GRAF TOLSTOY FOJIASI
Yer yuzida buyuk rus yozuvchisi, graf Lev Nikolayevich Tolstoyni bilmaydigan mamlakat boʻlmasa kerak! Hayotiy muammolar va insoniy munosabatlarga qiziqqan kitobxon borki, uning asarlarini katta qiziqish bilan qayta-qayta oʻqib chiqadi. Tolstoy asarlarini har gal, qayta oʻqiganingizda yangi-yangi maʼno topasiz, hayratga tushasiz. Shuning uchun ham u buyuk-da... 1851-yilda Lev Nikolayevichning akasi − armiya zobiti Nikolay Nikolayevich 23-yoshli yigitni Kavkazga borishga koʻndirdi. Tolstoy Terek daryosi boʻyidagi stan-siyada uch yil yashab, Kavkazning Kizlyar, Tiflis, Vladikavkaz kabi shaharlarini aylanib chiqdi. Ayni bir vaqtda Kavkazda davom etayotgan harbiy harakatlarda avvaliga koʻngilli tarzda, keyinroq harbiy xizmatga qabul qilinib, ishtirok etdi. Kav- kaz tabiatiyu kazaklar hayotining patriarxal darajadagi oʻta oddiyligi bilan dvoryanlar doirasidagi keskin tafovut boʻlajak yozuvchining “Kazaklar” (1852-1863) avtobiografik povestiga juda boy manba berdi. Kavkaz taassurotlari adibning “Bosqin” (1853), “Oʻrmon kesish” (1855) va keyinroq yozilgan “Hojimurod” (1896-1904) povestlarida juda qoʻl keldi. 1854-yilda Qrim urushdagi ishtiroki yozuvchining urush va inson erkinligi mavzusida yanada chuqurroq mushohada yuritishga turtki berdi. Tolstoyning “Sevastopol hikoyalari” turkumidagi asarlari xuddi shu paytda paydo boʻla boshladi. Besh yillik harbiy xizmatdan soʻng isteʼfoga chiqqan Tolstoy tugʻilgan joyi − Yasnaya Polyanaga qaytdi. 1857-yilda esa chet el safariga joʻnadi. Fransiya, Italiya, Shveysariya, Germaniyada boʻlgan yozuvchi u yerda bolalar tahsiliga naqadar eʼtibor berilayotganiga guvoh boʻlgan edi. Shu sabali 1859-yilda oʻzi tugʻilib oʻsgan qishloqda dehqon bolalari uchun maktab ochdi. Bu mashgʻulot unga shu qadar maʼqul keldiki, Yevropa maktablari bilan tanishish uchun 1860-yilda yana xorij davlatlariga joʻnadi. Safardan qaytgach, 1862 -yildan “Yasnaya Polyana” pedagogik jurnalini nashr eta boshladi. Oʻsha yili u moskvalik shifokorning 18-yoshli qizi Sofya Andreyevnaga uylanib, uni Yasnaya Polyanaga olib keldi. Bu yerda toʻla-toʻkis oilaviy va xoʻjalik ishlariga berilib ketdi. Xuddi shu davr adib hayotining osudaligi, ruhiy koʻtarinkilik va yangi ijodiy davri boʻldi. 1865-yilda “Russkiy vestnik” jurnalida “Urush va tinchlik” romanining birinchi qismi nashr etildi. Tolstoy ongidan yuz bergan oʻzgarishlar 1880-yillardan keyin yozilgan asarlaridagi qahramon hayotida aks eta boshladi. Uning badiiy asarlari qatorida bir necha diniy-falsafiy traktatlari paydo boʻldi. Tolstoyning xristian dini qoidalariga hech ogʻishmay amal qilishga chaqirgani jamiyat tomonidan juda katta shov-shuvlar bilan kutib olindi. Dunyoni oʻzgacha tushunish va xristianlik haqidagi yangi tasavvurlar doirasida Tolstoy cherkovning davlat bilan yaqinlashuvini tanqid qildi. Bu esa uning pravoslav cherkovi bilan munosabatlari yoʻqqa chiqishiga olib kelib, 1901-yilda muqaddas sinod Tolstoyni cherkovdan mahrum qildi. Xuddi oʻsha paytlarda xususiy mulkka munosabati oʻzgargani yozuvchining shaxsiy hayotida ham keskin oʻzgarishlar yasadi. Oʻziga qarashli barcha mol-mulkidan voz kechishi oila aʼzolari va ayniqsa, rafiqasining keskin noroziligini keltirib chiqardi. “Haqiqiy sanʼat odamni poklaydi va birlashtiradi”, deb hisoblagan adib, endi Yasnaya Polyanada ana shu birlashuvni topa olmay qoldi. Oilaning tinchi yoʻqolgan edi. 1910 yilning 12 oktyabrida xotini Sofya Andreyevna tasodifan erining maxfiy kundaligini topib oldi. Sofya Andreyevna oʻta rashkchi ayol edi. Kundalikni varaqlagan Sofya Andreyevna erining maxfiy vasiyatnomasi borligidan boxabar boʻldi. Umr boʻyi adibning shaxsiy kotibasi va sakkiz nafar bolaning onasi boʻlmish ayolga bu chidab boʻlmas holat sifatida koʻrindi. Uning sababini tushuntirishlar Tolstoy uchun qanchalik ogʻir boʻlganini shundan bilish mumkinki, yozuvchi Yasnaya Polyanada boʻlgan hamkasbi Mixail Novikovga uyidan ketishga qaror qilganini bildirgan. Lev Tolstoy serfarzand boʻlgan. Uning xotini ham, oʻgʻil-qizlari ham “asarlar” bitgan. Bu xonadonda “yozish” hamma uchun sevimli mashgʻulot sanalgan. “Urush va tinchlik” muallifining farzandlari shu tariqa koʻplab hikoyalar, qissalar ham yozishgan. Grafning xotini hatto roman ham yozgan. Ammo ularning hech qaysisiga Lev Tolstoydek boʻlish nasib qilmagan. 28-oktyabrga oʻtar kechasi u rafiqasiga uzundan uzoq maktub bitdi. Birgalikda “48-yillik halol hayoti uchun” xotiniga minnatdorchilik bildirdi. 28-oktyabr kuni ertalab Sofya Andreyevnaga erining maktubini berishdi.“Mening ketishim, sening qalbingni oʻkinchga soladi”, degan soʻzlarni oʻqigan xotini azbaroyi tushkunlikka tushganidan oʻzini hovuzning muzdek suviga otdi. Uni qutqarib olgan boʻlishsa-da, ammo ahvoli ogʻir edi. Bu paytda Lev Tolstoy oʻzining oilaviy shifokori Dushan Makoviskiy kuzatuvida Rostov-Don yoʻnalishidagi poyezdda ketardi. Oktyabr oyining soʻnggi kuni Astapovo stansiyasida oʻta baland haroratli Tolstoyni poyezddan tushirdilar. Uning oʻpkasi shamollagan edi. Yetti kun stansiya boshligʻi Ivan Ozolinning uyida yotgan yozuvchi oʻziga kelmay vafot etdi. 10-noyabr kuni dunyo sevgan adibni Yasnaya Polyanada dafn etdilar.