September 11, 2024

10,000 metrlik ichki kurash: Ko’rinmas manzara

10 km marafon. Ba’zi odamlar buni poyga deyishadi, lekin bu yerda gap faqatgina yugurishda emas. 1 soat davomida to‘xtamasdan yugurish… bu qanchalik oson ko‘rinmasin, buning ortida ko‘proq narsa bor. Bugun sizlarga qanday qilib bu sinovni yengganimni aytib bermoqchiman.


Marafondan oldingi tun. Birinchi marta qatnashishim edi. Quora, Reddit — soatlab maslahatlarni o‘qib chiqdim, nimani qilish kerak-u nima qilmaslik kerak izladim. Soat 11 da uxlay boshladim, ammo tungi uyqu men uchun haligacha yetib kelmagan mehmon edi shu tuni. 12 bo‘ldi, soatga qarayman. Ko‘rganlarimni, o‘ylaganlarimni hech kim bilmasdi. Hech kim.


Marafon boshlanishiga yarim soat bor. Volontyor bo‘lib ishlayotgan xitoylik yigitga yaqinlashdim. Oddiy savollar: yo‘lni qanday topaman, telefon bilan birga yugura olamanmi. U menga sinchiklab qaradi va kimligimni anglab yetdi. Birinchi marra uchun yugurayotganimni. Ko‘p gaplashmadik.


Marafon boshlandi. Ilk kilometrlar ko‘p o‘tmasdan, 60 kishilik guruhdan 10 nafarlik guruh ajralib oldik. Ular oldinga intilgan sari, men o‘zimning rejamga sodiq qoldim — birinchi kilometrlarni o‘rtacha tezligimda yugurishim kerak edi. Mening poygam ularning poygasidan farq qilardi: bu, avvalo, o‘zim bilan kurash edi.


6-kmga yetganda, poyganing yarmiga kelib qoldim. O‘zimni 6-7-o‘rinlarda ko‘rdim va bu menga quvonch bag‘ishladi. Lekin 7-kmda noto‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishlari tufayli qimmatli 3 daqiqamni yo‘qotdim. Shu fursatda 3-4 kishi mendan o‘tib ketdi. Ko‘nglimdan o‘tdi: "Endi qanday qilib o’tib olaman yana?"


Ammo umidsizlikka tushishga vaqt yo‘q edi. Yig‘ilib qolgan energiyamni ishga solish vaqti kelganini his qildim. Qiyaliklar, har xil yuzali yo‘llar — barchasi bir lahzada orqada qolishi kerak edi. Men tezligimni oshirib, poygaga yana qaytdim.


Oxirgi kilometrlarda to‘xtamaslik, davom ettirish va tezlikni ushlab turish eng og‘ir sinov edi. Har bir qadamim og‘ir, ammo muhim edi. Ko‘z oldimdan oxirgi 150 kunimda yugurgan har bir kunim o‘tdi: oyoqlarimdagi doimiy jarohatlar, har kunlik 40-50 daqiqalik yugurishlar, yomg‘irda telefonimni buzganim, kimsasiz stadionda o‘zbekcha qo‘shiqlar ostida parvoz qilganim, shaxsiy muammolarim, mag‘lubiyatlarim — hammasi ko‘z oldimda jonlandi. O‘sha lahzada menga tanlov qolmagandi: susayish yoki to‘xtash — bular haqida o‘ylashning o‘zi mumkin emasdi.


Qolgan 3 km masofa — og’ir chiqishlar va tushishlarga to‘la edi. Lekin har bir kilometr bilan men to‘xtagan yoki sekinlashgan raqiblarimdan 5-6 daqiqalik farqni yo‘qotib, 3-o‘ringa o‘tdim. 1 va 2-o‘rin egalari esa allaqachon bir necha daqiqa oldinda edi, lekin men endi ortga chekinishni o‘ylamay qo‘ygandim.


Vanihoyat, marra ko‘rindi. Lekin ikki pushti futbolkali yigit allaqachon marraga yetib kelgan edi. Men oxirgi kuchlarimni yig‘ib, marraga yetib kelganimda, faqatgina qo‘limga varaq(bejik) va tugatganim uchun beriladigan medalni oldim. O‘sha volontyor yigit hayratlanib: “Sen menga birinchisi deb aytganding-ku?” dedi. Men esa varaqchaga qaradim va "3-o‘rin" degan yozuvni ko‘rdim. Ko‘nglim to‘lgancha medalga qaramasdan, bu hayotimdagi unutilmas xotiralardan biri ekanligini his qildim.


Bu 10 km marafon men uchun qiyin emasdi, chunki har kuni 8 km yugurishga o‘rgangan edim. Ammo birinchi marta bu kabi uzoq davom etadigan marafonda qatnashishim va kutilmaganda sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritishim men uchun katta g‘urur edi.


Yugurish men uchun jismoniy mashqdan ko‘ra, ruhiyatimni sinovdan o‘tkazadigan har kungi kurash. Har bir yugurish — ichki ovozim bilan bo‘lgan dialog. Har kun yugurish turish — ichimdagi kurashlar, shaxsiy o‘ylar va umidsizliklar bilan yuzma-yuz turish. Har bir qadam esa kelayotgan og‘riq va qiyinchiliklarga tik qarash.


Bu 6 oylik to’xtamasdan ko’p yugurish odati menga bir narsani o‘rgatdi — yugurish, shunchaki harakat emas. Bu ichki kurash, o‘zim bilan kurash. Hech kim bilmaydigan, ko‘rmaydigan, faqat his qilinadigan.

Samandar, 11-Sentyabr, 2024