October 22, 2024

Maslahat berish haqida.

Har birimizdan hech bo'lmasa qaysidir bir yo'nalishda yaxshi bo'lish uchun maslahat so'rashgan.

Futbolni yaxshiroq o'ynasak qanday qilib yaxshi futbol o'ynash, biz egallab turgan biror-bir kasb o'rganish, til yoki matematika o'rganishda eng oson va effektiv yo'llar haqida. Yoki birov maslahat so'ramagan bo'lsa ham, o'zimiz kimgadir bir narsalarni uqtirganmiz, xatosini to'g'rilashni, bir ishda yaxshiroq bo'lishni o'rgatishga uringanmiz.

Agar mandan kimdir biror narsada maslahat so'rashini tasvirlaydigan bo'lsam - shu ishni bajarishda o'zim bilgan eng ideal narsalarni aytaman. O'rganishda bo'lsa chalg'imay o'rganish, o'rganganlarini tezda amaliyotda sinab ko'rish, bir emas bir nechta manbaalardan o'rganish, eng yaxshi, eng zo'r yo'lini aytishga harakat qilaman o'zim bilganimcha. Yoki birovni xatosini u so'ramasa ham to'g'rilash hayolimdan o'tsa boshqalardan eng ideal hatti-harakatlarni bajarishni kutaman.

O'ylab qoldim, nega shuni o'zimdan so'ramayman/kutmayman? Ahir odamni tabiati har doim o'zini eng birinchi o'ringa qo'yadi, o'zimga bo'lsin deydi, eng zo'ri bo'lay deydi, o'ziga eng zo'r narsalarni ravo ko'radi. Moddiy narsalar eng afzalini tanlaymiz, ammo bir ishni bajarishga kelganda nega har doim shunday (eng zo'r ishni) qilmaymiz?

Tasavvur qilishga urinib ko'raman, agar har bir ishimizni rejalashda va uni amalga oshirayotganda hammamiz boshqalarga maslahat berayotgandek o'zimiz ham shunday qunt qilganimizda dunyo qanday ko'rinishda bo'lardi? O'rganishda, ishlashda eng zo'r narsalarni izlanib, ularni har bir detallargacha amalda qo'llasak qanday yashayotgan bo'lardik?

Ko'ryapsizmi, inson tabiati shunday, man ideallikka yaqin ish bajarishni o'zimdan talab qilish o'rniga yana boshqalardan kutyapman. Agar 8 milliard odam shunday qilsa deb hayollarim boshqalarni aybdor qilyapti, agar o'zim qilganimda qanday bo'lardi deb emas, chunki postning shu qismi postni yozish davomida fikrga keldi, tartiblanganida ehtimol bu qismini, ya'ni haqiqiy miyamdagi fikrni yozmagan bo'larmidim.

Yana bir chellenj deymizmi, odat deymizmi, amalga oshirishga urinadigan rejam - o'zim boshqalar biror mavzuda maslahat so'raganida nimani aytadigan bo'lsam, ana o'shanday qilishga harakat qilaman. Har bir ishda, u xoh til o'rganish, xoh ishlash, xoh sport bo'lsin. Natijasini esa albatta o'z telegram kanalimda bo'lishaman, Xudo xohlasa.