April 13, 2025

TA’LIM SOHASIDAGI ISLOHOTLARNI HAYOTGA TATBIQ ETISH – USTUVOR VAZIFA

Biz har birimiz hayotda qanday muvaffaqiyat va natijalarga erishgan bo‘lsak, bu yutuqlarda sizlarning beqiyos hissangiz borligini doimo minnatdorlik bilan e’tirof etamiz. Shu bois, mana shunday quvonchli kunda barcha shogirdlaringiz, butun xalqimiz nomidan sizlarga yuksak hurmat-ehtiromimiz, ezgu tilaklarimizni bildirib, chin dildan ta’zim qilamiz.

Ulug‘ shoirimiz mavlono Furqat ilm-ma’rifatni ko‘ngillarning sururi, ko‘rar ko‘zlarning nuri, deb ta’riflaganini hammamiz yaxshi bilamiz.

Darhaqiqat, millionlab farzandlarimiz qalbiga ilm-fan ziyosini singdirib, ularni el-yurtga munosib insonlar etib tarbiyalayotgan zahmatkash va olijanob ustozlarimizga har qancha tahsinlar aytsak, arziydi.

Shavkat MIRZIYOEV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Keyingi yilarda mamlakatimizda ta’lim tizimining tubdan isloh etilishi farzandlarimizning har jihatdan komil inson bo‘lib voyaga yetishmog‘iga, ular o‘z bilim va iqtidori bilan dunyoni zabt etishiga sabab bo‘lmoqdalar. Ayniqsa, bugungi kunda nafaqat markaziy hududlarda balki eng chekka qishloqlarda ham o‘quvchilarning bilim olishlari uchun barcha shart-sharoitlarga ega bo‘lgan zamonaviy ko‘rinishdagi ta’lim muassasalarining qad rostlashi har qanday kishining qalbida iftixor tuyg‘ularini uyg‘otishi tabiiy. Bugun ta’lim muassasalari berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, ulug‘vor ishlarga bosh-qosh bo‘lmoqda.

Joriy yilning 12-aprel kuni Qashqadaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan Shahrisabz shaharidagi madaniyat saroyida “Ta’lim sohasidagi islohotlarni hayotga tatbiq etish – ustuvor vazifa” mavzusida o‘quv-seminar tashkil etildi.

Seminarda Shahrisabz shahridagi ta’lim muassasalarining rahbarlari hamda Yakkabog‘, Qamashi, G‘uzor va Shahrisabz tumanlaridagi tayanch maktablarning rahbarlari ishtirok etdilar.

Seminar ishtirokchilariga Qashqadaryo viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Panjiyev Maqsud Aliqulovich, Yakkabog‘ tumani 28-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Mirzayev Muhiddin Jo‘raqobilovich va Qarshi shahar 42-umumiy o‘rta ta’lim maktabining o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Yuldashev Faxriddin Batirovichlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi “Maktabgacha va maktab ta’limi sohasida boshqaruv tizimi samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 51-sonli, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 61-sonli farmonlari, O‘zbekiston Respublikasi 2024-yil 1-fevraldagi “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi 901-sonli qonuni va bir qator keyingi yillarda qabul qilingan ta’lim tizimiga oid O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining buyruqlari va barcha meyoriy hujjatlarning mazmun-mohiyati yoritib berildi va ijrosini ta’minlash bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Bugungi kunda ta’lim-tarbiya jarayonidagi o‘zgarishlar, mamlakatimiz rahbari tomonidan ta’lim-tarbiyaga qaratilayotgan yuksak e’tibor va amalga oshirililadigan dolzarb vazifalar, ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan ezgu ishlar, qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, tadbir davomida mavjud kamchiliklar, ularni bartaraf etish yo‘llari haqida, shuningdek, o‘qituvchilar oldida turgan vazifalarga alohida e’tibor qaratildi.

O‘quv seminar yakunida ishtirokchilarga bir qator topshiriqlar, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni doimiy va qat’iy nazoratga olish, har bir jamoada o‘quvchilar bilan alohida ishlarni olib borish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Ochilov Sevin Rajaboyevich,

Qashqadaryo viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi o‘quv jarayonini metodik ta’minlash va darsliklar bo‘limi bosh metodisti