MUALLIMGA TA’ZIMDA JAHON
Qashqadaryo viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi o‘quv jarayonini metodik ta’minlash va darsliklar bo‘limi bosh metodisti
Qashqadaryolik o‘qituvchilar ichida fidoyiligi, shogirdlarim orasida o‘ta samimiyligi, soddadilligi, farzandlarimdek mehribonligi bilan ajralib turuvchi Lochin Elmatovning ta’lim-tarbiya tizimidagi yigirma besh yillik faoliyat to‘yi va yangi kitobi bilan tabriklayman.
Shogirdim Lochin Elmatovning boshqa o‘qituvchilardan ajralib turishi, jumladan, zamonaviy pedagogga xos jihati shuni isbotlaydiki, 2019-yilda ta’lim sohasida ko‘pchilikning xayoliga kelmagan ezgu bir ishga qo‘l urdi. Qisqa kunlarda tayyorgarlik ko‘rib 5 Tashabbus haqidagi kitobni nashr ettirib, festivalini maktabda keng miqyosda o‘tkazishga erishdi. Shu kuni maktabda “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi” nomli ezgu g‘oyani o‘zida mujassamlashtirgan, 5 Tashabbus doirasida “5 Tashabbus yulduzlari” nomli mo‘jaz teatr jamoasining ilk tomoshalari “5 Tashabbus” — bizning maktabda” nomli bayramona tadbirda namoyish etildi.
2020-yil boshida Lochin Elmatov Dehqonobod tumanidagi 85-umumiy o‘rta ta’lim maktabida respublika miqyosida o‘tkazilgan 5 Tashabbus festivalida faol ishtirok etib, Xalq ta’limi vazirligi vakilig “5 Tashabbus – besh porloq yulduz” nomli asarini topshirdi. Kitobdagi quyidagi satrlar o‘quvchilarni buyuklik yo‘lidan borishga undaydi:
Bo‘lsin sizda besh do‘st jamuljam —
Mahkam tuting, ularni har dam,
Yaqin kelmas sizga g‘am, tashvish!
2021-yilda mamlakatimiz umumta’lim maktablarida Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimining joriy etilishi Lochinga yanada kuch-g‘ayrat, ilhomiga qanot bag‘ishladi. U maktabda endi har bir tadbirni erkin va jo‘shqinlik bilan o‘tkaza boshladi.
Lochin Elmatov maktablarning ijodkor o‘quvchilari bilan ishlash bo‘yicha ko‘p yillik tajribaga ega, maktab tadbirlari o‘tkazish bo‘yicha mahoratli ma’naviyat targ‘ibotchi sifatida namuna ko‘rsatib keladi. U ma’naviy, ijodiy masalalarda viloyatimizdagi hamkasblariga ham yaqindan ko‘mak beradi. Shu bir yil ichida (2021-yil apreldan 2022-yil aprelgacha) viloyatimizning ko‘plab maktablarida bo‘lib, ijodkor yosh avlod bilan bevosita jonli muloqot qilib keladi. Jumladan, Yakkabog‘ tumanidagi o‘ndan ortiq, Qarshi shahri, Chiroqchi, Dehqonobod, Qamashi, Kasbi, Koson, Nishon va Qarshi tumanlaridagi ko‘pgina maktablar o‘quvchilarining ijodini qo‘llab-quvvatlab, viloyatdagi gazetalarda chop etilishida, ayniqsa she’riy to‘plamlarining nashr etilishida munosib hissa qo‘shib keladi.
Bundan tashqari Lochin Elmatov maktabda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib ishlarkan, har bayram va har oyda o‘z hisobidan o‘quvchilarni rag‘batlantirib kelishi haqida ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’lum. Yangi yil bayramida o‘quvchilarni hatto uylariga borib shirinliklar bilan tabriklab kelishi internetda shov-shuv bo‘lgan edi. Lochin Elmatov maktabni va o‘quvchilarni sevadi! Chekka bir qishloq maktabida va viloyat miqyosida olamshumul ishlar qilmasin, qishloq bolalari orasidan faqatgina u ta’lim bergan o‘quvchilari jamiyatning turli bo‘g‘inlarida ishlasada, hatto ko‘pchiligi maktabda o‘qituvchi bo‘lib ish boshlasada, sobiq maktabi jamoasi tomonidan biror marta faxriy yorliq yoki rag‘batlantirilganini eshitmadik. Bu jarayonni kuzatib o‘zi ishlagan sobiq maktabi jamoasi uni nega qo‘llab-quvvatlamadi ekan, deb o‘ylab qolasiz. Yigirma yildan ortiq qishloq bolalarini o‘qitib savodini chiqargan muallimni maktabdan hech qanday kuzatish, xayrlashish tadbirlarisiz (albatta o‘z xohish, irodasi bilan) ishdan bo‘shatilishi kishini o‘ylantiradi. Jonkuyar muallim o‘sha yoshlik yillarini baxsh etgan, sochlariga oq tushirgan, qalb qo‘ri, ko‘z nurini to‘kkan maktabdan nega osongina chiqib ketdi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat MIRZIYOYEVning quyidagi so‘zlari Lochinjonga qanot bag‘ishlaydi va u yanada olg‘a qadam tashlaydi:
“Bu yil yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ilk bor o‘qituvchi maqomi alohida belgilanib, ta’lim tizimini rivojlantirish davlatning bosh vazifalari qatoriga kiritilgani bejiz emas. Chunki, jamiyat hayotida o‘qituvchining o‘rni va ta’siri oshsa – maktabning obro‘yi oshadi, ilm-fan, ta’lim va tarbiya sohasining qadri ko‘tariladi. Muallimning obro‘-e’tibori esa bu millatning, butun xalqning obro‘-e’tiboridir.
So‘nggi yillarda birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli mamlakatimizda ko‘plab yangi bog‘chalar, maktab va oliygohlar barpo etilmoqda. Ta’lim-tarbiya va ilm-fan muassasalarining moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati mustahkamlanmoqda. Darslik va o‘quv qo‘llanmalarining yangi avlodi yaratilmoqda”.
Lochin Elmatovni kimlardir qadriga yetmasada, pok iymoni, insoniy fazilatlari, ezgu ishlari bilan elning ardog‘ida bo‘laveradi. Qisqa qilib aytganda, uning sohadagi fidoyiligi, o‘z kasbiga mehr-muhabbati beqiyos. Soha fidoyisi Lochin Elmatov o‘zi ta’lim olgan, ilk faoliyatini boshlagan, eng hayajonlisi otasi Niyoz domla Elmatov mehnat qilgan Ko‘kdala tumanidagi 91-maktabda ish boshladi. Maktab direktori Dilshod Xudoyorov ta’lim-tarbiya tizimining fidoyilaridan biridir. U Lochinning bolalikdagi do‘sti, sinfdoshi bo‘ladi. Zar qadrini zargar biladi, deganlaridek, ilk kunlardanoq maktab jamoasi Lochin Elmatovni qo‘llab-quvvatlashni boshlab yubordi, to‘garak darslarida va ijodiy ishlarida unga kerakli shart-sharoitlarni yaratib berdi. Mana, uning o‘n ikkinchi kitobining nashr etilishi va taqdimot marosimining viloyat miqyosida o‘tkazilishi shu e’tibor, e’zozning ilk mevasi deb o‘ylayman. Lochinjonning kelgusi ishlariga zafarlar tilayman va o‘zining satrlari bilan tugataman: