Huzurbaxsh azob, quvonchbaxsh g‘ussa.
MITTI FIKRLAR
DOSTOYEVSKIY. Uning romanlari iblisni ham ma’yus torttiruvchi masxaraomuz obrazlarga boy.
FLOBЕR. U meni zerikishdan ham go‘zallik topishga o‘rgatdi.
Edgar PO. Sfinksni yaratish uchun u anatomiyani o‘rgandi. O‘zidan keyingi avlodlarni hayratga sola olgani siri ham shunda.
TOLSTOY. Biryukov qalamiga mansub “Tolstoyningtarjimai holi”ni o‘qib, “Iqrornoma” va “E’tiqodim qanday?” asarlariga yolg‘on aralashganini payqaysiz. Lekin biror kimsaning yuragi ushbu yolg‘on muallifi Tolstoyning yuragichalik tepmagan. Uning yolg‘oni ba’zilarning haqiqatidan ko‘ra zalvorliroq, negaki, yurak qoni-la bitilgan.
IKKI FOJIA. Ochiqlik, ro‘y-rostlik Strindbergning fojiasi edi. Tolstoy hayotining fojeiyligi esa, qanchalik achinarli bo‘lmasin, yopiqligi, sirliligidadir. Shu bois uning umri Strindbergnikidan ko‘ra og‘irroq fojia bilan yakun topdi.
NOSIR. Eng yaxshi nosir — ko‘pni ko‘rgan, ko‘zi pishgan shoir.
G‘URUR. Biz o‘zimizda yo‘q sifat bilan faxrlanishni xush ko‘ramiz. Masalan, T. olmonchani yaxshi biladi, biroq ish stolida faqat inglizcha kitoblar turadi.
IQRORNOMA. Inson batamom iqror bo‘lishga qodir emas. Ayni choqda, iqrorsiz o‘zlikni to‘liq namoyon etish ham mahol. Russo harchand urinmasin, “Iqrornoma”sida dilidagini to‘liq to‘kib sololmaydi. Merime harchand ichki olamini sir pardasi ila yopmasin, “Kolomba”da bilib-bilmay o‘zi haqida gapirib yuborgandek. Iqror adabiyotini to‘liq ta’rif-tavsif etib bo‘lmaydi.
MЕN. Menda vijdon emas, asab bor.
PUL. Yetib turganidanmi, unga befarqman.
ZOLIM. Zolimni zolim deb atash hammavaqt xavfli bo‘lgan. Bugunga kelib, ajabki, qulning qul ekanini ham aytib bo‘lmay qoldi.
QULLIK. Qullikdan ozod bo‘lish — ongdagi mutelikni yo‘qotish demak. Lekin jamiyatimiz uningsiz bir kun ham yashay olmaydi. Hatto Aflotunning “Respublika”sida ham qullikka o‘rin bor.
KUCHLI VA ZAIF. Kuchli odam dushmanidan emas, do‘stidan qo‘rqadi. U dushmaniga tap tortmay, mardona tashlanadi-yu, do‘stiga nogoh ziyon yetkazishdan cho‘chib, yosh bola holiga tushadi. Zaif kimsa esa do‘stdan emas, dushmandan qo‘rqadi, shu bois dardi-xayoli g‘animda bo‘ladi.
AXILLЕS. Yunon qahramoni Axillesning eng qaltis joyi — tovoni edi. Demak, Axillesning tovoni haqida bilmay turib, uni bilib bo‘lmaydi.
GINAXONLIK. Muso dedi: Nay chalib berdik, o‘ynamadingiz. Ular dedi: Dardli qo‘shiqlar aytdik, yig‘lamadingiz.
O‘RTAMIYONALIK. O‘rtamiyona asar, har qancha mahobatli bo‘lmasin, xuddi darvozasiz uyga o‘xshaydi — eng oddiy talabga ham javob bermaydi.
MODDIY BOYLIK. Moddiy boylikdan mahrumlar ma’naviy boylikdan ham mahrumdir — ikki ming yil avval shunday edi. Hozir ahvol boshqacha — moddiy boylik egalari ma’naviy boylikdan mahrumdirlar.
BAHS. Qirqoyoq: “Qani yurib ko‘r-chi”. Kapalak: “Qani uchib ko‘r-chi”.
BOLALAR. Nega yosh bolalarni yaxshi ko‘ramiz? Chunki ular bizni aldamasligiga imonimiz komil.
TABIAT. Nechun tabiatni sevamiz? Negaki, tabiatga hasad begona.
IKIR-CHIKIRLAR. Hayotda baxtiyor bo‘lmoq uchun kundalik ikir-chikirlarni sevmoq lozim. Bulutning quyosh nurida tovlanishi, bambukning shiviri, chumchuqlar chug‘uri, o‘tkinchilar qiyofasi — bunday kundalik mayda-chuydalardan bahra ola bilmoq kerak. Shularni yaxshi ko‘rganlar ular tufayli qiynaladi ham. Baqato‘n qoplagan hovuzga sakragan baqa azaliy mung-anduhni buzdi. Biroq o‘sha baqaning o‘zi chuqur mung-anduhni his etgandir balki. Basyo hayoti aslida rohat-farog‘atga to‘la edi, biroq atrofdagilar nazdida u nuqul azob-uqubatda yashadi. Biz ham kichikkina narsadan huzurlanish uchun o‘sha kichkina narsadan azoblana bilmog‘imiz lozim. Kundalik ikir-chikirlar tashvishini chekmay baxtga erisholmaymiz. Bulutning yal-yal tovlanishi, chumchuqlar chug‘ur-chug‘uri… va shular osha jahannam azobini ham ko‘rmoqlozim.
TЕNTAK HAYOTI
Hayot haqida
Hayot bamisoli gugurt qutisi. Unga jiddiy munosabatda bo‘lish o‘taketgan bema’nilik, pisand qilmaslik esa — xavfli.
Hayot — varag‘i yirtib olingan kitobga o‘xshaydi. Uni to‘kis deb bo‘lmasa-da, u baribir tugal.
Hayot — murakkab. Faqat zo‘ravonlikkina murakkab hayotni oddiy qila oladi. Shu bois ham madaniy odam, basharti tosh asri kishisidek o‘ylasa, bahs-munozaradan kuch ishlatishni afzal ko‘radi. Hokimiyat, asli, qonuniy zo‘ravonlik. Odamlarga hukmronlik qilishga, ehtimol, zaruriyat bordir. Ehtimol, yo‘qdir.
Insoniylik
Nechog‘li achinarli, hayratlanarli tuyulmasin, insoniylikka ta’zim bajo etishga jasoratim yetmaydi. Boz ustiga, ancha-muncha hollarda insoniylikdan nafratlanaman — yashirib nima qildim, bu haqiqat. Gohi insoniylikka mehr-muhabbat ham tuyaman. Bu chindan-da mehr-muhabbatmi? Balki muhabbat emas, rahm-shafqat, hamdardlikdir. Harholda insoniylik kishini o‘ylantirmasa, hayajonga solmasa, hayot chidash mushkul azob, naqd jinnixonaga aylanib qolardi. Oqibat esa mudhish bo‘lardi — inson Svift kabi telbaga aylanardi. Aytishlaricha, Svift aqldan ozish arafasida daraxtning qurigan shoxiga termulib “Men xuddi ana shu og‘ochga o‘xshayman, barisi boshdan boshlanadi”, deb shivirlagan ekan. Shuni eslasam, vujudimni qo‘rquv, titroq bosadi. “Svift singari daho bo‘lib tug‘ilmaganimga ming bor shukr”, deya ich-ichimdan suyunaman.
Oqqush tulumi
U batamom kuchdan qolgach, tarjimai holini yozishga qaror qildi. Ammo daf’atan bu ish oson emasligini anglab qoldi. Unga xudpisandlik, o‘ziga ishonchsizlik va ehtiyotkorlik xalal berar edi. Shuning uchun ham u o‘zidan nafratlana olmasdi. Boshqa tomondan, “teri shilinsa, tagida yana shunday teri buladi degan fikr boshida aylanardi. Barcha tarjimai hollarga She’riyat va haqiqat” deb sarlavha qo‘yish mumkin deb o‘ylardi u. Boz ustiga badiiy asar hammani birdek ta’sirlantirmasligini u yaxshi bilardi. Yozganlari o‘ziga o‘xshagan, uningdek hayot kechiradigan kishilar qalbidagina aks sado berishi mumkin.
U ana shunday kayfiyatda edi. Shu bois “She’riyat va haqiqat”ini muxtasar qila qoldi. U “Tentak hayoti”ni yozib bulgach, nogahon oqqush tulumini ko‘rib qoldi. Oqqush boshini baland kutarib turar, sarg‘ayib ketgan qanotlarini esa kuya yegan edi. O‘tmishini yodga oldi, tomog‘iga achchiq nola tiqilganini his etdi. Oldinda uni tentaklik va xudkushlik kutardi. Tunda, ko‘chada paymonasi to‘lishini sabr ila kutishga qaror qildi.
Monarxiya
Ushbu voqea XVII asrda Fransiyada ro‘y bergan. Bir kuni Burgundiya gersogi abbat Shuaziga bunday savol beribdi: “Karl Oltinchi kalta o‘ylaydigan odam edi. Sizningcha, buni qay tarzda yotig‘i bilan, yumshoqroq qilib bildirsa bo‘ladi?” Abbat javob beribdi: “Men lo‘nda qilib, Karl Oltinchi kalta o‘ylaidigan odam, degan bo‘lardim”. Abbat Shuazi o‘sha javobini o‘z hayotidagi eng mardonavor qadam deb hisoblar va shu bilan faxrlanib yurarkan.
XVII asrda Fransiya monarxiya ruhi bilan to‘yingan esa-da, bu latifani unutib yubormadi. XX asrdagi Yaponiya o‘sha davr Fransiya monarxiyasidan zarracha bo‘lsin qolishmaydi. U na shodlik va na baxt keltiradi.
Saydi Umirov tarjimasi