O‘YNAMAGANNI HAM O‘YNATA OLADIGAN “ANDIJON POLKASI”
Og'zaki xalq ijodiyoti, qo'shiq va raqs an'analarini o'zida mujassam etgan O'zbekiston raqs san'ati boy tarixga ega. Mana shu tarix davomida turli xil raqs uslublari paydo bo'lgan. Raqs - bu odamlarning muloqot qilish usullaridan biri va odamlarning o'z his-tuyg'ularini ko'rsatishning juda muhim usulidir.
Jumladan, “Andijon polkasi” Oʻzbekistondagi mashhur raqs boʻlib, taniqli bastakor Orif Toshmatov musiqasi ostida raqsga tushadigan bu kuy o‘zining temperamenti, mahorati, ishtiyoqi bilan alohida ajralib turadi.
Andijon polkasi — oʻzbek xalq cholgʻu kuyi va aynan shu nomdagi raqs. 20-yillardan boshlab andijonlik sozanda va aktyor Orif Toshmatov talqinida ommaviylashgan. Andijon polkasi 2/4 (yoki 4/4) musiqa oʻlchovi, odatda sof major tonalligi, shoʻx siyrati bilan alohida ahamiyatga ega. U bir tomondan oʻzbek mumtoz kuylari (masalan, “Navo charxi”)ga, ikkinchi tomondan esa boshqa xalqlar (jumladan, rus) folklori namunalariga ohangdosh. Andijon polkasi surnay, qoʻshnay, shuningdek, garmon tovushqatoriga xos diatonik tuzilmalari, odat tusidagi kuy yoʻnalishlarini oʻzida uygʻunlashtirgan. Andijonda 1957-yilda “Andijon polkasi” xalq raqs ansambli tashkil etilgan.
Yangraganida 7 yoshdan 70 yoshgacha qalblarni toʻlqinlantirib yuboradigan, tanaga joʻshqinlik, ruhga koʻtarinkilik beradigan kuylardan biri – “Andijon polkasi” yaralganiga qariyb 90 yildan oshdi. Bu betakror kuyni ramziy maʼnoda “Andijonning madhiyasi” deyish mumkin. “Andijon polkasi” raqsining yigitlar variantini haqiqiy andijoncha yoʻlda yaratgan, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Abdugʻaffor Qodirov, folklorshunos sanʼatkor Moʻminjon Abduvaliyevlarning aytishicha, oʻsha paytlarda hozirgi Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bogʻidagi raqs maydonida koʻp sanʼatkorlar, sozandalar muntazam yigʻilib turar ekan. Andijonlik yigitlar bu yerga kelib, raqs tushishar, qoʻshiq bazmlari ham boʻlarkan. Ularning oyoq tashlashlarini koʻp bor maroq bilan kuzatgan Orif garmon shular uchun bir musiqa yaratay, deb “Andijon polkasi”ni kashf qilgan.
Polkaning doira ritmini eslang-a, shaxdam qadam tovushlariga oʻxshaydi. Ha, andijonlik yigitlarning oyoqni yerdan uzmay qadam tashlashi ularning raqsdagi yoʻli, yaʼni oʻziga xos bir usulning paydo boʻlishiga turtki boʻlgan.
— 1972-yilda “Andijon polkasi” ansambli tuzilgan. 1984-yili Ispaniyaga gastrolga borganmiz, — deydi Andijon tumani madaniyat boʻlimi madaniyat markazi badiiy rahbari Abdulaziz Yusupov. “5-6 ming atrofida tomoshabin bor. Musiqa chalinib, sahnaga chiqqanimizdan boshlab, ohangga moslab gulduros qarsak chalina boshladi. 12 nafar yigit berilib oʻynayapmiz. Raqs rosa avjiga kelganida Rahimjon, Nosirjon degan yigitlarimiz maromidan ham oshirib yuborishdi. Tomoshabinlar oʻrinlaridan turib olqishlay boshladi. Raqs tugagach, rejissyor nimadir dediyu, tarjimon “yana takror tushasizlar”, deb bizni sahnaga qaytardi. Shundan keyin ham odamlar qoʻyib yuborgisi kelmagan. Ammo iloj yoʻq edi. Vaqt belgilangan. Bizdan soʻng argentinaliklar sahnaga chiqishi kerak. 24 ta davlatning folklor ansambllari kelishgan. Polkamizning kuchini, sirini boshqa millatlarga ham kuchli taʼsirini oʻshanda chuqur his qilganmiz”.
Shu oʻrinda “Andijon polkasi”ni “Bahor” raqs ansamblining goʻzal raqqosalari ham 80dan ziyod davlatga tanitgani, raqs oʻsha davlatlarning barchasida yuksak eʼtirof etilganini aytish joiz.
Sevimli kuy oʻziga xos shiddati, professionalligi bilan dunyo xalqlari eʼtiborini torta olgan. Hozirda “Andijon polkasi”ning koʻplab koʻrinishlari bor. Bu usulda qoʻshiqlar ham kuylandi. Ammo musiqaning ilk namunasi hech qachon oʻz ahamiyati, betakrorligini yoʻqotmaydi.
Zero, “Andijon polkasi”ga birinchi marta yakkaxon raqs tushib, uni butun yurtimizga namoyon qilgan Tolibjon Qodirov doimo raqqoslikda “manaman” degan chapani yigitlarni dogʻda qoldirar edi.
Bugun Andijondagi barcha madaniyat markazlarida “Andijon polkasi” jamoalari faoliyat yurityapti. Fidoyi, tajribali ustoz Abdugʻaffor Qodirovning oʻgʻillari Abduqahhor, Abduvohid, Abdulhakim, Mirzobeklarning ota izidan borganlari ham yosh avlodning iqboli. Zero, andijonchasiga aytganda, ular polkaga oʻynashni “eshib” qoʻyadilar.
Bundan tashqari, Rahimjon, Nosirjon, Shoyatbek, Shavkatbek kabi chapani yigitlarni ham shoʻx musiqaning asl egalari, deyish mumkin.
Andijon viloyati Turizm va sport bosh boshqarmasi Axborot xizmati