“TURON QALDIRG‘OCHLARI” TEATR SAHNASIDA
Mamlakatimiz ta’lim maskanlarida yozgi ta’tilda o‘quvchilar vaqtini yanada mazmunli o‘tkazishga qaratilgan “Dolzarb 90 kun” tadbirlari o‘z mevasini bermoqda. Bunday imkoniyatdan unumli foydalanayotgan Ko‘kdala tumanidagi 91-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ham e’tiborga molik ishlar amalga oshirilayotir. Bu borada maktab rahbari Dilshod Xudoyorov, o‘quv-tarbiya ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Jamoliddin Baxronov, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Farxod Ishonqulov hamda ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Lochin Elmatov o‘quvchilar iqtidorini har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelmoqdalar.
Tumandagi namunali maktablardan biri hisoblangan ta’lim dargohida tashkil etilgan “Turon qaldirg‘ochlari” teatr jamoasi Qashqadaryo viloyat qo‘g‘irchoq teatriga tashrif buyurib, malakali san’at ustalaridan sahna sirlari va aktyorlik mahorati darslaridan bahramand bo‘lishdi. Darslar yakunida teatr jamoasi taqdim etilgan ertak-spektaklni tomosha qildilar.
Teatr sahnasida tashkil etilgan ijodiy uchrashuv ijodkor, bo‘lajak aktyor o‘quvchilarimiz qalbiga olam-olam quvonchu taassurotlar va ezgu orzular baxsh etdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ko‘kdala tumanidagi 91-umumiy o‘rta ta’lim maktabi ma’muriyati axborot xizmati