May 5, 2025

SHUKRONALI KUNLAR SHUKUHI

...Jamiyat hayotida o‘qituvchining o‘rni va ta’siri oshsa – maktabning obro‘yi oshadi, ilm-fan, ta’lim va tarbiya sohasining qadri ko‘tariladi. Muallimning obro‘-e’tibori esa bu millatning, butun xalqning obro‘-e’tiboridir.

Shavkat MIRZIYOYEV

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Millat kelajagining mangulik yo‘l ko‘rsatar mash’alalari bo‘lgan ta’lim-tarbiya jonkuyarlari ustozlar haqida so‘z ketganda qalblarimiz to‘lqinlanib ketishi hech kimga sir emas. Keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonimizni har tomonlama taraqqiy etishida, yosh avlodni komil inson etib tarbiyalash yo‘lida mehnat qilayotgan o‘qituvchi va murabbiylarning e’zozlash va qadrini yuksaltirish borasida dilquvonar ishlar amalga oshirilmoqda. Bola qalbining me’morlari bo‘lgan ustozlarni mashaqqatli, ammo sharafli mehnatining qadrlanishi – kelajak avlodga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yorqin ifodasi ekanligini iftixor bilan e’tirof etamiz.

Muhtaram Prezidentimizning: “Har bir inson hayotda qanday yutuqqa erishgan bo‘lsa, ularda qadrdon o‘qituvchi va ustozlarining beqiyos hissasi borligini umrbod minnatdorlik bilan eslaydi.

Shaxsan men o‘qituvchi deganda – zamon bilan hamqadam bo‘lgan jonkuyar, ziyoli shaxsni, maktab deganda – bilim va ma’rifat yog‘dusi taralib turadigan, Uchinchi Renessans poydevori qo‘yiladigan tabarruk maskanni ko‘z oldimga keltiraman”, degan so‘zlarini har gal g‘urur baxsh etib turadi. Beixtiyor yurtimizda o‘qituvchi va murabbiylarni qadri nechog‘liq oshib borayotganiga amin bo‘lasiz.

Baxtiyorlik hissi bilan keksaklik gashtini surib, bosib o‘tgan sharafli yo‘li bilan yoshlarga ibrat ko‘rsatib kelayotgan qilayotgan ustozlar oramizda ko‘pchilikni tashkil etadi. Ko‘p yillar Qashqadaryo viloyat ta’lim tizimida, ya’ni boshqarma huzuridagi ta’lim markazida rahbar va metodistlar bo‘lib faoliyat olib borgan, hozirgi kunda nafaqada e’zozda bo‘lgan ta’lim tizimida ishlayotgan ustozlar joriy yilning 3–may kuni Qarshi shahrida 9-may “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan bir piyola choy ustida davra suhbati tashkil etishdi. Tadbir avvalida marhum ustozlar nomi yodga olinib, qilib o‘tgan ibratli ishlar haqida so‘z yurtildi.

Ta’lim sifatini oshirish yo‘lidagi faoliyati davomida qalb qo‘rini, qo‘z nurini, mehr-muhabbatini, kelajagi buyuk yurtga barkamol avlodlarni tarbiyalashdek mas’uliyatli vazifani zimmalariga olib, bu olijanob ishni sharaf bilan bajarishga bel bog‘lagan va yoshlarga namuna ko‘rsatib kelayotgan xalq ta’limi tizimida metodik xizmatni yo‘lga qo‘yish maqsadida o‘zining ilmiy-ijodiy, pedagogik faoliyati bilan nafaqat Qashqadaryo viloyati, balki, Yangi O‘zbekistonimizdagi o‘z kasbining fidoyisi sifatida el-yurt e’tibori va e’tirofiga sazovor bo‘lgan ustoz murabbiylar, qadrli hamkasblarimdan boshqarma huzurida 2002-yilda tashkil etilgan ta’lim markazida rahbar bo‘lgan Erkaboy Qilichev, Hikmatillo Zulfiqorov, O.Do‘stmurodova, Alisher Nasimov, S.Ochilov va fanlar bo‘yicha metodist bo‘lib ishlagan ustozlar Shoymardon Norov, Qursiya Qo‘ldosheva, Bolta Karimov, Normurod Murtozayev, Normurod Mirzayev, Halima Azizova, Turg‘un Zamonov, O‘ral Husanov, Chamangul Muhammadiyeva, Halima Sattorova, Dilfuza Qosimova, G‘ayrat Asadov, Azamat Raximov kabi fidoyi ustozlar jam bo‘lishdi. Ular ishlagan davrlaridagi erishgan yutuqlari va bugungi ta’lim tizimidagi islohotlar haqida fikr yuritishdi.

Tadbirga yig‘ilgan har bir ustozning o‘z yo‘li va ta’lim tizimida ko‘rsatgan jonbozligi bor. Ularni shogirdlari e’zozlab, faxriy nom bilan e’zozlashadi. Viloyatimizdagi barcha o‘qituvchilar ustozi Qursiya Qo‘ldoshevani Qashqadaryo ta’limi metodikasining onasi, Hikmatillo Zulfiqorovni shogirdlarga g‘amxo‘r ustoz, Alisher Nasimovni esa hamisha navqiron ustoz deb bilishadi.

Bugungi kunimizning har lahzasi shukrona! Inson qadri kun sayin oshib bormoqda. O‘tganlar ruhini shod etish, bugungi kunda esa keksalik gashtini surish bilan birgalikda yoshlar bilan yelkama yelka mehnat qilayotgan ustozlarni qadrlash hozirgi davrning e’tiboridagi iftixor qilishga arzigulik ezgu ishdir. Suhbat davomida bir paytlar o‘qituvchilarning paxta dalalaridagi sargardonliklari, ish, darslar qolib ketib olis hududlardagi ovvoralarchilik hasharlari, tizimdagi boshqa qiyinchiliklar ustozlar tomonidan esga olindi.

Samimiy tashkil etilgan tadbir so‘ngida ustozlar qo‘llarini duoga ochib mamlakatimiz yanada gullab yashnashini, ziyoli zotlar safi kengayishini, shuningdek, keksalarga umr, yoshlarga ilm, kuch-quvvat tilashib, shukronali kunlarimiz bardovom bo‘lishini yaratgandan so‘rab qolishdi.

Ochilov Sevin Rajaboyevich –

Qashqadaryo viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi o‘quv jarayonini metodik ta’minlash va darsliklar bo‘limi bosh metodisti.