TA’LIMNI ZAMONAVIY METODLAR ASOSIDA TASHKIL ETISH OMILLARI
Men yangi O‘zbekistonni – obod va farovon, demokratik mamlakatni barpo etishda siz, muhtaram pedagoglarni, professor-o‘qituvchilarni o‘zim uchun eng katta kuch, tayanch va suyanch, deb bilaman. Sizlarning hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan faoliyatingizni qo‘llab-quvvatlash, sizlar uchun munosib mehnat va turmush sharoiti yaratib berishni Prezident sifatida o‘zimning muqaddas burchim, deb hisoblayman.
Shavkat MIRZIYOYEV, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
O‘zbekiston Respublikasi taraqqiyotida xalqning boy ma’naviy salohiyati va umuminsoniy qadriyatlarga hamda hozirgi zamon iqtisodiyoti, ilm-fan, texnika va texnologiyasining so‘nggi yutuqlariga asoslangan mukammal ta’lim-tarbiya tizimini, shuningdek, milliy pedagogika va zamonaviy pedagogik texnologiyalarning nazariy va metodik asoslarini yaratish hamda amaliyotga tatbiq etish zarurati raqobatbardosh mutaxassisliklarni tayyorlash vazifasiga alohida e’tibor berish ko‘zda tutilgan.
Keyingi yilarda mamlakatimizda ta’lim tizimining tubdan isloh etilishi farzandlarimizning har jihatdan komil inson bo‘lib voyaga yetishmog‘iga, ular o‘z bilim va iqtidori bilan dunyoni zabt etishiga sabab bo‘lmoqdalar. Ayniqsa, bugungi kunda nafaqat markaziy hududlarda balki eng chekka qishloqlarda ham o‘quvchilarning bilim olishlari uchun barcha shart-sharoitlarga ega bo‘lgan zamonaviy ko‘rinishdagi ta’lim muassasalarining qad rostlashi har qanday kishining qalbida iftixor tuyg‘ularini uyg‘otishi tabiiy. Bugun ta’lim muassasalari berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, ulug‘vor ishlarga bosh-qosh bo‘lmoqda.
Joriy yilining 17-dekabr kuni Qashqadaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, viloyat pedagogik mahorat markazi va Qamashi tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo’limi hamkorligida Qamashi tumanidagi 98-umumiy o’rta ta’lim maktabida “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida PISA—2025 kompetensiyalarini rivojlantirish bo‘yicha tayyorgarlik va tabiiy fanlarini o‘qitishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish” mavzusidagi viloyat o‘quv-metodik seminar tashkil etildi.
Seminarda tumandagi umumiy o’rta ta’lim maktablarning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari, yosh o‘qituvchilar, viloyat pedagogik mahorat markazi metodistlari va boshqarmaning mas’ul xodimlari ishtirok etdilar.
Seminar ishtirokchilari 98-umumiy o‘rta ta’lim maktabning tajribali o‘qituvchilari tomonidan fanlar yo‘nalishidagi ochiq dars jarayonlarini kuzatdilar, tahlil jarayonida yutuqlar e’tirof etilib, dars mazmun va samaradorligini yanada yaxshilashga doir tavsiyalar berildi.
Seminarning faollar zalida o‘tkazilgan yalpi yig’ilishida viloyat MMTB o‘quv jarayonini metodik ta’minlash va darsliklar bo‘limi bosh metodisti S.Ochilovning “Viloyat umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quv jarayonini tashkil etishda metodik xizmat ko‘rsatishning ahvoli, mavjud muammolar va ularning yechimlari haqida”gi, viloyat MMTBning metodisti B.Ochilovning - “PISA-2025 tadqiqotlariga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalari to‘g’risida”gi, viloyat MMTB Ta’lim sifati monitoringini tashkil etish bo‘limi metodisti S.Daminovning “PISA tadqiqoti jarayonlarini xalqaro talablar asosida tashkil etish haqida”gi, viloyat pedagogik mahorat markazi kimyo fani metodisti M.K.Ergashevaning “PISA tadqiqotlarida tabiiy–ilmiy savodxonlik, PISA tabiiy fanlar topshiriqlarining tuzilishi haqida”gi, viloyat pedagogik mahorat markazi Fanlarni rivojlantirish bo‘limi bosh mutaxassisi G.Karimovaning “PISA-2025 xalqaro tadqiqotlariga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlarini tashkillashtirish to‘g’risida”gi, viloyat pedagogik mahorat markazi biologiya fani metodisti U.T.Egamberdiyevaning “Respublika Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2024-yil 7-avgustdagi 246-sonli buyrug‘i asosida “Kasbiy rivojlantirish kuni va Kasbiy rivojlantirish soati tadbirlarini tashkil etish borasida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar” mavzusidagi ma’ruzalari tinglandi.
Bugungi kunda ta’lim-tarbiya jarayonidagi o‘zgarishlar, mamlakatimiz rahbari tomonidan ta’lim-tarbiyaga qaratilayotgan yuksak e’tibor va amalga oshirililadigan dolzarb vazifalar, mavjud kamchiliklar, ularni bartaraf etish yo‘llari haqida, shuningdek, o‘qituvchilar oldida turgan vazifalar alohida e’tibor qaratildi.
Qamashi tumanidagi 98-umumiy o’rta ta’lim maktabida tashkil etilgan mazkur o‘quv seminarida ishtirok etgan ustozlar ta’lim tizimidagi eng dolzarb masalalardan biri bo‘lgan o‘quv jarayonida metodik xizmatni namunali yo‘lga qo‘yish, xalqaro baholash dasturlarida muvaffaqiyatli ishtirok etish va uning ahamiyati haqidagi bilimlarini yanada boyitdilar.
O‘quv seminar yakunida ishtirokchilarga bir qator topshiriqlar, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni doimiy va qat’iy nazoratga olish, har bir jamoada o‘quchilar bilan alohida ishlarni olib borish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Ochilov Sevin Rajaboyevich, Qashqadaryo viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi o‘quv jarayonini metodik ta’minlash va darsliklar bo‘limi bosh metodisti