May 1, 2020

MA’SUMA. FYODOR DOSTOEVSKIY

Bookvamper

O, bu yorug‘ olamdagi haqiqat naqadar dahshatli! Bu malak, bu ma’suma, bu osmon – mustabid edi, qalbimning chidab bo‘lmas darajadagi shafqatsiz mustabidi, sitamgiri edi! Agar bularni aytmasam, o‘zimga-o‘zim tuhmat qilgan bo‘laman! Siz mening sevgimga ishonmayapsizmi? Shunday deb kim ayta oladi? O, bu sho‘ri-g‘avg‘o, taqdir va tabiatning istehzoga to‘la sho‘ri-g‘avg‘osi edi! Bizga qarg‘ish tekkan, odamzotning hayoti (jumladan meniki ham) qarg‘ish ostida qolgan.

Yozuvchidan:

Odatdagi «Kundalik»* o‘rniga bu safar qissa havola etayotganim uchun o‘quvchilardan uzr so‘rayman. O’tgan oy chindan ham asosan shu qissa bilan band bo‘lganim sababli o‘quvchilar aybsitmay iltifot qilarlar degan umiddaman.

Endi hikoya haqida. Xayoliy deb ataganim bilan o‘zim uni oliy darajadagi hayotiy hikoya deb hisoblamayman. Ammo shu o‘rinda, ayniqsa, hikoya shaklida mavhumlik borki, buni avvaldan izohlashni lozim deb topdim.

Gap shundaki, bu hikoya ham, kundalik ham emas. Bundan bir necha soat ilgari o‘zini derazadan tashlab, joniga qasd qilgan juvonning eri qanday xolatdaligini tasavvur qilib ko‘ring: stol ustida xotinining jasadi. Esankiragan er hali xayolini yig‘ib ololmagan. U «xayolini bir nuqtaga jamlash», sodir bo‘lgan voqeaning ma’nosiga yetish uchun u xonadan bu xonaga sarsari yuradi. Qolaversa, vahima kasali, o‘zi bilan o‘zi gaplashish xastaligi hukm o‘tkaza boshlagan. O‘zi bilan o‘zi gaplashib, go‘yo sodir bo‘lgan hodisani bayon qilyapti, aslida esa voqeani o‘zi uchun oydinlashtiryapti. Gaplari, dastlab izchilday tuyulsa-da, bir necha yerda ham mantiq, ham tuyg‘u jihatdan qarama-qarshi fikrlarni aytadi. O‘zini oqlab, uni ayblaydi, aloqasiz bahonalarni ro‘kach qilib, tushuntirishga kirishib ketganda yurak va fikr to‘mtoqligi, ayni choqda, bunga zid o‘laroq tuyg‘u chuqurligi ayon bo‘ladi. Asta-sekin voqeani o‘zi uchun «oydinlashtiradi» va «xayolini bir nuqtaga to‘playdi. Uyg‘ongan bir qator xotiralari uni oxir-oqibatda haqiqatga olib keladi: bu haqiqat uning ongi va qalbini shubhasiz yuksaklikka ko‘taradi. Hatto oxiriga borib hikoya ohangi boshlanishidagi betartiblikka nisbatan ancha o‘zgaradi. Haqiqat, hech bo‘lmaganda shu bezorining o‘zi uchun yetarli darajada ravshan va aniq yuz ochadi.

Mavzu mana shu. Albatta, bir necha soat davom etadigan hikoya jarayonida uzuq-yuluqlik ham, oralatish ham, poyma-poylik ham uchraydi: dam u o‘ziga-o‘zi gapiradi, dam go‘yo ko‘rinmas tinglovchiga, qandaydir hakamga murojaat qiladi. Umuman hayotda hamisha shunday bo‘ladi. Agar uning gaplarini stenograf yashirincha eshitib, yozib olganda edi, men tavsiya etayotgan hikoyaga nisbatan to‘mtoqroq, g‘adir-budurroq bayon yuzaga kelib, ruhiy tartib esa o‘sha-o‘sha qolishi mumkin edi. Stenograf yozib olgan (men esam qayta sayqal bergan) degan farazim hikoyaning mavhumligini, hayotiyligini tashkil etadi. Zero, bu hol san’atda ilgari ham uchragan: masalan Viktor Gyugo «O‘limga mahkum etilganning so‘nggi kuni» degan durdonasida qariyb shu usulni qo‘llagan, garchi stenografni nazarda tutmagan bo‘lsa-da, undan ham battarroq taxminga - o‘limga mahkum etilgan odam faqat so‘nggi kunida emas, hatto so‘nggi soati, daqiqasida ham kundalik yoza oladi (va bunga vaqti yetarli) degan aql bovar qilmas farazga asoslangan. Agar bu mavhumlikka yo‘l bermaganda edi, bu asar ham, u yozib qoldirgan asarlar ichidagi eng hayotiy, eng haqgo‘y asarning o‘zi ham dunyoga kelmagan bo‘lardi.

MEN KIMU U KIM EDI

…Hozircha u shu yerda, menga birmuncha osonroq, dam-badam kelib termulaman: ertaga olib ketishadi - yolg‘iz qolaman – unda holim nima kechadi? U hozir katta xonada: ustiga movut qoplangan qarta o‘ynaluvchi ikki stol birlashtirilib qo‘yilgan – u shu stol ustida yotibdi, ertaga tobut keladi, oppoq yog‘ochdan ishlangan, oppoq tobut: darvoqe gap bu haqda emas… Men u xonadan – bu xonaga yura-yura voqeani oydinlashtirmoqchiman. Olti soatdan beri oydinlashtiraman deyman-u, xayolimni bir nuqtaga to‘play olmayman. Faqat yuraman, yuraman, yuraman… Voqea bunday bo‘lgan. Men bir boshdan, tartib bilan (tartib!) aytib beray. Janoblar, men adabiyotchi emasman, buni o‘zingiz sezib turgandirsiz, shunday bo‘lsa ham, fahmim yetganini aytib beraman. Meni iskanjaga olib turgan dahshat ham shunda – hamma narsaga fahmim yetadi!

Agar bilishni istasangiz, aniqrog‘i, boshidan boshlaydigan bo‘lsak, bu shunday gapki: ya’nikim, u “murabbiya uyga qatnab ham, boshqa yerga ko‘chib borib ham dars bera oladi...” hokazo, hokazo mazmundagi xabarni «Golos»da e’lon qilish uchun yetarli mablag‘ga muhtoj bo‘lib, buyumlarini garovga qo‘ygani kelgan edi. Bu – voqeaning muqaddimasi: men uni avvaliga boshqalardan farqlamadim ham: boshqalar qatori keladi, ketadi. Keyinroq, farqlaydigan bo‘ldim. U o‘rtadan xiyol tikroq, oq-malla sochli, xipchagina edi: mening oldimda o‘ng‘aysizlanganidanmi, sal beo‘xshov harakat qilardi (nazarimda u begonaga ro‘para kelganda hamisha shu holga tushardi: chunki agar garovchi emas, oddiy odam sifatida qaralsa u uchun, mening boshqalardan farqim yo‘q edi). Pulni olardi-yu, shu zahotiyoq orqasiga o‘girilib, jo‘nab qolardi. Churq etib og‘iz ochmasdi. Boshqalar ko‘proq berishni talab qilib, talashadi, tortishadi, yalinadi… bu esa… yo‘q, ovoz chiqarmaydi. Berganni oladi… Men chalg‘ib ketyapman shekilli… Ha, meni eng avvalo uning buyumlari hayratga soldi: tilla suvi yugurtirilgan kumush zirak, taqib yurishga nomus qiladigan, almisoqdan qolgan medalon, xullas, bir chaqaga qimmat buyumlar. Garovga qo‘yayotgan narsalarini yarim tangadan oshiqqa baholamasligimni o‘zi ham biladi, ammo men ko‘zlariga qarab, buyumlar u uchun bebaho ekanini sezardim. Zirak, medalonlar ota-onasidan qolgan yodgorligini keyinroq bildim. Bir marta uni masxaralaganday bo‘ldim. Buni o‘zim ham kutmagan edim. Chunki, odatim bo‘yicha, men mijozlarim oldida o‘zimni sipo tutaman: muloyimlik bilan, kam gapiraman, ammo jiddiylikni, qat’iyatni yo‘qotmayman: «Qat’iyat, qat’iyat, qat’iyat!» - mening ish uslubim shunga asoslangan. Bir kuni to‘satdan u quyon terisining yulib-yulqilgan eski qoldig‘ini (ha, ha, aynan qoldig‘ini) keltirishga jur’at qilganda o‘zimni tutolmay qandaydir achchiq gap aytvordim. Voh, otaginam! O‘sha zahoti lov etib yonib ketdi. Ko‘zlaridan – katta-katta o‘ychan, ko‘m-ko‘k ko‘zlaridan uchqunlar sachraganday bo‘ldi. Shunda ham bir og‘iz so‘z aytmadi, «qoldig‘i»ni oldi-yu, chiqdi-ketdi. Ana shunda men ilk bor boshqa mijozlarimdan farqlab, alohida kashf etdim va u haqda boshqacharoq, ha, aynan boshqacharoq fikrga keldim. Hatto ma’lum taassurot ham uyg‘ondi menda – uning yoshligi, juda ham yoshligi, xuddi o‘n to‘rt yoshli qizaloqday ekani (holbuki, o‘sha damda u uch oyi kam o‘n oltida edi), taassurotim yaxlitligini tashkil etdi. Darvoqe, men bu haqda gapirmoqchi emasdim, taassurotim butunligi ham bundan emasdi. U ertasiga yana keldi. Keyin bilishimcha, u mana shu bir parcha teri bilan Dobronravovga ham, Mozerga ham yo‘liqqan ekan: ular tilladan boshqa narsani garovga olishmaydi, shuning uchun bu qiz bilan gaplashib ham o‘tirishmabdi. Men esa undan hatto naqshin chig‘anoq ham olib qolgan edim. Olishga olib qolib, keyin o‘zim hayratga tushgan edim: men – tilla va kumushdan bo‘lak hech narsani garovga qabul qilmaydigan odam, uning almisoqdan qolgan naqshin chig‘anog‘iga pul beribman-a! Qiz haqidagi ikkinchi fikrim o‘shanda uyg‘ongan, aniq esimda.

Bu safar u Mozernikida ishini bitirolmay, yana menga bosh egib kelgan edi. Havasga ishlangan mundshtugining ko‘rinishi chakki bo‘lmasa-da, tilla bilan muomala qiladigan bizday odamlarning o‘lchovida hech narsaga arzimasdi. Kechagi isyondan keyin yana kelgani uchun uni jiddiy qiyofada qarshiladim. Jiddiyligim – quruq niqob. Unga ikki so‘m uzatayotib, bir oz hayajon bilan gapirishdan o‘zimni tutolmadim: «Men faqat siz uchun shunday qilyapman. Mozer bunaqa narsani sira olmaydi». “Siz uchun” degan so‘z ma’lum ma’no anglatsin degan maqsadda alohida urg‘u berdim. Shu gapdan keyin bir chimdim kulga aylandim. U esa… «siz uchun»ni men istagan ma’noda tushunib, yana lov etib yondi, lekin indamadi, kambag‘allik nimalarga majbur qilmaydi - pulni qaytarib tashlamadi, oldi. Uning lov-lov yonishi!.. Men bir so‘z bilan igna sanchib olganimni sezdim. U chiqqach, to‘satdan o‘zimni o‘zim savolga tutdim: nahot uning ustidan g‘olib chiqishning bahosi ikki so‘mgina tursa? He-he-he! Aniq eslayman: bu savolni ikki qayta takrorladim: «Ikki so‘mmi? Ikki so‘mmi?» keyin kulimsirab savolga o‘zim istagan, ko‘nglimni iyitadigan javob topdim. Juda yayrab ketgan edim o‘shanda. Ammo qabih niyatim yo‘q edi: o‘ylab bir maqsad bilan qarmoq tashlagandim: uni sinamoqchiydim, chunki xayolimda shu qizga tegishli ayrim fikrlar bexos o‘ralashib yurardi. Bu u haqdagi uchinchi alohida fikrim edi.

…Xullas, hammasi o‘shandan boshlandi. Tabiiyki, men har tomonlama o‘ylab, so‘rab-surishtirib, uning kelishini juda betoqatlik bilan kuta boshladim. Uning tez orada kelishini ko‘nglim sezgan edi. U kelgach, beqiyos bir iltifot bilan baodob suhbatga berildim. Menga durustgina tarbiya berishgan, kerak mahalda muomalam bilan hamsuhbatimni rom qila olaman. Hm… ana shunda men uning nihoyatda mehribon va mo‘’min ekanini angladim. Mehribon va mo‘’min qizlar ko‘p qarshilik ko‘rsatolmaydilar, mayllarini butkul berib qo‘ymasalar-da, suhbatga chap berib ketolmaydilar: gapga xasis bo‘lganlari bilan savolingizga qisqa-qisqa javob beradilar. Savol qancha ko‘p bo‘lsa, o‘zingizning sho‘ringiz – javob borgan sari qisqaraveradi. Shubhasizki, u o‘shanda menga bor gapni tushuntirmadi. «Golos» haqida ham boshqa masalalar haqida ham men keyinroq bildim. U so‘nggi umidda bor bud-shudini garovga qo‘yib, gazetalarda qayta-qayta e’lon berardi, dastlab, tabiiyki, bir oz takabburlik bilan boshlagan edi: ya’niki, «murabbiya, boshqa yerga ketishi ham mumkin, shartlar xat orqali ma’lum qilinsin» keyin: «hamma narsaga roziman: o‘qitishga ham, nadimalikka ham, uy-ro‘zg‘orga qarashga ham, xastalarni boqishga ham ko‘naman, tikishni bilaman...» hokazo, hokazo. Bu yog‘i ma’lum… Bu gaplar e’lonlarga birin-sirin qo‘shilib, oxiri, pichoq suyakka taqalganda hatto «maoshsiz, faqat nom evaziga» ishlashga ham ko‘ndi. Shunda ham joy topolmadi! Shunda men uni so‘nggi marta sinamoqchi bo‘ldim: bugungi «Golos»ni olib e’lonni ko‘rsatdim: «Hech kimi yo‘q juvon, yosh bolali oilada murabbiyalik qilishi mumkin, keksaroq beva erkaknikida bo‘lsa yana yaxshi. Ro‘zg‘or ishlarini yengillatishi mumkin».

- Mana ko‘rdingizmi, e’lon ertalab chiqdi, kechgacha joy topadi. E’lonni shunaqa yozish kerak!

U yana lov etib yondi, ko‘zlarida uchqun chaqnadi, shart o‘girildi-da, chiqib ketdi. Bu ishi menga juda-juda yoqdi. Qolaversa, men endi qo‘rqmasdim, niyatimga yetishimga amin edim: mundshtugi qo‘ldan ketgan. Uchinchi kuni rangi oqargan, sarosimaga tushgan holda keldi – uyida bir gap bo‘lganini tushundim, darhaqiqat, bo‘lgan ekan. Nima gapligini hozir aytaman, avval bashangligim bilan ko‘zi oldida qanday qad rostlaganimni eslatay. Ha, birdan menda shunaqa niyat paydo bo‘ldi. Gap shundaki, u ikona olib keldi (jur’atni qarang!). Ha, eshiting! Eshiting! O‘shanda boshlandi hammasi, men esa boyatdan beri chalg‘iyapman. Garangsishimning boisi, men har bir mayda-chuydani, har bir chiziqchani eslamoqchiman. Xayolimni bir nuqtaga to‘plamoqchiman – eplolmayapman, bu chiziqchalar, chiziqchalar…

Bibi Maryam ikonasi. Go‘dak ko‘targan Bibi Maryam – uy to‘riga qo‘yiladigan, qadimiy, naqshlari tilla suvi yugurtirilgan kumushdan ishlangan ikona – narxini olti so‘m atrofida baholash mumkin. Ikonaning qadrli ekanini bilib turibman, u Bibi Maryam tasvirini zarhal naqshidan chiqarmay uzatdi. «Naqshinkor qoplamani chiqarib, Bibi Maryam tasvirini olib ketavering, har holda ikona ikona-da…» - dedim.

- Ikonani olish mumkin emasmi?

- Gap mumkin yo mumkin emasligidamas, balki u o‘zingizga…

- Mayli, chiqaraqoling.

- Bilasizmi, men chiqarmayman. Hov anavi yerga, sanam qutisi yoniga qo‘yib qo‘yaman, - dedim bir oz o‘ylagach, - boshqa ikonalar bilan jinchiroq yonida (do‘konni ochishim bilan jinchiroqni yoqib qo‘yish odatim bor) turadi. Ikonaning shu turishiga o‘n so‘m olasiz.

- O‘n so‘m kerak emas. Besh so‘m yetadi. Men pulingizni to‘lab, albatta qaytarib olaman uni.

- O‘n so‘m kerakmasmi? Ikona shunchaga arziydi, - dedim.

Bu gapdan keyin qizning yonganini sezdim. U gapirmadi. Men ichkariga kirib besh so‘m olib chiqdim.

- Siz hech kimdan nafratlanmang, men ham bu iskanjani tatib ko‘rganman, ahvolim battarroq edi. Garovchi bo‘lib qolishim… o‘sha azoblardan keyin…

- O‘chingizni jamiyatdan olyapsizmi? A? – degan achchiq kesatiq bilan gapimni bo‘ldi. Istehzosida ham ma’sumalik bor edi (u meni boshqalardan farqlay olmas edi, shu sababli aytgan gapi zarracha aybli emasdi). «Ha! – deb o‘yladim, - yangicha yo‘nalishdagi fe’ling bor ekan-ku, oxiri fosh qilding-ku!».

- Bilasizmi, - dedim o‘sha zahoti unga javoban yarim xazil, yarim sirli ohangda, - «Men yovuzlik maqsadida urug‘ sochib, yaxshilik mevalarini yetishtiruvchilar bo‘lagining bir zarrasiman».

U zo‘r qiziqish bilan, hatto bolalarcha qiziqish bilan yalt etib menga qaradi.

- To‘xtang… bu kimning fikri! Qayerdadir eshitganman.

- Boshingizni qotirmang. Mana shu gaplar bilan Mefistofel Faustga o‘zini tanishtiradi. Faustni o‘qiganmisiz?

- O‘qi… o‘qiganmanu, sal bee’tiborroq….

- Aniqrog‘i, umuman o‘qimagansiz. Albatta o‘qish kerak. Lablaringizda yana istehzo ko‘ryapman. Sizdan iltimos, meni juda didsiz deb o‘ylamang, garovchiligimni yashirish uchun o‘zimni Mefistofelday ko‘rsatmoqchi emasman. Garovchi garovchiligicha qoladi. Bilamiz…

- Qiziq ekansiz… Bu gap xayolimga ham kelgani yo‘q.

U “bilimdon ekaningizni kutmagan edim”, demoqchi edi, lekin aytmadi, aytmasa ham xayolidagini o‘qidim: men uning ko‘nglini topgan edim.

- Har sohada ham, - ta’kidladim men, - yaxshilik qilish mumkin. Men o‘zimni nazarda tutayotganim yo‘q, mening qo‘limdan ahmoqlikdan bo‘lak ish kelmaydi, lekin…

- Albatta, hamma yerda yaxshilik qilish mumkin, - dedi u menga yashin tezligida nigohini tashlab. – Aynan hamma yerda, - deb yana ta’kidlab qo‘ydi.

O, esimda, har bir daqiqa esimda! Yana bir narsani qistirib ketishim kerak: bu yoshlar, bu dilbar yoshlar qanaqadir aqlli, g‘alati fikr bilan sug‘orilgan gapni aytmoqchi bo‘lishsa birdaniga chehralari haddan tashqari samimiyat va soddalik nuriga to‘ladi: «mana, men sizga aqlli va nodir fikrga to‘la gap aytdim» - yo‘q, boshqalar kabi manmanlikdan paydo bo‘lmaydi bu nur (aslo!), u aytganlarini behad qadrlaydi va unga ishonadi, avaylaydi, siz ham xuddi shunday avaylaysiz deb o‘ylaydi. O, samimiylik! Mana shu bilan g‘olib chiqishadi-da! Qizdagi samimiylik esa g‘oyat yoqimli edi.

Yodimda, hech nimani unutganim yo‘q! U chiqib ketgach, uzil-kesil hal qildim. O‘sha kuniyoq u haqdagi qolgan ma’lumotlarni miridan-sirigacha bilishga kirishdim. Bilib oldim ham. Avvalgi ma’lumotlarni ularnikida xizmat qilgan, bir necha kun burun arzimas pulga sotib olganim Lukeryadan eshitgan edim. Yangi ma’lum bo‘lgan sirlar shu qadar dahshatli ediki, bu ahvolda qanday qilib kulish mumkinligiga, o‘zi dahshatli bir ahvolda bo‘laturib qanday qilib Mefistofel so‘zlariga qiziqishi mumkinligiga hali-hali aqlim bovar qilmaydi. Yoshlikning qudratimi bu! Men u haqda aynan shularni ham g‘urur, ham shodlik bilan o‘yladim, chunki bu yerda yana olijanoblik ham bor-da: o‘zi halokat chohida turgani holda, Gyotening buyuk so‘zlaridan ko‘zlarida nur porlayapti. Yoshlikda bir tomchi bo‘lsa-da, bizdan teskari tomonga og‘ib tursa-da, olijanoblik bor. Men uni, faqat uni nazarda tutyapman. Eng muhimi o‘shanda qudratimga mutlaqo ishonib, unga o‘zimniki, sifatida qaradim. Mutlaqo ishongan onlaringizda bu fikr shahvoniy ma’no kasb etarkan.

Menga nima bo‘lyapti? Shunaqa ezmalik qilsam, fikrimni qachon bir nuqtaga to‘playman? Tezroq, tezroq, e, xudoyim, axir gap boshqa yerda-ku!

SOVCHILIK

Uning sir-asrorini bir so‘z bilan aytadigan bo‘lsam: ota-onasi uch yil avval o‘lib ketib, betayin xolalari qo‘lida qolgan ekan. To‘g‘rirog‘i, ularni betayin deyish ozlik qiladi. Bir xolasi beva, biri-biridan kichik olti bolasi bilan qolgan, yana bir xolasi - qariqiz, qurumsoq, rasvo xotin. Ikkala xolasi ham rasvo. Qizning otasi chinovnik o‘tgan, mirzalardan bo‘lgan, dvoryanlikka o‘zi erishgan odam ekan. Xullas, hammasi mening foydamga. Har holda men - yuqori tabaqa vakiliman, ajoyib polkning iste’fodagi shtabs-kapitaniman. Nasl-nasabim toza dvoryanlardan, birovga muhtojlik yerim yo‘q, hokazo, hokazo... qilayotgan ishimga xolalari faqat e’tibor bilan qarashlari turgan gap. Xolalariga uch yil cho‘rilik qilgan. Shunda ham imtihondan o‘ta olgan, kundalik mehnat azobidan yulqinib chiqib, imtihondan o‘ta olish - uning olijanoblikka, yuksaklikka intilishidan dalolat edi. Axir men nima uchun uylanmoqchi edim? E, o‘zim haqimdagi gaplarga tupuraman, bu haqda keyin.. gap bu yerda emas! Xolalarining bolalarini o‘qitgan, tikadiganlarini tikkan, oxir-oqibatda kirgina emas, shu nimjongina gavdasi bilan egilib, pol ham yuvgan. Shu azobi evaziga... xolalarining kaltagidan boshi chiqmagan. Kaltak bilan qanoatlanmagan marazlar uni sotishgacha borib yetishgan. Tfu! Iflos tafsilotlarni tushirib qoldiraman. Bularning hammasini keyinroq o‘zi menga aytib bergan. Uning ahvolini yil davomida qo‘shni semiz baqqol, oddiy emas, ikki do‘koni bor baqqol obdan kuzatgan. U avvalgi ikki xotinini ura-ura o‘ldirib, endi uchinchisining ilinjida edi. Iflos ko‘ngli shu qizni tusabdi: “mo‘mingina, kambag‘allikda o‘sdi, yetimlarimning g‘amini yeb uylanaman”... Chindan ham yetimchalari bor edi. Ellikni urib qo‘ygan bu baqqol qizga sovchi qo‘yib, xolalari bilan til biriktira boshlagan. Qiz - dahshatda! Xuddi shu vaqtda “Golos”ga e’lon berish maqsadida menga yo‘liqqan. Xolalariga yalinib-yolvorib, o‘ylab ko‘rish uchun jichcha vaqt berishni so‘radi. Jichcha vaqt berishdi, boshqa bir daqiqa ham qo‘shishmadi. Quloq-miyasini yeb yuborishdi: “O‘zimizga yegulik narsa yo‘q, tekintamoqlardan bezormiz...” Men bularni bilardim. O‘sha kuni ertalab qiz kelib-ketgandan keyin bir qarorda to‘xtadim. Kechqurun baqqol yarim so‘mlik shirinlik olib ularnikiga kirdi: qiz u bilan birga o‘tirardi. Oshxonadan Lukeryani chaqirtirib, qizning qulog‘iga shipshit, zarur gapim bor, darvoza oldida kutaman, dedim. Qilgan ishimdan ko‘nglim to‘ldi. Umuman o‘sha kuni o‘zimdan -o‘zim behad mamnun edim.

Darvoza yonidayoq unga, Lukerya orqali chaqirtirganimdan hayratga tushgan qizga maqsadimni tushuntirdim: uning rizoligi men uchun baxt ekanini aytdim. Ikkinchidan: bu harakatimdan, darvoza yonida turgan “hamma gapdan boxabar” odamning dangal taklif qilishidan hayron bo‘lmasligini so‘radim. Aldamayotgan edim chindan ham dangalchi edim. He, tupurdim! Men faqat tarbiya ko‘rgan odamning sipoligi bilan emas, eng muhimi - yangicha ohangda gapirdim. Nima, buni tan olish gunohmi? Men o‘zimni-o‘zim ayblamoqchiman, ayblayapman ham. Men barchasiga pro va contra* aytishim kerak, aytaman ham. Men bu damni, keyinchalik ham rohat bilan eslar edim, garchi tentaklik bo‘lsa ham, birinchidan, aytarli iqtidorga ega emasligimni, hatto, xushfe’llikdan uzoqligimni, bir chaqaga qimmat xudbin (Bu ibora aniq esimda: kela-kelguncha o‘ylab topib, ko‘nglim xotirjam bo‘lgan edi), ekanimni va boshqa masalalarda anchagina ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘lishim mumkinligini hech qanday hijolatsiz, taraddudsiz, dangaliga aytdim. Bularning bari o‘zingizga ma’lum alfozda – alohida bir mag‘rurlik bilan aytildi. Albatta, kamchiliklarimni olijanoblik ila ma’lum qilgach, «bularning o‘rniga mana bu, mana bu yaxshiliklar ham bor», deb fazilatlarimni bayon qilishga tushmadim – bunga farosatim yetardi. U damda men uning nihoyatda qo‘rqayotganini ko‘rib turardim. Ko‘rib-bilib turib, hech nimani yumshatmadim, aksincha, battar kuchaytirdim: qorni to‘q bo‘lishini, xilma-xil liboslar, teatr ziyofatlarga esa yo‘l yo‘qligi, oradan vaqt o‘tib maqsadimga erishgach, balki bular ham amalga oshishi mumkinligini ochiq aytdim. Gaplarimdagi qat’iy ohang meni o‘ziga maftun etardi. Shu ishga qo‘l urgan ekanman, ya’ni garovchilikni bo‘ynimga olgan ekanman, bir maqsadim borligini, bir sharoit majbur qilayotganini so‘z orasida qistirib o‘tdim. Shunday deyishga haqqim bor edi: chindanam bir maqsad, ma’lum bir sharoit tufayli edi bu yumushim. To‘xtang, janoblar, men umrim bo‘yi bu yumushdan nafratlanganman, nafsilamrini aytganda, o‘z-o‘ziga sirli iboralar bilan bayon qilish kulgili tuyulsa-da, «jamiyatdan o‘ch olishim» chin edi, chin edi, chin edi! Shu bois uning ertalabki «o‘ch olish»im haqidagi qochirimi o‘rinsiz edi. Ya’ni, bilasizmi, agar men unga to‘g‘ridan-to‘g‘ri «Ha, jamiyatdan o‘ch olyapman» desam, xaxolab yuborardi, umuman bu javobim kulgili chiqardi. Boshqa yoqqa ishora qilib, sirli ibora bilan tasavvurni o‘g‘irlash mumkin ekan. Undan tashqari, bu paytda men hech nimadan qo‘rqmas edim: semiz baqqolga nisbatan o‘lsam o‘ligim ortiqligini, darvoza oldiga xaloskor sifatida kelganimni yaxshi bilardim. Buni tushunardim. O, qabihlikni odam a’lo darajada tushunadi! Bu qabihlik edimi? Qanday hukm chiqarish kerak? Axir o‘sha paytdayoq uni sevmas edimmi?

To‘xtang: himmat haqida shubhasiz yarim og‘iz ham gap aytmovdim: aksincha, o, aksincha: «Marhamat nuriga siz emas, men yo‘g‘rilaman» - o‘zimni tutolmay, bularni so‘z bilan ifodalagan edim, yuzining bir uchib tushganiga qaraganda, gapim telbanamo chiqqan edi. Xullas kalom, uzil-kesil g‘alaba qozondim. To‘xtang, bu iflosliklarni eslayotgan ekanman, so‘nggi to‘ng‘izligimni ham yodga olay: men uning ro‘parasida turardim, boshimda esa xayollar g‘uvillaydi: bo‘ying baland, kelishgan erkaksan, odoblisan va nihoyat, maqtanishdan tashqari, bib-binoyisan. Kallam shu gaplar bilan band edi. Lekin… lekin xo‘p deyishdan oldin, shu yerda, darvoza yonida uzoq o‘yga tolganini unutmasligim kerak. Shu qadar ko‘p, shu qadar ko‘p o‘yladiki, toqatim toq bo‘lib «Xo‘sh?» deb yuborishdan o‘zimni tutolmadim. Shunchaki, «xo‘sh!» emas, kiborlarcha «Xo-osh, nima deysiz?» deb so‘radim.

- Shoshirmang, o‘ylab olay...

Chehrasi shu qadar jiddiy edi-ki, o‘ylarini o‘qib olishim hech gap emasdi! Ammo men unday qilmadim – ko‘nglim ranjidi: «Nahotki men bilan baqqolni solishtirib, tanlasa», deb o‘yladim. O, men unda tushunmas edim! Hech narsani, hech narsani tushunmasdim! Yodimda, ketayotganimda Lukerya meni yo‘lda to‘xtatdi. «Oyimtillaga uylanayotganingiz uchun xudo sizdan marhamatini ayamaydi, janob, faqat unga himmat qilayotganingizni ayta ko‘rmang, u judayam mag‘rur qiz» dedi shosha-pisha.

Mag‘rur emish! O‘zim ham mag‘rurlarni yoqtiraman. Mag‘rurlik qachon yarashadi?.. boshqalarga nisbatan qudratliroq ekaningni bilib turganing-da to‘g‘rimi? O, pastkash, beso‘naqay odam! O, men qanday mamnun edim. O‘sha darvoza yonida meni hayron qoldirib, uzoq o‘yga botib turganda, xayoliga mana bu fikr kelishi mumkinmidi: «Hamonki baxtsizlik u yerda ham, bu yerda ham bor ekan, eng yomonini tanlaganim ma’qul emasmi? Semiz baqqolni tanlasam, mast holda tezroq urib o‘ldirib, meni bu azoblardan birato‘la qutqargani durust emasmi!» Xo‘sh? Nima deb o‘ylaysiz, shu fikr xayoliga kelishi mumkinmidi?

Ha, hozir ham tushunmayman, hech nimani tushunmayman. Hozirgina ikki baxtsizlikdan eng yomonini, ya’ni baqqolni tanlashi haqidagi xayolga borishi mumkinligini aytdim. O‘sha paytda u uchun yomonrog‘i kim edi – menmi yo baqqol? Savdogarlarmi yo Gyotedan misol keltirib gapiradigan garovchimi? Shu ham savolmish! Savolga balo bormi? Nimaga tushunmaysan: javob stol ustida yotibdi-ku! Savoling nimasi? Tupurish kerak menga! Hozirgi gap mutlaqo menda emas. Darvoqe, gap mendami, mendamasmi, nima ahamiyati bor endi. Mana shuni fahmlab ololmayapman. Undan ko‘ra uxlaganim ma’qul. Boshim og‘riyapti.


ODAMLAR ORASIDAGI O‘ZIM HAM ISHONMAYDIGAN OLIJANOB

Uxlolmadim. Uxlash qayoqda, boshim lo‘qillaydi. Bularning hammasini, iflosliklarning barchasini anglab yetgim keladi. O, nopoklik! O, men uni qanday botqoqdan chiqarib oldim! Axir buni tushunishi, iltifotimni qadrlashi lozim edi-ku! Menga turli xayollar, aytaylik, o‘zimning qirq birda ekanim, uning endi o‘n oltiga to‘lgani haqidagi xayol juda yoqardi. Mana shunga maftun edim, tengsizlik hissi shirin edi, oh, juda shirin edi.

Men, misol uchun to‘yni a Langlaise* faqat ikkalamiz va yana ikki guvoh ishtirokida (guvohlarning biri shubhasiz Lukerya bo‘lardi) qilib, o‘sha zahoti vagonga o‘tirib Moskvagami (aytmoqchi, voqea o‘sha yerda bo‘lgan), biron mehmonxonagami jo‘nash niyatida edim. U qarshilik bildirdi, ruxsat bermadi va men xolalari huzuriga qiz uzatuvchi qarindoshlar huzuriga borganday iltifot bilan bordim. Yon bosdim unga, xolalarining izzatini ham joyiga qo‘ydim. Men yana bu mahluqlarga yuz so‘mdan pul berdim, ustiga yana va’da qildim, shubhasiz, bu pastkashlikdan ozor chekmasin deb, unga lom-mim demadim. Pulni olgach, xolalari ipakdek eshilib qolishdi. Sep haqida tortishuv bo‘ldi: uning hech vaqosi yo‘q edi, o‘zi ham hech nimani xohlamasdi. Men unga hech nimang kerakmas, deb ishontirdim, sepni ham bo‘ynimga oldim, mendan boshqa yana kim sep qilardi? Keling, o‘zim haqimdagi gaplarga tupuraylik. Ba’zi g‘oyalarim bilan uni o‘sha damning o‘zida tanishtirishga ulgurdim, hech bo‘lmaganda umumiy jihatlaridan boxabar bo‘lsin, dedim. Balki shoshqaloqlik qilgandirman? Eng muhimi, o‘zini tutishga qanchalik urinmasin, u avval boshidanoq, bag‘rimga muhabbat bilan otilib kirdi, kechalari qaytganimda kutib olib, hayajon bilan, shivirlab (ajib, bokira shivir bilan) go‘dakligini, bolaligini, uylarini, ota-onasini gapirib berardi. Ammo men bu zavq otashini sovuq suv qo‘yib sovutardim. Mening g‘oyam shundan iborat edi. Uning hayajonlariga men sukut bilan javob qaytarardim, albatta, bu onda xayrixohligimni yashirmasdim… shunga qaramay, u ikkimizning tamoman boshqa-boshqa ekanimizni, mening turgan-bitganim jumboq ekanini tez fahmlab yetdi. Men eng muhimi, shu jumboqqa zo‘r berdim. Balki shu jumboqni yechish uchun ham men bu tentaklikni kashf qilgan edim! Dastavval qattiqqo‘llik – ostona hatlash bilan shu qattiqqo‘llikni tatidi. Xullas, o‘shanda mamnun yurgan holda o‘zimga xos tartib turlarini yaratdim. O, bu tartib hech bir zo‘riqishsiz, o‘z-o‘zidan yaraldi. Boshqacha bo‘lishi mumkin emasdi, men bu tartib to‘rini shafqatsiz sharoit talabiga ko‘ra yaratdim, axir o‘zimni cho‘qitib qo‘yolmasdim-ku. Tartib haqiqatga zid emasmi. Yo‘q, siz oxirigacha eshiting, odamga gunoh ortishdan oldin, sababini bilish kerak… Eshiting!

Nima deb boshlasam ekan, tushuntirish juda og‘ir. O‘zingni oqlashni boshlasang – tushuntirish og‘ir kechadi. Bilasizmi, yoshlar ko‘p narsadan, masalan puldan ham nafratlanadi, men esa, pulga mukkamdan ketgan edim. Pul ustiga o‘ligimni tashlaganim sayin – u nafasini ichiga yutaverdi. Katta ko‘zlarini jovdiratib qarab, tinglab, oqibatda jim qolaverdi. Yoshlar olijanoblar, aniqrog‘i yaxshi yoshlar ham olijanob, ham shiddatkor, shundanmi, sabr-toqatsiz, sal narsaga lov etib yonishadi-yu, nafratlarini yashirisholmaydi. Men esa kenglikni istardim, kenglik urug‘ini uning yuragiga sepmoqchi edim, ta’bir joiz bo‘lsa, yurak ko‘zi bilan kengroq qarashga o‘rgatmoqchiydim. Tuban bir misol keltiray: xo‘sh, men qanday qilib bunday fe’l-atvorli odamga garov xazinamni tushuntira olardim? Shubhasizki, agar to‘g‘ridan-to‘g‘ri bu haqda gap boshlasam, shug‘ullanayotgan yumushim uchun uzr so‘raganday bo‘lardim. Shuning uchun o‘zimni mag‘rur tutdim, qariyb sukut bilan gapirdim. Sukut bilan gapirishga suyagim yo‘q mening, butun umrim sukut bilan gapirishda o‘tdi, boshimga tushgan mudhish savdolarni ham sukut bilan yengdim. O, axir men qanday baxtsizliklarni boshimdan kechirmadim! Meni ko‘kragimdan itarib, xuddi keraksiz matohday itqitib tashlashgan edi, unutib yuborishgan edi, buni hech kim, hech kim bilmaydi! Kutilmaganda bu o‘n olti yoshli «oyimtilla» razil odamlar tilidan men haqimdagi yaramas gaplarni eshitib, hamma narsadan xabar topdim, deb o‘ylabdi, ezguliklar odamning faqat ko‘kragidagina qolganini esa fahmlamabdi. Men esa sukutni saqlayverdim, ayniqsa, u bilan birga bo‘lganimda tilim tish hatlamasdi. Kechagi kunga qadar shunday davom etdi. Nima uchun «Ichimdagini top», deb sukut saqladim? Mag‘rurligim tufayli. Men bu odam to‘g‘risidagi bor haqiqatni, uning ko‘nglidagi yashirin ezguliklarni o‘zi, tuban odamlar hikoyasi orqali emas, balki o‘zi anglab yetishini istardim. Uyimga boshlab kelar ekanman, men undan to‘la hurmat, e’tibor kutgan edim. Men uning boshimdan kechirgan azoblarim evaziga tiz cho‘kib ibodat qilishini xohlagan edim – shunga arzirdim. O, men hamisha mag‘rur bo‘lganman, hech qachon o‘rtamiyonaga toqat qilmaganman, yo hammasiga erishishni yo hammasidan birato‘la voz kechishni istaganman. Yarimta baxtga toqat qilolmaganim, yaxlit, butuniga intilganim sababli ham «o‘zing bilib ol va qadrimga yet» qabilida ish tutishga majbur edim. Axir, o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, agar men unga tushuntirishni, aytib turishni boshlasam, yaltoqlansam, hurmat qilishini so‘rasam – gadodan nima farqim qoladi?.. Darvoqe… darvoqe… nima uchun men bularni gapirayotibman?

Tentaklik, tentaklik, tentaklik va yana tentaklik! O‘shanda men unga yoshlarning olijanobligi juda go‘zal, ammo bir chaqaga arzimasligini ikki og‘iz so‘z bilan ochiq va shafqatsizlarcha (shafqatsizligimni ta’kidlagim keladi) tushuntirdim. Nima uchun bir chaqaga qimmat? Shuning uchunki, yoshlarga hammasi osonday tuyuladi, olijanobliklari, yengil qo‘lga kiritilgan, ya’ni xali achchiq-chuchugini tatimay turib, hayotdan olgan dastlabki taassurotlari asosida yuzaga kelgan; vaqti kelib, mehnat iskanjasiga tushishgach, ahvollarini bir ko‘ramiz. Arzon olijanoblik hamisha yengiltak bo‘ladi. Hatto hayotini ham arzon-garovga berishi mumkin – chunki qoni qaynab, kuchi oshib-toshib yotibdi, ko‘ngli go‘zallikka jon-jahdi bilan intiladi. Qani, og‘ir va sokin, jarangsiz, hashamsiz, g‘iybatlarga to‘la, zarracha shuhrat keltirmaydigan, ammo qurbonlik talab etuvchi olijanoblik jasoratini olaylik-chi. Xo‘sh, bu jasoratni tatib ko‘ring-chi, yo‘q-yo‘q, rad etasiz . “Yer yuzidagi barchadan nomusliroq bo‘lganingiz holda jamoatga ablah sifatida ko‘rsatilgan yorug‘ yuzli odam, qayerdasiz?” - deyishga haqlimanmi? Ha! Chunki men bu jasoratni bir umr ko‘tarib o‘tyapman. U avvaliga men bilan astoydil bahslashdi, keyin jim bo‘la boshladi, oxiri nafasini yutdi, ko‘zlarini dahshat bilan ochib tingladi. Ko‘zlari katta-katta edi… Shu asnoda men… men uning ko‘zlarida sokin, yoqimsiz, ishonchsiz bir kulgini ko‘rdim. Ana shu kulgisi bilan men uni uyga olib kirdim. To‘g‘rirog‘i, uning boshqa boradigan joyi yo‘q edi…

NUQUL REJALAR, REJALAR

O‘shanda kim birinchi bo‘lib boshladi?

Hech kim. Birinchi qadamdanoq o‘zi boshlandi. Men uni qattiqqo‘llik bilan uyga yetaklab kirdim, devdim, ammo qattiqqo‘llikni ilk odimdayoq o‘zim yumshatdim, qalliqlik chog‘idayoq, garovga buyum olib qolib, pul berish bilan shug‘ullanishi tushuntirilgan, u esa indamagan edi (Buni eslab qoling). Eng qizig‘i, bu ishga astoydil kirishuvdi. Albatta, uy, jihozlar o‘sha-o‘sha edi. Uyim ikki xonali: biri katta zal, ozgina qisminigina kassa egallagan: ikkinchisi ham keng-mo‘l, yotar-turar joyimiz shu yerda. Jihozlarimning mazasi yo‘q, hatto xolalarinikidan ham xarobroq. Shamchiroqli ikonam zalda, kassa yonida: xonamdagi javonda (kaliti menda turadi) bir necha kitob va garovlarning shartlari: yana to‘shak, stol, stullar… Yemoq-ichmog‘imiz uchun Lukerya uchovimizga, men uni og‘dirib olgan edim, kunda ko‘pi bilan bir so‘m ajratajagimni aytib, «Uch yilda o‘ttiz ming jamg‘arishim kerak, tejab-tergashga majburman», deb tushuntirgandim. U qarshilik bildirmagan edi, shunda ham men kunlik harajatni ko‘paytirib, bir so‘mu o‘ttiz tiyin deb belgiladim. Buning yoniga teatr ko‘shildi. Qalliqlik davrida teatr degan gap yo‘q degan edim, biroq qarorimni o‘zgartirib, oyda bir marta boradigan, borganda ham yumshoq o‘rindiqlardan joy oladigan bo‘ldim. Uch marta birga bordik, «Muhabbat izidan quvish», nazarimda yana – «Sayroqi qushlar»ni ko‘rdik shekilli (o, tupurish kerak bunga, tupurish!) jimgina borib, jimgina qaytardik. Nima uchun, nima uchun ilk qadamimizdayoq sukutni ravo ko‘rdik. Axir dastlab oramizda nizo bo‘lmagandi-ku? Sukut nimasi edi! Esimda, u menga tez-tez ko‘z qiri bilan qarab qo‘yardi, men uni sezardim, seza turib battar sukutga berilardim. To‘g‘ri, sukutga u emas, men jon-jahdim bilan yopishdim. U bir-ikki marta o‘zini tutolmay quchoqlashga tashlanganda ham sovuq muomalamni o‘zgartirmadim. Chunki unda uyg‘ongan to‘lqin dardchil, jazavali edi: menga esa uning astoydil e’zozidan kelib chiqadigan chinakam baxt lozim edi. Men haq edim: har bir to‘lqindan keyin ertasigayoq orada nizo chiqardi.

To‘g‘rirog‘i buni nizo deyish ham qiyin. Chunki janjalimiz ham sukutda o‘tardi – uning qarashlarida borgan sayin «Isyon va mustaqillik»ka moyillik kuchayardi, ammo qarashlarini amalga oshirishga ojiz edi. Ha, bu ma’suma chehra kundan-kunga dag‘allashardi. Ishonsangiz, ishonmasangiz, u mendan jirkana boshlardi – men buni yaqqol his qilib turardim. Ba’zan ichki to‘lqinlarini jilovlay olmay o‘zidan ketishiga shubha yo‘q edi. Misol uchun aytsam, kechagina pol yuvishdan boshi chiqmagan oyimtilla nochorlik botqog‘idan qutulib, bugun kambag‘alligimdan burnini jiyiradigan bo‘lib qoldi! Turish-turmushimiz pokiza, kerak joyda hashamga ham o‘rin bor, aytmoqchimanki, mening uyimda qashshoqlik emas, tejamkorlik xukmron edi. Men ilgarilari ham erning sarishtaligi xotinning ko‘nglini band etadi deb hisoblar edim. U qashshoqligimni la’natlamas, balki tejamkorligimni baxillik hisoblab, «aniq maqsadi borligini, qat’iy irodasini ko‘rsatmoqchi», deb mendan nafratlanardi. Teatrdan kutilmaganda o‘zi voz kechdi. Mazaxli chimirilishlari beshbattar ko‘paydi… Men esa sukutni kuchaytirdim, sukutga zo‘r berdim.

Axir o‘zimni oqlamayman-ku! Bu yerda eng muhimi qarz kassasi. Iltifot qiling: men ayolning, ayniqsa o‘n olti yoshida, erkakka butunlay bo‘ysunmasligi mumkin emasligini bilardim. Ayollarda originallik yo‘q – bu isbot talab etmaydigan haqiqat, hatto hozir ham bu men uchun isbotsiz haqiqat! Zalda yotgan bo‘lsa nima qilibdi: haqiqatni haqiqat deyish kerak, bu yerda Mill* ham ojiz. Sevuchi ayol esa, o, sevuchi ayol esa, ko‘ngli maylini olgan kimsaning barcha kamchiliklarini, hatto yovuzliklarini ilohiylashtiradi.

O‘sha kimsa yovuzliklarini yuvish uchun arzirli bahona topa olmaydi. Ammo sevuchi ayol unga fatvo topib beradi. Bu oliyhimmatlik, ammo originallik emas. Ayolni faqat nooriginallik badnom etadi. Qaytarsam nima bo‘libdi, stol ustini nimaga imlab ko‘rsatyapsiz? Stol ustidagi original demoqchimisiz? O-o?..

Bilib qo‘ying: uning muhabbatiga o‘shanda amin edim. Axir bo‘ynimga osilib olgan edi-ku. Demak, sevardi, aniqrog‘i sevishni istardi. Ha, shunday edi: sevishni istardi, muhabbatini izlardi. Eng muhimi shundaki, bu yerda u fatvo topib berishi lozim bo‘lgan yovuzlikning o‘zi yo‘q edi. Garovchiligimni aytyapsizmi? Buni hamma gapiradi. Garovchi bo‘lsam nima! Olijanoblarning olijanobi shu ishni o‘ziga lozim ko‘rgan ekan, demak sababi bor. Bilasizmi, janoblar, g‘oyalar bor… Ya’ni bilasizmi, agar o‘zga g‘oya aytilsa, so‘z bilan ifoda qilinsa juda ahmoqona chiqadi. O‘zimdan-o‘zim uyalib ketaman. Nimaga? Hech nimaga. Chunki biz yaramas odamlarmiz, haqiqatga chidolmaymiz, agar gapimni yolg‘on desangiz, bilmadim, qanday odam ekanmiz. Men hozir «olijanoblarning olijanobi» dedim. Kulgilimi, lekin gapning chini shu! Axir bu haqiqat, ya’ni hakiqatlar ichra eng oliy haqiqat-ku! Men bu kassani ochish, o‘zimni-o‘zim ta’minlash istagiga to‘la haqli edim: «Siz meni chetga surib chiqardingiz, siz odamlar, ha, siz meni jirkanch sukutingiz bilan oralaringizdan haydadingiz. Siz tomonga ehtiros va shiddat bilan intilishimga javoban bir umrga ranj-alam qaytardingiz. Shunday ekan, endi men qalin devordan to‘siq qilib olishga, o‘sha o‘ttiz mingni to‘plab, Qrimdanmi, janubiy sohildanmi yer-mulk sotib olib, umrimning qolgan qismini tog‘larda, uzumzorlarda, eng muhimi – sizlardan uzoqroqda, ammo sizlarga kek saqlamasdan, ko‘nglimdagi oliy maqsadim bilan, yurakdan sevuchi ayolim bilan, xudo bersa oilam bilan, yon qo‘shnilardan yordamimni ayamasdan yashashga to‘la haqqim bor». Yaxshi hamki bu gaplarni endi ovoz chiqarib o‘zimga-o‘zim aytyapman, agar ilgariroq uning qulog‘iga quyganimdami, bundan bema’niroq ish bo‘lmasdi. Mening mag‘rurona sukutim ham, jimgina o‘tirishlarimiz ham aynan shundan. Axir u tushuna olarmidi? O‘n olti yosh – yoshlikning birinchi pog‘onasi – u mening vaj-karsonlarimni, azob-uqubatlarimni anglashga qodir emasdi. To‘g‘rilik, hayotni bilmaslik, bolalarcha arzon imon, «go‘zal qalblar» xususidagi ko‘r-ko‘rona tushuncha, eng muhimi garov kassasi (Holbuki mijozlarimga nisbatan yovuzlik qilmas edim! Me’yoridan oshiqcha olib qolmasligimni o‘zi yaxshi bilardi, ko‘rgan edi!) uni haqiqatga olib boruvchi yo‘llarni taqa-taq berkitib tashlagan edi. O, bu yorug‘ olamdagi haqiqat naqadar dahshatli! Bu malak, bu ma’suma, bu osmon – mustabid edi, qalbimning chidab bo‘lmas darajadagi shafqatsiz mustabidi, sitamgiri edi! Agar bularni aytmasam, o‘zimga-o‘zim tuhmat qilgan bo‘laman! Siz mening sevgimga ishonmayapsizmi? Shunday deb kim ayta oladi? O, bu sho‘ri-g‘avg‘o, taqdir va tabiatning istehzoga to‘la sho‘ri-g‘avg‘osi edi! Bizga qarg‘ish tekkan, odamzotning hayoti (jumladan meniki ham) qarg‘ish ostida qolgan. Men qayerdadir yanglishganimni tushunib turibman-ku! Qayerdadir mo‘ljalni to‘g‘ri ololmadim. Hammasi aniq-ravshan edi, rejalarim ham osmon kabi pokiza edi: «Qattiqqo‘l va mag‘rur, birovning ruhiy taskiniga muhtojlik yo‘q, sukut bilan azob chekish». Shunday edi, aldamadim, sira aldamadim! Bunga keyinroq o‘zi guvoh bo‘ladi, buning olijanoblikdan ekanini o‘zi ko‘radi (ammo, sezolmadi), qachondir bilsa, olijanobligimni o‘n chandon oshirib baholaydi va qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib xudoning zorini qiladi». Rejam shu edi. Lekin men bu yerda nimanidir unutdim yoki nimanidir tushirib qoldirdim. Nimanidir amalga oshirolmadim. Bas, yetar bas! Endi kimdan uzr so‘rayman? Tamom bo‘ldi, tamom bo‘ldi – tan olish kerak. E, odam, qaddingni tut, yerparchin bo‘lma! Aybdor sen emassan.

- Xo‘p, yaxshi, men rost gapni aytaman. Haqiqat bilan yuzma-yuz bo‘lishdan cho‘chimayman: U aybdor edi, aybdor U edi!..

MA’SUMANING G’ALAYONI

Oramizdagi nizo bunday boshlandi: hech kutilmaganda u pulni o‘z xohishiga ko‘ra beradigan, buyumlarni me’yoridan ortiq baholaydigan bo‘ldi, bu ham yetmagandek, men bilan ikki marta bahslashdi. Yon bosmadim. Shu paytda oyog‘imiz ostidan kapitanning bevasi chiqib qoldi.

Beva kampir medalonni, ya’ni marhum erining sovg‘asi, demak, qadrli yodgorlikni olib keldi. O‘ttiz so‘m berdim. Ming‘irlab, arz-dod qilib, buyumni asrashimizni iltimos qildi – asramay nima qilardik. Xullas, besh kundan keyin yana paydo bo‘lib, sakkiz so‘mga ham arzimaydigan bilakuzukka almashtirib berishni so‘radi. Men shubhasiz, rad etdim. O‘shanda bu ayyor kampir xotinimning ko‘zida mehr ko‘rganmi, harholda men yo‘g‘imda kelib, muddaosiga yetdi – u medalonni bilakuzukka almashtirib beribdi.

Bundan xabar topishim bilan qisqa, ammo qat’iy, jo‘yali gapimni aytdim. U to‘shak ustida yerga tikilgancha o‘tirar, o‘ng oyog‘ining uchini likillatib, gilamchani urib-urib qo‘yardi (bu uning ma’nodor ishorasi) lablarida istehzo qotgan edi. Shunda men, ovozimni mutlaqo ko‘tarmasdan, pul meniki ekanini, hayotga o‘z ko‘zlarim bilan boqishga haqqim borligini, uni uyga taklif qilganimda, hech narsani yashirmaganimni xotirjam bir alfozda eslatdim.

U esa birdan sapchib turdi, a’zoyi badani titradi, keyin – nima deb o‘ylaysiz – depsina boshladi: shu turishi vahshiylikning o‘zi edi, tutqanoq edi, tutqanog‘i tutgan vahshiy edi. Men hayratdan muz qotdim: bu qiliqni sira kutmagandim. Ammo o‘zimni yo‘qotmadim, hatto qimirlamadim, o‘sha xotirjam ovozda bundan buyon yumushlarimga aralashish huquqidan mahrum etajagimni ma’lum qildim. U basharamga qarab turib xaxoladi-da, uydan chiqib ketdi.

Gap shundaki, mensiz uydan chiqishga uning haqi yo‘q edi. To‘ydan oldinoq shunga kelishgan edik. Kun bo‘yi qaylardadir sanqib, kechqurun qaytdi – churq etmadim.

Ertasiga ertalabdan yana g‘oyib bo‘ldi, indiniga ham. Kassani berkitib, xolalarinikiga bordim. To‘ydan keyin ular bilan bordi-keldini yig‘ishtirib qo‘ygan edim. Ostonalarini hatlashga majbur bo‘ldim: bu yerga qadam bosmabdi. Xolalari gaplarimni diqqat bilan eshitib, «Sizga hali bu ham kam», deb mazax qilishdan toyishmadi. Kulgi bo‘lishimni bilardim. O‘sha zahoti kichik xolasiga – qariqizga yuz so‘m va’da qilib, og‘dirib oldim, yigirma beshini naqd sanab berdim. Ikki kundan keyin u uyimga xunuk xabar bilan keldi: «Poruchik Yefimovich degan odam, siz bilan bir polkda xizmat qilgan ofitser suvni loyqalatib yuribdi». Hayratda qoldim. Bu Yefimovich deganlari polkda menga nisbatan razillik qilgani yetmaganday, bir oy muqaddam garovga narsa qo‘yish bahonasida ketma-ket ikki marta uyimga behayolarcha kelib, xotinimga shilqimlik qilgan edi. O‘shanda unga yaqinlashib, munosabatlarimizni unutmay, uyimga qadam bosishga jur’at etmasligini aytgandim: ish bu darajaga borib yetishi xayolimga ham kelmagandi, shunchaki sulloh deb o‘ylovdim. Mana endi xolasi xotinimning o‘sha sulloh bilan uchrashuv tayin qilganini, bu ish ularning eski tanishlari, polkovnikning bevasi Yuliya Semenovna rahnamoligida amalga oshganini ma’lum qilib turibdi: «Xotiningiz o‘shanikiga qatnayapti».

Bu tafsilotlarni qisqartiraman. Bu ish oxir-oqibatda menga uch yuz so‘mga tushdi. Ammo ikki kun ichida maqsadga erishdim: qo‘shni xonada turib, qiya ochiq eshikdan xotinimning Yefimovich bilan birinchi render – Vous* guvoh bo‘lish, gaplarni eshitish imkoniyatini qo‘lga kiritdim. Bu voqeaga tayyorgarlik ko‘rayotgan paytimda, bir kun avval, juda qisqa davom etgan, ammo men uchun nihoyatda muhim hodisa yuz berdi.

Kechqurun u yoqdan-bu yoqqa yurdi, to‘shakka o‘tirdi, menga tikilib, masxaralab tirjaydi, oyoq uchlarini qimirlatib gilamchaga tap-tap urdi. Unga qarab turib, daf’atan kallamga bir fikr urildi: o‘tgan oy davomida, to‘g‘rirog‘i o‘tgan ikki hafta mobaynida fe’l-atvori juda o‘zgarib ketdi: qandaydir asovlik, hujumkorlik behayo deya olmayman, ammo betartiblik, iztirobga moyillik paydo bo‘ldi. Bularni sirtiga chiqarmaslikka yuvoshligi sabab edi. Iztiroblari chegaradan chiqqan bo‘lsa-da, o‘zini zo‘rlab ushlab turgani, bu uchun o‘zidan-o‘zi hazar qilayotganini sezmasligim mumkin emasdi. Bunaqalar bir quturmasin, qutursa jilovlab bo‘lmaydi. Shunaqa paytda ular aytadigan, quyushqondan chiqib ketadigan gaplarni eshitib, quloqlaringga ishonmaysan. Qalban buzuqlikka odatlanganlar esa, aksincha yumshatadilar, qabihliklarini ham batartib, iltifot bilan yuzaga chiqaradilar, ana shu razilliklarida ustunlik qilish da’vosi bo‘ladi.

O‘sha kuni u asovlik bilan arqonni uzdi:

- Duelga chiqishga qo‘rqqaningiz tufayli polkdan haydab yuborganlari rostmi? - deb so‘radi u kutilmaganda, ko‘zlarida esa o‘t chaqnadi.

- Rost, ofitserlarning qarori bilan polkni tashlab ketishimni so‘rashdi, unga qadar o‘zim iste’foga chiqaman deb ariza bergan edim.

- Qo‘rqoq sifatida haydashganmi?

- Ha, ular shunday ayb qo‘yishdi menga. Lekin dueldan bosh tortishimga sabab qo‘rqoqlik emas. Mening shaxsimni haqorat qilishmagan holda duelga chaqirsam bema’nilik bo‘lardi. Men ularning mustabidona qarorlariga bo‘ysunmadim.

Bilib qo‘ying, shu yerga kelganda o‘zimni tutolmadim, o‘z hatti-harakati bilan bunday mustabidlikka, oqibatlarini bila turib qarshi borish, har qancha duelga chiqishdan ko‘proq jasorat, mardlik talab qiladi.

Men o‘zimni tuta olmadim, shu gaplarim bilan go‘yo o‘zimni oqlashga urindim: unga esa xuddi shu - yanada tiz cho‘kib, xo‘rlanishim kerak edi. U g‘azab bilan kuldi.

- Uch yil Peterburgda daydilarga o‘xshab tilamchilik qilib, billiard stollarining tagida yotib qolganlaringiz, rostmi?

- Men Sennada, Vizemskiyning uyida ham yotib qolardim. Polkdan keyin juda ko‘p haqoratli tushkun onlar bo‘ldi, ammo ruhan cho‘kmadim, chunki qilg‘ilig‘imni o‘shanda birinchi bo‘lib o‘zim ayblagan edim. Tushkunligim boisi, o‘shandagi ahvolimdan umidsizlikka berilish oqibatida aqlim va irodamning ojizlanib qolganidan edi. Bularning bari ortda qoldi...

- O, siz endilikda ko‘zga ko‘ringan odamsiz - puldorsiz!

Ya’ni, bu garov kassasiga qilingan istehzoli ishora edi. Men o‘zimni qo‘lga olishga ulgurdim. Uning meni yanada haqoratlashga olib boruvchi tushuntirishlarimga chanqoq ekanini sezdim - bunga erishishiga yo‘l bermadim. Chorlovchining qo‘ng‘irog‘i ayni muddao bo‘lib, zalga chiqdim. Oradan bir soat o‘tgach, u to‘satdan kiyindi-da, uydan chiqayotib ro‘paramda to‘xtab, shunday dedi:

- Har holda siz bular haqida to‘ydan oldin og‘iz ochmagan edingiz?

Men javob bermadim. U chiqib ketdi.

Xullas, ertasiga cho‘ntagimda to‘pponcha bilan qiya ochiq eshik ortida turib taqdirimning qanday hal etilayotganiga diqqat bilan quloq tutib turardim. U yasan-tusanda o‘tirardi, Yefimovich esa uning ro‘parasida qiyshanglardi. Xo‘sh, nima bo‘ldi, o‘zim sezmagan holda, nimani o‘ylagan bo‘lsam (nomusim haqqi gapiraman buni), nimani ko‘nglim sezgan bo‘lsa, kutgan bo‘lsam o‘sha yuz berdi. Bilmadim, tushunarli qilib so‘zlayapmanmi?

Bo‘lgan voqea mana bunday: eshik ortida turib, ularning suhbatiga bir soat quloq tutdim, bir soat mobaynida olijanob yuksak his-tuyg‘u egasi bo‘lgan ayolning oqsuyak mazhabidan chiqqan buzuq, qalbi nopok, berahm hayvon bilan olishuviga guvoh bo‘ldim. Bu ma’suma, bu kamgap, bu sodda juvon shuncha gapni qayerdan biladi, deb hayratga tushdim. Oqsuyaklarning sevimli komediyalarini to‘quvchi zukko muallif ham buzuq ishlarga himmat kamarini bog‘lovchilarga nisbatan oliy nafrat va do‘lvor kulgu uyg‘otuvchi bunday masxarali sahnani o‘ylab topolmagan bo‘lardi. Uning gaplarida, so‘zlarida qanchalar shukuh, tezkor javoblarida qanchalar o‘tkirlik, mulohazalarida qanchalar haqiqat, ayni choqda qizlarga xos soddalik bor edi! Mal’un Yefimovchining sevgi izhoriga, qiliqlariga, gaplariga javoban ko‘zlariga qarab mazax qilib kulardi. Muddaoga osonlik bilan, bir xurujdayoq erishish niyatida kelgan Yefimovich uning qarshilik qilishini kutmagan ekan, darrov cho‘kdi. Men dastlab uning hatti-harakatini “Buzuq, ammo oqila mavjudotning narxini oshirish maqsadidagi noz-firog‘i”, deb oddiy noz-karashmaga yo‘yishim mumkin edi. O, yo‘q, haqiqat quyosh yanglig‘ porlab, shubhalarga o‘rin bermadi. Menga nisbatan bo‘lgan g‘ayritabiiy va shiddatli nafrati tufayli, tajribasiz bu juvon mana shunday uchrashuvga jur’at qilishi mumkin edi, ammo erkakning pinhona muddaosi suv yuzasiga qalqib chiqqach, uning ko‘zi ochildi. Bu mavjudot qanday qilib bo‘lmasin meni haqoratlash qasdida betoqat to‘lg‘onib, hatto bu balchiqdan ham hazar qilmadi, ammo betartiblikka chidam berolmadi. Aynan uni, ko‘krak sutiday pokiza, bokira, oliy maqsadi bor juvonni Yefimovich yoki unga o‘xshash biror boshqa oqsuyak maxluq yo‘ldan ozdira olarmidi? Aksincha, u faqat masxara bo‘ldi. Xotinimning qalbida bor haqiqat uyg‘ondi va g‘azab yuragidagi achchiq istehzoni yuzaga chiqardi. Qaytaraman, bu masxaraboz oxir-oqibat butunlay cho‘kdi, tumtayib oldi, savollarga ham behush javob qaytara boshladi, hatto tubanlik bilan o‘ch olish qasdida xotinimni haqorat qilib qo‘ymasin, degan qo‘rquv badanimga tarqadi. Yana takrorlayman, bu sahnani qariyb hayratsiz tingladim. Men go‘yo tanish voqeaga duch kelganday edim. Men go‘yo u bilan uchrashish niyatida yo‘lga chiqqandim. To‘pponcha olvolganimga qaramay, men hech nimaga ishonmay, hatto aybnomalarga parvo qilmay keldim - bu ayni haqiqat. Shunday ekan, men uni boshqacha tasavvur etishim mumkinmidi? Xo‘sh, men nima uchun sevdim, nima uchun e’zozladim, nima uchun uylandim unga? O, menga nisbatan nafratining naqadar ulug‘ligiga, ayni paytda, o‘zining qanchalar bokiraligiga o‘sha onda amin bo‘ldim. Shartta eshikni ochib, bu masxarabozlikka chek qo‘ydim. Yefimovich sapchib tushdi. Xotinimning qo‘lidan olib, men bilan yurishni so‘radim. Yefimovich darhol o‘ziga keldi, jaranglab, yayrab kuldi.

- O, ilohiy er-xotinlik huquqiga monelik qilolmayman, olib keting, olib keting! Ammo bilib qo‘ying, - dedi u izimdan, - olijanob odamlarning siz bilan olishuvi bema’nilik bo‘lsa ham, ayolingiz haqqi hurmati xizmatingizga tayyorman... Agar jur’at qilolsangiz albatta...

- Eshityapsizmi, - dedim unga, ostonada bir nafas to‘xtatib.

Uyga yetguncha, yo‘l bo‘yi churq etilmadi. Men uni qo‘ltiqlab olgan edim, bunga qarshilik bildirmadi. Aksincha, u behad hayratda edi, ammo hayrat pardasi uyga yetgach ko‘tarildi. Uyga kirib stulga o‘tirdi-yu, menga baqrayib tikildi. Uning rangida-rang qolmagan edi: lablari shu damda istehzoga moyillik bilan chimirilsa-da, ko‘zlarida olishuvga da’vat etuvchi qat’iylik, ulug‘vorlik bor edi: nazarimda dastlabki daqiqalarda to‘pponchadan otib o‘ldirishimga qattiq ishongan edi. Ammo men indamay to‘pponchani cho‘ntakdan chiqarib, stol ustiga qo‘ydim. U bir menga, bir to‘pponchaga qarab qo‘ydi (To‘pponchaning unga tanish ekaniga diqqatingizni tortaman. Shu do‘konni ochganimdan beri o‘qlog‘lik turadi. Kassani ochar chog‘imda katta itlarni ham, Mozerga o‘xshab baquvvat malaylarni ham ushlamaslikka qaror qildim. Mijozlarimga eshikni oshpaz xotin ochadi. Biroq bu hunar bilan shug‘ullanuvchi odam har ehtimolga qarshi himoya choralarini o‘ylab qo‘ymasa bo‘lmaydi. Shu sabab to‘pponcham hamisha o‘qlog‘liq turadi. U uyimga kelgan dastlabki kunlardayoq, to‘pponchaga qiziqib qoldi, so‘rab-surishtirdi, men hatto to‘pponchaning tuzilishiyu qurilishini tushuntirib berdim, hatto o‘zi ham otib ko‘rib, mo‘ljalni bexato urishiga ishondi. Buni unutmang). Uning qarashidagi qo‘rquvga e’tibor bermay, yarim yechingan holda to‘shakka cho‘zildim. Soat o‘n birdan oshgan. Men o‘larday holdan toygan edim. U joyida yana bir soatcha qimirlamay o‘tirdi, keyin shamni o‘chirib, kiyimlarini yechmay devor tomondagi divanga yotdi. Birinchi marta boshqa yotdi – buni ham eslab qoling.

MUDHISH XOTIRA

Endi bu mudhish bir xotira…

Barvaqt uyg‘ondim, harholda xona yorug‘, chamamda soat sakkizlar bor edi. Fikrim tiniqlashib, birdan uyg‘ondimu ko‘zlarimni katta ochdim. U stol yonida to‘pponcha ushlagan holda turardi. Uyg‘onib, qarab yotganimni u sezmadi. Bir mahal to‘pponchaning og‘zini menga to‘g‘riladi. Ko‘zimni yumib, o‘zimni uxlaganga soldim.

U to‘shagimga yaqinlashib, tepamda turib oldi. Men hamma narsani eshitib, sezib yotardim: xonada o‘lik sukunat hukmron, men sukunatni ham eshitardim. Shu payt titroq bir harakat sezildi -o‘zimni tutolmay ko‘zlarimni ochdim. U to‘g‘ri menga, ko‘zlarimga tikilib turar, to‘pponcha esa qariyb chakkamga tiralgandi. Ko‘zlarimiz to‘qnashdi. Nigohlar to‘qnashuvi bir nafasdan oshmadi. O‘zimni majburlab ko‘zimni yumdim, endi nima bo‘lsa ham, qimir etmayman, deb bor quvvatim bilan o‘zimni majburladim.

Umuman ba’zan shunaqa bo‘lib turadi, qattiq uxlagan odam birdan ko‘zini ochadi, yostiqdan boshini ko‘taradi, atrofga alanglaydi-da, bir soniya o‘tmay hushidan ketganday boshini yostiqqa tashlab, yana qattiq uyquga ketadi, uyg‘ongandan keyin so‘rasangiz, hech nimani eslamaydi. Nigohlarimiz to‘qnashib, chakkamdagi to‘pponchani his qilib, birdan ko‘zimni chirt yumib, qattiq uyqudagi odamday qimir etmay qolganimda u uxlayotganimga, hech nimani ko‘rmayotganimga aniq ishonishi mumkin edi, chunki uyg‘oq odamning men ko‘rganni ko‘rib, bu daqiqada yana xotirjam ko‘zlarini yumib yotishiga aql bovar qilmasdi.

Ha, aql bovar qilmasdi. Ammo u haqiqatni bilishi ham mumkin edi – bu fikr xayolimga o‘sha zahoti urildi. O, inson ongining samoviy qudratiga ming-ming ofarin – yarim lahzada boshimni qancha xayollar, qancha hislar to‘lqini kezib chiqdi. Demak, bu holda, haqiqatni bilib, ayyorona ko‘z yumib yotganimni bilgan bo‘lsa (buni sezardim), unda men o‘limga tayyor ekanim bilan uni yengib tashladim, endi qo‘li qaltirashi turgan gap. Avvalgi qat’iyligi endigi taassuroti bilan to‘qnashib parchalanishi tayin. Cho‘qqidagilarni qandaydir kuch pastga, tubsiz jarga tortib turadi, deydilar. Nazarimda to‘pponchani qo‘lga olishga ulgurish – juda ko‘p qotilliklar yoki o‘z-o‘zining joniga qasd qilishlarga sabab bo‘ladi. Bu ham tubsiz jarlik, qiyaligi qirq besh gradus, sirg‘anmaslik mumkin emas, nimadir sizni muqarrar tepkini bosishga undaydi. Ammo hamma narsani ko‘rganim, uning qo‘lidan o‘lim topishga rizo ekanimni bilish uni bu qiyalikda tutib qola olardi…

Sukunat davom etardi, birdan chakkamga, sochlarimga sovuq temir tegdi. “Jon saqlashingga imoning komil edimi?” - deb so‘rashingiz mumkin. Xudo oldida javob berganday sizga ham to‘g‘risini aytay: hech qanday umidim yo‘q edi, yuzdan bir imkoniyat bilan tirik qolishimnigina bilardim. Unda o‘limga nima uchun shay eding, deysizmi? U holda siz ham bir so‘rog‘imga javob bering: suyukli mahbubam chakkamga to‘pponcha tiragandan keyin menga yashashning nima qizig‘i qolar edi? Bundan tashqari men butun vujudim bilan bir narsani aniq his qilib yotardim: ayni choqda oramizda, kechagi qo‘rqoq bilan, qo‘rqoqligi uchun o‘rtoqlari tomonidan haydalgan o‘sha qo‘rqoq bilan uning orasida kurash, hayot-mamot jangi borardi. Men buni bilardim, agar uxlamayotganimni fahmlagan bo‘lsa, u ham bilardi.

Balki bunday bo‘lmagandir, balki o‘sha onda bularni o‘ylamagandirman, ammo bular fikrdan o‘tmasa ham yuz berishi lozim edi, chunki shundan keyin hayotimning har bir soati shu xayollar bilan band bo‘ldi.

Endi siz «nima uchun uni yovuzlikdan asrab qolmading?»- degan savolni berishingiz mumkin. O, keyinchalik men bu lahzani har eslaganimda, etim muzlab, bu savolni o‘zimga-o‘zim ming martalab berganman. Unda qalbim mavhum bir umidsizlik chohida edi: o‘zim jon taslim qilardim, shu ahvolda kimni qutqara olardim? Qolaversa, birovni qutqarish istagi bo‘lganmi yo‘qmi, siz qayerdan bilasiz? Nimalarni his qilganimni kim bilib o‘tiribdi.

Sezgilarimning jizg‘anagi chiqardi... lahzalar o‘tdi, sukunat o‘likligicha qoldi: u esa tepamda hamon tik turibdi – birdan yalt etgan umiddan seskandim! Shoshib ko‘zimni ochdim. U xonada yo‘q edi. O‘rnimdan turdim: men g‘alaba qozondim – u umrbod mag‘lub bo‘ldi!

Samovarning oldiga bordim. Qaynoq samovar odatda birinchi xonaga keltirilib, choyni har safar u quyib berardi. Men joyimga jimgina o‘tirib, u uzatgan choyni oldim. Besh daqiqalardan so‘ng unga qaradim. U ham menga tikilib turar, rangi kechagidan beshbattar oqarib ketgan edi. Birdan qarashimni ilg‘ab, rangsiz lablarida rangsiz istehzo, ko‘zlarida jur’atsiz savol nazari paydo bo‘ldi. «Aftidan, biladimi yo bilmaydimi, qo‘rqdimi yo qo‘rqmadimi deb hali ham ikkilanyapti». Men xotirjamlik bilan undan nigohimni oldim. Choydan so‘ng kassani berkitib bozorga tushdim-da, temir karavot bilan parda sotib oldim. Uyga qaytgach, karavotni zalga qo‘yib, parda bilan to‘sib qo‘yishni buyurdim. Bu karavot unga atalgan edi, ammo o‘ziga bu haqda og‘iz ochmadim. Shu karavotni ko‘riboq «hammasini ko‘rganimni, hammasini bilishimni» so‘zsiz anglaganiga shubham yo‘q. Tunda to‘pponchani odatdagiday yana stol ustida qoldirdim. U o‘zining yangi to‘shagiga yotdi: nikoh buzildi, u «mag‘lub etilgan, ammo kechirilmagan edi». Tunda alahsiray boshladi, ertalab esa isitmasi ko‘tarildi. U olti hafta o‘rnidan turmay yotdi.

MAG’RURLIK UYQUSI

Lukerya uyimda bo‘lak yashamasligini, boyvuchchani dafn etgach, chiqib ketajagini hozirgina ma’lum qildi. Tiz cho‘kib, bir soat ibodat qilmoqchi edim, besh daqiqadan nariga o‘tolmadim, o‘ylab o‘yimga yetolmayman, fikrlarim xasta, boshim xasta – tavbaning nima foydasi bor, ibodat qilding nima – qilmading nima, baribir gunohkor bandasan! Yana ajablanarlisi shuki, sira uyqum kelmayapti, holbuki, og‘ir, behad og‘ir g‘am-sitamlardan so‘ng, dastlabki ruhiy portlashlardan keyin odamning uyqusi keladi. Aytishlaricha, o‘limga mahkum etilganlar so‘nggi tunda qattiq uxlar ekanlar. Tabiatan shunday bo‘lishi kerak, yo‘qsa odamning irodasi dosh berolmay sinishi mumkin. Divanga yotdim, baribir uxlolmadim.

Men, Lukerya, kasalxonadan yollaganim hamshira – uch kishi bo‘lib olti hafta mobaynida tunu kun kasalini boqdik. Pulni ayamadim, aksincha unga sarf qilgim kelaverdi. Doktor Shrederni chaqirib, har kelishiga o‘n so‘mdan to‘ladim. U hushiga kelgach, ko‘ziga kamroq ko‘rinishga intildim. Bularni bayon etishimning nima hojati bor! U oyoqqa turgach, xonamdagi alohida stol yoniga ohistagina yaqinlashib, jimgina o‘tirdi. Bu stolni kasal yotganida unga maxsus sotib olgan edim. Chindan ham ikkovimiz sukut saqladik. To‘g‘ri, keyinroq gaplasha boshladik, lekin oddiy mavzudan chetlashmadik. Men, albatta atayin ezmalikdan, yoyilib gaplashishdan qochardim, uning ortiqcha gap aytib yubormayotganimdan xursand ekanini ham sezib turardim. Bu qilig‘i menga tabiiydek tuyulardi. «Uzil-kesil mag‘lub bo‘lganidan benihoya iztirobda, - deb o‘yladim, - demak, o‘tganlarni unutish, ko‘nikish uchun imkon berish zarur». Shu asnoda sukut saqlardik, ammo men har daqiqa o‘zimni kelajakka tayyorlardim. Nazarimda u ham shaylanardi, o‘zi haqida endi nimalarni o‘ylayotganini bilish meni g‘oyat qiziqtira boshladi.

Yana bir gapni aytmasam, yuragim toshib ketadi: kasal yotganida uning tepasida turib qancha fig‘on chekkanimni, qancha azoblarga toqat qilganimni birov bilmaydi. Fig‘onlarim faqat o‘zimga ma’lum, hatto Lukeryaning nolalarini ham qalbimga yashirganman. Men uning hech narsani bilmay o‘lib ketishi mumkinligini taxmin qilish u yoqda tursin, tasavvur ham etolmasdim. Aniq yodimda, ahvoli bir oz yaxshilanib, xavf chekinib, sihati tiklana boshlagach, tez va qat’iy xotirjam bo‘ldim. Ustiga-ustak kelajagimizni qo‘ya turishga, ma’lum muddat orqaga surishga, hozirgi ahvol haqida qayg‘urishga ahd qildim. Ha, o‘shanda g‘alati, ajib bir holga tushdim, buni o‘zgacha ifoda etishim mushkul: men g‘alaba nashidasini surayotgan edim, shu haqda o‘ylashimning o‘ziyoq, meni noma’lum hislarga chirmab tashlardi. Qish shu zaylda o‘tdi. O, men behad xursand edim, umrimda hech vaqt ko‘nglim bu qishdagi kabi xush bo‘lmagan.

Bilasizmi, o‘sha voqeaga qadar, ya’ni xotinim bilan oramizda halokat yuz bergungacha har kun, har soat meni ezib kelgan hayotimning obro‘sizlanishim va polkdan ketishimga bog‘liq mudhish bir tashqi jihati mavjud edi. Ikki og‘iz so‘z bilan aytsam: menga nisbatan mustabidlarcha nohaqlik qilingan. To‘g‘ri, o‘rtoqlarim og‘ir, balki, kulgili fe’limni hazm qilisholmasdi, meni yomon ko‘rishardi, holbuki, ko‘p hollarda siz uchun buyuk, sizga ilohiy tuyulgan, siz sig‘inadigan narsa ayni chog‘da atrofingizdagi o‘rtoqlaringiz to‘dasini kuldiradi. O, meni hech qachon, hatto maktabda ham yaxshi ko‘rishmagan. Meni hammavaqt, har joyda yomon ko‘rishgan. Meni Lukerya ham yoqtirmaydi. Polkdagi voqea, garchi meni yaxshi ko‘rmasliklarining oqibati esa-da, tasodifan sodir bo‘lgan edi. Bularni eslashimga sabab: yoningdan bulut kabi suzib o‘tib ketishi mumkin bo‘lgan turli sabablarning bema’ni yiriklashuvi, yuz bermasligi mumkin bo‘lgan tasodif tufayli o‘lib ketishdan battarroq ranj-alam yo‘qdir. Har holda ziyoli odam uchun bundan o‘tadigan xo‘rlik mavjud emas. Voqeaning mag‘zi mana bu:

Teatrda, tanaffus paytida yemakxonaga chiqdim. Gusar A-v ikki gusar orasida, ovozini baralla qo‘yib – bu yerda ofitserlar ham ko‘p edi – polkimiz kapitani Bezumsev dahlizda janjal ko‘targanini gapira boshladi. Gap orasida «aftidan kapitan g‘irt mast edi”, deb qistirib o‘tdi. Ularning bu mavzudagi gaplari uzoqqa cho‘zilmadi, chunki Bezumsevning mastligi yolg‘on, dahlizdagi «janjal» janjal deyishga arzimas ham edi. Gusarlar boshqa gaplarga o‘tib, tinchishdi, ammo bu latifa ertasigayoq polkimizga yetib borib, shivir-shivir boshlandi. Ya’nikim, gusar A-v, kapitan Bezumsev nomini bulg‘ayotganda yemakxonada polkimizdan faqat men bor ekanman, men unga tanbeh berib to‘xtatmabman. Xo‘sh, nima uchun men tanbeh berishim kerak? Bezumsevda alami bo‘lsa – bu ularning shaxsiy ishlari, men aralashib nima qildim? Ofitserlar esa bu shaxsiy masala emas, polkka bevosita aloqador edi, deb topishdi. Nima emish, yemakxonada polkimiz ofitserlaridan birgina men bo‘lganim uchun ham yemakxonadagi jamoaga, jumladan, barcha ofitserlarga polkimiz sha’niga va o‘z g‘ururimga dog‘ tegishidan uncha g‘ashim kelmasligini isbotlaganmishman. Bu xulosa bilan kelishishim mumkin emasdi. Shunga qaramay, vaqt o‘tgan bo‘lsa ham, hali kech emasligiga, xatoimni to‘g‘rilashga, A-v bilan munosabatimni oydinlashtirib olishimga imkoniyat borligiga sha’ma qilishdi. Men buni xohlamadim, qattiq g‘azablanganim tufayli, mag‘rurlik bilan rad etdim. So‘ng o‘sha zahoti iste’foga chiqdim – bor gap shu. Men polkni mag‘rurona, ammo ruhiy chilparchin bo‘lgan xolda tashlab chiqdim. Irodam zaiflashib, aqlan tubanlikka sho‘ng‘idim. Xuddi o‘chakishganday o‘sha paytda singlimning eri Moskvadagi shinamgina mulkimizni, jumladan, undagi mening ozgina ulushimni ham butkul sovurib yubordi: men bir chaqasiz, ko‘chada qoldim. Men xususiy xizmatga yollanishim mumkin edi, xohlamadim, ofitserlar libosini yechib qandaydir temir yo‘lga borishni o‘zimga or bildim. Uyat bo‘lsa – uyat, sharmandalik bo‘lsa – sharmandalik, tushkunlik bo‘lsa – tushkunlik-da, qancha battar bo‘lsa, shuncha yaxshi dedim. Mana shu battarini tanlaganimdan keyingi uch yildan faqat qayg‘uli xotiralar qolgan, buning ichida Vyazemskiyning uyi xam bor edi. Bir yarim yil muqaddam Moskvada badavlat kampir – cho‘qintirgan onam vafot etishidan oldin, sira kutilmaganda boshqa merosxo‘rlar qatorida menga ham uch ming so‘m vasiyat qildi. Men tanamga o‘ylab ko‘rib, o‘shandayoq yozug‘imni belgiladim. Odamlardan tilanchilik qilib yurmay, garov kassasi ochishga ahd qildim. Pul bo‘lsa bor, rejam – bir burchakni ijaraga olib – eski xotiralardan yiroqda yangi hayot boshlash edi. Qolaversa, qayg‘uli o‘tmishim butunlay barbod bo‘lgan nomus-orim meni har daqiqa har soat iskanjaga olib turardi. Shunday ahvolda uylandim. Bu tasodifmi, yo‘qmi bilmayman. Ammo uni uyga boshlab kirayotganimda, do‘stni olib kiryapman deb o‘ylovdim. Chunki chin do‘stga juda-juda zor edim. Biroq men bu do‘stni hali ma’nan tayyorlash, shakllantirish, hali mag‘lub etish lozimligini aniq-ravshan bilgan edim. O‘n olti yoshli qizga, noto‘g‘ri fikrlarga ko‘milib yotgan go‘dakka bularning hammasini birdaniga tushuntirish mumkinmidi? Yo‘q! Aytaylik, to‘pponcha bilan bog‘liq o‘sha halokatli, tasodifiy voqea bo‘lmaganda o‘zimning qo‘rqoq emasligimga, polkdoshlarim qo‘rqoq, deb nohaq ayblashganiga qanday ishontira olardim. Baxtimga o‘sha halokat aynan vaqtida yuz berdi. To‘pponchaga chakkamni xotirjam tutib, butkul zulmat o‘tmishimdan qasos oldim. Bundan hech kim xabar topmasa-da, u bildi, menga shunisi kerak edi, chunki u mening borlig‘im, orzuimdagi kelajagimning bor umidi edi. Menga undan boshqaning keragi yo‘q, zero, u kelajagim uchun tayyorlanayotgan yagona odam edi. Uning bor haqiqatdan xabar topishi, hech bo‘lmaganda g‘animlar safiga barvaqt, nohaq o‘tganini bilishi men uchun katta gap edi. Bu fikrdan faxrim toshardi. Endi uning ko‘ziga ablah bo‘lib emas, balki g‘alati odam bo‘lib ko‘rinaman: endi yuz bergan voqeadan keyin bu fikr meni avvalgiday g‘ashimga tegadi: har holda g‘alatilik ayb emas, aksincha, vaqti kelsa, ayolning fe’liga o‘tiradi. Xullasi kalom, yechimni atayin orqaga surdim. Bo‘lib o‘tgan voqea xotirjamligim uchun yetib ortardi. Orzularim uchun ranglar to‘lib toshgandi. Orzularimga rang yetarli dedim, u esa kutib turadi dedim: rasvolik ham xuddi shunda – xayolparastligimda!

Butun qish nimanidir kutish bilan o‘tdi. O‘zining stolchasiga tirsaklarini tirab o‘tirgan chog‘ida uni o‘g‘rincha kuzatishni xush ko‘rardim. U uydagi mayda-chuyda ishlar bilan o‘zini ovutardi, kechalari javonimdagi kitoblardan olib o‘qirdi. Javondagi kitoblarning saraligi ham, nazarimda mening foydamga xizmat qilardi. U deyarli hech qayerga chiqmasdi. Har kuni ovqatlanib olgach, qosh qoraymay turib uni sayrga boshlardim, toza havoda yurardik, avvalgidek og‘zimizga talqon solib olmasdik. Men o‘zimni jim emasday, bir-birimizga ma’qul ohangda gaplashayotganday qilib ko‘rsatishga urinardim. Ammo aytganimday, zohiriy ko‘rinishimiz bilangina «shirin suhbat» qurardik. Men o‘zimni atayin shunday tutardim, unga vaqt berish kerak derdim, qiziq, men-ku unga zimdan qarashni xush ko‘raman, nima uchun u menga qaramaydi, degan o‘y bir marta ham xayolimga kelmabdi. Men buni hadiksirashdan deb bildim. Qolaversa, kasallikdan keyin uning ko‘rinishida quvvatsizlik, jur’atsiz bir ma’sumalik aniq zohir edi. Yo‘q, kutgin, dedim o‘zimga-o‘zim, «uning o‘zi daf’atan oldingga keladi…»

Bu fikr mening ko‘nglimni g‘oyat chog‘ qildi. Ochig‘ini aytsam, ba’zan o‘zimni-o‘zim atayin ruhan ezardim, qovurardim, go‘yo undan xafa ekanimga o‘zimni-o‘zim ishontirmoqchi bo‘lardim. Bu ma’lum muddat davom etdi. Mening nafratim qalbimga ildiz otib, mustahkamlanishi mumkin emasdi. Buning shunchaki o‘yinligini sezib turardim. O‘shanda karavot va parda-to‘siq olib kelib, nikohni o‘zimcha buzganim bilan, uni hech qachon jinoyatchi sifatida tasavvur qilolmasdim. Uning aybi bo‘yicha yengiltaklik bilan hukm chiqarganim bunga sabab bo‘lolmasdi. Yo‘q, men shunchaki, o‘sha dastlabki kuniyoq, hali karavot olmayoq uning gunohidan o‘tishni lozim deb topgan edim. Bir so‘z bilan aytilsa, bu mening g‘ayrioddiyligim, to‘g‘ri, ammo xulqiy qoidalarga qattiq edim. Ko‘zim oldida u shunchalar mag‘lub etilgan, yengiltak edi-ki, ba’zan beixtiyor rahmim kelardi, ayni choqda xo‘rlash g‘oyasi dilimni yayratardi. Oramizdagi tengsizlik yoqardi menga…

Shu qish mobaynida bir necha marta atayin yaxshilik qildim. Ikkita qarzdan butkul kechdim, bir bechora ayolga garovsiz pul berib yubordim. Bu ishlarni xotinim bilsin uchun qilmadim, bu haqda unga mutlaqo og‘iz ochmadim: ammo ayolning o‘zi deyarli tiz cho‘kib minnatdorchilik bildirgani kelib, mehribonligimni oshkor qildi. Nazarimda, ayolga yaxshilik qilganimdan u mamnun bo‘ldi.

Aprel yarimlab, bahorning nafasi kelib qolgan edi. Qo‘shtabaqa derazalarning ko‘cha tomonini olib tashlagach, sokin xonalarimiz quyoshning yorqin shu’lalariga yo‘g‘rildi. Ammo qarshimda qalin bulut qatlami turganidan, aqlimni qorong‘ilik pardasiga o‘rayotganidan bexabar edi. Mudhish va mash’um qatlam edi bu! Qatlam qanday yo‘qoldi ko‘zim qanday ochildi, aqlim qanday peshlanib, voqealarni qanday fahm eta boshladim? Tasodif yuz berdimi, hal qiluvchi kunning kelishi birdan tezlashdimi, quyosh nurlari o‘tmaslashib qolgan aqlimda fikr va idrokimni uyg‘otdimi? Yo‘q, fikr ham, idrok ham mutlaqo aloqasiz bu yerda. Yuragimda o‘la boshlagan tomirchalardan biri to‘satdan tirildi, bir titradi-yu, hayotga qaytdi va qalbimdagi zim-ziyolikni, zim-ziyoda yashirinib yotgan meni yo‘ldan urayotgan mag‘rurlik shaytonini yoritdi. Bu kutilmaganda, to‘satdan, oqshom arafasida, ovqatdan keyin, soat beshlarda sodir bo‘ldi… o‘rnimdan sapchib turdim…

QORA QATLAM TO‘SATDAN YO‘QOLDI

Maqsadga o‘tishdan avval e’tiboringizni boshqa narsaga tortaman. Bir oy muqaddam unda g‘alati o‘ychanlik paydo bo‘lganini, ha, ha, sukut saqlash emas, aynan o‘ychanlikni to‘satdan sezdim. U tikish bilan mashg‘ul bo‘lib, boshini egib o‘tirar, tikilib turganimni bilmasdi. Ana shu damda uning behad ozib, cho‘p bo‘lib qolgani, rangida rang qolmagani, lablaridan qon qochgani – bularning bari o‘ychanligiga qo‘shilib meni favqulodda sarosimaga soldi. Avval e’tibor bermaganim, ayniqsa, tunlari yengil yo‘talib qo‘yishi endi ko‘nglimda g‘ulg‘ula uyg‘otdi. Unga hech nima demay, doktor Shrederni chaqirgani ketdim.

Shreder ertasiga keldi. U doktorni ko‘rib, bir menga bir Shrederga hayron bo‘lib qaradi.

- Men soppa-sog‘man, - dedi jilmayishga harakat qilib.

Shreder uni durustroq ham ko‘rmadi (umuman bu doktor zoti ba’zan haddan tashqari bee’tibor bo‘ladi), qo‘shni xonaga chiqqanimizda bularning hammasi kasallik oqibati ekani, bahorda imkon tug‘ilsa dengiz tomonga borilsa, yo‘qsa, chorboqqa chiqilsa durust bo‘lajagini aytdi. Xullas, hali bemadorlikdan qutulmaganini aytgani deyilmasa, dori-darmon tugul tayinli maslahat bermadi. Shreder ketgach, u menga qattiq tikilib turib, o‘sha gapini yana takrorladi:

-Men soppa-sog‘man.

Shunday dedi-yu, uyatdanmi, qizarib ketdi. O, buni endi fahm etyapman: u hali ham eri ekanimdan, haqiqiy eri kabi parvona bo‘layotganimdan uyalgan. Men galvars o‘shanda buni tushunmaganman, royishga yo‘yganman. (Qora qatlam!)

Nihoyat, oradan oy o‘tgach, aprelning quyoshli kunlarida, soat beshlarda, hisob-kitob bilan o‘tirgan chog‘imda, qo‘shni xonadan uning ovozi keldi… U… shikasta ovozda xirgoyi qilardi. Bu yangilik meni larzaga soldi – hali-hali o‘zimga kelolmayman. Shu paytgacha, uyga yangi boshlab kelgan kunlarim, to‘pponcha otib sho‘xlik qilgan damlarimizni hisobga olmaganda, uning ashula aytganini eshitmaganman. Unda ovozi asabiyroq tuyulsa ham, juda yoqimli, sog‘lom, qattiq jarangdor edi. Endigi qo‘shiq jonsiz edi, o, yo‘q, buni mungli qo‘shiq deb bo‘lmasdi qandaydir romans edi u, ammo uning ovozi allanechuk darz ketgan, singan, go‘yo u emas, balki ashulaning o‘zi xasta-yu, ovozi unga jon kiritishga ojiz edi. U xirgoyi qilardi, birdan ovozi ko‘tarildi-yu, uzildi – xasta ovozi – achinarli tarzda uzildi, yo‘talib olib, yana sekin-sekin, asta-asta xirgoyisini boshladi.

Hayajonimdan kuladilar, baribir hech qachon, hech kim hayajonlanishim boisini tushuna olmaydi. Yo‘q, hali unga achinmas edim. Mendagi tuyg‘u mutlaqo bo‘lakcha edi. Dastlab, aniqrog‘i, dastlabki daqiqalarda dahshatli va g‘alati, og‘riqli va hatto qasosga moyil tuyg‘u, taajjub va hayratda qotdim: Nima bu: «Mening borligimni unutdimi? Menga e’tiborsiz kuylashi nimasi!».

Vujudimni iztirob iskanjasiga topshirib, joyimdan jilmay o‘tirdim, keyin birdan o‘rnimdan turib, nima qilayotganimni o‘zim ham bilmagan holda, shlyapamni olib tashqariga yo‘naldim. Qayoqqa, nima uchun otlanganim o‘zimga ham noma’lum edi. Lukerya paltomni uzatdi.

- Ashula aytyaptimi? – so‘radim Lukeryadan beixtiyor. Lukerya tushunmadi, ajablanib qaradi: shu tobda menga tushunish chindan ham mushkul edi.

- Birinchi marta ashula aytyaptimi?

- Birinchi emas, siz yo‘qligingizda ba’zan aytardi, - deb javob berdi Lukerya.

Hammasi aniq esimda. Zinadan pastga tushdim, ko‘chaga chiqdim, keyin boshim oqqan tomonga yurdim. Muyulishgacha borib, to‘xtadim, atrofga alangladim. Odamlar oqimi orasida qolgan edim, turtib o‘tsalar ham sezmasdim. Izvoshchini chaqirib, Politsiya ko‘prigiga hayda, dedim. So‘ng, birdan fikrimdan qaytib uning qo‘liga bir tanga tutqazdim.

- Seni bezovta qilganim uchun, - dedim izvoshchiga ma’nosiz kulib. Biroq yuragimda to‘satdan qandaydir zavq uyg‘ondi.

Qadamimni tezlatib, uyga qaytdim. Qalbimdagi darz ketgan, uzilay-uzilay deb turgan bechora torlar birdan sozlanib, jarangladi. Entikib, ketdim: ko‘z oldimdagi qora qatlam yo‘qolardi, yo‘qolardi! Men borimda meni unutib kuylabdimi – eng qo‘rqinchli va aniq-ravshan haqiqat shu edi. Buni yuragim sezib turardi. Qalbimdagi shavq tobora o‘t olib, qo‘rqinchni siqib chiqarardi.

O, taqdirning sho‘ri-g‘avg‘osi! Axir butun qish bo‘yi vujudimda shu shavqdan o‘zga hech nima yo‘q edi, bo‘lishi ham mumkin emasdi-ku, men qayerda edim? Mana shu qalbim bilan yashar edim-mi? Zinalardan shoshilib, yugurib chiqdim, biroq ichkariga jur’at bilan kirdim-mi, bilmayman. Oyoqlarim osti to‘lqin urgani, o‘zimni go‘yo daryo uzra yengil suzib yurganimnigina eslayman. Xonaga kirdim: u o‘sha joyida bir nimani tikib o‘tirardi, qo‘shiq aytmasdi. Men tomon qiziqishsiz yuguruk qarab oldi, buni hatto qarash deb ham bo‘lmaydi, odatda xonaga biror kimsa kirsa mana shunday odatiy, e’tiborsiz harakat qilinadi.

Men miyasi aynigan odamday to‘g‘ri kelib uning yoniga o‘tirdim. U qo‘rqib ketganday menga tezgina qaradi: men esa uning qo‘lini olib nimadir dedim, nimaligi esimda yo‘q, to‘g‘rirog‘i nimadir demoqchi edim, ammo o‘sha ahvolda bir so‘zni eplab aytishga qurbim yetmasdi. Ovozim o‘zimga bo‘ysunmay, so‘zlar chala yarim otilib chiqardi. Ha, nima deyishni bilmas edim, nuqul entikardim.

- Gaplashib… olaylik… bilasanmi… nimadir degin… - to‘satdan otilib chiqqan bu so‘zlar tentaknamo edi, tan olaman, biroq o‘sha topda aqlli gap aytadigan ahvolda emasdim.

U yuzimga qaradi, seskandi, kuchli bir qo‘rqinch bilan o‘zini chetga oldi ko‘zlarida qat’iy ajablanish zohir bo‘ldi. Ha, ajablanishida qat’iylik bor edi, u menga katta-katta ko‘zlari bilan boqardi. Bu qat’iylik, bu qat’iy ajablanish meni bir hamladayoq butkul majaqlab tashladi. U indamagan bo‘lsa-da, bu ajablanishida «Hali sen muhabbat istayapsanmi? Muhabbat kerakmi senga?» degan savol jaranglardi. Yo‘q, men bu so‘zlarni o‘qib oldim, hammasini o‘qidim. A’zoyi badanimga titroq yugurdi, o‘zimni tutolmay oyoqlari ostiga shilq etib tushdim. Ha, men oyoqlari ostiga quladim. U o‘sha zahoti sapchib tushdi, ammo men bor kuchim bilan qo‘llaridan ushlab qoldim.

Ruhiy tushkunligimni men yaxshi anglab turardim, juda yaxshi anglardim. Xoh ishoning, xoh ishonmang, yuragimdagi shavq shu qadar qaynardiki, hatto o‘lib qolamanmi deb ham o‘ylardim. Men – baxtdan mast bo‘lgan, lazzatdan hushini yo‘qotgan odam uning oyoqlarini o‘pdim. Ha, ha, bu behisob: behudud baxt edi, ruhiy tushkunligimni anglagan holda baxtga yo‘g‘rilgan edim. Men yig‘lardim, nimalardir derdim, ammo gapira olmasdim. Undagi qo‘rquv va hayronlik o‘rnini birdan qandaydir tashvishli fikr, favqulodda savol egalladi: endi menga g‘alati, hatto yovvoyi qarash qildi, u nimanidir tezroq tushunib yetish istagida kulimsiradi. Oyoqlarini o‘payotganimdan haddan tashqari uyalardi, oyoqlarini tortib olardi, ammo men hozirgina oyog‘i turgan yerni o‘pardim. Ahvolimni ko‘rib uyatdan kula boshladi. (Uyatdan qanday kulishlarini ko‘rganmisiz?) Asabdan qo‘llari titradi. Buni ko‘rdim. Ammo mulohazaga chog‘im kelmadi, dovdirab, nuqul sevishimni, o‘rnimdan turmay «bir umr tiz cho‘kib uning haqiga ibodat qilishimni» aytardim… «kel, ko‘ylaklaringdan bir o‘pay…» Bilmadim, esimda yo‘q… birdan u titrab ketdi, uvvos tortib yig‘lay boshladi; men uni qo‘rqitib yuborgan edim, tutqanog‘i tutdi.

Uni ko‘tarib to‘shakka oldim. Xuruj qo‘yib yuborgach, qaddini ko‘tarib ezgin bir ahvolda to‘shakka o‘tirdi-da, qo‘llarimni ushlab, tinchlanishimni so‘radi: «O‘zingizni qiynamang, bas, yetar, tinchlaning» - menga “tinchlaning” deb, o‘zi yig‘ini boshladi. Kechasi bilan yonidan jilmadim. Ovozi xasta ekanini, buni yaqinginada o‘zim eshitganimni ikki haftadan so‘ng Bulonga, dengiz sohiliga olib ketajagimni, kassani yopib, Dobronravovga sotajagimni, hammasi yangitdan boshlanajagini, eng muhimi Bulon, Bulonga ketajagimizni gapirib chiqdim. U indamay, ammo hadik bilan eshitib yotdi. Gapirganim sari hadigi ostida yotish, oyoqlarini o‘pish, oyoqlari turgan yerni o‘pish, uning qarshisida tiz cho‘kib, ibodat qilish istagi butun qudrati bilan vujudimga hukm o‘tkazardi. «Sendan boshqa hech nimani, hech nimani so‘ramayman, menga javob berma, bor-yo‘qligimni bilmasang ham mayli, faqat burchakdan o‘g‘rincha qarashimga izn ber, meni biron bir buyumingga, mayli, kuchukchangga aylantirib ol»… bu gapni necha qayta takrorladim. U esa yig‘i bilan javob qaytardi.

-Meni shu holda tashlab qo‘yasiz deb o‘ylabman, - bu gap uning bo‘g‘zidan birdaniga va beixtiyor otilib chiqdi. Hatto qanday aytib yuborganini o‘zi ham sezmay qoldi. O, uning bu so‘zlari – men uchun hal qiluvchi, eng muhim, o‘sha tun aytilgan so‘zlar ichra eng tushunarlisi – yuragimni pichoq yanglig‘ tilib yubordi. U hammasini tushuntirib berdi, o‘shanda yonimda, ko‘z oldimda edi, bundan umidim ufqi yorishib turardi, baxtim ham behad edi. O, o‘sha kech uni juda toliqtirdim, buni bilib tursam-da, hammasini qayta qurishni beto‘xtov o‘ylardim. Tun oqqanda butunlay holdan toydi, uxlashga ko‘ndirdim, u tezda, qattiq uyquga ketdi. Alahsirarmikin deb kutdim, yengilgina alahsiradi. Tun bo‘yi dam-badam turib, unga qarash uchun shippakda ovoz chiqarmay yurib kelardim. O‘shanda uch so‘mga sotib olgan temir karavotga, undagi to‘shakka, to‘shakdagi bu bechora, xasta zotga qarab yuzlarimni yulish darajasida afsus-nadomat chekardim. Tiz cho‘kardim, ammo (uning ruxsatisiz!) uxlab yotgan chog‘ida oyoqlarini o‘pishga jur’at etolmasdim. Xudoga ibodat qilgali tiz cho‘kardim, ammo tez orada turib ketardim. Lukerya oshxonadan chiqib, mendan tez-tez xabar olardi, men unga kirib yotaverishi mumkinligini, ertaga butunlay o‘zga hayot boshlanishini aytdim.

Men shunday bo‘lishiga ko‘r-ko‘rona, telbalarcha, ashaddiy ishonar edim. O, shavq, faqat shavq bodasidan lazzatlanardim men! Men faqat ertangi kunni kutardim. Eng muhimi, ba’zi bir belgilarga qaramay, falokatga ishonmas edim. Ko‘z oldimdagi qora qatlam yo‘qolgan bo‘lsa-da, idrokim tiniqlashmagan. Idrokim uzoq vaqt, juda uzoq, to bugungi kungacha tiniqlashmadi. Qanday tiniqlashsin, axir unda u tirik edi, u mening ro‘paramda, men esam uning qarshisida edim. «Ertalab uyg‘onganda hammasini aytaman, u hammasiga o‘zi shohid bo‘ladi». Mening o‘sha topdagi fikr-o‘ylarim shu – oddiy va ravshan edi, shavqim ham shundan o‘t olardi! Muhimi – Bulon, nimagadir, Bulon bor-yo‘g‘imizni hal qiladi, Bulonda taqdirimiz o‘zgacha chiroy ochadi, deb o‘ylardim. «Bulonga, Bulonga», yuragim shunday tepardi. Men tongni telbalarcha orziqib kutardim.

HADDAN ZIYOD TUSHUNAMAN

Axir bu bir necha kun, besh kun, atigi besh kun avval, oldingi seshanbada bo‘lgan edi! – Yana ozgina vaqt, yana zarracha chidaganda men atrofimizdagi qorong‘ilikni tarqatib yuborardim! Nahotki tinchlana olmasdi? Axir ertasigayoq, bir oz sarosimaga qaramay, gaplarimni kulib eshitgan edi-ku… Muhimi, bu vaqt davomida, besh kun mobaynida parokandalik yo uyatdan siqilardi. Qo‘rqardi ham, juda-juda qo‘rqardi. Bahslashib o‘tirmayman, tentaklarga o‘xshab o‘z gapimga o‘zim qarshi ham bormayman: qo‘rquv bor edi, axir shu vaziyatda qanday qilib qo‘rqmasin? Axir juda uzoq vaqt badalida bir-birimizga begonalashib qoluvdik-ku, bir-birimizdan bu qadar uzoqlashib, kutilmaganda… Ammo men undagi qo‘rquvga qaramadim, chunki yangilik barq urib kelmoqda edi!.. Xatoga yo‘l qo‘yganim to‘g‘ri, ming-ming marotaba to‘g‘ri. Balki bir emas ko‘plab xatoga yo‘l qo‘ygandirman. Bundan ham bo‘yin tovlamayman. Ertasiga (ya’ni chorshanba kuni) uyg‘onishimiz bilan xatoga yo‘l quydim: uni birdaniga o‘zimga do‘st deb bildim. Men shoshildim, behad shoshildim, biroq tavbam zarur edi, istig‘for keltirish har narsadan zarurroq edi. Men hatto bir umr o‘zimdan yashirgan sirlarimni ham oshkor etdim. Butun qish bo‘yi uning muhabbatiga umid bog‘laganim ochildi. Garov kassasi riyozat chekish oqibatida irodam zaiflashuvi, ongim tushkunligi tufayli tug‘ilgan xudbinlarcha shaxsiy g‘oyam ekanini tushuntirdim. O‘shanda teatr yemakxonasida chindan qo‘rqqanimni, ammo dueldan emas, o‘z fe’limdan, o‘z badgumonligimdan qo‘rqqanimni, aniqrog‘i, yemakxonadan, vaziyatdan lol qolganimni, gusarni duelga chaqirishim boshqalarga bema’ni bo‘lib tuyulmasmikin, degan xayolda gumonsiraganimdan, dueldan emas, aynan shu gumondan cho‘chiganimni, so‘ng bu qo‘rqoqligimni bo‘ynimga olmay hammani, hatto uni azobga qo‘yganimni, uni azobga qo‘yish uchun ham uylanganimni aytdim. Umuman gaplarimda tartib yo‘q edi, go‘yo isitma aralash valaqlardim. Uning o‘zi qo‘llarimdan ushlab, bas qilishimni so‘rardi: «Siz oshirib yuboryapsiz, siz o‘zingizni qiynayapsiz» - shunday derdi, keyin ko‘z yoshi boshlanardi, tutqanog‘i tutishga oz qolardi! U xotiralarimga nuqta qo‘yib, gapirmasligimni iltijo bilan so‘rardi.

Uning iltimoslariga qaramasdim, yoki kam e’tibor berardim. Axir oldinda – bahor, quyoshli Bulon! U yerda bizni yangi quyoshimiz kutyapti – bularni gapirmay bo‘ladimi! Kassani yopib, ishni Dobronravovga oshirdim. Cho‘qintirgan onamdan qolgan uch mingdan tashqari bor budimizni muhtojlarga ulashib, o‘sha uch mingga Bulonga borib kelgach, yangi hayot boshlab, peshona teri bilan tirikchilik qilishni taklif etdim. Shunga kelishdik, chunki u taklifimni javobsiz qoldirdi, faqat jilmayib qo‘ydi. Nazarimda, meni xafa qilmaslik niyatida, ko‘ngil uchun jilmaydi. Unga og‘irligim tushayotganini ko‘rdim. Meni buni ko‘rmaydigan darajada tentak va xudbin deb o‘ylamang. Men hammasini, so‘nggi chiziqchasigacha ko‘rdim, ko‘rganda ham boshqalardan aniqroq ko‘rdim: mening barcha iztiroblarim shunday kaft ustida edi.

Men unga o‘zim haqimda, u haqda va Lukerya to‘g‘risidagi hamma gapni aytdim. Yig‘laganimni aytdim… O, ba’zan gapni chalg‘itdim, ba’zi narsalarni eslatmaslikka harakat qildim, hatto u bir-ikki jonlandi, esimda, aniq esimda! Nima uchun qarab turib hech nimani ko‘rmagansan, deyapsiz? Axir bu sodir bo‘lmaganda hammasi qayta tirilardi. Axir uchinchi kuni suhbatimiz chog‘ida, qish bo‘yi o‘qigan kitoblari haqida gap ketganda Jil-Blaz bilan arxiyepiskop Grenadskiy orasidagi mojaroni eslab, kula-kula aytib bergan edi-ku! Kulgisi xuddi qalliqlik davridagidek (o, u onlar!) naqadar munis, muloyim edi, bunda mening quvonchim chekini chamalab bo‘lmasdi. Arxiyepiskop mojarosini eshitib, hayratga tushdim: qarang, o‘sha qishda o‘tirgan chog‘ida durdona asardan lazzatlanishga, kulishga ruhiy xotirjamlik va baxtli onlar topa bilibdi-da! Demak, u shu holda tashlab qo‘yishimga ishonch hosil qilib, ovuna boshlagan ekan. «Meni shu holda tashlab qo‘yasizmi, deb o‘ylabman» - o‘sha kuni, seshanbada shunday dedi! O, axir bu o‘n yoshli qizaloqlarning o‘yi-ku! Demak, u hamma narsa shu holda qolishiga ishongan, to‘la ishongan: ya’ni u o‘z stolida, men o‘zimnikida o‘tiraman, shu zaylda oltmish yoshimizga qadar ayrimiz… Birdaniga, hech kutilmaganda men tiz cho‘kaman, men – er, muhabbatga muhtojman! O, bu mening xatoim, bu mening ojizligim edi!

Unga shavq bilan qarashim ham xato edi; o‘zimni tutishim lozim edi, chunki shavqim uni qo‘rquvga solardi. Axir men o‘zimni tutib ham oldim, oyoqlarini boshqa o‘pmadim. Hatto biror marta bo‘lsin unga.. er ekanligimni shama qilmadim, bu hatto xayolimga ham kelmadi. Men faqat ibodat qildim, ha, ibodatdan boshqasini o‘ylamasdim. Axir butunlay gapirmaslik, sukut saqlash ham mumkin emasdi! Gaplaridan lazzat olishimni, uning o‘zimga nisbatan cheksiz, ha, cheksiz bilimdon va yetuk ekanini ham yashirmadim. U qizarib ketdi, noqulay ahvolga tushib, «oshirib yuboryapsiz» dedi. Ana shunda, men ahmoq kalla, o‘zimni tutolmay, eshik ortida pisib uning olishuvini, bokiralik bilan mahluq orasidagi olishuvni tinglaganimni, bolalarcha oqko‘ngil bo‘lgan holda aqli, zarofati shu’lasi, menga behad lazzat bag‘ishlaganini aytib yubordim. U seskanib, butun vujudi titrab ketdi, yana oshirib yuboryapsiz demoqchi bo‘ldi-yu, birdan chehrasiga qayg‘u yugurdi, yuzini qo‘llari bilan to‘sib ho‘ngrab yubordi… Men yana o‘zimni tutolmadim, yana yiqilib oyoqlarini o‘pa ketdim. O‘tgan seshanbadagi kabi tutqanoq bilan yakunlangan bu voqea kecha kechqurun sodir bo‘ldi. Ertalab esa…

Ertalab!? Tentak, ertalab bugun edi, bugun ertaga edi, yaqinda, yaqinda edi…

Yaxshilab tinglab, uqib oling: yaqinda (kechagi jazavadan keyin) choyga o‘tirganimizda u o‘zining xotirjamligi bilan meni lol qoldirdi. Ha, shunday bo‘ldi. Men esam tuni bo‘yi kechagi voqea tufayli qo‘rquvdan tipirchilab chiqqan edim. Birdan u menga yaqinlashdi, tiz cho‘kdi, qo‘llarini qovushtirib (yaqinda, yaqinda-ya!) o‘zining jinoyatchi ekanini, buni yaxshi bilishini, jinoyati qish bo‘yi azob berganini, azob iskanjasidan hali ham qutulmaganini… olijanobligimni cheksiz qadrlashini aytdi: «vafodor xotiningiz bo‘laman, sizni e’zozlayman..» Shunda men sapchib turib uni telbalarcha quchoqlab oldim! Uni o‘pa ketdim, yuzlaridan, lablaridan o‘pdim, uzoq ayriliqdan keyin qaytgan er misol o‘pdim. Shundan keyin nimaga ketdim-a, ikki soatgagina… xorijiy pasportlar orqasidan… E, xudo, besh daqiqagina, besh daqiqa oldin qaytsam bo‘lmasmidi? Darvozamiz oldidagi olomon, ularning nigohlari… E, xudo!

Lukeryaning aytishicha (o, men endi Lukeryani sira qo‘yib yubormayman. U hammasini biladi, butun qish bo‘yi u bilan birga bo‘lgan, endi menga hikoya qilib beradi!), men uydan chiqqach, qaytishimga bor-yo‘g‘i yigirma daqiqa qolganda xonamizga kirgan, boyvuchchadan nimanidir so‘ramoqchi bo‘lgan, nimaligi esimda yo‘q, kirib qarasa-ki, uning ikonasi (hov o‘sha, garovga keltirgan, Bibi Maryam ikonasi) naqshindor qoplamadan chiqarilgan, stol ustida turibdi, boyvuchcha xuddi hozirgina sajda qilganday... “Sizga nima bo‘ldi, boyvuchcha?” – «Hech nima, Lukerya boraver.. To‘xta Lukerya». Yaqinlashib o‘pibdi.

-Baxtlimisiz, boyvuchcha? – deb so‘rabdi. «Ha, Lukerya». – Allaqachonlar sizdan uzr so‘rashlari kerak edi… Xudoga shukr, yarashib oldinglar. – «Yaxshi, Lukerya, bor, boraver Lukerya» - shunday deb jilmayibdi, juda g‘alati jilmayibdi. Shu darajada g‘alati jilmayibdiki, Lukerya o‘n daqiqadan so‘ng xabar olish uchun yana iziga qaytibdi. «U shunday deraza oldida, tirsagi bilan devorga suyanib, boshini qo‘liga qo‘yib, o‘ylanib turibdi. Juda qattiq o‘yga tolganidan qo‘shni xonaga kirganimni, tikilib qolganimni sezmadi. Qarasam, jilmayayotganga o‘xshadi, turgan holicha o‘ylab jilmayganday bo‘ldi. Unga qarab turib-turib, orqamga o‘girilib, sekin chiqdim. Endi o‘zimcha o‘yga tolgandim, deraza ochilgani eshitildi. «Boyvuchcha, hali havoning zahri bor, shamollab qolmang» degani kirib, qarasam – u derazada turibdi. Ochiq derazada butun bo‘yi-basti bilan menga orqasini o‘girib turibdi. Qo‘lida Bibi Maryam. Yuragim uzilib tushdi. Jon holatda «Boyvuchcha, boyvuchcha!» deb qichqirdim. U ovozimni eshitdi, o‘girilmoqchi edi, o‘girilolmadi, tashqariga qarab qadam qo‘ydi, Bibi Maryamni ko‘kragiga bosib, o‘zini derazadan tashladi».

Men faqat bir narsani yaxshi eslayman: darvozadan hatlab o‘tganimda u hali sovub ulgurmagan edi. Muhimi – hammaning ko‘zi menda. Avvaliga baqirayotgan edilar, keyin birdan jimib qoldilar. Olomon ikki tomonga surilib yo‘l ochildi va… uni Bibi Maryamni quchoqlagan holda ko‘rdim. G’ira-shira eslayman, unga jimgina yaqinlashdim, uzoq tikildim, chekinayotgan olomon ichidan menga nimalardir deyishdi. Lukerya shu yerda ekan. Men bilan gaplashganmish. Faqat meshchan yodimda, u nuqul toshdagi qonni ko‘rsatib: «og‘zidan bir hovuch qon chiqdi, bir hovuch! Bir hovuch!» deb baqirardi. Men, aftidan, qonga barmog‘imni tekkizdim, qonga bulangan barmog‘imga qaradim (bu esimda), meshchan esa nuqul «bir hovuch, bir hovuch!» deb baqirdi.

-Bir hovuching nimasi! – deb qaynab ketibman, bor kuchim bilan unga tashlanibman.

O, vahshiylik, vahshiylik! Anglashilmovchilik bu! Nojoizlik, aqlga to‘g‘ri kelmaydigan hol bu!

ATIGI BESH DAQIQAGINA KECHIKDIM

Noto‘g‘rimi? Haqiqatga to‘g‘ri kelmaydimi? Joiz deyish mumkin emasmi? Bu ayol nimani deb, nimaga o‘ldi?

O, ishoning. Tushunaman, ammo uning nima uchun o‘lgani muhim muammo. U mening muhabbatimdan qo‘rqdi, qabul qilsammi, qilmasammi, deb o‘zidan-o‘zi jiddiy so‘radi, oxir savoliga javob topolmay, o‘limni ravo ko‘rdi. Bilaman, bilaman, bosh qotirishning hojati yo‘q va’dalarni keragidan ortiqcha berib yubordi, va’daga vafo qilolmasligini bilib qo‘rqdi – bu ravshan narsa. Bu yerda nihoyatda mudhish bo‘lgan bir necha vaziyat bor. Harholda “u nima uchun o‘ldi?” - degan savolga o‘rin bor. Bu savol betinim tiqillayapti, aynan mening miyamda tiqillayapti. Agar u shu holda qolishni istaganda, men uni shu holda qoldirardim. U esa bunga ishonmadi, mana gap qayerda! Yo‘q, yo‘q aldayapman, gap bu yerda emas. Masala oddiyroq, men bilan halol munosabatda bo‘lishi kerak edi; sevadigan bo‘lsa butun jonu tani bilan sevishi lozim, baqqolga in’om etishi mumkin bo‘lgan sevgi menga mutlaqo kerak emasdi. U baqqolga lozim bo‘lgani uchun ham meni aldab yurishni istamadi. U sevgi niqobi ostida yarim sevgi yoki chorak sevgi bilan meni laqillatishni xohlamasdi. Haddan tashqari bokira edi, mana gap qayerda! Qalb kengligini joriy etmoqchi edi, esingizdami? G’alati fikr…

U meni hurmat qilarmidi? Buni o‘larday bilgim kelyapti. Mendan nafratlanarmidi yoki yo‘qmi? O‘ylashimcha, nafratlanmasdi. G’oyat taajjublanarlisi shundaki, mendan nafratlanarmidi, degan savol butun qish bo‘yi kallamga kelmabdi. Men uning nafratidan xoli ekanimga so‘nggi daqiqagacha, menga qat’iy ajablanish bilan, aynan qat’iy qaragunga qadar oliy darajada ishonardim. Ana shunda men uning nafratlanishini tushundim. Abadulabad, umrbod angladim! Oh, mayli edi, bir umr nafratlansa ham mayli edi, men uchun tirik bo‘lsa, tirik yursa bas edi! Yaqindagina yuruvdi, gapiryatuvdi. Qanday qilib derazadan tashladi, sira aqlim bovar qilmayapti. Hatto besh daqiqa oldin ham buni tasavvur eta olmasdim. Lukeryani chaqirdim. Endi uni sira qo‘yib yubormayman, sira! O, biz hali til topishishimiz mumkin edi. Biz faqat qish bo‘yi dahshatli ravishda begonalashib qoldik, axir yana yaqinlashuvimiz mumkin edi-ku? Yana mehr nuqtasida uchrashib, yangi hayot boshlashimiz nahot, nahot mumkin emasdi? Men olijanobman, u ham – uchrashuv nuqtamiz shundan iborat! Yana ikki kungina, ko‘p emas, chidasa, yana bir necha so‘z bilan hammasiga tushunib yetardi.

Muhimi, bu hodisa – oddiy, yovvoyi, johil hodisa ana shunisi alam qiladi. Shundan dilim og‘riydi! Besh daqiqa, bor yo‘g‘i, bor yo‘g‘i, besh daqiqa kechikdim! Besh daqiqa oldin kelganimda hammasi bulut kabi suzib o‘tib ketardi, bu ish keyin xayolidan ko‘tarilardi. Hammasi uning tushunib yetishi bilan yakunlanardi. Endi esa yana bo‘sh xonalar, yana yolg‘izligim… Ana soat kapgiri tiqillayapti, unga nima, rahm, shafqat degan narsani bilmaydi. Endi hech kim yo‘q – ranju alamim ham shu!

U xonadan bu xonaga sarsari kezaman. Bilaman, bilaman, aytmay qo‘yaqoling, tasodifdan, besh daqiqa kechikkanimdan zorlanishim sizga kulgili tuyulyapti. Ammo ayon haqiqatni tan olgingiz kelmayapti. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring: u boshqalar kabi hatto «o‘limimda hech kimni ayblamang», degan ikki enlik xatcha ham qoldirmabdi. «U bilan sen yolg‘iz qolgan eding, derazadan itarib yuborgansan», deb hatto Lukeryani sarson qilishlarini nahot o‘ylab ko‘rmagan bo‘lsa! Agar hovlidagi to‘rt kishi uning derazada Bibi Maryamni quchoqlab turganini, so‘ng o‘zini tashlaganini ko‘rishmaganda, aybsiz bo‘lishimizga qaramay, toza sargardon qilishardi. Axir odamlarning turishi, hodisaga guvoh bo‘lgani ham tasodif-ku! Yo‘q, bularning barchasi – lahza, g‘ayrishuuriy lahza. Nogahoniylik va bejilov xayol! Xo‘sh, ikona qarshisida ibodat qilgan bo‘lsa nima? Bu o‘lim oldida tavba qildi, degan gap emas-ku! Hammasi bir lahzagina davom etgan. Balki qandaydir o‘n daqiqa ichida – devorga suyanib, boshini qo‘liga qo‘yganicha jilmaygan paytida bir qarorga kelgandir. Kallasiga shu xayol urilganu boshi aylanib, bu qaror qarshisida o‘zini tuta olmaganmi?

Xoh istang, xoh istamang, bu yerda qandaydir tushunmovchilik bor. Men bilan yashashi mumkin edi. Kamqonlik bo‘lsa nima qipti? Kamqonlikdan, sillasi qurib hayotiy quvvatning tugaganidan deysizmi? Yo‘q, u qishi bilan charchadi, mana gap qayerda…

Kechikdim!!!

Tobutda yotganda bunchalar xipcha, burni bunchalar so‘ppayib qolmasa! Kipriklari kamon o‘qlari kabi yotibdi. Yiqilishi ham beozorgina bo‘lgan – hech yeri sinmagan, yorilmagan. Faqat shu «bir hovuch qon». Ya’ni bir qoshiq degani. Ich-ichidan qalqqan. Ajib fikr: ko‘mmaslik mumkin bo‘lganda edi? Uni olib ketishgach, unda… o, yo‘q, olib ketish mumkin emas! O, axir men olib ketishlari lozimligini bilaman, men telba emasman, alahsirayotganim ham yo‘q, aksincha, aqlim hech mahal hozirgiday oydinlashmagan. Men bir narsani hazm qila olmayapman: yana uyda hech kim qolmaydimi, yana hayhotday bu xonalarda garovga qo‘yilgan buyumlar bilan yolg‘iz yashaymanmi? Alahsirash, alahsirash, mana alahsirash qayerda! Men uning sillasini quritdim mana gap qayerda!

Endi qonunlaringizni boshimga uramanmi? Endi odatlaringiz, taomilingiz, hayotingiz, davlatingiz, diningizni sariq chaqaga olmayman. Mayli, meni sizning hakamingiz so‘roq qilsin, mayli meni o‘sha sudga, ochiq sudingizga boshlab boring, hech nimani tan olmasligimni o‘sha yerda ham aytaman. Hakamingiz «Jim bo‘ling, ofitser!» deb qichqiradi. Men esam unga: «Meni quloq osishga majbur etuvchi qudrating qani? Nima uchun bu zim-ziyo jaholat men uchun hamma narsadan qadrli bo‘lgan narsani majaqladi? Qonunlaringiz menga nimaga kerak? Menga endi begona bular!» deb baqiraman. O, endi menga bari bir!

Ojiz, ojiz! Jonsiz u, eshitmaydi! Senga qanday jannat yaratib berardim, bilmayman. Jannat qalbimda edi, chor atrofingni jannat bilan o‘rardim. Sen meni bari bir sevmas eding, xo‘sh, nima qipti? Hammasi o‘sha holda bo‘lardi, o‘sha holda qolardi. Do‘stga gapirib berganday gapirarding menga – bir-birimizning ko‘zimizga tikilib quvonardik, kulardik. Shunday yashardik. Boshqani sevib qolsangmi? Mayli, rozi edim! Sen u bilan yurib kularding, men bo‘lsam ko‘chaning bu betida turib kuzatardim… O, faqat bir martagina ko‘zini ochsa, hammasiga rozi edim! Bir lahza, faqat bir lahza (!) menga qarasa edi, xuddi yaqinginada oldimga kelib vafodor xotin bo‘laman, deb qasam ichayotganday bir qarasa edi! O, bir qarashdayoq hammasini anglar edi!

Jaholat! O, tabiat! Yer yuzidagi odamlar yolg‘izlar – alam qiladigani shu! «Maydonda tirik jon bormi?»- deb qichqiradi, rus pahlavoni. Pahlavon bo‘lmasam-da, men ham qichqiraman – hech kim javob bermaydi. Quyosh odamga jon beradi, deydilar. Quyosh chiqqanda unga bir qaranglar – axir u o‘lik emasmi? Hamma narsa o‘lik, hamma yerda jonsiz murdalar. Faqat odamlar, atroflarini sukut o‘rab olgan – Yer shundan iborat. «Odamlar, bir-biringizni seving!» Buni kim aytgan!? Kimning o‘giti? Soat kapgiri unsiz, nafratni qo‘zg‘atadigan darajada tiqillaydi. Tun og‘di – soat ikki. Botinkachalari karavoti oldida turibdi, go‘yo bekasini kutyapti. Yo‘q, jiddiy aytyapman, ertaga uni olib ketishgach, men nima qilaman?

1876.

Izohlar:
*«Yozuvchi kundaligi» nazarda tutilayotgan bo‘lsa kerak. F.M.Dostoyevskiy 1873-74 yillarda «Grajdanin» jurnaliga muharrirlik qilib, har oyda «kundalik»larini e’lon qila boshlagan. 1876-77 yillarda davom ettirgan. «Ma’suma»ning yozilish vaqti xuddi shu davrga to‘g‘ri keladi. (Tarj.)
*Ham oqlashim, ham qoralashim ma’nosida (lotincha)
*Inglizchasiga (frans.)
*XIX asr ingliz faylasufi, utilitarizm tarafdori nazarda tutilgan bo‘lsa kerak. (Tarj.)
*Ishqiy uchrashuvga (frans.)