internet.
Izoh: Internet sekinlashganda yoki qotganda insonning sabri va asablarining qanchalik bardoshliligini bilish
mumkin. Kubada sekin internet sabab Jorj Noris onlayn serverlarga fayllarni yuklash uchun ko‘pchilik hali
uxlab yotgan paytda uyg‘onishga majbur bo‘layotganini aytgan.
Zachot: Past tezlikdagi internet.
10-savol:

tarqatma

Aktyor Mirolim Qilichevning eslashicha, bolaligida otasidan kaltak yeyishdan qo‘rqib BU ISHni qilishga
uringan. Ko‘pincha bu odati uni jazodan qutqarib qolgan ekan. Tarqatmadagi jumla ham BU ISHni qilishni
anglatadi.
Savol: BU ISHni qilish o‘rnidagi so‘zlarni yozib bering.
Javob:O‘zini o‘lganga solish.
Izoh: Aktyorning eslashicha, otasidan kaltak yeyishi muqarrarligini bilganida ko‘pincha ko‘zlarini yumib,
nafas olmay turgan ekan. Qizarib ketganini ko‘rib qo‘rqib ketgan onasi vaziyatni yumshatgan.
Tarqatmadagi “playing possum” jumlasidagi ikkinchi so‘z “opossum”dan kelib chiqqan. Opossumlar
o‘zlarini o‘likka solishi bilan ko‘pchilikka tanish.
Zachot: O‘lgandek ko‘rsatish va shu mazmundagi javoblar.
11-savol:
Yurtimizdagi bu agentlikning monitoring natijalariga koʻra, Oʻzbekistonning qariyb 721 gektar maydonida
1928 ta noqonuniy chiqindixonalar aniqlangan.
Savol: 2019-yilda tashkil etilgan bu agentlikni yozib bering.
Javob:Oʻzbekkosmos
Izoh: Oʻzbekistonning turli hududlarida noqonuniy tashkil etilgan chiqindixonalarni kosmik monitoring qilish
juda tez va qulay. Oʻzbekkosmos bu borada salmoqli natijalarga erishgan.
Zachot: Uzcosmos; Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi.
12-savol:
Savol matnida bir soʻz boshqa bir soʻzga almashtirilgan.
Natural Ice Cream [ney-chural ays krim] brendi faqat organik va tabiiy masalliqlardan foydalanishi, hech
qanday qoʻshimcha va konservantlarsiz mahsulotlari bilan mashhur. Shu sabab, sotuv pozitsiyasining bir

qismi sifatida karameldan ham deyarli foydalanmaydi.
Savol: Almashtirilgan soʻzni asl holida yozib bering.
Javob:reklama[dan].
Izoh: Oʻzining yagona ishlab chiqarish va sotish strategiyasiga asosan brend bir foizdan ham kamroq
foydani reklamaga sarflab va asosan ogʻizdan ogʻizga oʻtuvchi tamoyil asosida daromad kelishiga ishonadi.
Savolda almashtirilgan Karamel va Reklama so‘zlari o‘zaro anagramma hisoblanadi.
13-savol:
Yapon millatiga mansub Leena [Lina] o‘zining instagram sahifasiga asosan yurtimizdagi taksi haydovchilari
bilan bo‘lgan suhbatlarni joylab boradi. Bir safar Leena [Lina] taksi haydovchisi unga umuman
gapirmaganini aytib, “bugun IKS bo‘lmadi” deydi. Youtubega IKS deb qidiruv bersangiz, Orifjon
Madvaliyevning videolari ham chiqib keladi.
Savol: IKS o‘rnidagi kamida uch so‘zni yozib bering.
Javob:O‘zbek tili darsi.
Izoh: Leena [Lina] haydovchilar bilan o‘zbek tilida gaplashishga harakat qiladi va buni o‘zi uchun “o‘zbek
tili darsi” deb ataydi. Tilshunos Orifjon Madvaliyev ko‘pchilikka Orif Tolib nomi bilan tanilgan.
Zachot: O‘zbek tilini o‘rganishni anglatuvchi javoblar.
14-savol:
Rejissyor Dilbar Yusupovaning bir filmida Guli ismli qizning baxti 35 yoshga borib ochiladi.
Savol: Film nomini 11 harfli so‘zda yozib bering.
Javob:Namozshomgul
Izoh: Filmda Guli ismli qizning baxti kech bo‘lsada ochiladi, xuddi Namozshomgul o‘simligi kechga borib
ochilgani kabi.
15-savol:
“Namozshomgul” filmida bosh rolni Anjelika Yesimbetova ijro etgan. Epizodlardan birida har qanday
insonning go‘zal taraflarini ko‘rish mumkinligi aytiladi va BU INSON tilga olinadi.
Savol: 1640-yil Antverpen shahrida vafot etgan BU INSON kim?
Javob:Piter Pol Rubens.
Izoh: Rubens semiz ayollarning suratini chizgani bilan mashhur. Filmda ham bosh rolni taxminan 150 kg

vaznga ega Anjelika Yesimbetova ijro etgan.
Zachot: Rubens familiyasi bo‘yicha.
16-savol:
Neʼmat Aminovning bir hikoyasida yoshi oʻtib qolgach kasbini oʻzgartirgan ayol bir gal adashib “voy bolam”
jumlasi oʻrniga “voxey bola” jumlasini aytib yuboradi.
Savol: Ayol yoshi oʻtib qolgach nima ish bilan shug‘ullanayotgan edi?
Javob:Goʻyandalik.
Izoh: Hikoyada ayol yoshligida raqqosalik, yoshi oʻtgach esa goʻyanda ya'ni azada yigʻlaydigan xotin
sifatida ishlay boshlaydi. Tarki odat amri mahol deganlaridek qahramon toʻy va azani chalkashtirib
yuboradi.
Zachot: Azada yig‘lash.
17-savol:

tarqatma

Savol matnida bir soʻzdan harflar tushirib qoldirilgan.
Tarqatmada Javlon Umarbekovning “AIDALAR” nomli kartinasini koʻrib turibsiz. Sunʼiy intellekt tomonidan
tayyorlangan bir videoda Britaniya muzeyida saqlanuvchi AIDA “Opa-singillari oldiga qaytishni istash”ini
aytadi.
Savol: Harflari tushirib qoldirilgan soʻzni asl holida yozib bering.
Javob:Kariatida.
Izoh: Yunon klassik meʼmorchiligida ustunlar va boshqa obyektlarni koʻtarib turuvchi ayol figuralar
kariatidalar deb ataladi. Suratda ham boshlarida xum va tugun koʻtarib turgan ayollarni koʻrish mumkin.
18-savol:
Qadimgi turkiy koʻchmanchi xalqlarda ma’lum bir “yashirin aloqa” usuli mavjud edi. Agar ikki kishi omma
ichida qolganlarga bildirmasdan sirli ravishda kelishib olmoqchi bo‘lsa, bu ikki odam bir-birining qo‘lini
siqishgan va oʻzaro maʼlumot almashishgan.
Savol: Taxminlarga ko‘ra, tilimizdagi qaysi ibora yuqorida aytilgan harakatlardan kelib chiqqan?
Javob:Yeng ichida ish bitirmoq.
Izoh: Savdogarlar yoki elchilar bir-biriga qoʻl bergan holda yeng ichida barmoqlari bilan sonlarni ko‘rsatib,
narx yoki maxfiy rejalarni kelishishgan. “Yeng ichida ish bitirish” iborasi shundan kelib chiqqan.

19-savol:
Furqat Alimardonning hikoyasida juda qattiq ranjigan qahramon ko‘ngli vayron bo‘lganini aytar ekan, BU
SO‘Zni eslab o‘tadi. BU SO‘Zga oid maqolada noqonuniy o‘zlashtirilgan yerlar haqida gap boradi.
Savol: Boshi va oxiri bir xil harf bo‘lgan BU SO‘Zni yozib bering.
Javob:Snos.
Izoh: personaj o‘z qalbini snosga tushib qolib, buzib tashlangan uyga o‘xshatadi.
20-savol:
Savolda bir soʻzdan harflar tushirib qoldirilgan.
“Boshqotirma” multfilmi asosida ishlangan animatsion serialda tushlar boʻlimining ish faoliyati koʻrsatiladi.
Boʻlimda “elton” laqabli kuchukdan uzoqroq yurishga harakat qilishadi, aks holda ish jarayoni chala qolib
ketishi mumkin.
Savol: Harflari tushirilgan soʻzni asl holida yozib bering.
Javob:Melatonin
Izoh: Bu bo‘lim uyqu paytidagi tushlarni boshqaradi. Bo‘limdagi “Melatonin” laqabli itga tegib ketgan
qahramonlar darhol uyquga ketib qolishadi. Melatonin uyqu gormoni hisoblanadi.
21-savol:
U bo‘yicha musobaqada ustunlikka ega ishtirokchi “Bir, ikki, uch, to‘rt, men Unda g‘alaba qozondim” deya
to‘liq aytishga ulgursa g‘olib deb topiladi. Jargonda esa U kim bilandir yozma xabarlar orqali bo‘lgan
mojaroni yoki negativ mazmundagi yozishmalar jarayonini anglatadi.
Savol: U o‘rnidagi so‘zlarni yozib bering.
Javob:Bosh barmoqlar jangi.
Izoh: Bosh barmoqlar jangi bo‘yicha o‘tkaziladigan musobaqalarda raqibning bosh barmog‘ini
bosganingizdan so‘ng yuqoridagi jumlani aytguningizcha raqib barmog‘ini chiqarib ololmasa mag‘lub
bo‘ladi. Telefonda yozishda asosan bosh barmoqdan foydalanilgani bois, shunday mojarolarga “bosh
barmoqlar jangi” deyilar ekan.
Zachot: Barmoqlar jangi (urushi, kurashi). Boshqa tillardagi nomlari: thumb war (wrestling, battle), борьба
на больших пальцах.

22-savol:
Bosh barmoqlar jangi oʻyinida turli taktikalar mavjud. Shulardan birida siz oʻz barmogʻingizni toliqqandek
koʻrsatib, goʻyo raqib uchun qurbon qilasiz. Raqib hujum qilganda esa chap berib, qarshi hujumga oʻtasiz.
Savol: Ushbu taktika nomini bir xil harfdan boshlanuvchi xorijiy ikki soʻzda yozib bering.
Javob:Playing possum.
Izoh: Xuddi bosh barmoqni "oʻlganga solish"dek hiyla qilib, raqibni yengish usuli shunday ataladi.
23-savol:

tarqatma

Tarqatmadagi kartinada shaharlashgan U aks ettirilgan. Gulhayo Anorovaning she’rida U yomg‘irga jom,
ya’ni idish bo‘lishi aytiladi.
Savol: Uni ikki so‘zda yozib bering.
Javob:Chumoli ini.
Izoh: Aliaksandra Tsesarskaya o‘z kartinasida shaharlashgan chumoli inini tasvirlagan. She’rda esa chumoli
ini yomg‘irga jom bo‘lishi aytiladi.
24-savol:
Xurshid Do‘stmuhammad tinim bilmas Uni o‘zbek mehnatkash dehqoniga o‘xshatadi va abadiyat ramzi
ekanligini ta’kidlaydi.
Savol: Uni unli harflari bir xil so‘zda yozib bering.
Javob:Charxpalak.
Izoh: Xurshid Do‘stmuhammad tinim bilmas va mashaqqat bilan aylanadigan charxpalakni o‘zbek
dehqoniga o‘xshatib, abadiylik ramzi deya ta’riflaydi.
25-savol:
Fuzuliy o‘z g‘azalida g‘amlarini shu qadar og‘ir va ko‘pligiga urg‘u berar ekan, BU ISHNI QILSA yakunda
zindondagi kofirlar ozod bo‘lishini aytadi.
Savol: BU ISHNI QILISH o‘rnidagi so‘zlarni yozib bering.

Javob:G‘amlarini tuyaga ortish.
Izoh: Mashhur rivoyatda odamlar Allohdan kofirlar qachon ozod bo‘lishini so‘rashadi. Javobda: tuya
ignaning teshigidan o‘tganda, deyiladi. Fuzuliy shu g‘oyani g‘azalida qo‘llab, g‘amlarim shunchalik og‘irki,
tuya ko‘tara olmay ozib, ipdek bo‘lib qoladi, deydi. Shunda ipdek bo‘lgan tuya igna teshigidan o‘tadi,
demak ozodlik mumkin bo‘ladi.
Zachot: Tuyani ustiga ortish, tuyaga ortish.
26-savol:
Mustafa Oʻroqchining kitobida bolakaylar oʻtmishga sayohat qilib, BU INSON bilan suhbat qurishadi. Suhbat
davomida bolalardan biri agar BU INSONning oʻrnida boʻlganida pirog pishirishdan boshqa narsa xayoliga
kelmasligini aytadi.
Savol: 1727-yilda vafot etgan BU INSON kim?
Javob:Isaak Nyuton.
Izoh: Kitobda Nyuton daraxtdan tushgan olmani ko‘rib, Butun olam tortishish qonuni haqidagi o‘ylarini
aytib beradi. Shunda bolalardan shu olmadan faqat pirog pishirishni o‘ylagan bo‘lardim, deb aytadi.
27-savol:
Mustafa Oʻroqchining kitobida bolakaylar oʻtmishga sayohat qilib, Nyuton bilan birga Londonga borishadi.
Sarguzashtlari davomida BU ISHni ham qilishadi. Kun.uz ning BU ISHni qilishga oid maqolalarida bir
palindrom son ham keltiriladi.
Savol: BU ISHni qilish o‘rnidagi so‘zlarni yozib bering.
Javob:Yong‘inni o‘chirish.
Izoh: Bolalar Nyuton bilan Londonga borib, yong‘inni ham o‘chirishadi. Yozuvchi Nyuton haqidagi kitobda
o‘sha davrdagi boshqa voqealarni ham eslab o‘tgan, xususan Buyuk London yong‘inini ham. Yurtimizda o‘t
o‘chirish xizmatining telefon raqami – 101.
Zachot: Yong‘inning oldini olish, o‘t o‘chirish mazmunidagi javoblar.
28-savol:
Konsertlardan birida Jenisbek Piyazov qo‘shiqning eng avji IKSga to‘g‘ri kelib qolganida quvonch aralash
hayajonlanib ketganini aytgan. Kanadalik restler va sumo jangchisi Jon Tentaning laqabi ham IKS bo‘lgan.
Savol: IKS nima?
Javob:Zilzila

Izoh: Jenisbek Piyanoz qo‘shiqning avji paytida qandillar qimirlaganini ko‘rib, dastlab bunga ovozi sabab
bo‘ldi deb o‘ylagan ekan. 200 kgdan og‘ir vaznga ega jangchi “Zilzila” deya laqab olgani mantiqiy.
Zachot: Yer qimirlashi.
29-savol:
Shoir Nasrullo qizning kiprigi uzunligini ta’riflab, kipriklari BU ISHni qilishini yozgan. 2010-yilgi manba
saundtrekida personaj BU ISHni takror va takror qilishini aytadi.
Savol: BU ISHni qilish o‘rnidagi alifboda ketma-ket harflar bilan boshlanuvchi ikki so‘zni yozib bering.
Javob:Sochini tarash.
Izoh: Shoir qizning uzun kipriklari sochini tarashini ta’kidlaydi. “Rapunzel” animatsiyasida uzun sochlarni
qayta-qayta tarashi kuylanadi.
30-savol:

tarqatma

Bir o‘zbek yozuvchisining “Katena” nomli hikoyasida muallif katena U ekanligini izohlaydi. XX asr so‘nggi
choragidagi manbaning boshqa tildagi nomida U bilan birga unvon ham keltiriladi.
Savol: Qaysi unvon?
Javob:General.
Izoh: Muallif ushbu hikoyasini Katta enasi ya’ni buvisiga atab yozgan. Hikoyaga ham og‘zaki nutqdan kelib
chiqib “Katena” deb nom qo‘ygan. “Suyunchi” filmi rus tiliga “Babushka – general” deya tarjima qilingan.
31-savol:
Dramaturg Najafbek Vazirovning komediyalarida eski oʻqitish usuli, ibtidoiy taʼlim shakli tanqid qilinadi.

Najafbek Vazirov tomonidan 1873-yilda yozilgan asar nomi – “BOʻSHLIQ”. Boshqa bir asarda ayol,
oʻqituvchisiga qoʻl koʻtargan bolasini oqlash uchun BOʻSHLIQ demaganligini bahona qilib keltiradi.
Savol: BOʻSHLIQni toʻrt soʻzda yozib bering.
Javob:Eti sizniki, suyagi bizniki.
Izoh: Najafbek Vazirov tomonidan eski oʻqitish usullari tanqid qilingan komedik asar nomi "Eti sizniki,
suyagi bizniki". Qozoq asarida oʻqituvchining kaltaklashiga chiday olmay oʻqituvchisiga javob qaytargan
oʻgʻlini oqlash uchun ayol "sizga oʻgʻlimni darsga berishdan oldin eti sizniki suyagi bizniki demaganman"
deb aytadi.
32-savol:
Buddizm tushunchalarida kelajakda Budda Maitreya nomi bilan qayta tugʻilishiga ishoniladi. Hayotining
soʻnggida esa olov ichida yoʻqolib, oliy Nirvanaga erishishi aytiladi. Ayrim manbalarda BU INSON buddizm
tushunchalarini oʻzlashtirgani taxmin qilinadi. Shuningdek, BU INSONning harakatlaridan Muso al-Mubarqa
ilhomlangan boʻlishi mumkin.
Savol: BU INSON kim?
Javob:Muqanna.
Izoh: Muqanna odamlarni oʻzining diniy qarashlariga ishontirishga harakat qilgani va olov ichiga oʻzini
tashlab halok boʻlgani yuqoridagi qarashlar shakllanishiga turtki boʻlgan. Toʻqqizinchi imom hisoblanuvchi
Muso ibn Muhammad al-Mubarqa yuziga niqob – burqa yopib yurgani sabab shunday nom olgan.
Zachot: Hoshim ibn Hakim.
33-savol:
Goʻdaklik vaqtidanoq model sifatida tanilgan Iden Vud oʻz onasi tomonidan tanlovlar, fotosessiyalar va
shoularga tayyorlangan. Bunday tadbirlar tigʻiz kun tartibini keltirib chiqargani sabab ona qizini ULAR bilan
“qanoatlantira” boshlaydi. Mashhur Ulardan biri dastlab ishchi sinf odamlari uchun tayyorlangan.
Savol: Ularni ikki soʻzda yozib bering.
Javob:Energetik ichimliklar.
Izoh: Bunday tigʻiz vaqt qizaloqqa yetarlicha dam olish imkonini ham bermagan, shu sababli ona qizini
“quvvatlantirish” maqsadida ham energetik ichimliklarga oʻrgata boshlaydi. Red Bull oʻz mahsulotlarini
dastlab yuk mashinasi haydovchilari va zavod ishchilari uchun ishlab chiqara boshlagan. Savoldagi
“qanoatlantiradi” so‘zi sizga “qanotlantiradi” tarzida eshitilgan bo‘lsa, javobga yanada tezroq borishingiz
mumkin bo‘lardi. Axir, Red Bull “qanotlantiradi”:)

34-savol:

tarqatma

Davom etamiz.
Iden Vudning bolalikdagi modellik faoliyatining ortida onasining xohish-istaklari yotar edi. Hatto, turli
hollarda ona qiziga ruhiy va jismoniy jazolar qoʻllagan. Modelning agenti boʻlgan Rayan Xizer ushbu
dahshatli voqealar haqida “Uni fosh etish” asarini yozgan.
Savol: U o‘rnidagi neologizmni yozib bering.
Javob:Momster.
Izoh: Yosh qizaloq onasining majburlashi sabab ham bu ishlarni qilgan, Rayan Xizer bunga oʻzi guvoh
boʻlganini taʼkidlaydi. Asarga nom berishda inglizcha ona – mom, va maxluq – monster soʻzlaridan oʻziga
xos foydalanadi. Shuningdek, savol avvalidagi “davom etamiz” jumlasi sizni boshqa bir mashhur energetik
ichimlik bo‘lgan Monsterga olib borishi mumkin edi.
Zachot: Aniq javob.
35-savol:
Savol matnida IKS va IGREK so‘zlari bittadan so‘zni almashtirib keladi.
“Chodirxayol” — yuqoridan iplar bilan boshqariluvchi qoʻgʻirchoqlar teatri, “Chodirjamol” teatrida esa
qoʻlga kiyib oʻynatiluvchi qoʻgʻirchoqlar ishlatiladi. Ushbu teatrlar oʻtkazilishidagi bir jihat tufayli
sanʼatshunos Muhsin Qodirov “Chodirxayolni - IKS, Chodirjamolni - IGREK” deb ataydi.
Savol: 20-asr birinchi yarmida yozilgan, nomida ham IKS ham IGREK mavjud bo‘lgan asar muallifini yozib
bering.
Javob:Abdulhamid Cho‘lpon.
Izoh: “Chodirjamol” qo‘lga kiyiladigan qo‘g‘irchoqlar bilan kunduzi ko‘rsatiladigan teatr hisoblanadi,
“jamol” yorug‘lik va real hayotni anglatadi. “Chodirxayol” esa qo‘g‘irchoqlarni jonli ko‘rsatish va iplar
ko‘rinmasligi uchun asosan kechasi uyushtirilgan. Shu bois san’atshunos “Kecha chodirxayoldir, kunduz
chodirjamol” deya o‘xshatish qiladi. Cho‘lponning “Kecha va kunduz” romani 20-asr birinchi yarmida
yaratilgan.
36-savol:

Sevara Tursunovaning aytishicha, jurnalist berilayotgan axborotni salbiy yoki ijobiy deya talqin qilishni oʻzi
hal qiladi. Sevara Tursunova bu gaplarni ayta turib Uni eslab oʻtadi.
Savol: Uni uch soʻzda yozib bering.
Javob:Yarmi toʻla stakan.
Izoh: Sevara Tursunovaning aytishicha bu stakannining yarmi toʻla yoki yarmi boʻsh deyishga oʻxshaydi.
Zachot: Yarmi boʻsh stakan.

@Zakovat_Savollarii