YANGI OVOZ, SAMIMIY SO‘Z VA VATAN TUYG‘USI
Lochin Elmuhammadning “Assalom, Ko‘kdalam” nomli kitobiga so‘z boshi
Adabiyot — inson qalbining so‘zdagi aksidir. Chinakam she’r esa shoirning nafaqat ko‘nglidan, balki uning yashayotgan zamoni, ko‘rgan-kechirganlari, xalq va Vatan oldidagi mas’uliyatidan tug‘iladi. Shu ma’noda qashqadaryolik ijodkor pedagog Lochin Elmuhammadning “Assalom, Ko‘kdalam” nomli ushbu kitobi o‘ziga xos adabiy izlanishlar, Vatan muhabbati, xalq taqdiri, insoniylik va ijodkor mas’uliyatini mujassam etgan she’riy to‘plam sifatida e’tiborga loyiqdir.
Azim Ko‘kdala farzandi, ijodkor pedagog Lochin Elmuhammad bilan ancha yillar avval O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Qashqadaryo viloyat bo‘limida ilk bor ko‘rishgandik. O‘sha paytlari Uyushmaga so‘zlari barhayot shoir Ismoil To‘xtamishev rahbarlik qilardi. Rahmatli Ismoiljon Lochinni o‘z farzandidek ko‘rardi, ijodini olqishlardi, koʻz-koʻzlardi va payti kelsa otalarcha tanbeh ham berardi. “Lochinga ishonaman, unda Abdulla Oripovning jo‘shqinligi namoyon bo‘lyapti”, der edi Ismoil To‘xtamishev. Chunki Lochinjon El sevgan ulug‘ ijodkorlar Abdulla Oripov, Tohir Malik, Ismoil To‘xtamishev, Qurbon Egamberdiyev va boshqa ko‘plab ijodkorlarning tarbiyasi va duosini olishga erishdi.
Lochin ustozlari ishonchini oqladi. O‘sha yillari uning ijodi yanada takomillashdi. Viloyatning nufuzli nashrlaridan “Xazina”, “Bilim dunyosi” va “Navqiron” gazetalarida faoliyat olib bordi. Taniqli ustozlar 2010-yillarning boshlarida viloyatimizning hokimlari ishtirok etgan asosiy bayram va tadbirlarda Lochin nutq so‘zlardi, she’rlar o‘qirdi. Shundan so‘ng Lochin Elmuhammadning muxlislari soni ortdi, ko‘plab jurnallar va gazetalarda uning ijodi bot-bot ko‘zga tashlanadigan bo‘ldi. O‘shandayoq uning ijodiga qiziqishim uyg‘ondi. U kamtarona ijodi bilan o‘zbek adabiyotiga yangi ovoz bilan kirib keldi. Jo‘shqin she’rlarida balandparvozlikdan ko‘ra samimiyat, da’vodan ko‘ra dard, tayyor qoliplardan ko‘ra shaxsiy kuzatuv va kechinma ustuvor. Shoir o‘z ijodini doimiy maqtashdan qochadi. Bu jihat uning ijodkorlik tabiatidagi muhim fazilatlardan biridir. Zero, haqiqiy ijodkor avvalo o‘z so‘ziga talabchan bo‘lmog‘i kerak.
Lochinjon bugungi kunda Ko‘kdala tumandagi 91-umumiy o‘rta ta’lim maktabida yosh avlodga ona tili va adabiyot fanidan saboq berib kelish bilan birgalikda o‘quvchilari ijodini munosib targ‘ib kelmoqda. Kuyunchak pedagogni maktab rahbari Dilshod Xudoyorov va maktab jamoasi munosib qo‘llab-quvvatlab keladi. Buni o‘sha maktabda o‘tkazilgan katta tadbirlarda, ijodiy uchrashuvlarda o‘zim guvohi bo‘lganman. “Assalom, Ko‘kdalam” nomli she’riy to‘plam shoirning umumiy hisobda 16-kitobidir. Lochinjonning bir paytni o‘zida Yangi O‘zbekistonning bugungi qiyofasi aks etgan 2 ta kitobi — mazkur kitob va “Chiroqchining mangu ziyosi” nomli to‘plamining nashr etilishi ijodga va Vataniga nechog‘li sadoqatli ekanidan dalolat beradi. Bilamizki, Ko‘kdala tumani Chiroqchi tumanidan ajralib chiqqan yangi tumandir. Bundan shunday xulosaga kelish mumkinki, Lochin har ikki Vatanini unutmaydi. Ikkalasiga ham bag‘ishlab bir paytda ikkita kitob yozib yurtdoshlariga, ona xalqiga ijodkor farzand sifatida taqdim etmoqda. Adashmasam, Ko‘kdala tumani va uning bor ko‘rkiga bag‘ishlangan va tuman haqidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev so‘zlari bilan yozilgan bu asar ilk kitob bo‘lsa kerak. Yangi Ko‘kdala tumaniga bag‘ishlangan “Assalom, Ko‘kdalam” she’ridagi:
Serquyosh bu yurtim go‘zal va ko‘rkam,
Mehnatkash xalqimga haq etmish karam.
Ulug‘lar qadami yetgan mukarram,
Assalom, Ko‘kdalam — muqaddas o‘lkam!
misralarida shoirning Vatan haqidagi tasavvuri mujassam. Bu yerda Vatan shunchaki geografik makon emas. U — mehnatkash xalq, ulug‘lar qadami tekkan muqaddas zamin, tarix va bugunning tutash nuqtasi ekani mahorat bilan qalamga olingan. Zukko o‘quvchi she’rga chuqurroq razm solsa, tumanni Muhtaram Yurtboshimizning o‘zlari ochib bergani mohirona ta’kidlanganiga amin bo‘ladi. “Ko‘kdalam” obrazi ham shoir uchun oddiy joy nomidan ko‘ra kengroq ma’no kasb etadi: u ona zamin, tarix, xotira va milliy g‘urur timsoliga aylanadi. She’rning keyingi bandlarida esa Vatan ravnaqi bilan kitob va ma’rifat tushunchalari yonma-yon keladi:
Yurtboshimiz aylab tashabbus oftob,
O‘n yettinchi martda ochildi Kitob.
Tonggi g‘unchadek yuz ochib Ko‘kdalam,
Yuraklarda g‘urur uyg‘otdi shu tob.
Bu misralarda kitobning ochilishi shoir tafakkurida oddiy voqea emas, “Kitob” deganda tuman tarixining ilk varaqlari ochilgani she’rda mahorat bilan chizilgani, ma’naviy uyg‘onish ramzi sifatida Yangi Ko‘kdala tumanining 2022-yil 17-mart sanasida tashkil etilishi talqin etiladi. “Tonggi g‘uncha” tashbehi ayniqsa e’tiborlidir. G‘uncha — hali to‘liq ochilmagan, ammo o‘zida kelajakdagi go‘zallikni yashirgan tabiat hodisasi. Shoir yangi tumanni ana shu g‘unchaga qiyoslar ekan, uning kelajakka yuz tutayotganini, ma’rifat va ma’naviyat hamda buyuklik sari ochilayotganini ifodalaydi.
Kitobning yana bir muhim jihati — unda Vatan tushunchasining inson taqdiri bilan bog‘lanishidir.
“Biz Vatanni asraymiz!” she’ridagi:
Bolam ko‘zida kulgan shodlik – safo qayda bor,
Xalqim boshiga qo‘ngan tole – humo qayda bor?!
Yurtimda to‘y, shukrona, qo‘shiq – navo qayda bor,
El-yurt uchun jon bergan inson asrar Vatanni,
Baxtli elga bosh bo‘lgan Sulton asrar Vatanni!
misralarida shoir Vatan himoyasini oddiy bir shior sifatida emas, insonning eng muqaddas burchlaridan biri sifatida ko‘rsatiladi.
Ayniqsa, “Bolam ko‘zida kulgan shodlik – safo” va “Yurtimda to‘y, shukrona, qo‘shiq – navo” kabi obrazlar Vatan tinchligining asl mazmunini ochib beradi. Tinchlik — avvalo bolaning kulgisi, oilaning xotirjamligi, xalqning to‘yu tantanasi, qo‘shiq va navosidir. Demak, Vatanni asrash — faqat sarhadni himoya qilish emas, balki ana shu osoyishta hayotni, xalqning quvonchini, kelajak avlodning baxtini asrash demakdir.
She’rda “asrar Vatanni” jumlasining takrorlanishi ham bejiz emas. Takror poetik urg‘uni kuchaytirib, asarning asosiy g‘oyasini o‘quvchi ongiga singdiradi. Shoir nazarida Vatanni asrash birgina kishining emas, el-yurt uchun jon bergan fidoyi insondan tortib, xalq boshida turgan rahbargacha bo‘lgan mas’uliyatli burchdir.
Lochin Elmuhammad ijodining yana bir e’tiborli tomoni — shoirning o‘ziga bo‘lgan munosabatidir. U:
— deya o‘z ijodiga ehtiyotkorlik bilan qaraydi. Bu satrlarda kamtarlik bilan birga, ijodkorning o‘z so‘ziga qo‘yadigan talabi ham ko‘rinadi. “Pishmagan uzum” va “mayiz” obrazlari juda sodda, ammo mazmunan teran. Mayiz bo‘lish uchun uzum avvalo pishmog‘i kerak. Xuddi shuningdek, shoirning fikricha, she’r ham vaqt, hayotiy tajriba, ruhiy yetilish va ijodiy mehnat orqali kamol topadi.
Shu jihatdan quyidagi satrlar ham alohida ahamiyatga ega:
Bu misralarda ijodkorning adabiyotga bo‘lgan munosabati yanada ravshanlashadi. Shoir uchun kitob — shunchaki so‘zlar yig‘indisi emas. Kitobda inson qismati, hayot haqiqatlari, qalb kechinmalari bo‘lishi kerak. Ammo shoir dardning o‘zini kitobga ko‘chirishni ham yetarli deb bilmaydi. Chunki dard adabiyotga aylanishi uchun u badiiy idrok, fikr va ma’naviy tajriba orqali qayta tug‘ilishi lozim.
Bu nuqtada Lochin Elmuhammad ijodining muhim xususiyati namoyon bo‘ladi: u hayotni shunchaki tasvirlashga emas, undan ma’no izlashga intiladi.
Shoirning samimiyligi uning eng katta ijodiy fazilatlaridan biridir. U o‘zini ulug‘lashga, she’rini ortiqcha ta’riflashga urinmaydi. Aksincha, “Meni shoir demang” deya o‘ziga savol qo‘yadi. Bunday ichki talabchanlik ijodkor uchun foydali xususiyatdir. Chunki adabiyotda insonning o‘z so‘ziga shubha bilan qarashi ba’zan uning so‘zini yanada sayqallashiga xizmat qiladi.
Lochin Elmuhammad izlanishdan to‘xtamaydi. Uning ijodiy izlanishlarida Vatan, xalq, inson, tarix, ma’naviyat, kitob va shaxsiy mas’uliyat kabi mavzular bir-biri bilan tutashib ketadi. Uning she’rlarida xalqona ohang, sodda ifoda va milliy ruh uyg‘unlashadi.
“Assalom, Ko‘kdalam” kitobi shu izlanishlarning bir bosqichidir. Bu kitobni o‘qir ekanmiz, unda faqat shoirning Vatanga salomi emas, balki uning o‘z qalbiga, xalqiga, kitobga va adabiyotga bergan salomlari ham aks etganini ko‘ramiz.
Har bir yangi kitob ijodkorning o‘ziga ham, o‘quvchiga ham qo‘yilgan savoldir: inson bu hayotda nimani sevadi, nimani asraydi va nimani so‘z bilan kelajak avlodga qoldiradi? Lochin Elmuhammadning javobi esa uning she’rlarida — Vatan muhabbatida, xalq dardiga daxldorlikda, kitobga bo‘lgan ehtiromda va eng muhimi, samimiy so‘z izlashida namoyon bo‘ladi.
Kitobdagi turli mavzulardagi tuyg‘ular tarannumi aks etgan satrlarga ko‘zingiz tushmasin barchasida yangi ovoz, yangi umid, yangi tashbehlardan to‘lqinlanib ketasiz va bu satrlarni qayta-qayta o‘qigingiz keladi. “Assalom, Ko‘kdalam” kitobining o‘quvchiga yetib borishi, shoirning izlanishlari va yangi ijodiy marralar sari dadil qadam tashlashiga xizmat qilishiga ishonaman. Zero, adabiyotga yangi ovozlar kerak. Ammo yangi ovozning qadri uning yangiligidangina emas, samimiyligi, xalq qalbiga yaqinligi va vaqt sinoviga bardosh bera oladigan so‘z topa olishida namoyon bo‘ladi. Lochin Elmuhammad ana shunday so‘zni izlayotgan ijodkordir.