ANDIJON FARZANDI ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR TAVALLUDIGA 539 YIL TO'LDI
Moziyga nazar tashlar ekanmiz, bilimi, qalami, salohiyati bilan dunyolarni lol qoldirgan ulug' ajdodlarimiz siymolari ko'z o'ngimizda namoyon bo'ladi. Ularni har qancha e'zozlasak, ardoqlasak oz.
Bugun ana shunday ulug' ajdodlarimizdan biri bo'lgan shoh va shoirlik jihatini bir ko'ngilga sig'dira olgan bobokalonimiz Bobur tavalludiga roppa-rosa 539 yil to'ldi.
Aytish joiz, Bobur o'zbek deb atalgan millatning dardi, armonidir. Shuning uchun ham dardimizki, u G'arbda Chig'atoy davri - "Oltin asr" deb nomlangan XV asr madaniyatining so'ngi vakili, Temuriylar saltanatining so'ngi hukmdori bo'ldi. Uning avlodlari hind diyorida 300 yildan ortiqroq hukmronlik qildilar.
Bobur didi va zavqi baland shoir edi. U go'zal g'azallar yozdi, ruboiyning tengsiz namunalarni yaratdi. Ko'rgan-kechirgan voqealari to'g'risida "Boburnoma" asarini yozib qoldirdi. Uning qalbi musiqaga oshno edi. Bobur sozni go'zal chalgan, musiqa haqida ilmiy kitob yozgan shohlardan edi.
Boburning Andijon dilbandi ekani bizga yanada g'urur-iftixor tuyg'ularini bag'ishlaydi. Tavalludi munosabati bilan bugun viloyatimizda katta tantana, shodiyonalar tashkil etildi.
Darhaqiqat, Bobur jahoniy siymo. Andijon viloyatida Z.M.Bobur nomi bilan atalgan quyidagi maskanlar mavjud:
* Universitet
* Bobur maydoni
* Bobur xalqaro fondi
* Bog'ishamol bog'i
* Muzey
* Xo'jaobod tumanidagi hiyobon
* Mahalla va ko'chalar
Bundan tashqari, andijonlik boburshunos olim, tarixchi Zokirjon Mashrabov o'zining Bobur nomidagi xalqaro fondini yaratib, turli mamlakatlardan Boburiylar davriga oid tarixiy manbalar, qo'lyozmalar, nodir ma'lumotlarni olib kelib, ularni muzeyda jamlagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-sentyabrdagi 1001-F-sonli Farmoyishiga binoan, “Bobur ziyoratgohi” barpo qilindi. Jumladan, bogʻning markaziy hiyoboniga muhtasham masjid va muzey binosi yangitdan qurilib, mavjud muzey binosi maqbara koʻrinishida qayta taʼmirlandi.
Bobur nomli xalqaro jamoat fondi qoshidagi “Bobur va jahon madaniyati” deb nomlangan muzey Zahiriddin Muhammad Bobur buyuk davlat arbobi, mohir sarkarda, zabardast shoir, alloma va meʼmor, qomusiy olim, temuriy hukmdorlarining eng qudratlisi ekanligidan dalolat beruvchi maskandir. Muzey ekspozitsiya zallarida Bobur nomli xalqaro jamoat fondi qoshidagi Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiyasining Bobur izidan uyushtirgan ilmiy tadqiqot safarlari jarayonida toʻplangan ashyo va kolleksiyalar namoyish etiladi. Bu madaniyat koshonasi Sizga Andijon farzandi, Hindiston shahanshohi, XVI asr ilk qomusi “Boburnoma” ijodkori, sohir shoir Zahiriddin Muhammad Bobur shaxsi, ulugʻvor zafarli yurishlari, asarlari ilmiy va badiiy kashfiyotlari, namunali hayoti haqida koʻrgazmali maʼlumotlar beradi.
Bobur nomli xalqaro jamoat fondi oʻz-oʻzini boshqaruvchi nodavlat notijorat jamoat tashkiloti hisoblanadi. Tashabbuskor guruh faollari qurultoyining 1-sonli qarori bilan 1992-yilda Andijon shahrida taʼsis etilgan. Fondni tashkil etish tashabbuskori va raisi - Zokirjon Mashrabov.
Bobur nomli xalqaro jamoat fondi zaminimizdan yetishib chiqqan buyuk ajdodlarimiz Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Kamoliddin Behzod, Abu Nasr Farobiy, Boborahim Mashrab, Xusrav Dehlaviy, Mavlono Lutfiy, Gulbadan Begim, Zebuniso Begim va boshqa oʻz hayoti va ijodi bilan sharq xalqlari madaniyatini boyitgan allomalar, shoir va mutafakkirlarning boy ilmiy-adabiy merosini oʻrganish, moddiy va maʼnaviy yodgorliklarni izlab topish, qoʻlyozmalar va ularning nusxalarini xorijdan vatanimizga olib kelib ilmiy isteʼmolga kiritish, Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida dafn etilgan buyuk ajdodlarimizning qabr-maqbaralarini aniqlash va obodonlashtirish, xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik va ilmiy madaniy aloqalarni rivojlantirish maqsadida faoliyat olib boradi.
Andijon viloyati Turizm va sport bosh boshqarmasi axborot xizmati