O'sh shahriga Andijon viloyati hokimligi tomonidan 10 ming dona Pavloniya daraxti ko'chatlari beg'araz yetkazib berildi
Bir necha muddat ilgari, O'sh shahri hokimligining viloyatimizga tashrifi chog'ida, delegatsiya a'zolari shaharda amalga oshirilayotgan "Yashil makon" loyihasi doirasidagi ishlarni yuqori baholab, O'sh shahrida ham ushbu loyihani qo'llash taklifini bildirgan edilar.
Shunga binoan, bugun, 21-fevral kuni O'sh shahar hokimligi murojaatiga binoan, Andijon viloyati hokimligining bir guruh mutasaddilari O'sh shahriga tashrif buyurdi. Undan ko'zlangan asosiy maqsad, yaqin qo'shnichilik aloqalarini mustahkamlash, har tomonlama hamkorlikni kuchaytirish orqali tizimli ishlarni amalga oshirishdan iborat.
Qolaversa, ushbu hamkorlikning namunasi o'laroq, O'sh shahriga Andijon viloyati hokimligi tomonidan 10 ming dona Pavloniya daraxti ko'chatlari beg'araz yetkazib berildi.
Tashrif chog'ida, viloyat hokimi o'rinbosari A.Maksumov boshchiligidagi mutasaddilar tomonidan shaharning markaziy ko'chalaridan biriga dastlabki Pavloniya daraxti ko'chatlari "Abadiy do'stlik" ramzi sifatida o'tqazildi.
Tashrif yakunida esa, O'sh shahar hokimligi rahbariyati O'zbekiston Respublikasiga o'zining samimiy minnatdorchiligini izhor etdilar.