February 7

YOSHLAR HAYOTIDAGI MUHIM UCHRASHUVLAR

Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimida izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlar, o‘zgarish va yangilanishlar barchasi Yangi O‘zbekistonimizning ertasi bo‘lgan baxtiyor avlod uchun albatta. Yosh avlodni barkamol qilib tarbiyalash, ularning hayotga mustaqil qadam qo‘yishlari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda hayotga izchillik bilan tatbiq etilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati yoshlarning zamon talablari darajasida ta’lim olishi, o‘sib-ulg‘ayishi, munosib kasbni tanlash, kelgusida o‘z bilim va salohiyatini namoyon etishi uchun zarur sharoitlarni yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Barcha sa’y-harakatlarimiz mustaqil fikrlaydigan, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qaraydigan, o‘zining qat’iy hayotiy e’tiqod va qarashlariga ega bo‘lgan, milliy mentalitetimizga yot zararli ta’sirlarga qarshi turishga qodir yoshlarni tarbiyalashga xizmat qilmoqda.  Ana shunday ezgu maqsadlardan biri Qarshi shahridagi, Kasbi, Koson va Nishon tumanlaridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida yosh avlodni kelgusida yurtimiz uchun munosib kadrlar bo‘lib voyaga yetishlari yo‘lida huquqiy soha bilimdonlari bo‘lishiga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi. Joriy yilning fevral oyining dastlabki kunlari "O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga qabul jarayonlari to‘g‘risida" o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirlarida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi 1-darajali yuristi G‘.Nabiyev va Qashqadaryo viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mas’ul xodimi S.Ochilov hamda viloyat prokuratura xodimlari ishtirokida uchrashuvlar tashkil etildi.

Maktab bitiruvchi sinf o‘quvchilari bilan o‘tkazilgan tadbirlar davomida viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mas’ul xodimlari hamda Akademiya mas’ul xodimi G‘.Nabiyevlar tomonidan maktablar o‘qituvchi va o‘qituvchilariga Akademiyadagi yo‘nalishlar, hujjat topshirish tartibi, imtihon topshirish bosqichlari hamda o‘qish imkoniyatlari  to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, targ‘ibot tadbirlarida o‘quvchilarga Respublika Huquqni muhofaza qilish akademiyasidagi ta’lim jarayoni va u yerda yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Sohada amalga oshirilayotgan ishlar, yangiliklar va yoshlarimiz yutuqlari aks ettirilgan video roliklar namoyish etildi.

O‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan batafsil va asosli javoblar olishdi. Bunday tadbirlar o‘quvchilarning harbiy va huquqni muhofaza qilish sohalariga qiziqishini oshirishga xizmat qiladi.

Yoshlikning eng muhim shartlaridan biri, bu ma’naviy va ma’rifiy bilim olish hamda kasb-hunar egallashdan iboratdir. Bugun barchamizning asosiy vazifamiz yoshlarni komil inson qilib tarbiyalash, voyaga yetkazishda muhim omillardan hisoblanadi. Har bir inson yoshlik vaqtida ilm va ma’rifat, hunar va san’atga ega bo‘lishga harakat qilmasa, hayoti davomida ko‘plab qiyinchiliklarga duchor bo‘lishi tayin. Bu haqda yoshlarga bot-bot eslatib turish, targ‘ibotlar o‘tkazish barchamizning muqaddas vazifamizdir.

Qashqadaryo viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi o‘quv jarayonini metodik ta’minlash va darsliklar sho‘basi bosh metodisti

S.Ochilov