December 5, 2024

YANGI KONSTITUTSIYAMIZ – BAXTIMIZ KAFOLATI

Bosh qomusimiz bo‘lgan konstitutsiyamiz qabul qilinganligining 32 yilligi mamlakatimizda keng miqyosda nishonlanmoqda. Keyingi yillarida jamiyatimizning barcha jabhasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi, qator yutuqlarga erishmoqdamiz. Ularning zamirida Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo‘yilgan qoidalar mujassam, chunki, Konstitutsiyamizning muhim xususiyati shundaki, unda inson qadri, erkinliklari, fuqarolarning baxtli, farovon turmushi, rohat-farog‘ati oliy qadriyat sifatida e’tirof etiladi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz, avvalo, o‘zida milliy xususiyatlarimizni aks ettiradi, ikkinchidan, u jahon andozalariga mos keladi.

O‘zbekistonning har bir fuqarosi o‘z huquqini himoya qilishni ham o‘rgansin. Axir, o‘z huquqini, or-nomusi, g‘ururi, nafsoniyatini himoya qiladigan kishigina Vatanini, xalqini, davlatini, Prezidentini ham himoya qila oladi.

Konstitutsiyamiz har birimizning komillikka cheksiz intilishimizni kafolatlaydi. U davlatimiz va xalqimiz uchun chinakam adolat mezoni bo‘lib qolaveradi.

Ta’lim maskanlarida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi g‘oyalarini yoshlar o‘rtasida o‘rgatishda, ularning diqqatini Konstitutsiyada belgilangan inson huquqlari va erkinliklariga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ularning ma’no-mazmunini to‘g‘ri anglab, asrab-avaylash va ko‘z qorachig‘idek saqlashga doir fikrlarga e’tibor qaratilmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya jamiyatimizning rivojlanishidan kelib chiqayotgan hayotiy zarurat bo‘lib, bu ish mamlakat, millat va xalq sifatida keyingi qadamlarimizni aniqlab olishimiz uchun g‘oyat ahamiyatli masala, adolatli jamiyat qurish yo‘lidagi ulkan qadamdir.

Keyingi yillarda erishgan yutuqlarimizni, xususan, iqtisodiyot, inson huquqlari, odil sudlov, so‘z va e’tiqod erkinligi, ijtimoiy himoya sohalaridagi yuzlab cheklovlarning olib tashlangani, naqd pul, valyuta, kredit masalalaridagi muammolar hal qilingani hech kimga sir emas. Bu yutuqlar, huquq va erkinliklardan nafaqat hozirgi, balki kelajak avlodlarimiz ham emin-erkin foydalanishi uchun imkoniyatlar yaratilmoqda.

Qisqa qilib aytganda, insonga e’tibor hamda g‘amxo‘rlik – davlat va jamiyatning eng asosiy burchi ekani mustahkamlandi.

Konstitutsiyada kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha davlat o‘ziga qator yangi majburiyatlar olishi belgilandi.

Kuchli ijtimoiy himoya va muhtojlarga g‘amxo‘rlik – davlat siyosatining muhim yo‘nalishi bo‘lib qoladi. Hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda (bozor qiymatida) qoplanishi ta’minlanishi kafolatlandi.

Shukrki, bugungi kunda mamlakatimizda uzoq yillar yurtimizning xalqaro imidjiga salbiy ta’sir qilib kelgan majburiy mehnatga to‘liq barham berildi.

Yangi tahrirdagi konstitutsiyasining 52-moddasida “O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etiladi”, - deya belgilanishi ta’lim fidoyilari qadrini nechog‘li baland tutib turgani barchamizga iftixor bag‘ishlaydi.

Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilmoqda. Bundan ortiq baxt bormi? Shunday ekan, barchamiz xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yorqin ifodasi bo‘ladigan yangilangan Konstitutsiyamizga tayanib, Yangi O‘zbekistonni, albatta birgalikda barpo etamiz.

Ochilov Sevin Rajaboyevich,

Qashqadaryo viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi o‘quv jarayonini metodik ta’minlash va darsliklar bo‘limi bosh metodisti