Taqrizlar
January 24, 2021

"Muvozanat" haqida

Ulug'bek Hamdam romani

Ulug’bek Hamdamga simpatiyam borligi bor gap. Adashim va yolg’iz birodarimni o’ylari meni rom etgan. Ha, o’sha paytlarda men “1984”ni romantik kitob deyishim mumkin edi, ammo Ulug’bek Hamdamning asarlari meni boshqacha dunyoga tetapoyalagani, hissiyotlarim in’ikosini ko’rsata olgani bilan chap ko’ksimda qadrli. Hozir sizlarga uning “Muvozanat” romani haqida gapirib beraman, ishonamanki, siz “Zerikmalin” doringizni ichishga ulgurdingiz.

Xohlagan harakatlanayotgan narsada muvozanat bo’lmasa, u muvozanatsizlikka yo’liqadi. Bu hayotimizda juda ko’p muvozanatlar bor va balki bu muvozanatlar bizni yashashimizni, bizni yashashga bo’lgan ishtiyoqimizni ushlab turar. Har qanday ziddiyatlar biror narsa ustida bo’ladi, o’sha asosiy narsa haqida ikki xil fikrlovchi insonlar bo’lmasa, uning ahamiyati yo’qoladi. Deylik har doim tun bo’lgan, hamma odamlar bir-birini sevgan, hamma siyosatlar adolatli va hokazo. Mana shunda, azim hayotning baxtli onlari boshlanadimi? Yo’q, yo’q va yana yo’q. Og’ayni, biz mukammal emasmiz va mukammal nimadir bilan yashay olmaymiz.

Romanda bir necha muvozanatiga nazar solishimiz kerak bo’lgan jihatlar mavjud:

Odamlar

Men balog’at yoshiga yetilayotgan bolaman. Avlod vakili bo’lib ayta olamanki, men va mening tengdoshlarimni eng ko’p kelajak qiziqtiradi (Albatta, bu azaldan): Men kim bo’laman? Men qanday hayot o’tkazaman? Men kim bilan yashashni xohlayman? Men qayerda bo’lishni istayman? Va hokazo. Mana shu savollarga javob berishda ko’pchiligimiz muvozanatsizlikka yo’l qo’yamiz va bir kun kelib buning hisob(lar)ini to’laymiz. “- Men o’qituvchi bo’lmayman. Chunki o’qituvchida obro’-e’tibor kam bo’ladi. Mening otam advokat va men ham yuridikda ishlayman. Unda moshina bor, va uyimiz ijara emas. Yeganimiz oldimizda, yemaganimiz orqamizda.” Ha, tengdoshimning o’ylari bir tomondan to’g’ri, uning muddaosi to’kin hayot, yengil ro’zg’or va chiroyli joylar. Bunaqa narsalar hammaga yoqadi. Lekin afsuski, bizni ko’prikimizda bitta oyoq bilan o’tishni imkoni yo’q. Urinib ko’rish o’n ming so’m emas, bemalol. Faqat sizdan oldingi hamma bir oyoqlilar yo’li shu shuvillayotgan soyni to’lqin ketayotgan tarafi bo’lgan. Balki chap emas, o’ng oyog’imda urinib ko’rarman desangiz, men sizni xafa qilsam kerak: farqi yo’q, siz Said va Mirazim moddiyini tanlaysizmi, yoki Yusuf ruhini tanlaysizmi bari bir ikkalasini bir maromda saqlab yurmasangiz, muvozanat qonuni jazosini beradi.

Istaklar

Oltmish-yetmish yoshdan keyingi avlodni to’rtdan uch qismi ushalmagan orzular, yetishilmagan maqsadlarni, hayotini saroblarga ketkazganini o’ylab siqilishlarini ko’p bor shohidi bo’lganman. Bu siqilish katta bo’shliq jarligiga tashlaydi. Albatta, ushalmagan istaklarimizni qarigungachayam o’ylaymiz, lekin ungacha uning o’rniga nimadir malham topamiz. Ammo bu malhamni tezda-tezda almashtirib turamiz. Bu malham gohida “burch”, “majburiyat” so’zlari bilan hamohang bo’lishi mumkin. Bari bir, bo’sh jarlik – muqarrar.

Mustaqillikdan va yangi prezident saylanganidan so’ng, bizda e’tiqod erkinligi oshib bordi. Va mening ko’p moddiy va ruhiy sharoitlari yaxshi bo’lmagan sinfdoshlarim, o’rtoqlarim(va balki o’zim ham) dindan malham topishga urinishdi(k). Ularning bu urinishlaridan oldin yaqinlarini bo’lgan ishonchi – bo’sh baklashka, sevgan qizlariga yetishish – oyda yurish, ota-ona, ustoz va umuman, kattalardan e’tirof eshitish – (yetishilmagan) orzu edi… Albatta, taqvodor bo’laylik, lekin e’tiqodni qondirilmagan istaklarni parda ortiga surib turadigan narsaga aylantirgan odamlarni prototipi – Amirdek bo’lishdan saqlanaylik, istaklarimizni muvozanatda tutaylik.

Davlat

Davlatni qoloqlashtirmaslik uchun ham qaysidir muvozanatlarni unutmasligimiz kerak. “Kattalar”imizni qorni – yurt qorni bo’lishi xayoliy bo’lgani kabi, teng jamiyatni qurmay davlatni rivojlantirish imkonsiz. Yozuvchi buni tushuntirish uchun amaldor obrazidan yaxshi foydalanadi. Said boshqa mamlakatlar tizimini ko’rib, anglaydiki, uning bolasi va 50-yillarda qurilgan maktabda o’qiyotgan bola qachon bir qatorda bo’lsa, bu yurt chinakamiga siljishi mumkin ekan. Ha, u hammasini tushundi. Ammo bu ishlarni qilish uchun, o’rin bo’shatishi, bunday shinam hayotni sovg’a qilishi kerak. Shunda behostdan derazaga ko’zi ilindi, tushlik payti kirib qolgan, qorin och, bolalari bilan Eyfel minorasida tamaddi qilishmoqchi edi…

Asar kamchiliklari

Ixlosim bor degani, uni hamma kitoblarini xatolariga ko’z yumaman deganimas;) Bu roman haqida buni hamma o’zbek bolasi o’qishi kerak degan fikrlar ham aytilgan. Albatta, siz men kabi tojik bo’lmasangiz ham, bu kitobni o’qishingiz shartmas deb o’ylayman. Roman sizga oldinlari eshitmagan kuyingizni aytsaydi, men sizga “канешна, tavsuyu” desam. Endi men mustaqillikdan keyingi iqtisodiy muammolar paytida ulg’aymaganim sababdir asar davri menga simpatiya bermaydi. Menimcha, bu kitobni juda sevib o’qiganlar o’sha davr tuzini totganlar. Qiziqarlisi, farqimiz 10 yilchadir.

O’zbek adabiyoti tomonidan olib qarasak, yaxshi roman. Ammo ozgina ko’proq tushuntirishga harakat qilganmi, tasvirda ranglar qalinroq. Undan keyin asarni ikkinchi bor o’qishingiz kerakmas deb o’ylayman. Chunki ko’proq xulosalarni yozuvchi kitobxondan “asragan”.

So’ngso’z

Hikoya biz uchun noyob emas, shuning uchun bu safar hikoyaga emas, asosan asar ma’nolari haqida yozdim. Muvozanatga intiling, men kabi kechgi 3 gacha nimadirlar yozib uyqu muvozanatini buzmang, kitobsimiruvchi og’ayningizni kuzatib boring.