April 29, 2020

Yilqilar tirilinglar yoxud "Bibisora"(Sobir O‘nar) qissasiga taqriz

Bookvamper

"Men qorni och odamdan ko‘ra, ma’naviyati qashshoqlarga ko‘proq achinaman. Chunki och odam bir bo‘lak non yoki bir dona meva bilan qornini to‘ydirishi mumkin, biroq ma’naviyatsiz odamning to‘ydirish ilojsiz."
- Federiko G. Lorka

⁉️Nahot, biz yilqilar bo‘lsak?..

📝Zamondosh yozuvchilarimizdan biri bo‘lmish, Sobir O‘narning kichkinagina "Bibisora" qissasi yozilganiga mana 10 yil bo‘libtiki, uni ko‘pchilik tushunmay, qissa tugallanmay qolgan deydi. Bugun siz bilan rostan ham tugallanmagan yoki tugagan bo‘lsa, qay alfozda qaysi xitobda tugallanganini ko‘rib chiqamiz.

🔰Sovet davri. Qishloq. Jahongir - 8-9 yoshdagi quvnoq va samimiy bolakay. Jahongirning amakisi Sulton bilan To‘lg‘onoy yaqinda turmush qurishlari kerak edi. To‘ygacha bilasiz, yoshlar "Oshiq Ma‘shuqona" maktublar almashishadi, orada pochtachidan olib, amakisiga maktub yetkazuvchi bizni Jahongir edi. Kutilgan to‘y bo‘ldi, endi Jahongir doimo amakisini o‘yiga borar, yangasi bilan o‘ynar edi. U yangasini olamdagi eng chiroyli ayol deb o‘ylardi, bir kuni To‘lg‘onoyning singlisi Bibisora bilan tanishdi. Bibisoraxon Jahongirjonni qalbiga "o‘q uzgandi". Lekin bolaning baxtiga "qora plashli qorasoqol" chegachi chol uni ikki bor yo‘lini to‘sdi. Biroz vaqt o‘tdi, chegachi chol yo‘qolib qoldi. Maktabdagi jismoniy tarbiya darsiga tarix o‘qituvchisi kirayotgandi, endi yangi o‘qituvchi Faxriddin keldi, tarix o‘qituvchisi qutuldi. Faxriddin chegachini o‘g‘li edi. Qush uyasida ko‘rganini qiladimi? "Ma‘naviyatli" o‘qituvchi kimni yo‘ldan ozdirgan va kimlarni ozdirmoqchi? Jahongirni yangasi bilan Faxriddinni nima bog‘lab turibti? Faxriddin nega Jahongirni maktabidan ketib aynan Bibisorani maktabiga bordi? Fahshni xalq yana jim kuzatib turadimi? Hech kim "Mana men!" demaydimi? Siz o‘qib ko‘rsangiz, bo‘larkan(mi)...

🖋Asarni yoshgina qishloqi bolakay tilida sofgina bayon etilishi bir soat kitobxonni mutolaaga "mixlab" qo‘yadi. O‘qilishi juda ravon va jo‘n. Balki shunisi o‘quvchini aldar?..

📃Qissadagi yomon obrazlar - chegachi chol va Faxriddinlarni yozuvchi ko‘p tasvirlab turmaydi, shunchaki "qora plashli kiyimda" deya ta‘rif bera qoladi. Ma‘lumki, qora - yomonlik ramzi. Ular bir tomondan ma‘naviyatsiz ham edi. Ota totalitar tuzumning qattollaridan biri, o‘g‘il esa, "mehribon va dono murabbiylardan" edi. Ota bemalol kishilarni so‘yayaypti, o‘g‘il qizlarni aldab, nomusidan ayirtiryapti. Naqd ikkita qiz qarmoqqa ilindi, endi uchinchisi edi. Nima bu "kattalarni" hech kim sezmadi, bilmadi deb, o‘ylaysizmi? Yo‘q, hamma-hamma biladi! Lekin bir mard yo‘qki, ularga qarshi chiqsin, qasdga shaylansin. Shuni ko‘rib turgan Jahongir lol-u hayratda, qani ajdodlarning buyuk g‘ururi? Kim, nima olib ketdi? Shu ma‘naviyatsizlarmi?

📄Asar epigrafi shunday edi:

"Ularda dard va iztirob ne qilar, Ular faqat kishnab yurgan yilqilar."

🕯Qizlarini, aka-ukalarini hayotini barbod etishyapti, nahot ular dard, iztirob tuyishmasa? Bu dunyoga faqat "kishnab" yurish uchun keldilarmi? To‘xtang, ular to‘g‘rirog‘i, biz xalq yilqilar(otlar to‘dasi) bo‘lsak-a?!

🔔"Yaxshi inson bo’lish, insoniylik boshqalar nomusini ham o’z nomusidek muqaddas va muborak hisoblashdan boshlanadi. Har bir kishi avvalo, o’z akasi, singlisi yoki turmush o’rtogini o’ylashi lozim." - Ahmad Lutfiy Qozonchi

❔Hozirgi zamonda nega oldingidan ko‘p qizlarimiz aldanyapti, yomon yo‘lga kiryapti bilasizmi, chunki biz bu jamiyatda faqat "kishnab" yuribmiz, qornimiz to‘q, ustimiz but bo‘lsa, biz baxtlimiz! Qani insoniylik, qani musulmonchilik? Aynan mana shu xitoblar bu qissada jaranglab turadi.

〽️E‘tibor bergandirsiz, taqrizni boshidan juda ko‘p savol alomati("?")ni ishlatdim. Buning sababi asarning ruhiyati shunday, qissasini tugatib ham bu ruhiyat qani qissasini davomi deydi. Qissani davomini siz yozasiz aziz o‘quvchi! Qani, siz yo‘l qo‘yib berarmikinsiz, ko‘ramiz. "Bibisora" - yosh qizlarimiz ramzi. "Faxriddin" - ma‘naviyatsiz insonlar ramzi.

〰️Bu qissasi ma‘naviyatsizlik quturib ketganda, jamiyat ularga qarshi kurashmog‘i kerak deydi. Zero, ma‘naviyatsiz jamiyat - tomsiz uy.

Gar jamiyatga beparvo bo‘lsa kishi bilsinki, u jamiyat a‘zosi sanalmas, illo!

"Qirga chiqdim. Atrofda hech kim yo‘q. Tavba, bo‘kirib yig‘lasang ham, birov nima bo‘ldi, deb, so‘ramaydiy-a?"

Telagram.me/Bookvamper

Meni ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimda ham, kuzatib boring:
Telegram | Facebook | Instagram