August 1, 2020

"Eng rostgo'y odam" — Baron Myunxauzen

Bookvamper

Tong. Bir tomonda qoldirilgan ishlarim, tugatilmagan kitoblarim, yana bir tomonda, Dorianni Garri rom etmoqda, Genri og'aning shaftolisi. Nimadir o'qishim kerak edi. Kitobjavonimni ochdim. Birdan ko'zimga zambarak o'qida uchayotgan bir bashang kiyingan odam ko'rindi. Shu paytda o'zimga, kel, Samandar biroz bolalar adabiyotiga qaytamiz dedim. Va afsuslanmadim.

Bu kichikkina kitobcha Baron Myunxauzen nomli qahramonning juda qiziq voqealaridan tarkib topgan. Siz Myunxauzen bilan doim sayohatga chiqasiz, gohida oyga uchasiz, oydagi odamlarni "kimdirlar"ga o'xshatasiz, pishloqli shaharga borasiz, zambarak o'qlarida uchasiz, baliqlar oshqozonida sayohat qilasiz, xullas, mazza qilib, zavqli mutolaani o'tkazasiz.

Bu kitob jo'shqin kayfiyatni, mardligu sofdillikni va biron 1-2 soatlik maroqli sayohatni sizga hadya etadi. Bu asar Defoni Gulivveridek ramzlar bilan qorishgan emas, Bredberi og'adek fantastika ostiga chuqur falsafani qo'shib qo'ymagan, Bulgakov amakidek, kulish uchun satira yo'lidan ketmagan, shunchaki komediya va zavq. Bori shu. Kitobxon bir-bir shu zinani ham yo'qlab turishi kerak, haqiqatlarni achchiqligidan, muhit ta'siridan, alamu iztiroblardan birozga bo'lsa ham, xoli bo'lmoq uchun, shu zina hamisha takrorlanishi kerak. Xuddi, biz katta bo'lib ketishimiz sari, yoshlikdagi suratlarimizni kulib, eslab turganimizdek.

Qiziqarli joyi shundaki, Myunxauzen to'qima emas. To'g'ri, balki hikoyalari ishonib bo'lmasdir, ammo o'zi bor. XVIII-asrda yashagan Myunxauzen, avvaliga Rossiyadagi ishida keyin Turkiyaga qarshi urushda faol bo'ladi va Germaniyaga qaytib borgach, mana shu kabi hikoyalarni hammaga ayta boshlaydi. Erix Raspe esa, shu kabi hikoyalarni to'plab, ushbu asarni yozadi. Myunxauzen kinematagrafiyada ham juda ko'p sahnalashtiriladi.

Bundan tashqari bu qo'limdagi kitobda "Alisa Mo'jizalar mamlakatida", "Zolushka", "Olovgul" va "Dyumchaxon" ertaklari ham o'rin olgan. Xudo xohlasa, ular haqida ham yozarman. Men ushbu kitobchani hamma kitobxonlarga ayniqsa, jajji uka-singillarimizga va depressiyaga sho'ng'ib ketganlarga tavsiya qilaman.

Meni ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimda ham, kuzatib boring:
Telegram | Facebook | Instagram