August 15, 2023

Talabalarni yotoqxona bilan ta’minlash yoki kvartira xarajatlarini qoplab berish: 

MUHIM 10 SAVOLga 10 JAVOB

Kimlar yotoqxonaga joylashishda ustunlik huquqiga ega? Yotoqxona pulidan kimlar ozod qilinishi mumkin? Yotoqxonaga joylasha olmagan talabalarning kvatira xarajatlarini qoplab berish tartibi qanday? Quyidagi maqolada shu va boshqa savollarga javob berilgan.

1. Yotoqxona kimlarga beriladi?

Boshqa hududdan kelib o‘qiyotgan va o‘qish joyida o‘zining yoki ota-onasining uyi bo‘lmagan talabalar yotoqxona bilan ta’minlanadi.

2. Yotoqxonaga joylashishda kimlarga ustunlik beriladi?

Yotoqxonaga talab va ehtiyoj yuqori bo‘lganida talabalar quyidagi mezonlar asosida ketma-ket joylashtiriladi:
– chin etim talabalar;
– “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari;
– nogironligi bo‘lgan talabalar;
– ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar (shuningdek, turli ijtimoiy daftarga kiritilgan oilalarning farzandlari, 2 yoki undan ko‘p kontraktda o‘qiyotgan oilalarning farzandlari);
– chet-ellik talabalar;
– 1-2 kurs talabalari;
– talaba qizlar;
– yoshlar ittifoqining faollari;
– xalqaro miqyosdagi fan olimpiadalari g‘oliblari;
– yotoqxonada talabalar kengashi raisi, qavat sardori va boshqa jihatlari bilan doimiy faollik ko‘rsatgan talabalar.

3. Yotoqxona to‘lovida kimlarga imtiyoz berilishi mumkin?

Yotoqxona to‘lovi bo‘yicha imtiyozni OTM Kengashi belgilaydi va bu imtiyoz quyidagilarga berilishi mumkin:
– ko‘z kasalliklari bo‘yicha 1-2-guruh nogironlari, chin etimlar (ota-onasining har ikkisi vafot etganlar) va etimlar (ota-onalaridan biri vafot etganlar), Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar – yotoqxona to‘lovlaridan butunlay ozod etish tarzida;
– umumiy kasalliklar bo‘yicha 2-guruh nogironlari, vazifasini namunali bajarayotgan talabalar Kengashi raisi, qavat sardori hamda yotoqxona kutubxonasi uchun mas’ul talabalar – umumiy to‘lovdan 50 foiz chegirma tarzida.
!!!Imtiyozni OTM Kengashi belgilaydi

4. Ijara to‘lovining bir qismi barcha talabalarga qoplab beriladimi?

Yo‘q, yotoqxona bilan ta’minlanmagan va ijarada turgan talabalarning 60 foiziniki qoplab beriladi. Bunda ijara to‘lovi qoplab beriladigan talabalar ijtimoiy mezonlar asosida aniqlanadi (mezonlar quyida keltiriladi).

Ijaraning qoplab beriladigan qismi Toshkent shahrida – BHMning 1 baravari (330 ming so‘m), qolgan hududlarda – BHMning yarim baravarini (165 ming so‘m) tashkil qiladi.
Ijara shartnomasi soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lishi lozim (ijara shartnomasi bilan bog‘liq tartiblar bu erda).

5. Bitta kvartirada bir nechta talaba tursa, qaysi talaba uchun ijara to‘lovi beriladi?

Bitta uyda 2 va undan ko‘p talaba ijarada birga yashaganda ularning barchasi ijara shartnomasida qayd etilishi kerak.
Bunda ijara uchun to‘lov uyda ijarada turgan barcha talabalar o‘rtasida teng bo‘linadi hamda ijara to‘lovining bir qismini qoplab berish har bir talabaga to‘g‘ri keladigan ijara summasidan kelib chiqib amalga oshiriladi.
Masalan, bitta kvartirada 4 ta talaba birgalikda yashaydi va ijara to‘lovi 4 mln so‘m deb belgilangan. Bunda 4 mln so‘m 4 ta talaba o‘rtasida teng taqsimlanadi ya’ni har biriga 1 mln so‘mdan to‘g‘ri keladi, ularning har biriga 330 ming so‘mdan kompensatsi beriladi.

6. “Grant”da o‘qiydiganlarga ham ijara uchun to‘lov qoplab beriladimi?

Ijara uchun to‘lov faqat kunduzgi ta’limda, “byudjet” yoki kontraktda o‘qishidan qat’i nazar asosida tahsil olishidan qat’i nazar, ijarada yashayotgan talabalarga beriladi.

7. Kimga murojaat qilish kerak?

Ijara uchun to‘lovni olish uchun talabalar fakulьtetning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari yoki talabalarni turar joy bilan ta’minlash bo‘limiga ikki nusxada anketa-ariza bilan murojaat qiladi.
Ijara to‘lovi o‘quv yili davomida, ya’ni har yili 1 sentyabrdan 1 iyulgacha qoplab beriladi.

8. Kimlarga birinchi navbatda ustunlik beriladi?

Arizaga quyidagilarni tasdiqlovchi ma’lumot ilova qilinishi lozim va ijara to‘lovini to‘lash shu mezonlar asosida aniqlanadi:

- kam ta’minlangan oilalarning farzandlari bo‘lganligi;
- boquvchisini yo‘qotgan ko‘p bolali oilalar farzandlari bo‘lganligi;
- I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;
- to‘liq davlat ta’minotidagi etim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lganlar;
- vasiylik yoki homiylik belgilangan va oilaga tarbiyaga (patronat) olingan bolalar;
- «Temir daftar”ga kiritilgan oila farzandi bo‘lganlar;
- onasi „Ayollar daftari”ga kiritilgan oila farzandi bo‘lganlar;
- I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning farzandlari;
- oila a’zolari „Mehnat-migratsiya“ dasturida ro‘yxatdan o‘tganligi hamda xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotganligi;
- ota-onasi ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lganligi;
- OTMda ikki va undan ortiq farzandi kontraktda o‘qiyotgan oilalar farzandi bo‘lganlar;
- OTMda o‘rnak ko‘rsatganligi va faol bo‘lganligi (fan olimpiadalari va sport musobaqalari, ko‘rik tanlovlar g‘oliblari, ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan, ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbirlarida faol qatnashganligi, jamoatchilik asosida targ‘ibot guruhlaridagi volontyorlik faoliyati).

9. Arizani ko‘rib chiqish tartibi qanday?

Ariza berilganidan so‘ng bir haftada talabaning yuqoridagi ijtimoiy mezonlarga muvofiqligi o‘rganiladi.

Shundan so‘ng, hujjatlar ijarani qoplab berish bo‘yicha maxsus komissiyaga beriladi (komissiyaning namunaviy tarkibi bu erda).

Komissiya hujjatlarni o‘rganib chiqib 1 kunda qaror qabul qiladi.

Zarurat bo‘lganda, ma’lumotlarga aniqlik kiritish uchun talabalar Komissiya yig‘ilishiga suhbat uchun chaqirilishi mumkin.

Komissiya tomonidan ijara to‘lovini qoplab berish yoki rad etish to‘g‘risida qaror chiqariladi va mazkur qaror asosida rektor buyrug‘i qabul qilinib ijara to‘lovi qoplab beriladi.

10. Ariza qaysi holatlarda rad etiladi?

Ariza rad etilganda u asoslantirilgan bo‘lishi lozim.

Quyidagi holatlarda ariza rad etilishi mumkin:

- yuqorida sanab o‘tilgan ijtimoiy toifalarga oid ma’lumot yoki hujjat to‘liq taqdim etilmaganda;
- taqdim etilgan ma’lumotlar mezonlarga mos kelmaganda;
- talaba ijara shartnomasida ko‘rsatilgan manzilda yashamaganda, ijarada yashayotgan - uy talabaning ota-onasiga tegishli bo‘lganda, ijara shartnomasi tegishli tartibda -rasmiylashtirilmaganda;
- hujjatlarda noto‘g‘ri yoki soxta ma’lumotlar mavjud bo‘lganda;
- ariza uni qabul qilishning oxirgi muddatitugagandan keyin berilganda.

“Adolat” milliy huquqiy axborot markazining axborot-tahliliy sayti


Facebook | Instagram | Telegram | You Tube