January 19, 2022

ANDIJONDA YANA BIR ZAMONAVIY MEHMONXONA ISHGA TUSHDI

Andijon shahrining markazida, viloyat xalqaro aeroportidan 3 km masofada yana bir yangi, zamonaviy va barcha qulayliklarga ega bo‘lgan bejirim mehmonxona bugundan rasman o'z ish faoliyatini boshladi.

Aytish joizki, "Chinor hotel”ni foydalanishga topshirish marosimida viloyat Turizm va sport bosh boshqarmasi mutasaddilari, tadbirkorlik subyektlari, keksa nuroniylar, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar.

Mazkur 3 yulduzli, 4 qavatdan iborat “Chinor hotel” mehmonxonasi viloyat markazining Chinobod ko‘chasi, 1-uyda joylashgan bo'lib, xususiy tadbirkor tomonidan barpo etildi.
Milliy va zamonaviy interyerni o'zida jamlagan ushbu inshoot yevropa standartlariga mos ravishda jihozlangan va bir vaqtning o‘zida 80 nafar mijozga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.

Jumladan, mehmonxonada 66 ta: 2 ta lyuks, 12 ta yarim lyuks, 35 ta standart, 16 ta ikki kishiga mo'ljallangan standart, 1 ta imkoniyati cheklangan mehmonlar uchun maxsus xonalar mavjud.

Eng muhimi, "Chinor hotel" O'zbekiston, nainki viloyatda birinchilardan bo'lib, isitish tizimi va issiq suv ta'minoti quyosh isitish tizimi bilan to'liq jihozlangan va ekologik jihatdan juda qulaydir.

Mehmonxona televizor, aloqa vositalari hamda tezkor internet, Wi-Fi tizimi bilan jihozlangan. Shuningdek, bunda 1 ta restoran, 80 o'rinli muzokaralar zali, xususan, zalda IT mutaxassisi yordami va katta yopiq suzish havzasi ham mavjud.

Ayni paytda maskanda 25 nafar ishchilar, asosan, yoshlar ish bilan ta’minlandi.

- Ushbu mehmonxonada Andijonga tashrif buyuradigan nufuzli mehmonlar, qolaversa, vazirlik va idoralarning xizmat safari bilan keladigan vakillari uchun kerakli bo'lgan barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Bundan tashqari, ushbu maskan viloyatga tashrif buyuruvchi ko‘p sonli xorijiy mehmonlarga ham yuqori darajada xizmat ko‘rsatishni maqsad qilgan - deydi, viloyat Turizm va sport bosh boshqarmasi tadbirkorlar bilan ishlash va ziyorat turizmini rivojlantirish sho'ba boshlig'i Mahmudjon Raxmanov.

Andijon viloyati Turizm va sport bosh boshqarmasi axborot xizmati

https://t.me/andijon_turizm_sporti