August 22, 2025

TO‘RTINCHI USTOZLAR MILLIY FORUMI

“Taraqqyotning tamal toshi ham, mamalakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham bu ilm-fan, ta’lim va tarbiyadir”

Shavkat MIRZIYOYEV, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ustoz va murabbiylar jamiyat binosining binokorlari, ma’rifat bog‘ining bog‘bonlaridir. Esimizni tanigan ilk onlarimizdan boshlab aynan shu zotlar bizning qo‘limizdan tutib, hayot yo‘limizni yoritib kelmoqdalar.

Bugun mamlakatimiz ta’lim-tarbiya tizimida amalga oshirilayotgan samarali ishlar soha xodimlarini o‘z ustida tinimsiz ishlab, yangi marralarni zabt etishiga undamoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2025-yil 8-iyuldagi “To‘rtinchi ustozlar milliy forumi”ga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi 232-sonli buyrug‘i va tavsiyalariga asosan, 2025-2026-o‘quv yili oldidan “To‘rtinchi ustozlar milliy forumi”ning respublika bosqichi joriy yilning 7-8-avgust kunlari A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida tashkil etildi.

Qashqadaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining 2025-yil 18-iyuldagi 139-sonli buyrug‘iga asosan Respublika forumiga boshqarma tizimidan 15 nafar ustoz-trener tarbiyachi va o‘qituvchilar faol ishtirok etishdi va katta taаssurotlar bilan qaytishdi.

“To‘rtinchi ustozlar milliy forumi” maqsadi:

- O‘quv maqsadlari bilan tanishtirish va ulardan samarali foydalanish yo‘llarini ko‘rsatish,

- yangi o‘quv-metodik majmualar bilan ishlab kompetensiyalarni shakillantirish,

- yangi o‘quv-metodik majmualar mazmunida ifodalangan zamonaviy yondashuvlar hamda tadqiqot va izlanishga asoslangan o‘qitish usullari bilan tanishtirish, ularni o‘quv jarayoniga tadbiq etishga rag‘botlantirish,

- o‘quvchilarni faolligini ta’minlovchi va ularning ehtiyojlariga moslashtirilgan darslarni rejalashtirish ko‘nikmalarini rivojlantirish,

- ishtirokchilarning o‘zaro tajriba almashishi uchun metodik maydoncha yaratish,

- har bir o‘quvchining individual ehtiyojlari va rivojlanish xususiyatlarini e’tiborga olgan holda, inklyuziv va ijtimoiy-emotsional jihatdan qo‘llab-quvvatlovchi sinf muhitini yaratishni targ‘ib etish.

“To‘rtinchi ustozlar milliy forumi”ning viloyat bosqichining fanlar yo‘nalishi bo‘yicha sho‘ba yig‘ilishlari 2025-yilning 13-14-avgust kunlari Qarshi shahridagi A.Oripov nomidagi ijod maktabida tashkil etiladi. Mazkur sho‘ba yig‘ilishlariga tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi tizimidan 19 ta fan yo‘nalishlari bo‘yicha jami 356 nafar ijodkor, tajribali trener o‘qituvchilar, viloyat pedagogik mahorat markazidan 19 nafar metodistlar va boshqarmadan 19 nafar mas’ul ishtirok etishdi.

“To‘rtinchi ustozlar milliy forumi”ning tuman (shahar) bosqichi joriy yilning 19-20-avgust kunlari tashkil etildi. Ushbu sho‘ba yig‘ilishlariga ta’lim muassasalardagi barcha fan o‘qituvchilari va tarbiyachilar qamrab olindi.

2025-yilning 25-29-avgust kunlari “To‘rtinchi ustozlar milliy forumi” umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida pedagogik kengashlar tarzida tashkil etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bunda har bir ta’lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan pedagogik xodimlar ishtirok etishadi. Bu borada tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

“To‘rtinchi ustozlar milliy forumi”ning viloyat, tuman (shahar) bosqichlarida "MAHORATLI O‘QITUVCHI-MILLAT TAYANCHI" shiori ostida 2025-2026-o‘quv yili oldidan maktabgacha va maktab ta’limi muassasalari rahbarlarining mas’uliyati va tashabbuskorligi, tizimda faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarning kasbiy mahoratlarini yanada oshirish, ilg‘or tajribalarini targ‘ib qilish, o‘quv dasturlari va darsliklardagi yangiliklarni tizim xodimlariga yetkazish hamda yangi o‘quv yilida ta’lim-tarbiya sifatini yanada yaxshilash yuzasidan muhim va ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.

Metodist va pedagog xodimlar uchun fanlar kesimida sho‘balar tashkil etilib, ushbu sho‘ba yig‘ilishlarida trenerlar tomonidan o‘quv dasturlari va darsliklardagi yangiliklar hamda yangi o‘quv yilida ta’lim-tarbiya sifatini yanada yaxshilashga bag‘ishlangan seminar-treninglar tashkil etildi va barcha o‘qituvchi-trenerlar faol ishtirok etishib, va ta’lim sifatini oshirishga doir bir qator ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

Tashkilotchilar tomonidan ishtirokchilar uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berildi.

Darhaqiqat, o‘z kasbining fidoyisi bo‘lgan ustozlar mehnati bugun nihoyatda qadrlanmoqda. Bu esa ularni mamlakatimiz ravnaqi uchun halol mehnat qilishga, o‘quvchilarini sevishga va sifatli ta’lim berishga undaydi.

Forum yakunida viloyat maktabgacha va maktab ta’limi tizimida yangi 2025-2026-o‘quv yili uchun ta’lim-tarbiya sifatini oshirishga qaratilgan barcha chora-tadbirlar belgilab olindi va trener-o‘qituvchilar tomonidan forum ishtirokchilariga o‘z fan va yo‘nalishlari bo‘yicha metodik tavsiyalar berildi.

Aziz va mehridaryo ustozlar! Yangi 2025-2026-o‘quv yili barchamiz uchun omadli bo‘lsin! Yangi o‘quv yilida kasb mahoratingiz yanada yuksalib, yuksak cho‘qqilarni zabt eting!

Ochilov Sevin Rajaboyevich,

Qashqadaryo viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi o‘quv jarayonini metodik ta’minlash va darsliklar bo‘limi bosh metodisti.