December 1, 2024

Jangga kirmay turib mag'lubiyatni tan olmang.

Idishdan chiqaman deb sakrayvergan, atrofdagilarni gapini qulog'i eshitmasligi sababli tinglamasdan, boshqa baqalar imkonsiz deb o'ylagan idishdan sakrab chiqib ketgan baqa haqidagi masalni ko'pchiligimiz o'qiganmiz. U shunchaki atrofdagi bu qiyin yo imkonsiz degan gaplarni eshitmasdan urinavergandi.

Dasturlashni o'rganishni boshlaganimda bu kasb qiyinligi haqida hozirgidan ko'ra kamroq eshitardim, ruhiyatimga ta'sir qilmagan, bir nima qilib o'rganib oldim va hozir shu sohada ishlayman. Jonas Schmedtmannning JavaScript kursi 60 soatdan ortiq edi, ko'p deb o'ylamay o'shani tugatganman o'rganish davomida. Sababi esa - shunchaki qiyin deb birov aytmagandi, qilish kerak ekan deb qilganman. Oson bo'lgan demoqchi emasman, shunchaki qiyin deb o'ylamaganman.

Hozir bu sohani o'rganish payida yurgan odamga eng birinchi uqtiriladigan narsa bu - bu kasbning qiyinligi. Hali o'rganmasidan qiyinligi haqida aytilaveradi, o'quvchi esa yarmiga bormasdan o'qishni tashlab qo'yishi mumkin, manga shuncha boshog'riq kerakmi deb.

Kitobni hali o'qib ko'rmasimizdan uning qalin ko'rinishini ko'riboq taslim bo'lib qo'yamiz, bu kitobni o'qiy olmayman deb. Hali dasturlashni o'rganmasdan oldin bu kasbni o'rganish qiyin deb yengilamiz. Hali sog'lom turmushni boshlamay turib uni qiyinligini eshitib sekin eski hayot tarzimizga qaytib olamiz.

Hali yo'lga chiqmasdan turib yengilish yaramaydi. Bizning potensialimiz har doim biz qilayotganimizdan ko'ra ko'proq, har doim yaxshilanishga, yaxshiroq qilishga imkon bor. Ko'z qo'rqoq, qo'l botir.

Umuman aqlga sig'maydigan ishga umrni sarflash kerak demoqchi emasman. Shunchaki astoydil bo'lsak qo'limizdan keladigan ishlarni yaxshilab, chalg'imasdan, qiyin deb o'ylamasdan qilishimiz kerak demoqchiman.

t.me/aIfarghani