Sevish va sevilish - buyuk omadli baxt yoxud "Ma‘suma"(Fyodor Dostoevskiy) hikoyasiga taqriz
Bookvamper
❗Majburlatib sevdirish mumkin emas. Lekin sevdirib majburlatish mumkin.
✏Fyodor Dostoevskiy “Mas’uma”sini 1876-yili yozgandi, uni o’zbek tiliga Tohir Malik tarjima qilgan. Bu xayoliy hikoya yozuvchining ta’biriga bilan aytganda, aslida hayotiy hikoya. Qo’shiqda aytilganidek, “Garchi xayol o’zi haqiqat…”.
📃Uyingizga suv havzasini qilmoqchisiz, havza uchun ma’lum joy qazdingiz, lekin suvi o’zi bo’lar, deb kutmaysiz-ku. Zotan, hamma narsa avval beriladi, keyin berilganga yarasha oladi. Asardagi qahramon ham “Ma’suma”ni yomon turmushdan qutqardi, lekin mehr bermadi, endi o’zi ehtirom va qadr istamog’i qanday vaj? To’g’ri, sevardi, ammo unutmaslik kerakki, bu avom ishqda sevgini bilintirmaslik, sevgini tuymaslikka olib keladi. Qiz juda ham pok va g’ururli edi, bekorga “Ma’suma” deya ta’rif berilmaydi. Harchand urinmasin, u qalbi istamagan insonni seva olmasdi. Bizni qahramon asli juda sabrli va sukut saqlovchi kishi edi, “ichimdagini top” kabilardan. Unga hayot hamisha zarba bergan, endi shuncha olgan zarbaga yarasha mukofot ham olishim kerak, deb o’ylardi. Afsuski bu yuzaki xulosa edi, tartibda avval 1 ni yozasan, keyin 2 ni yozasan, u esa, men 1 ni yozmay, 2 ni yozsam ham bo’ladi, dedi. Aksiomani anglamaslik, bu hayotni tushunmaslik. “O, qabihlikni odam a’lo darajada tushunadi!“
🔅Quyosh chiqishini kutsang, kutsang, keyin anglasangki, senga tundagi oy lozim, faqat tunidagi bulutlar yo’qolsa, bas. Ammo shu onda birdan qizigan quyosh chiqsa, undan yuz o’girib bo’lmasa, kerakmassan desang, na ovozing bilinadi, na qarshiliging seziladi. “Ma’suma” quyosh unga emasligini angladiyamki, birdan bizni qahramon vulqon otilishidek, o’z hislarini namoyish etdi. “Sendan boshqa hech nimani, hech nimani so‘ramayman, menga javob berma, bor-yo‘qligimni bilmasang ham mayli, faqat burchakdan o‘g‘rincha qarashimga izn ber, meni biron bir buyumingga, mayli, kuchukchangga aylantirib ol”. 16 yoshli munis qiz sevmagan insonini baribir sevaman, bir kun baribir sevaman deya, o’zini aldadi, va’dalar berdi, lekin angladiki, u va’dasida turolmaydi. “Ma’suma” qalbning nazdida yagona zarar bermay, bu holatdan chiqishning yo’li – bu o’zi joniga qasd qilmoq edi. “Yiqilishi ham beozorgina bo‘lgan – hech yeri sinmagan, yorilmagan. Faqat shu «bir hovuch qon». Ya’ni bir qoshiq degani. Ich-ichidan qalqqan.”
✅Sevish va sevilish – buyuk omadli baxt, omad esa, hammaga kulib boqmaydi. Balki shuning uchun ham ko’pchilik sevgilar bir tomonlama bo’lgandir? Lotereyani qancha yutdim deya, o’zingizni ishontirsangiz ham, sizga lotereyaga qo’yilgan sovg’ani berishmaydi, axir, yutuq raqam bilan sizni raqamda farq bor-ku. To’g’risini tan olish kerak, bo’lmasam, faqat qiynoq va azoblar ildizi bo’lib qolamiz. O’ylang, sevgilingizga siz bilan yaxshimi yo o’zi xushlagan “oyi” bilanmi? Xudbinlik qilmang, aslo, axir, bu yerda so’z sizning ikkinchi bo’lagingiz haqida ketmoqda. “Boshqani sevib qolsangmi? Mayli, rozi edim! Sen u bilan yurib kularding, men bo‘lsam ko‘chaning bu betida turib kuzatardim…”
🛡Ko’p qayg’urmang, axir, sevmagan insoningizni sevgisiga rozi bo’lib, uni ma’lum vaqtgina xushnud qilasiz, keyin esa, azobdan tugal boshqa hech narsa berolmaysiz. Agar siz ham, “Ma’sumadek” vulqonga duch kelsangiz, irodangiz yetmasa ne ajab?
🔮Xayrulla Hamidov so’zi bilan aytganda: Yolg’on baxt jonimga tegar gohida, Haqiqiy armonga kon’gil tislanar.
📌Qanday bo’lishidan qat’iy nazar, haqiqatni tan olish va uni unutmaslik kerak! Ko’p yolgo’nning oxiri voy-dod. “Hamma narsa o‘lik, hamma yerda jonsiz murdalar. Faqat odamlar, atroflarini sukut o‘rab olgan – Yer shundan iborat. «Odamlar, bir-biringizni seving!» Buni kim aytgan!?”
📋 Iqtiboslar:
- “Nima deb boshlasam ekan, tushuntirish juda og‘ir. O‘zingni oqlashni boshlasang – tushuntirish og‘ir kechadi.”
- “…ezguliklar odamning faqat ko‘kragidagina qolgan…”
- “Arzon olijanoblik hamisha yengiltak bo‘ladi.”
- “Yer yuzidagi barchadan nomusliroq bo‘lganingiz holda jamoatga ablah sifatida ko‘rsatilgan yorug‘ yuzli odam, qayerdasiz?”
- “Ayollarda originallik yo‘q – bu isbot talab etmaydigan haqiqat, hatto hozir ham bu men uchun isbotsiz haqiqat!”
- “…biz yaramas odamlarmiz, haqiqatga chidolmaymiz, agar gapimni yolg‘on desangiz, bilmadim, qanday odam ekanmiz.”
- “O, bu yorug‘ olamdagi haqiqat naqadar dahshatli!”
- “O, bu sho‘ri-g‘avg‘o, taqdir va tabiatning istehzoga to‘la sho‘ri-g‘avg‘osi edi! Bizga qarg‘ish tekkan, odamzotning hayoti (jumladan meniki ham) qarg‘ish ostida qolgan.”
- “Cho‘qqidagilarni qandaydir kuch pastga, tubsiz jarga tortib turadi, deydilar.”
- “Aytishlaricha, o‘limga mahkum etilganlar so‘nggi tunda qattiq uxlar ekanlar. Tabiatan shunday bo‘lishi kerak, yo‘qsa odamning irodasi dosh berolmay sinishi mumkin.”
- “Endi esa yana bo‘sh xonalar, yana yolg‘izligim… Ana soat kapgiri tiqillayapti, unga nima, rahm, shafqat degan narsani bilmaydi. Endi hech kim yo‘q – ranju alamim ham shu!”
- “…jannat yaratib berardim, bilmayman. Jannat qalbimda edi, chor atrofingni jannat bilan o‘rardim. Sen meni bari bir sevmas eding, xo‘sh, nima qipti? Hammasi o‘sha holda bo‘lardi, o‘sha holda qolardi.”
- “Jaholat! O, tabiat! Yer yuzidagi odamlar yolg‘izlar – alam qiladigani shu!”