August 5, 2020

Rangbarang mutolaa

🙇🏻Birdaniga bir nechta kitob o‘qish

🤷🏻‍♂Birvarakayiga bir nechta kitob mutolaasi qanchalik foydali? "Jinni" bo‘lib qolmaysizmi? Ko‘p ma‘lumot bo‘lsa, qabul qilishni iloji yo‘q-ku?!

Bugun sizlar bilan bir nechta kitobni paralel o‘qish bo‘yicha maslahat bermoqchiman. Men bularni o‘z tajribamdan kelib chiqib, sizlarga ilindim)

❓ Demak, qanday bo‘lishi mumkin? Bu juda sodda, oddiy va qiziqarli.
Taom yeyishimizni bir o‘ylab ko‘raylik, biz tong, kunni o‘rtasi va tushgi paytimiz uchun hech bir xil narsa tanovul qilganmizmi? Kamalakni ko‘rganingizni eslaysizmi, uni bir rangda tasavvur eta olasizmi? Bir qo‘shiqni takrorma-takror eshitganingizda, ko‘pida bir haftadan u qo‘shiqdan "bezib", eshitmay qo‘ygansizmi?
Xo‘sh, sizga tepadagilarni nima aloqasi bor? Qarang, inson degan narsaning hayotini zerikarli qiladigan narsa bu - rangbarangliksizlik. Ko‘rinyaptiki, biz bitta narsani tinmay yeya olmaymiz, bitta rangni mutlaq seva olmaymiz, bitta qo‘shiqni to‘xtamay eshitolmaymiz. Nega endi bir kitobdan zerikmasligimiz kerak yoki bir kitobni boshqa kitob bilan birga o‘qimaymiz? To‘g‘ri, biz bir nechta taomni yeb yoki bir nechta qo‘shiqni birdaniga eshita olmaymiz. Lekin biz bir nechta rang aranglashtira va bir nechta kitobni samarali mutolaa qilish imkoniyatiga egamiz. Faqat buning o‘z yo‘l-yo‘rig‘i bor.

✅Janrni to‘g‘ri tanlash

Paralel holatda bir xil janrdagi kitobni o‘qish samarasiz va foydasizdir. Misol uchun, ikkita romanni("Ikki eshik orasi" va "Telba" deylik) yoki ikkita detektiv asarni("O‘nta negr bolasi" va "Baskervillar iti") tanladingiz. Bularni baravar o‘qisangiz, birinchidan, voqealar rivojini unutasiz, ikkinchidan, siz kitobda qayerida tafakkur qilishni unutib qo‘yasiz va uchinchisi, sizda olingan ma‘lumotlar chalkashib ketadi. Bularning natijasi juda yomon: asarning sizga ta‘siri kam va uzoqqa bormaydi; siz asardan na zavq va na foyda olasiz; siz biron yildan keyin bu asarni eslaganizda, hech nima olmaganingizni anglaysiz.

Men sizga o‘qish uchun tavsiya qiladigan janrlar paraleli:

• 60% - Badiiy asar(roman, qissa) • 25% - Ilmiy ommabop(self-help, diniy, risola) asar • 15% - To‘plamlar(She‘r yoki hikoya)

P. S. Foizini o‘zingiz xohlagancha qo‘yishingiz va shu zaylda amal qilishingiz mumkin.


📓Badiiy asar

Paralel uslubda badiiy adabiyotlardan foydalanayotganda mutolaani samarali kechishi uchun asarni bittada tugatishga harakat qilmang. Ora-orada ma‘lum bo‘lim yoki 50-100 betda to‘xtang va o‘zingizga "hozir nima bo‘ldi?" deb savol bering, tafakkur qiling, biron xulosa oldingizmi, darrov daftar yoki telefoningizni biron yeriga yozing. Agar kulminatsiyadan o‘tmagan bo‘lsangiz, yoki o‘tgan bo‘lsangiz, boshqa janrda o‘qib, keyin bunga qayting. Asarning avj pallasida bo‘lsangiz, bilaman, sizni qo‘llaringizni sindirishsa ham, o‘sha yerini o‘qimay qo‘ymaysiz;). Unutmang, katta asarlarni tez tugatishga oshiqish - ko‘p hollarda sizni inja va faqat siz ko‘ra oladigan ma‘noni ko‘rishga yo‘l qo‘ymaydi.


📔Ilmiy-ommabop asar

Ilmiy-ommabop asarlar sirasiga barcha diniy va aqoidga oid asarlar, risolalar (avto)biografiyalar, darsliklar, self-help kitoblar va h.k. kiradi. Bunday kitoblardan foyda olishingiz aniq, faqat foydangizni sifatli va kerakli qilish uchun uni iloji boricha qunt bilan o‘qishingiz, har bir o‘rgangan narsangizni kerak bo‘lsa, yozib borishingiz va hayotingizda asta-asta amal qilishingiz kerak. Shu tarzda o‘qisangiz, kamida 2 ta, ko‘pida 4 ta ilmiy-ommabop asarni 1 dona badiiy asar bilan paralel o‘qishingiz mumkin. Misol uchun, "Ufq"(badiiy) bilan paralel "Boy ota, kambag‘al ota" va "Islom tarixi"ni(ilmiy-ommabop) o‘qishingiz mumkin.


📒To‘plamlar

She‘riy yoki hikoyalar to‘plamini qismlab bemalol paralel o‘qishingiz mumkin. Faqat har bir she‘r yoki hikoyadan keyin siz undan nimani olganingizni yozib qo‘yishni unutmasligingiz kerak. Misol uchun, hikoyalar to‘plamidan Chexovni "Buqalamun"i yoki O‘. Hoshimovni "O‘zebklar"i. She‘riy to‘plam esa, sizning she‘rga bo‘lgan ixlosingizga qarab, talqin etiladi.

📝Yozib borish

Siz mutolaadan samara, natija kutayotgan bo‘lsangiz, yozishingiz shart. Yozish nafaqat o‘qish foydasini oshiradi, nabalki sizni ijodkorlik qobilyatingizni ham o‘stiradi. Sizda fikr erkinligi kengayishiga olib keladi.

📌Bu usul sizga qanday foyda beradi?

Bu usulda siz o‘zingiz kutmagan darajada tez o‘qiy olasiz, ilmingiz ham har tomonlama o‘sib boradi va sizda o‘zingizga ishonch hissi oshadi.

📌Bu usulda bir kunda qancha mutolaa qilasiz?

Avvalo, ajratadigan vaqtingizni hisoblashingiz kerak. Deylik, bugungi pandemiya holatini hisobga olib, sizda kun bo‘yicha kamida 3 soat, ko‘pida 5 soat vaqtingiz bo‘lishi aniq(balki, bundanam ko‘pdir). Keling, na uyog‘lik, na buyog‘lik bo‘lsin, 4 soatni taqsimlaylik:

Badiiy kitobga 2,5 soat ya‘ni, haligi 65%. • Ilmiy-ommabop asarga 1 soat ya‘ni, 25% • To‘plamga 30-40 daqiqa ya‘ni, 15%.

📌Qanchada qancha o‘qiy olishingiz mumkin?

Siz o‘rtacha bir betni 2,5 daqiqada o‘qisangiz, badiiy adabiyotdan kuniga 50-60 bet, ilmiy-ommabop asardan 20-30 bet va to‘plamdan 15-20 bet o‘qishingiz mumkin. O‘rtacha hisobda siz kuniga 55+25+20=100 bet o‘qir ekansiz. Siz goh-gohida depressiyaga tushishingiz yoki hammamizda bo‘ladigan biron ish sabab siz ma‘lum 5-7 kun oy davomida o‘qishga vaqt topolmasligingiz mumkin. Shunga bir oy ichida 20 kun 100 betdan mutolaa qilsangiz, oyiga 2 000 betdan kitob o‘qigan bo‘lasiz va 2 000 betni eng keraklilarini yozib, mushohada qilgan bo‘lasiz, bu super emasmi?

▪Badiiy adabiyotda oyiga 55 × 20 = 1 100 bet ▪Ilmiy-ommabop asardan oyiga 25 × 20 = 500 bet ▪To‘plamdan 20 × 20 = 400 bet

📌Bir oyda nechta kitobni tugatishim mumkin?

Badiiy adabiyotda deylik, roman o‘qiyapsiz. Roman 400 bet, 400 ÷ 50 = 8 kun • Ilmiy ommabopda risola o‘qiyapsiz. Risola 210 bet, 210 ÷ 30 = 7 kun • Hikoyalar to‘plamini o‘qiyapsiz. To‘plam 140 bet, 140 ÷ 20 = 7 kun.

Demak, bu usulda kuniga 4 soatdan o‘qisangiz, siz bir hafta ichida uchta kitobni paralel holatda tugata olishingiz, bir oy ichida kamida 7 ta, ko‘pida 10 ta asarni tugata olishingiz mumkin. Juda bo‘lmaganda 3 soatdan o‘qisangiz, aniq 5 ta kitobni bir oy ichida tugata olasiz.

Bu usulni qo‘llashda natijaga emas, sifatga suyaning. Yozib borish, tafakkur qilish bu usulning poydevori. Sizni nechta o‘qiganingiz ahamiyatsiz, asosiysi nimalarni angladingiz va qo‘lladingiz.

Rangbaranglik yashashga undaydi. Men shunday o‘ylayman. Tamom.

Samandar Erkinjonov

Meni ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimda ham, kuzatib boring:
Telegram | Facebook | Instagram