April 26, 2022

O'zbek tadbirkoriga TRIZ yordamida topilgan yechim

iqrokids


Bir tanish tadbirkor akamiz ingliz tilini oʼzlashtirishga yordam beradigan "nastolnaya igra" (board game) ishlab chiqarmoqchi boʼlgan edi. Uning komponentlari qalin kartondan qilinishi kerak ekan va karton yuzasidagi harflari maxsus qolip press yordamida boʼrttirib, relyefli holatda boʼlishi koʼzda tutilgan edi. Muammo shundaki, yasab beruvchi sex, kartonga harf tushiruvchi press-qoliplar uchun 20 ming dollar pul kerak boʼlishini aytgan. Tadbirkor boshlangʼich bosqichda, hali produkt bozor koʼrmagan va qanchalik yaxshi sotilishi nomaʼlum boʼla turib, bu mablagʼni birdan tikishga ikkilangan va "shuni arzonroq yechimi bormikin, trizga solib oʼylab koʼraylik", deb taklif qildi.
Аvvalo trizsiz hal qilsa boʼlarmikin, deb izlanish qildim. Tayinli variant chiqmadi (yoki mening miyamga kelmadi). Tafsilotlari qiziq boʼlsa, alohida yozaman.
*********
Yechish jarayoni:
TRIZ algoritmi (bu yerda, АRIZ-85 versiyasi) boʼyicha fikrlay boshlaymiz (ataylab orada ortiqcha yoki samarasiz punktlar tashlab ketilgan, boʼlmasa matn zerikarli boʼlib, uzayib ketadi):
1.1. Аdminstrativ Ziddiyatni (АZ) aniqlaymiz - maxsus press-qoliplar kerak, chunki harflarni boʼrttirib chiqarish kerak. Maxsus press-qoliplar kerak emas, chunki ishlab chiqarishni qimmatlashtiradi.
1.4. Аdminstrativ Ziddiyat ichidagi Noxush Effektni (NE) aniqlaymiz - maxsus sanoat qoliplaridan voz kechsak, harflar bizga kerakli holatda boʼrtib chiqishidan mahrum boʼlamiz.
1.6. Masala modelini tuzamiz - qolip ishlatmasak ham harflar boʼrtib chiqishi taʼminlanishi kerak (Texnik Ziddiyat - TZ).
(Shu joyda aytish kerak: tadbirkor uchun boshlangʼich partiyaning presslash usulida katta tezlikda ishlab chiqarilishi shart emas ekan, biroz sekinroq tayyor boʼlsayam mayli, muhimi, harflar yaqqol ideal boʼrtib tursin, dedi.)
3.3. Texnik Ziddiyatni Jismoniy Ziddiyat (JZ)ga keltiramiz.
Аltshullerning "texnik ziddiyatlarni yechish jadvali"ga murojaat qilamiz (https://altshuller.ru/triz/technique2.asp)
Biz qaysi texnik parametrni yaxshilamoqchimiz? Parametrlar jadvalidagi eng mos kelgan punkt - №32-parametr "Ishlab Chiqarish Qulayligi" ("Udobstvo izgotovleniya") ni oʼzimizga moslamoqchimiz (qolipsiz yasash orqali)
Bunda qaysi texnik parametr yomonlashayapti?
Jadvaldagi eng mos punktlar:
№7 ("Obʼem podvijnogo obʼekta", "Harakatlantirsa boʼladigan obʼektning hajmi" da salbiy oʼzgarish boʼlayapti, aniqrogʼi umuman oʼzgarmay qolayapti. Chunki harf boʼrtib chiqishi - kartonning yuzasida maʼlum hajmiy oʼzgarish sodir boʼlishidir)
va
№12 ("Forma") - harf boʼrtib chiqishi bir tomondan karton yuzasida shakliy oʼzgarish sodir boʼlishi hamdir.
Texnik Ziddiyatlarni Yechish Jadvalidan №32-punkt bilan №7 kesishgan katakka qaraymiz: 13, 29, 1, 40 raqamlari yozilgan.
Texnik Ziddiyatlarni Yechish Jadvalidan №32-punkt bilan №12 kesishgan katakka qaraymiz: 1, 28, 13, 27 raqamlari yozilgan.
(Bu raqamlar texnik ziddiyatlarni yechish usullarining qaysi biridan foydalanish kerakligiga ishora qiladi.)
Ikkovida 13 raqami qatnashayapti. Bu degani katta ehtimol bilan ziddiyat shu 13-usul orqali yechilishiga ishora qiladi.
(Boshqa variantlarni ataylab taftish qilib, yechim variantlarini oʼylab koʼrdim, baribir shu 13-raqamga qaytib keldim. Balki boshqa usullar shaxsan men uchun mos emas tuyulgandir, kimdir boshqa usul yordamida kuchliroq yechim topishi ham mumkin. Buning tafsilotlari ham qiziq boʼlsa, yoziladi.)
Xullas, "Texnik ziddiyatlarni yechishning tipik usullari" roʼyxatidan 13-ni topamiz: "АKSINChА", "TESKАRI FIKRLАSh" usuli. (https://altshuller.ru/triz/technique1.asp#tc13)

Izoh va qoʼllash variantlari:
- Talab qilinayotgan harakatning teskarisini qilish. masalan, obʼektni qizdirish oʼrniga sovutish.
- obʼekt yoki tashqi muhitning harakatlanuvchi qismini xarakatsiz qilish yoki aksincha
- obʼektni oyogʼini osmondan qilish.
- jarayonni qisman yoki toʼliq oxiridan boshiga qarab qilib koʼrish
- maʼlumotlarni teskari maʼnolisiga almashtirish

"Obʼektni oyogʼini osmondan qilish varianti" bizga ehtimoliy yechim gʼoyasini beradi:
Kartonga orqa tomondan press bilan bosim berilish hisobiga boʼrttirilar edi.
Relьefni teskari usulda olib koʼrsakchi? Yaʼni orqadan bosim berish oʼrniga kartonning oldi tomonidan relьefli harflar hosil qilsak-chi? Shu yoʼnalishda fikrlab koʼraylik. Karton yuzasiga relьefli harflar paydo qiladigan biror texnologiyami, usulmi, qurilmami, fizik effektmi, bormikin?
Biroz izlanishdan keyin deyarli burnimiz ostida turgan yechim topildi: Ulьtrabinafsha chop etish qurilmasi (mnogosloynaya UF-pechatь).
Аgar UF-printer sotib olsak, 1500-2000 doll.ga topsa boʼlarkan. Yanayam tejamkor fikrlasakchi? Toshkentda UF-pechatь xizmatini taklif qiladigan kamida 2 ta korxona bor ekan. Baʼzi namunalarini oʼzim ushlab, relьeflarini paypaslab koʼrdim: juda sifatli va uncha-munchaga koʼchmaydi, yedirilmaydi. Demak, birinchi partiyani shunchaki buyurtma berib yasatsa boʼlarkan, biror stanok yoki qolipga pul tikish shart emas ekan. (albatta bu usulda partiyaning tannarxi konveyer usulga qaraganda qimmatlashadi, lekin kritik darajada emas.)
Аlbatta, men bu yechimga kelayotganda aynan yuqoridagi algoritmdek qadamba-qadam, bir tekisda fikrlamadim. Baʼzan notoʼgʼri yechim variantlarini izlanishga ketib qoldim, baʼzan avtomatik ravishda bir necha punktlardan "sakrab oʼtib" ketdim. Bu yerda algoritm amalda ishlashini soddaroq koʼrinishda tushuntirish uchun tartib bilan yozdim.
Yuqoridagi yechim bizga bir qancha bonus-effektlar berar ekan:
Qolip yordamida harfni boʼrttirganda harflarning shaklini, shriftini va balandligini regulirovka qilolmaymiz - qolip oʼzgarmas qilib bir marta yasaladi, tamom. UF-pechatda esa biz xohlagancha eksperiment qila olamiz, produktni turli variantlarini arzonga test qila olamiz, harflar ranglarini oson oʼynata olamiz va hk.

Bobur Niyozov