Hikoyalar
September 5, 2020

Pul sanayotgan odam. Eshqobil Shukur

“Faqat pul, pul!”
Deya kuldim men.
Biroq bir lahza o‘tmay
Sezib qoldim
O‘zim ham pul haqda o‘ylayotganimni.
Isikava TAKUBOKU

Bugun uning tug‘ilgan kuni... Tasodifni qarangki, uning qizi aynan shu kuni, iyunning o‘n yettisida tug‘ilgan. U bugun yigirma yettiga, qizchasi esa yetti yoshga to‘ladi. Uyda qo‘shaloq bayram. Qancha do‘stu yorlar ularni tabriklagani kelishadi. Ayniqsa, qizchasi rosa yayraydi. Sho‘x-shaddod, bir gapirib o‘n kuladigan bu qizaloq har gal yangi yil bayramidan so‘ng “Mening tug‘ilgan kunim qachon keladi?” deb so‘rayverib, ota-onasini bezor qilib yuborgan. Ular uchun yilda ikki katta bayram bor: O‘ttiz birinchi dekabr oqshomi va iyunning o‘n yettisi...
Xotini ertalab unga tort olib kelishni tayinlagan edi. Qiziga atalgan sovg‘alarni ular tunov kun xufiyona tayyorlab qo‘yishgan. Bu sovg‘alarni ko‘rgan qizaloq yeru ko‘kka sig‘may qoladi. Ayni shu kuni qizini juda baxtiyor, shodu xurram ko‘rish maqsadida u keyingi haftalar ichida tinmay yelib yugurdi, kechani kunduzga urib ishlab, mablag‘ to‘pladi. U metroning o‘zi yurar zinalaridan pastga tushayotganida betoqatlik bilan juda shoshilayotganini his qildi. Lekin nima uchun shoshilayotganini o‘zi tushunolmadi. Kechga dovur hali vaqt ko‘p, hammasiga bemalol ulguradi. Shunday bo‘lsa-da, ichki bir bezovtalik, ruhiy notinchlik uni g‘ayriixtiyoriy tarzda shoshiltirardi. Qayoqqa, nimaga, nima uchun? U bu savollarga o‘zidan javob topolmasdi va javob izlashga toqati ham yo‘q edi.
Aksiga olib metroga tushgan zahoti u boradigan yo‘nalishdagi poezd g‘izillab jo‘nab ketdi. Mabodo... Mabodo, u shu poezdga ulgurib qolganida, bekatga bor-yo‘g‘i o‘n besh soniya oldinroq yetib kelganida, hademay o‘zi tushib qoladigan zalolat o‘pqonidan qutulib ketarmidi, balki...
U poezd yo‘lining lahmga kirish jo- yida tepaga o‘rnatilgan elektr soatga qaradi. Ehe, keyingi poezd kelguniga qadar hali besh-olti daqiqa kutish kerak. Xuddi shu besh-olti daqiqa unga cheksizday tuyuldi. Tablodagi soatda esa, zarhal nurlar bilan yoritilgan raqamlar imillashib bir-birlariga navbat berardilar. Lahzalar o‘z yukini tortolmay, adashib, holdan toygan karvon kabi ivirsir edi. “Shu besh-olti daqiqa o‘tmay qolsa-ya... Vaqt xuddi shu besh-olti daqiqaning ichida tinimsiz aylanaversa-ya...” — degan gumon uning ko‘ngliga yoqimsiz xavotir solib o‘tdi. U kecha qaysidir “oldi-qochdi” gazetada vaqtning to‘xtab qolishi, vaqt jarligi haqida allambalolarni o‘qigan edi. Unda aytilishicha, vaqt jarligiga tushib qolgan odamlar vaqtning boshqa o‘lchamlarida yashashar va g‘aroyib holatlarga tushib qolishar ekan.
U bahaybat marmar ustun yonidagi yog‘och o‘tirg‘ichga borib omonatgina o‘tirdi-da, yana nazorat soatiga qaradi; hali bir daqiqa ham o‘tmabdi. U marmar ustunga suyangan ko‘yi, uzun oyoqlarini oldinga uzatib, shimining o‘ng cho‘ntagidan bir bog‘lam pul chiqardi-da, agar pul sanab o‘tirsam vaqtning qanday o‘tganini sezmay qolaman, deb o‘yladi. Nima qipti, buyam bekorchilikdagi yana bir bekorchilik-da. Bog‘lamdagi pullar yuztaliklar edi. U sanay boshladi va pul sanayotganda ich-ichida qandaydir zavqu shavq paydo bo‘lib kelayotganini sezdi. “Bir ming bir yuz, bir ming ikki yuz, bir ming uch yuz...” U uzatgan oyoqlarini yig‘ib, boshini kelishgan keng yelkalari orasiga tiqib, yarim engashgan holda, tirsaklari bilan tizzalariga tayanib pullarini sanardi. Sanash jarayonida undagi bezovtalik va betoqatlik o‘rnini allaqanday hirsiy surur egallay boshladi. “Besh ming olti yuz, besh ming yetti yuz, besh ming sakkiz yuz...” U metro bekatida navbatdagi poezdni kutayotgan odamlarga, bir-birlariga hazil-huzul qilayotgan yigit-qizlarga, yo‘lkira haqqining ko‘tarilishi haqida kuyinib bidirlashayotgan ayollarga e’tibor ham qilmay qo‘ydi. “To‘qqiz ming yetti yuz, to‘qqiz ming sakkiz yuz, va nihoyat, to‘qqiz ming to‘qqiz yuz so‘m!” So‘ng u pullarni tekis taxlab, bir bog‘lam qilib bog‘ladi-da, pul changallagan qo‘lini havoda ikki uch bor silkitib qo‘ydi.
U yana soatga qaradi: uch daqiqa o‘tibdi. Poezd yana ikki daqiqalardan so‘ng keladi. To‘qqiz ming to‘qqiz yuz!!! Qaniydi shu pullar to‘qson ming bo‘lib qolsa... U sanayversa, sanayversa, sanayversa... Hech charchamasa, axir, pul sanashdan ham odam charchar ekanmi! Chunki, pul sanashning ham o‘z zavqi bo‘ladi. Pul sanayotganingda o‘zingni odatdagidan kuchliroq his qilasan. Yo yana sanasamikin?.. Bor pulini sanab bo‘ldi, boshqa sanaydigan sariq chaqasi ham yo‘q-ku. Bordi-yu, shu pulning o‘zini qaytarib sanayversa-chi?.. Kelgan joyidan, to‘qqiz ming to‘qqiz yuzning ustidan, o‘n mingdan boshlab sanab ketaversa-chi? Axir... bu o‘z-o‘zini aldash emasmi? Yo‘q narsani bor deb xom xayol qilishdan ne naf? Nima qipti, buyam bir o‘yin, buyam bir ko‘ngilxushligi. Odamlar bo‘sh vaqtlarini karta o‘ynab ham o‘tkazishadi-da. U pul sanab o‘z-o‘zini xursand qilsa, buning birovga ziyoni tegarmidi? Ha, buyam bir o‘yin, vaqtni tezroq, huzur bilan o‘tkazish uchun shunchaki bir o‘yin! Qolaversa, pul sanayotganda uni qiynayotgan betoqatlik yo‘qolib, qaytanga ko‘ngli yorishib, ko‘zlari yashnab boryapti-ku.
U bog‘lamdagi pullarini yana bir boshdan qayta sanay boshladi. “O‘n ming, o‘n ming bir yuz, o‘n ming ikki yuz... O‘n ming uch yuz...” Uning yoniga o‘rta yashar bir ayol kelib o‘tirdi. Ko‘rinishidan ayol shaharga mehmonga kelganga o‘xshar edi. Ayol yigitdan: “Bodomzor” bekatigacha qanday boriladi?” deb so‘radi. U ayolning savolini eshitmadi, hatto uni payqamadi ham. Ayol poezd yo‘nalishini boshqalardan so‘rab bilish uchun o‘rnidan turib nari ketdi. “O‘n yetti ming uch yuz, o‘n yetti ming to‘rt yuz...” Shu payt poezd guvillab kelib, bekatda to‘xtadi. Moviy rangli vagonlarning barcha eshiklari baravariga ochildi. Metro bekati bo‘ylab yoqimli ovoz taraldi: “Paxtakor” bekati...” Yo‘lovchilar urinib-turtinib poezdga chiqa boshlashdi. U esa uzun barmoqlari orasidan ketma-ket sirg‘alib chiqayotgan pullarga qarab: “Yana ozgina qoldi, endi sanab oxiriga yetkazay”, deb sanashda davom etdi. Yoqimli ovoz yana ta’kidladi: “Eshiklar yopiladi. Keyingi bekat... Mayli ketaversin, hali uning vaqti ko‘p. Keyingi poezd bilan ketadi. “O‘n to‘qqiz ming yetti yuz, o‘n to‘qqiz ming sakkiz yuz!” Poezd jo‘nab ketdi. U esa, o‘yinni to‘xtatishni sira istamasdi. Allaqanday noayon zavq va surur uning butun vujudini egallab, ixtiyorini irodasidan tortib olayotgan edi. U o‘zini to‘xtatolmadi, o‘sha bir bog‘lam pulini yana bir boshidan sanay ketdi. “O‘n to‘qqiz ming to‘qqiz yuz, yigirma ming...” Qaniydi, u pul sanashdan sira to‘xtamasa... Sanayversa, sanayversa... Uning pullari millionlardan, milliardlardan oshib boraversa... U sanayversa... Jonning rohati ekan-ku, bu o‘yin. “Yigirma to‘rt ming uch yuz, yigirma to‘rt ming to‘rt yuz...”
Poezdlar har besh-olti daqiqada uni chorlab har ikki yonidan guvillab o‘taverdilar, uning esa o‘rnidan qo‘zg‘algisi ham kelmasdi. U muk tushgancha o‘z mashg‘ulotini davom ettirar edi. “Ellik besh ming bir yuz, ellik besh ming ikki yuz...” Uning dimog‘iga gupillab atir hidi urildi. Bir nozanin chap yonidan kelib, unga tiqilibroq o‘tirdi. Shunda uning xayoli bir chalg‘idi-yu, yana pul sanashga tushib ketdi. Boshqa payt bo‘lganda-ku, u qizga albatta e’tibor ko‘rsatardi, mulozimat ham qilib qo‘yardi. Axir, yigirma yetti yoshli har qanday yigit qo‘ltig‘i ostidan turtinib kelayotgan bir suluvga qarab qo‘ymay iloji yo‘q. Lekin, hozir u chalg‘imasligi kerak.
“Ikki yuz ellik bir ming ikki yuz, ikki yuz ellik bir ming uch yuz...” U tobora avjga minar va o‘zi qilayotgan ishidan juda rohatlanardi. Endi u puli bor-yo‘g‘i to‘qqiz ming to‘qqiz yuz so‘m ekanligini ham unutib qo‘ygandi. Uning vujudini, ruhini, ongini huzurli bir vasvasa butunlay egallab oldi. “Uch million bir yuz ellik ming yuz, uch million bir yuzu ellik ming ikki yuz...”

* * *

Kunlar ketidan oylar, oylar ketidan yillar o‘tib ketaverdilar. Poezdlar kecha-yu kunduz bir-birlariga qarama-qarshi tomonga guvillab o‘tishar, ushbu bekatda bir to‘xtab, nafas rostlab, yana o‘z manzili sari shamolday tinimsiz yelar edilar. Bora-bora hech kim, hatto metropoliten xodimlari ham bekatda, o‘tirg‘ich ustida muk tushgan ko‘yi pul sanab yotgan odamga e’tibor qilmay qo‘yishdi. U atrofdagilarni butunlay unutdi, atrofdagilar esa uni esdan chiqarishdi. “To‘qson million bir yuzu o‘ttiz ikki ming yetti yuz, to‘qson million bir yuzu o‘ttiz ikki ming sakkiz yuz...” U pul sanay turib, o‘zining tobora kuch-qudratga to‘lib borayotganini, endi bir hamla bilan juda ko‘p narsalarga ega bo‘lishi mumkin ekanligini chuqur his etardi. Bu esa uni yana va yana sanashga undardi. “O‘n milliard ikki yuzu ellik million ikki yuz, o‘n milliard ikki yuzu ellik million uch yuz...” U barmoqlari orasidan o‘ynab chiqayotgan son-sanoqsiz pullar timsolida haybatli qasrlar va koshonalarni, avtoyo‘llarda oqqushday suzib borayotgan eng qimmatbaho avtomobillarni, shohona bazmu jamshidlarni, unga sehrli ishvalar va diltortar nozlar hadya etayotgan, bittagina imosiga ilhaq turgan nozanin oyimchalarni, xullas, uning ko‘ngil istaklarining mukammal ijobatini ayon ko‘rardi. Egalik va Hukmronlik hirsi uni yuksaklarga ko‘tarar va mamnun etardi. U o‘zini shu dabdabayu as’asalar, kibri havoyu vasvasalar ustidan yagona hukmronday sezardi. “Ellik milliard besh yuzu yetmish million ikki yuzu yigirma ming uch yuz, ellik milliard besh yuzu yetmish million ikki yuzu yigirma ming to‘rt yuz...”

* * *

Uning soch-soqollari oqarib, yuzini ajinlar qopladi, ko‘zlaridan nur keta boshladi. Necha yillar o‘tibdiki, u metroning rutubatli bir bekatida, sip-silliq o‘tirg‘ichda o‘tirib, kecha-yu kunduz uyqu betini ko‘rmasdan tobora “semirib” ketayotgan raqamlarni sanardi... Sanardi... Avvalgi rohat, huzur, zavqu shavq va nafsoniy surur endi uning uchun og‘ir va mashaqqatli mehnatga aylanib borardi. U hovliqib, hansirab, go‘yoki eng muhim ishga ulgurolmay qoladiganday shoshilib... sanardi. Endi u nimaga, nima uchun va qanday maqsadda pul sanayotganini ham o‘zi bilmasdi. U o‘z hayotini yo‘qotib qo‘yganini ham anglay olmasdi. Faqat sanashi kerak, sanasa bo‘lgani, sanashda to‘xtasa bas, o‘ladi, tamom bo‘ladi, butunlay yitib ketadi. U buni yaxshi biladi. U o‘lmasligi kerak!
Poezdlar goho chinqirib, goho guvillab uning ikki yonidan yelib o‘tishar, millionlab yo‘lovchilar yer ostidan yer ustiga qarab shoshilishar, metro lahmlariga qamalib qolgan shamollar tash- qariga, tabiat va hayot sari intilishardi. U esa o‘zligini unutib, qartayib qolgan barmoqlari bilan pul sanardi. “Uch yuz milliard ellik million ikki yuzu o‘ttiz bir ming uch yuz, uch yuz milliard ellik million ikki yuzu o‘ttiz bir ming to‘rt yuz...”

* * *

Bir kuni u o‘ziga kulimsirab tikilib turgan bir bolaga e’tibor qildi. Yetti yoshlar chamasidagi bu bolaning beg‘ubor chehrasida hayot barq urardi. Uning katta-katta samimiy ko‘zlari chiroyli kulib turardi. U shunda o‘zi unutib yuborgan, bir paytlar o‘zi yashab ko‘rgan o‘zga bir hayot, boshqa bir olam bor ekanligini g‘ira-shira eslaganday bo‘ldi, qotib qolgan ko‘nglida nimadir qo‘zg‘aldi. Lekin, changalidagi titilib, idrab qolgan pullarga ko‘zi tushishi bilanoq, tag‘in o‘z ishiga kirishib ketdi. U yana hisobdan adashmadi. Mabodo, shu damda sanoqdan yanglishib ketganida... Yo‘q, yo‘q, u chalg‘imasligi kerak. Boshqa hayot bo‘lsa bordir, ammo uning ishlari ko‘p, allaqanday mayda-chuydalarga chalg‘ib, o‘z vazifasidan kecholmaydi.

* * *

U kundan-kun qarib-qartayib, tobora kuch-madordan qolib borardi. O‘tirgan holatda ham uning oyoqlari dirillab, pul sanayotgan qo‘llari qaltiraydigan, beli va yelkalari zirqirab og‘rib, azob beradigan bo‘lib qoldi. Uni rutubat va uqubat yemirib borardi. Va nihoyat... Va nihoyat bir kuni uning qulog‘iga kirmay qo‘ygan o‘sha yoqimli va jozibali ovoz nogahon yangradi: “Eshiklar yopiladi! Keyingi bekat: "Xalqlar do‘stligi!" Poezd vagonlarining hamma eshiklari taqa-taq yopildi! “To‘qqiz yuz milliard to‘qqiz yuz million to‘qqiz yuz ming to‘qqiz yuz so‘m!” U pul sanashning oxiriga yetgandi. U bir bog‘lam yuz so‘mliklarni qoqsuyak qo‘llarida changallagan ko‘yi atrofiga alangladi va boshqa bir olamga tushib qolganday ichida hayrat ham, iztirob ham baravar uyg‘onganini angladi. U sanashdan to‘xtagan edi. Ammo bu paytda poezdning barcha eshiklari yopilib qolgan edi. U bahaybat marmar ustunga suyangan holatda hushidan ketdi.
Birozdan so‘ng u olag‘ovur tovushlar ichida g‘ira-shira o‘ziga keldi. Kimdir taassuf bilan ta’na qilardi: “Shunday qarib, munkillab qolgan cholning bir o‘zini ko‘chaga chiqarish insofdan emas-da.” Yana kimdir unga qo‘shildi: “To‘g‘ri aytasiz, bu o‘zbekchilikdan emas! O‘g‘limi, nabirasimi yonida yursa bo‘lmaydimi?..” Tag‘in achinish ohangida bir ovoz eshitildi: “Kim biladi deysiz, balki, sho‘rlik qariyaning o‘zidan boshqa hech kimi yo‘qdir. Bo‘masam, bir o‘zi o‘ligini sudrab metroda yurarmidi?..” Yana birov gapga qo‘shildi: “Bechora chol metrogacha qanday keldiykin? Rangini qarang, paxta deysiz, bir tomchiyam qoni yo‘q. Soqoli bilan yuzining rangi bir tus bo‘lib qolibdi. Yoshiyam to‘qsonlardan oshgan ko‘rinadi.”
U esa o‘zicha g‘udranardi: “Qanaqa to‘qson?.. Axir, bugun yigirma yettiga to‘laman-ku! Qizim yettini to‘ldiradi. Bugun ikkovimizning ham tug‘ilgan kunimiz. Kechqurun uyimizga mehmonlar kelishadi. Hozir bozordan tort olishim kerak. Shoshilmasam bo‘lmaydi.” U o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi va bir qo‘zg‘aldi-da, ingranib jon berdi. Uning qoqsuyak, rangpar qo‘llari bir bog‘lam uvada yuz so‘mlikni — to‘qqiz ming to‘qqiz yuz so‘mni mahkam changallagan holatda qotib qolgan edi.

Bookvamper