Ahmadbekhoji mehmonxonasi
Ahmadbekhoji mehmonxonasi Alisher Navoiy nomidagi Andijon shahar madaniyat va istirohat bog‘ining sharqiy tomonida joylashgan ushbu me’moriy obida 1905–1907-yillarda andijonlik yirik boy, paxta zavodi egasi Ahmadbekhoji Temurbek o‘g‘li buyurtmasi bilan mehmonxona va ish yuritish joyi sifatida bunyod etilgan.
Qurilishda O‘zbekiston xalq me’mori, Respublika Fanlar akademiyasining faxriy a’zosi Yusufali Musayev (1869–1947), usta Toshxon, usta Yahyo va ularning shogirdlari ishtirok etishgan.
Me’moriy yodgorlik O‘zbekiston xalq rassomi, usta Saidmahmud Norqo‘ziyev tomonidan xalq amaliy bezagi san’atining sir naqqoshlik va ganch o‘ymakorligi turlari bilan bezatilgan.
Mehmonxonaning pishiq g‘ishtdan hashamdor qilib urilgan bir dahliz va katta zaldan iborat mehrob va tokchali xonasi o‘sha davrga xos eklektika uslubida ganchkorlik san’ati bilan bezatilgan.
Mehrobsimon deraza atrofidagi bezaklar va xonalar shiftidagi naqshlar XIX asr oxiri Yevropa me’morchiligi ruhiyatida, ichki devorlaridagi boshqa o‘simliksimon ganch o‘ymakorligi bezaklari milliy naqqoshlik ruhiyatida bajarilgan.