Kimning ko‘zi ko‘r?!
(Tafakkurga chorlovchi hikoya)
Xotinim ilk farzandimizni tuqqanida o‘ttiz yoshda edim. O‘sha kechani hanuz eslayman. Daydi o‘rtoqlarim bilan yarim tungacha choyxonalardan birida gap sotib yotdik. Ma’noli biror gap bo‘lganini eslolmayman, quruq oldi-qochdi, g‘iybat, haromga to‘la gaplar bilan liq to‘lgan bir kecha edi. Gapga ustaroq bo‘lganim uchun suhbat jilovi mening qo‘limda, turfa qiliqlar, gaplar bilan sheriklarni kuldirar edim. O‘sha kech ularning juda ichaklarini uzdim. Kishilar ovoziga, qiliqlariga taqlid qilish qobiliyati menda chakana emasdi. Go‘yo ovozni o‘zgartirish muruvvati iyagim tagida turgandek tomog‘imga qo‘l yuborib bir burab qo‘yardim-da, falonchi bo‘lib olardim. Keyin sal o‘tmay, yana tomoqni bir burab, pistonchi bo‘lib olardim.
Esimda, o‘sha tun choyxona yonidagi kichkina bozorchada ko‘rib qolgan bir ko‘zi ojiz qariyaning roliga kirib ustidan rosa kuldim. Chol nima harakat qilsa, qaytarib qilaverdim, yigitlarning ko‘zlaridan yosh chiqib ketdi kulaverib. Bu ham yetmaganday, qariya o‘rnidan turib ketayotganda oyog‘iga chil berib yubordim, gursillab qulab tushdi, qah-qahamiz ko‘chani tutdi.
Odatdagidek, uyga bemahalda qaytdim. Ayolim bir ayanchli ahvolda eshikka ko‘z tikib o‘tirgan ekan. Borishim bilan qaltiragan, mungli ovozda:
- Rashid aka, qayoqda ediz? - dedi. Men zarda aralash istehzo bilan javob berdim:
- Marsda! Qayoqda bo‘lardim? Do‘stlarim bilan edim.
Holdan toygan, bir ahvolda ekanligi shundoq ko‘rinib turardi. Kelgan yig‘isini zo‘rg‘a to‘xtatib, dedi:
- Rashid aka, charchab ketayapman, madorim yo‘q. Ko‘z yoradigan vaqtim juda yaqin. Shu gaplarni aytar ekan, beixtiyor ko‘zlaridan chiqqan yosh siniq yuziga yumaladi. Ichimdan qirindi o‘tdi, xotinimga e’tibor bermay, ko‘chada, choyxonada chaqchaqlashib yurganimga achinib ketdim, bolasi to‘qqiz oylik bo‘lsayu, bu ahvolda yursam. Tezda tug‘ruqxonaga olib bordim, olib kirib ketishdi. Bir necha soat o‘tib ketdi hamki, biror kishi chiqib xabar bermasdi. Turib-turib oxiri charchadim, kiraverishdagi hamshiraga telefonimni qoldirdim-da, uyga ketdim. Bir soatdan keyin telefon jiringladi, meni chaqirishdi. Bir zumda tug‘ruqxonaga yetib bordim.
- Xonasi qani, qayerga joylashtirdinglar? Avval xotinimga doyalik qilgan do‘xtir ayolga uchrashishim kerak ekan:
- Qaysi ayol?! Men avval xotinimni, farzandimni ko‘ray! Hamshira yelka qisdi:
- Avval do‘xtirga uchrar ekansiz. Do‘xtir ayol oldiga kirdim. U menga Allohning taqdiri, qismat, qazoga rozilik haqida so‘zlab turib:
- O‘g‘il ko‘rgansiz, biroq ko‘zi uncha rivojlanmagan ekan, sabr qilasiz endi buyog‘iga, dedi. Yarq etib bozordagi, oyog‘imga surinib o‘mbaloq oshib tushgan ko‘r ko‘z oldimga keldi, tomog‘imga bir narsa xip etib tiqildi.
Xudoyo tavba! Ekkaningni o‘rasan, deganlari shumikin-a?! Birmuncha vaqt nima deyishimni bilmay angrayib qarab turdim. So‘ngra xotinim, farzandim esimga tushdi, do‘xtir ayolga yaxshi muomalasi uchun yengilgina rahmat aytdim-da, xotinimni ko‘rgani xonasi tomon yurdim.
O‘zimning rafiqam! Shunday musibatni ko‘rib tursa-da, ko‘zlarida g‘am, tashvish belgilarini ko‘rmadim. Taqdirning bu qaltis zarbasiga mardonalarcha tan berib, rozi bo‘lib yotardi. Kelin bo‘lib tushganidan beri menga mustahkam tayanch bo‘lib kelgan, odamlarni kalaka qilishimga rozi bo‘lmay, doim: "Kishilarni g‘iybat qilmasangiz bo‘lardi" deb nasihatomuz gaplarni aytib yuradigan ayolim bu safar ham metin irodasi-la meni lol qildi.
Tug‘ruqxonadan uyga qaytdik, bu safar uch kishi bo‘lib, o‘g‘limiz Salimjon ham (unga shunday nom berdik) bizga yangi mehmon bo‘lib qo‘shildi. Rosti unga nisbatan hech ko‘nglim ilimadi. Unga e’tibor berishga ichki bir turtki sezmadim, uning uyda bor-yo‘qligi mening uchun farqsiz edi. Yig‘isi kuchayib o‘z borligidan xabardor etganda, ayvonga chiqib yotib oladigan bo‘ldim. Xotinimning esa, unga e’tibori boshqacha edi, yeru ko‘kka ishonmasdi. Men bo‘lsam yomon ko‘ra olmasdim-ku, lekin yaxshi ham ko‘rib keta olmadim!
Oylar o‘tib, tetapoya bo‘la boshladi, yoshi birga kirib yurishga harakat qila boshlaganida, bir oyog‘i kaltaroq ekanini angladik. Ilgarigi munosabatim yanada sovuqlashdi. Undan so‘ng xotinim Umar va Xolidlarni tug‘ib berdi. Yillar o‘tdi Salimjon ulg‘aya boshladi, ukalari ham. Uyda o‘tirishni uncha xushlamasdim, doim ulfatlarim davrasida, ular bilan gap "yerdik". Bora-bora Salimjonning ahvoli meni tashvishga solmay qo‘ydi, burungi qah-qaha, ilgarigi qiliqlar yana o‘z holiga qaytdi. Lekin shunday bo‘lsa-da, xotinim, o‘zimning mushtipar, munis rafiqam yo‘lga kirib ketishimdan umidini sira uzmasdi, xurmacha qiliqlarimga bardosh bilan sabr qilar, xilvatda haqqimga duo qilar edi!
Biroq boshqa farzandlarimga g‘amxo‘rlik qilib, erkalab, Salimjonni chetga surib qo‘yganimni, butunlay beparvoligimni ko‘rib, ichidan kuyar, bildirmay yig‘lab-yig‘lab olardi. Salimjon maktab yoshiga yetdi, xotinim zorlana-zorlana uni nogironlar maktabiga joylashtirishga meni ko‘ndirdi. Yillar tez o‘ta boshladi, vaqt o‘tayotganini uncha payqamasdim, kunlarim bir xil ritmda – ish, uyqu, ovqat, ulfatlar bilan bo‘ladigan "gap", ertasi ham, indini ham, shu zaylda o‘tardi.
Bir kuni juma kuni soat o‘n birlarda peshinga yaqin uyg‘ondim, soat ikkilarga bir joyga to‘yga aytilgan edim. Ha, hali ancha vaqt bor ekan, deb bemalol yuvinib, so‘ng tanlab kiyinib, xushbo‘ylanib, taranib, ko‘cha tomon yurdim. Ayvondan o‘tar ekanman, Salimjonning g‘alati yig‘isi e’tiborimni tortdi. Ich-ichidan, ezilib-ezilib yig‘lamoqda edi, yuzlari yoshdan yuvilib ketgan, qo‘llari bilan ojiz ko‘zlarini artib ulgurolmasdi. Go‘dakligidan beri unga qilayotgan birinchi iltifotim edi.
Mana, o‘n yil (!!!) o‘tibdi hamki, biror marta ham yig‘laganda, tashvish chekkanda e’tibor bermagan ekanman. Bu safar ham ichki bir shum tuyg‘u meni qaramay o‘tib ketishga undardi. O‘g‘lim esa, mening borligimni hali bilgan emas, hazin, mungli ovozda onasini chaqirar edi. Burilib unga yaqinlashdim-da, so‘radim:
- Salimjon, nega yig‘layapsan? Ovozimni eshitar ekan, yig‘idan to‘xtaganini ko‘rdim. Yaqinlashganimni sezgach, atrofini paypaslab, xonasi tomon kirib keta boshladi. U mendan o‘zini olib qochmoqda edi! Oh!!!
Bu o‘ksik tislanishni hech qachon unutolmasam kerak!!!
Uning qilgan xatti-harakati, atrofdagi xona ichidagi buyumlar barchasi tilga kirib, go‘yo: "O‘n yildan beri qayoqda eding?!" deyotgandek edi. Ortidan xonaga kirdim. Dastlab nega yig‘laganini aytishdan bosh tortdi. Erkalab, muloyimlik bilan so‘raganimni sezgach, piqillab sababini bayon qildi: odatda masjidga yetaklab oborib keluvchi ukasi Umar uyda yo‘q ekan, juma namozi bo‘lgani bois, birinchi safdan joy ololmay qolaman deb yig‘layotgan ekan. Ukasini chaqiripti, onasini chaqiripti, hech kim kelmagach, yig‘lab yuboripti. Bu gapni aytaturib xo‘rsinib qo‘ydi. Yumuq ko‘zlaridan yana yosh quyila boshladi. Bu gapni eshitib hayajondan bo‘g‘zimga bir narsa tiqildiyu, yuzini qo‘lim orasiga olib, o‘zimni tutolmay yig‘i aralash:
- Shuning uchun yig‘ladingmi-a, Salimjon? - dedim. Bosh irg‘ab javob qildi:
- Ha. Shunda hamma narsani unutdim, ulfatlarimni, va’da qilingan to‘yni.
- Salimjon, o‘g‘lim, bilasanmi, bugun seni masjidga kim oboradi?
- Umar oborsa kerak, lekin kech qolayapti-da.
- Yo‘q, bugun seni men o‘zim oboraman. Salimjon hayratdan qotib qoldi, hech ishongisi kelmasdi, boshqalarni mazax qilib, turli qiliqlar bilan masxara qilib yuradigan otasi o‘z o‘g‘li, ko‘zi ojiz nogiron farzandini ham kalaka qilayapti deb o‘yladi, shekilli. Biroq, jiddiy gapirayotganimni sezdirganimdan keyin, ko‘ziga yana yosh keldi. Ko‘zlarini qo‘lim bilan artar ekanman, qo‘lidan ushlab mashina tomon yetakladim. Mashinaga o‘tirg‘izmoqchi ekanimni sezgach:
- Masjid yaqinku, dada, - dedi.
– Masjidga qadamlarimni sanab borgim kelayapti. Masjidga oxirgi bor qachon kirganimni eslolmayman. Lekin shunisi aniqki, hech qachon bu safargidek, qilib qo‘ygan gunohlarimni eslab, bu qadar meni vahima bosmagan edi. Behuda o‘tgan uzoq yillarga bu qadar nadomat qilmagan, achinmagan edim. Masjid odamlarga to‘la boshlagan ekan. Shundoq bo‘lsa-da, Salimjon ikkimizga birinchi safdan joy topa oldik. Birgalikda jum’a xutbasini tingladik, yonimda namoz o‘qidi. To‘g‘rirog‘i, men uning yonida o‘qidim.
Namozdan so‘ng Salimjon tokchadan Mushaf olib berishimni so‘radi. Taajjub! Ko‘zi ojiz qanday o‘qiy olardi. Eshitmagandek bo‘lib o‘tiraveray dedimu, og‘ir botishidan qo‘rqib, qo‘liga Qur’on tutqazdim.
- Kahf surasini ochib bering. Titkilab-titkilab, oxiri, mundarijasidan topib, kerakli sahifani ochib berdim. Qur’onni qo‘limdan olib, oldiga, lavh ustiga qo‘ydi-da, ojiz ko‘zlarini yumgan holda o‘qiy boshladi. Rabbim! U Kahf surasini to‘lig‘icha yod olgan edi! O‘zimdan uyalib ketdim.
Qo‘limga Qur’onni olar ekanman, vujudimni qaltiroq tutdi, o‘qiyverdim, o‘qiyverdim, ich-ichimdan qilgan gunohlarimni kechirishni so‘rab Allohga nola qilar edim. Oxiri o‘zimni tutib turolmadim, boshida bir-ikki tomchi ko‘z yoshi bilan boshlangan yig‘i endi avjiga mingan, butun borlig‘imni egallagan edi.
Masjidning u yer-bu yerida qolib namoz o‘qiyotgan odamlardan xijolat chekib, yig‘imni ichimga oldim, endi yig‘i bo‘g‘iq ingroqqa, hiqillashga aylandi. Sezmay qolibman, qarasam, ingichka, kasalmand qo‘llar yuzimni paypaslab topib, seldek oqib tushayotgan yoshlarimni arta boshlabdi. O‘g‘lim Salimjon! Yuragim to‘lib, quchog‘imga oldim, bag‘rimga uzoq bosib turar ekanman, xayolimdan shu o‘ylar kechdi:
- Sen ko‘r emassan o‘g‘lim!
- Ko‘zi ko‘r men ekanman!
Jahannam sari sudrayotgan bemaza daydilarga qo‘shilib, ular orqasidan quyuqib ketgan, ortiga bir marta bo‘lsa ham qarab qo‘ymagan otang ko‘r ekan!!! Uyga qaytdik. Xotinim Salimjonga juda xavotir olib turgan ekan, mening yetaklab kelayotganimni, jum’ani birga o‘qib kirayotganimizni ko‘rib xavotiri quvonchga aylandi, xursandlik cho‘qqisining eng oliy ifodasi bo‘lmish – sevinch ko‘z yoshlarini to‘kdi.
Shu kundan e’tiboran namozni doim masjidda o‘qiydigan bo‘ldim, eski ulfatlardan, eski joylardan oyoq uzib, masjiddan, mahalladan yangi do‘stlar orttirdim. Ular bilan birga bo‘lganda hech bir lazzatga taqqoslab bo‘lmaydigan iymon ta’mini, qalb xotirjamligini tota boshladim. Ko‘p narsa o‘rgandim, biror rakaat namozni qoldirmaydigan, Qur’onni bir oyda bir necha bor xatm qiladigan bo‘ldim.
Oilam, bola-chaqamga bo‘lgan ilgarigi sovuqlik, beparvolik ko‘tarilib, o‘rnini g‘amxo‘rlik, kuyunchaklik egallagan edi. Mushfiq rafiqamning qayg‘uli, mungli nigohlari ham qaytib kelmasga ketib, joyiga o‘ynoqi, quvnoq nigohlar kelgan, o‘zi ham ko‘rkam bo‘lib, hech mubolag‘asiz, o‘n yoshga yasharib ketgandek edi. Ayniqsa, o‘g‘lim Salimjonning yuzidan tabassum arimas, ko‘rgan odam uni dunyo xazinasini qo‘lga kiritgan deb o‘ylardi. Bularning barchasini ko‘rib o‘zimda yo‘q quvonar, bu ne’matlarni ato qilgan Rabbimga shukrlar qilar edim. Haqiqiy saodat endi meni o‘z og‘ushiga olib, erkalay boshlagan edi. Sal o‘tmay bir kuni o‘rtoqlarim uzoqroqqa da’vatga boradigan bo‘lishib, meni ham taklif qilishdi. Istixora qilib, xotinim bilan maslahatlashdim, uzoqqa, ancha vaqtga ketayotganlarini aytib, uning javobini kutar ekanman, rad javobini olsam kerak deb o‘ylagan edim, aksi bo‘lib chiqdi. Xursand bo‘lib ketib, safarga tayyorlanishimga unday boshladi.
Avvallari turli huda-behuda qilinadigan safarlarga ayoliga mutlaqo maslahat solmaydigan odamning o‘z yostiqdoshi bilan qilayotgan birinchi mashvarati edi bu. Salimjonning oldiga borib, safarga ketayotganimni bildirdim, ingichka qo‘llari bilan bo‘ynimga osilib men bilan vidolashdi. Safarimiz uch yarim oyga cho‘zildi. Bu vaqt ichida fursat topgan paytimda uyga telefon qilib, ayolim, bolalarim bilan gaplashib turdim, ularni juda sog‘ingan edim, ayniqsa Salimjonni.
Qiziq, qachon telefon qilsam yo masjidga, yo maktabga ketgan bo‘ladi, kechqurun qilganimda uxlab qolgan bo‘ladi. Ayolim mening unga bu qadar bog‘lanib qolganimni eshitib kular, telefon ortidan bo‘lsa ham uning yuzlari yorishib ketayotganini ko‘rgandek bo‘lardim. Faqat qaytishimizdan bir-ikki kun ilgari sim qoqqanimda odatdagi kulgusini eshitmadim, ovozi ham o‘zgargandek edi.
- Salimjonga mening nomimdan quyuq salom ayting.
- Xo‘p. Xudo xohlasa.
Va nihoyat, safar ham qarib, uyga yetib keldim, eshikni qoqdim. Bolalarim, ayolimga bir quchoq sovg‘a-salomlar bilan, undan-da ko‘proq sog‘inch bilan eshikka qarab turdim, ana, hozir Salimjon eshikni paypaslab bo‘lsa ham topib o‘zi ochadi! Biroq, eshikni hali to‘rtga kirib ulgurmagan kenja o‘g‘lim Xolid ochdi. Yerdan ko‘tarib olar ekanman, u: "Dadajon, dadajon" deb bir nima demoqchi bo‘lardi. Uyga kirayotib, o‘zim ham tushunmayman, birdan yuragimni bir narsa siqqandek bo‘ldi. "Shayton vasvasasidan O‘zing asragin" Shu o‘yda ichkariga yurdim, istiqbolimga rafiqam chiqdi, yuzi allanechuk siniq, ko‘zlarida ham mung qotgandek.
Unga tikilib qarar ekanman, so‘radim:
- Tinchlikmi? Nima bo‘ldi sizga?
- Hech. Birdan xayolimga Salimjon keldi.
- Salimjon qani?!
- Chetga qarab boshini egar ekan, yuziga issiq, yirik yoshlar yumaladi. Shu payt Xolid o‘zining hali to‘g‘rilab ulgurmagan chuchuk tili bilan: "Dadajon. Talim atam dannatga tettila. Olloga" degan gapini eshitdimu, karaxt bo‘lib turgan yerimda qotib qoldim. Qulog‘im tom bitdi, boshqa nima deyishganini bilmayman. Faqat xotinimning o‘krab xonadan chiqib ketganini ko‘rdim. Keyinchalik bildim.
Qaytishimdan ikki hafta burun Salimjonni to‘satdan bezgak tutib, isitmasi ko‘tarilibdi, ayolim tezda kasalxonaga olib boribdi. Isitma avjiga minib, o‘z otasining mehridan necha yillar mahrum bo‘lgan, bir marta bo‘lsa-da "o‘g‘lim" degan ovozni eshitmagan, boshlarini silaydigan ota qo‘lini sezmay o‘tgan o‘g‘lim Salimjon kasalxonada, onasi qo‘lida, ingichka qo‘llarini unga uzata-uzata jon taslim qilibdi.