Jon - Andrey Platonov
- Nazar, odamlar nega buncha uzoq uxlashyapti? — deb so‘radi.
- Uxlayverishsin... Hali-zamon ular albatta uyg‘onishadi tiriklikka.
Sizam baxt haqida ko‘p o‘ylaysizmi? To‘g‘ri-da, ko‘pchiligimiz bu hayotda baxtli yashashni istaymiz va baxtni izlashga haqlimiz.
Bugun baxtini izlayotgan qalblar haqidagi "Jon" asarini gurunglashamiz. "Jon" - Andrey Platonovning eng yaxshi asarlaridan biri bo‘lib, u dunyo bo‘ylab anchagina mashhur. Kitob nashri 1935-yilda va Platonov rossiyalik yozuvchi ekanligini aytsam, balki siz "iya, buyam kommunizm yoxud sotsializmni alqagan kitoblardan biri emasmi" demasligingiz amrimahol. Ha, bu o‘sha davr va o‘sha mavzuga daxldor narsalar haqida yozilgan, zero, usiz balki ilojiyam bo‘lmasdi. Lekin Platonov orqavarotdan ayni o‘sha g‘oyalarga nafratini asarda ko‘rsatgan ham. Va balki shuning uchun ham bu roman 1999-yilgacha senzurasiz hech chop etilmadi? Bu kitob ma‘lum ijtimoiy narsalar va g‘oyalar haqida emas, umuminsoniy ko‘lamdagi asar. Roman o‘zbek tiliga Sharifjon Ahmad tomonidan silliq va katta mahorat bilan o‘girilgan. Tarjimonga tashakkur.
Ozgina nima bo‘lishi haqida
Nazar Chig‘atoyev Moskva institutini tamomladi, endi o‘z xalqini ko‘rishga va ularni birlashtirishga tirishdi. Uning elatini nomi - Jon edi. Ya‘ni, har yerdan to‘p-to‘p bo‘lib yig‘ilgan "yetimlar". Odamlar orasida o‘zini va ma‘nosini topmagan odamlar elati. Nazar qaytdi, lekin elatini tezda topmadi. Qidiruv. Topdi: ular haddan ortiq beparvo edi. Ularda hech qanaqa umid izi ko‘rinmasdi. Chig‘atoyev bu elatni birlashtirish uchun yagona ma‘lum maqsadga ergashtirmog‘i kerak edi. Lekin ular och edi. Nazarning urinishlari zoya ketdi, va u endi xalqini to‘yintirib, keyin tushuntirishni ko‘ngliga tugdi. Ular suv izlashdi. Ular yemish izlashdi. Ular qon ichishdi. Ular go‘sht yeyishdi. Ular to‘yishdi. Nazar yana ulardan sado kutdi. Ular jim edi. Nazarni nuri ham so‘nayozgandi. Charchadi va uxladi. Erta tongda ular yo‘q. Hikoya tugamadi, hali davomi bor, uyog‘ini o‘zingizga havola qilaman: Jon qavmi "tiriladi"mi? Nazarning "nuri"-chi? Umuman, baxt topiladimi?
Jon haqida
Jon - bu turkman xalq maqoli bo‘lib, ya‘ni to‘lig‘i quyidagicha, "Jon - saodat yo‘llarida sarson qalbdir." Buni soddaroq qilsak, baxtini izlayotgan qalb bo‘ladi. Kitobni o‘zi ikkinchi nomi - "Soul", ruh yoxud qalb degani.
"- O‘limga buncha shoshmasanglar-a?
- Qalblarimiz hayotdan uvishib qoldi."
Ko‘pchilik bu kitobni o‘qigan kitobxonlar Jon elatini jonidan bo‘lak hech narsasi yo‘q ekani uchun asar shunday nomlandi deyishadi. Ha, jismoniy jon. Menimcha, jismoniy emas, ruhiy jonni nazarda tutgan ko‘proq Platonov. Ya‘ni, biz faqat jismoniy holati tirik insonni emas, baxtini izlab-izlab, quvvati qolmagan ruhni ham ko‘ramiz. Ular ma‘nan nimanidir orzu qilishgan, istashgan lekin hech kim ularga buni ravo ko‘rmagan. Ular faqat material sifatidagi odamlar deya sanalgan. Shu zayl ruh ezg‘ilana, ezg‘ilana so‘na boshlagan.
"O‘z qavmi yashay boshlagan oddiy va yupqaqo‘l hayotdan Chig‘atoyevning baribir ko‘ngli to‘lmas, bebaxt bandaning zamirida tavallud pallasidan pinhon baxtu iqboli tashqariga yo‘l axtarib, nihoyat, harakatga do‘nishini va bu harakat barcha g‘ussalarini kunpayakun etajak bir tiriklik qudratiga mengashini istar edi. Bashariyatning umumtuyg‘usi ham, ilm-fan zakosi ham yagona va eng muhim shu narsa haqida qayg‘urmasmi, axir? Inson qalbida, yuragining olis puchmoqlarida muttasil urib, tashqi hurlikka talpinayotgan bandi ruhni, zindonband Jonni tezroq xalos etmoqqa oshiqmasmi ular ham? Ammo birpas hayallansa, mahbus bu polapon yurak changali ichra bo‘g‘ilib, mangu xor va zor qolmasmi?.."
Ruhni qanday tiriltirsa bo‘ladi?
Ruhni moddiyat va jismoniy lazzat orqali do‘ndirishga urinishdi. Shu urinishlar menga ramziy ko‘rinadi: cho‘l - umidsiz olam, suv - ma‘no, yemish - quvvat. Ma‘no va harakat bilan umidsizlikni yengish mumkindek. Lekin ular to‘yishgandan keyin ham tirilishmadi. Demak, yana biror narsa yetishmayotgandi.
Menimcha, bu kurashish, hamjihatlik va sevgi edi. Shu o‘rinda Dostoyevskiyni bir so‘zi xotiramda yarqiradi: "Biz o‘z yerimizda faqat azob bilangina, azob orqaligina chinakam mehr-muhabbatga noil bo‘lamiz. Biz boshqacha sevolmaymiz. Boshqacha muhabbatni bilmaymiz ham. Men sevmoq uchun azob chekishni istamayman."
Biz
Yana o‘sha savol: Bizga nima?
Umuman olib qaralganda, bizni Jon elatiga o‘xshash joylarimiz ko‘p. Biz ham moddiyat va jismoniy lazzatlarni izlashdan hech to‘xtamaymiz, va qaysidir yerimizdagi qalbni so‘ndiraveramiz. Natijada hammasi yolg‘on va ma‘nisizga do‘n(a)di, "birgalikda" deya boshlangan har qanday ibtido bizni qustir(a)di. Va bu hayotda hammasi ahamiyatsizga aylan(a)di.
Ko‘p gapirish shartmas: Siz ham intiling. Va mana shundagina nimadir "chirs" etadi.
Asardagi yana bir narsani yozuvchi xotimasi bilan aytsak-da, xayrlashsak:
"...so‘nggi madad o‘z ichingdan emas, aynan tashqaridagi boshqa odamdan kelib yetajagini tushunib yetdi."