May 3, 2020

Hamisha yolg‘izdir inson

Bookvamper

Yomg’ir qattiq yog’yapti, tashqariga, kimsasiz joyga borib, osmonga qarab, jim turgingiz yoxud dodlagingiz kelganmi? Shalabbo badandan hissiyot vulqon iforini tuyganmisiz hech? Endi shuni tuyaman deganingizda, kimdir yoningizda bo’lsa, naqadar mushkul azob! Yolg’iz o’zingiznigina qoldirishsa edi, qani edi?!..

“Inson dunyoga yolg'iz keladi, inson dunyodan yolg'iz ketadi. U o'z qismati qarshisida hamisha yolg'izdir…“

Yolg’iz qolmoq bu odatiy hol, yolg’iz ruh abadiy hol. Gohida odatlar o’zgarishi mumkin, lekin abadiyat o’zgarmasdir.

Ulug’bek Hamdamning ilk qissalaridan biri “Yolg’izlik” o’zining yolg’izligi bilan o’zga asarlardan ajralib turadi. Qissa qahramoni zohidlikka emas, yolg’izlikka intiladi. U yolg’izlikda “Men”ini qaytarishga harakat qiladi, qani uni o’zligi, ichida ikkita “Men”ning ziddiyatida u nimadir qilishi kerak, ha, nimadir, nima bo’lishi mumkin u uchun? YOZISH!.. Ha, yagona malham – shu ijod. Boshqa iloj yo’q! “Nahotki, ijod – ilojsizlikdan bosh
urilajak iloj?..”

Siz ming yildan beri sahrodasiz, hali hamon tiriksiz, suv ilinjidasiz hamono!.. Bir tomchi suv topdingiz, valekin uni ichishga majol, imkon yo’q!.. Ne qilasiz? Asar qahramoni ham shunday sahroda, bir tomchi suv – yozish. Lekin uning yozishga sharoiti, imkoni yo’q. “…tinchlik –
ko'ngilning istagi – sukunat yo'q.”

Yo’q, yo’q, u yaxshi yozadi, qalamiyam, daftariyam bor, ammo uyida halovat yo’q. Yo’q, guldek xotini va shiringina o’g’li bor, yana qanday halovat? Yo’q, bari bir u yolg’iz qolishi kerak, yolg’iz yashasa nima qilibti, nima bu dunyo yomonlasa, tushunmasa, tushunmasin! Unga nima!

“Nihoyat, ey Xudo! Sen aralashgansan bu ishga! Yo'qsa, borsa-kelmas yo'lga o'z ixtiyorim bilan kirarmidim?! YO Ollo… yo azob… yo jonim… yo erkim…”
Siz hammasini o’qigansiz, uqqiganamsiz, lekin, lekin bari bir ruhingiz boshqa narsani istaydi, xato qilasiz, tushunasiz, bilasiz, lekin yana qilaverasiz, qilaverasiz, ey voh, siz tonmaysiz, shunda dod deysiz, dod! Bu “Men”lar kurashi charchatadi, charchatadi, zohirat jim, ammo botinat azoblardan quturgan, bu quturiqni hech narsa to’xtatolmaydi! Shu onda sizga yagona O’zidan madad so’raysiz! O’zining hajri qanchalar go’zal!.. Sog’inchi-chi, sog’inchi undanda go’zal… Qanchalar go’zalsan, ey, Alloh!..

Qissada muallif hech nimani o’rashga harakat qilmagan, uqtirishga ham harakat qilmagan, garchand har bir asar nimadirni uqtirmog’i kerak. Lekin “Yolg’izlik” faqat va faqat yolg’izlikni tislaydi! Yolg’izlikdagi barcha sodirotlar boricha yoziladi! Ha, ha, oqmi oq, qorami qora, oqroq, qoraroq degan ta’rif yo’q! Nima ko’rinayotgan bo’lsa, aksini in’ikosini emas! Shu baxt, shu ijod! “Nahotki, firoq cho'zilgan sayin muhabbat alangalanib zo'r iztirobga do'ngani barobarida yo'l-yo'lakay bir chimdim ilohiylikka ham yo'g'rilib olsa?!”

“Yolg’izlik”da olov yonadi, OLOV! Siz Ishqsiz bo’lsangiz, yaqinlashmang “Yolg’izlik”ka, kuydirib qo’yishi mumkin! Ba’gringiz kuygan bo’lsa, bag’ringizga bosing, yuzingizga surtib, o’ping! Bu qissa sizni suvingiz axir!.. Bu kuygan ichga suv seping, bu qurigan sahroga suv seping, sepavering! Sabr qiling, qilavering, yolg’iz qolasiz! Va Undan jilla qursa, bir chimdim malham olasiz, ha, shunday, shaksiz, shunday!

“Men o'zimni yo'qotishdan qo'rqaman, dahshatga tushaman!”
“Yolg’iz” qahramon o’zini yo’qotdi, va dahshat olovga aylandi. Butun olamni bu olov yoritib tashladi, quyosh yerdami ko’kdami? Yerda bo’lsa, nega yer kuymayapti? Ko’kda bo’lsa, nega undan yorug’i Yerda? Nahot, pok qalb – yerdagi quyosh yanglig’ bo’lsa?

Bo’ldi, bo’ldi, ko’p yozolmayman, quvvatim yetmaydi, ichim qizib ketdi, tugataman, boshqa iloj yo’q…

Meni ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimda ham, kuzatib boring:
Telegram | Facebook | Instagram