May 13, 2020
Vulfning "anatomiyasi"dan iqtiboslar
Tomas Vulfning "Yolg‘izlik anatomiyasi" hikoyasidan iqtiboslar:
- Yolgʻizlik baʼzi odamlar uchungina xos boʻlgan alohida hodisa emas, balki u borliqning asosiy, muqarrar voqeligidir.
- Yolgʻizlik jamiki iztirobimizning yagona manbasi.
- ...shuhratparastlik va manmanlikni yengishning eng yaxshi yoʻli – yolgʻizlik.
- Aslida biz – yolgʻizlar oʻz-oʻziga boʻlgan shubhaning qurbonlarimiz. Mutassil tanholikda yashash norasoligidan uyalish hissini tugʻdiradi, xavotirning shiddatiga dosh berib boʻlmaydigan toshqini mudom ustingga yoprilib kelaveradi, qarovsizliging, eʼtibordan olisliging salomatligingni yemirib, oʻzingga boʻlgan ishonchni yakson etadi.
- Odam yolgʻiz yashay olishi uchun dilida ruhoniyning komil eʼtiqodi yangligʻ Xudoga astoydil ishonchi boʻlishi lozim. Koʻnglida shunday ishonchi boʻlmagan odamga yolgʻizlik lahzalarini yashab oʻtish nihoyatda ogʻir.
- Yolgʻiz kimsaning qalbi hamisha ogʻir shubha-gumonlar, tushkunlik va sarosima iskanjasida oʻrtanadi, u esa nigohi va aqlidan yashirin qutulish yoʻlini topolmay ovvorayi sarson boʻladi.
- Shunda hayot yoʻqlik aro yoʻqlik tomon harakatlanish ekanini tuyadi; haqir va xarobligi, mahkumligiga iymon keltiradi – unga umidlar vaʼda qiladigan xaloskor tong endi hech qachon otmaydi.
- Yendi u oʻz haqiqati haqida soʻzlaydi; mayli, butun dunyo ogʻzini yopmoqchi boʻlib, “yolgʻon aytyapsan” desin – baribir oʻz haqiqatini ishonch bilan soʻzlayveradi. Mustahkam ishonchning tantanavor daqiqalarida shuni eʼtirof etishim kerakki, men Yolgʻizlikni dunyodagi har qanday odamdan koʻra yaxshi bilaman va teran his etaman. Uni mening tugʻishgan jigarim deb atamoqqa haqqim bor, axir haqiqatda shunday-ku!!!
- Yolgʻizlikning asl qiyofasini
- ...yolgʻiz odam – aslida tragik odam. U hamisha, hech ogʻishmay, vafodorlarcha hayotni sevgan, xursanchilikni sevgan odamdir. Bunday daʼvo aslo mantiqqa zid emas, zero, bir shartning mavjudligi yana bir boshqa shartning ham mavjudligini taqozo etadi.
- Inson tragediyasining mohiyati teatr qonunlariga xos boʻlgan konfliktlarda emas, yolgʻizlikda jamlangandir. Aniq bilamanki, buyuk tragik yozuvchilar (men tragediya yozuvchilari haqida gapirmayapman. Koʻp xalqlarning peshanasiga bitmagan – jumladan, fransuzlar va rimliklarga ham nasib etmagan (Vergiliy va Rasin bor-yoʻgʻi tragediyaning ulugʻ ustalari, xolos) – tragik yozuvchilar xususida soʻzlayapman. Misol uchun: Iov, Sofokl, Dante, Milton, Svift, Dostoyevskiy) doimo yolgʻiz boʻlgan, ular hayotsevar va baxt qadrini chuqur his qiladiganlardan edi. Shodlikning haqiqiy maʼnosi va qiymatini faqat ulugʻ tragik yozuvchilarning ijodidagina koʻrish mumkin. Boshqa manbalarda uning haqiqiy va samimiy tasvirini topish dushvor.
- Oʻlim va yolgʻizlik hissi, mudom zoʻrayib boruvchi ogʻriq, ruhiy qiynoqlarning ogʻir yuki inson uchun aslida goʻzal va fojeli, nihoyatda qadrli bir Sevinchdir. Goʻzallik lahzalardagina sodir boʻladigan gʻanimat hodisa. U seniki boʻlgan onlarning umri nihoyatda qisqa, bir umr yoningda olib qololmaysan. Yoʻqotishlar alami yetaklab kelgan goʻzallikning achchiq zavqqa qorishgan, fojeaning salobati bilan ogʻirlashgan lahzalarida asl tragik shoir Quvonch qoʻshigʻini ijod etadi. Goʻzallikni oʻzing bilan mangu olib qololmasangda, goʻzallikdan yaralgan bu qoʻshiqni mangu asrashing mumkin. Quvonch qoʻshigʻI koʻtarinki emas, aksincha, maʼyusdir. Chunki baxt degani unga ega chiqqan lahzangdanoq tugaydi. Biroq oʻtkinchi baxt aynan uni barbod qiluvchi taʼsirdan goʻzallik va ulugʻvorlik yaratadi – shoirga uning azizligi ham mana shunda
- Tragik shoir asl sevinch gʻamdan, yolgʻizlikdan koʻrk olishini yaxshi tushunadi, ogʻriq qancha taxir boʻlsa, quvonchning yuzi ham shuncha charogʻon. Koʻngildagi sevinch yo masrurlik hissi hamisha oʻlim muqarrarligi, oʻlim zulmati bilan birga yashaydi. Baxt ham foniylik va hechlik tuygʻusi bilan qorishgan.
- Qadimgi Ahdda ifodalangan yolgʻizlik gʻoyasining qamrovi juda keng. Bu qamrov mohiyatini Yangi Ahdnni oʻqigach, yanada koʻproq tushunish mumkin. Eski Ahd borliq yolgʻizligining solnomasi boʻlsa, Yangi Ahd hayotga muhabbat xabari boʻlib akslanadi. Mana qarang, Iso ming marta, ming xil uslub bilan faqat bir gapni takrorlaydi : “Men – oʻz Otamning oʻgʻliman, sizning barchangiz – birodarlarimsiz!” Bunday birodarlik yer yuzini bir oilaga aylantiradi, barcha odamlar – yaratganning bolalaridir, demakdir bu. Ushbu daʼvatda insonlarga nisbatan muhabbat yashirin.
- Zero, hayotning mohiyati muhabbatda emas, yolgʻizlikdadir.
- Axir muhabbat oʻz mazmuni boʻyicha biz yashayotgan dunyo iqlimiga mos tushmaydi. U bir noyob va nozik gul. Goh-goh gul ifori bizni sarmast qilib, umidimizni ruhlantiradi, yolgʻizlikning qalin va qora devoridan tirqish yasab, tor xonamizga bostirib kiradida, birodarona kayfiyatga, yakdilikka chorlaydi. Gohida esa muhabbatdan topganing faqat ozor va azob, ogʻriq va zavol boʻladi. Muhabbat koʻngilni chilparchin qilib, oxir-oqibat savdoyiga aylantirishi ham hech gapmas. Muhabbat nima uchun qalbimizga tashrif buyurmoqda – hayot yo oʻlim uchunmi, baxt yo baxtsizlik uchunmi? ; nimani inʼom etadi – muzaffariyat yo mahrumiyatnimi – afsuski, yer yuzidagi insonlarning hech biri buni oldindan aytib berolmaydi. Biroq bir narsa aniq: barchasining yakunida, mangu yakunda biz chorasiz, bevatan, bemakon va benavo kimsalarni muqarrar Yolgʻizlik kutadi. U sodiq doʻst misol horgʻin va xayrixohona qiyofasi bilan bizga peshvoz chiqadi.
- Yolgʻizlik bizning mangu yoʻldoshimizdir.
- Yolgʻizlik abadiy, shu bilan birga oʻtkinchidir.