January 30

Nega bizga endi shunchaki “mazmun” yetarli emas?

Oxirgi oylarda tanovul qiladigan barcha san'at turlarimda, xoh u kitob, kino, qo'shiq bo'lsin, men bitta narsaga qarab o'zim uchun qiymatini aniqlashtiradigan bo'lib qoldim. U ham bo'lsa: originallik.

To'g'risi, men yoshligimdan bir kitobga qattiq berildim (15-18 yoshimda), keyin esa kinolarga (19-21). Meni chaq-chaqlashadigan o'rtoqlarim, vaybim to'g'ri keladigan odamlar guruhi juda kamdan-kam topilib turgani sababli, oxiri ikkalasidan ham "kitobqurti", "kino botaniki" deyishga oz-moz arziydigan "aqlli"ga aylanib qoldim.

Natijada nima bo'ldi? Endi men uchun hayratlanish dozasi juda balandda bo'lib qolgan-u, oddiy filmlardan rohatlanmay qo'ygandekman.

Agar siz Robinzon Kruzo bo‘lib, kimsasiz orolda yillar davomida yolg‘iz yashasangiz, gapirishni bilmaydigan yovvoyi “Jumavoy” ham siz uchun eng qiziq suhbatdoshdek tuyuladi, chunki tanlov yo‘q, ochlik bor. Lekin biz orolda emasmiz. Biz axborot, kontent va vasvasalar to‘lib-toshgan davrda yashayapmiz. Bunday to‘kinlikda “Jumavoy”lar bizni qoniqtirmaydi. Bizga endi shunchaki suhbatdosh emas, bizni larzaga soladigan, oldin eshitmagan gapimizni aytadigan odam kerak.

Skorseze formulasi: “Shaxsiy” degani nima?

Yaqinda “Parazit” filmi rejissyori Bong Jun-ho Oskarni qabul qilib olayotib, hayajon ichida bir gapni aytdi. U o‘zining raqibi, zalda o‘tirgan buyuk Martin Skorsezedan iqtibos keltirdi:

"The most personal is the most creative." (Qanchalik shaxsiy ekan, bu shunchalik ijodkorona ish).

Bu jumla men uchun ko‘p narsani oydinlashtirdi. Nega biz klassiklarni asrlar osha o‘qiymiz? Nega Shekspir yoki Navoiy eskirmaydi? Chunki ular faqatgina universal voqealarni yozishmagan. Ular asar ichiga o‘zlarining shaxsiy masalliqlarini — faqat o‘zlariga xos bo‘lgan og‘riq, tajriba va xulosalarini qo‘shishgan. Universal mavzu (sevgi, o‘lim, xiyonat) hamma joyda bor, lekin unga shaxsiy imzo qo‘yilgandagina u san’atga aylanadi.

Ratatuy effekti

Menimcha, bugungi kunda syujet (mazmun), bu minimum talab. Xuddi restoranga kirganda ovqatning issiq bo‘lishi shart bo‘lganidek, asarning mazmunli bo‘lishi ham tabiiy hol. Asl sehr esa uslubda.

Yozuvchi Ulug‘bek Hamdam “Lolazor” podkastida bir fikrni aytgandi, taxminan shu mazmunda:

“Gapirishga gap, yozishga hikoyalar ko‘p. Lekin uni qay uslubda yetkazasiz — shunisi eng qiyini.”

Bu uslubni tushunish uchun “Ratatuy” multfilmidagi oshpaz kalamush Remini eslang. U akasiga ta’mni tushuntirmoqchi bo‘ladi: u pishloqni (bir tuyg‘u) va qulupnayni (boshqa tuyg‘u) alohida yeydi, yomon emas. Lekin ikkalasini birga chaynaganda, ekranda rang-barang mushaklar portlaydi.

Originallik xuddi shu atom bombasiga o‘xshaydi. Yozuvchi yoki rejissyor o‘zining shaxsiy og‘rig‘i bilan hayotiy darslarini shunday noyob tarzda aralashtiradiki, natijada kichik bir birlashuvdan ulkan portlash sodir bo‘ladi.

Balki shuning uchun ham buyuk rejissyorlar doim klassik va qadimgi tasviriy san'at namunalarini haddan ortiq ilhom bag'ishlovchi sifatida ko'rishar? Chunki ular oddiy bor elementlardan chegaralangan santimetrlarda yillab gapirib tugatolmaydigan narsalarni joy qila olishgan.

Bizni, o‘zicha “aqlli” bo‘lib qolgan tomoshabinlarni, endi qora mehnat emas, aynan shu estetik mozaika — muallifning o‘z “pishlog'i va qulupnayi”ni qanday qorishtirgani hayratga soladi.

“The Menu”dagi dars

Xullas, bugun men har bir asardan muallifning “ultimatumini”, uning betakror imzosini qidiraman. Meni faqat shu narsa qayta tiriltira oladi.

Lekin... bu yerda bir nozik chegara bor.

Biz, tomoshabinlar, ko‘pincha haddimizdan oshib ketamiz. Biz san’atkorga xuddi restorandagi ofitsiantga qaragandek qaraymiz: “Meni hayron qoldir! Menga men kutmagan narsani ber!”

2022-yilda chiqqan “The Menu” filmi aynan shu takabburligimizga tarsaki tushirdi. Filmda oshpaz (muallif) o‘zining eng noyob taomlarini taqdim etadi, lekin iste’molchilar uni shunchaki “yeyishni” va “baholashni” xohlashadi.

Haqiqat shundaki, san’atkorning bizning oldimizda hech qanday qarzi yo‘q. Uning vazifasi bizni ta’sirlantirish emas. Haqiqiy ijodkor faqat o‘z ichidagilari bilan kurashadi va o‘sha ichki to‘fonni tashqariga to‘kib sochadi. Agar o‘sha to‘fon bizning qalbimizga ham tegib o‘tsa, bu bizning omadimiz. Agar tegmasa, bu uning aybi emas.

Xullas, bizni, o'zicha "aqlli" bo'lib qolgan "individual" olomonni — endi faqat shaxsiy og'riq bilan aralashgan va his qilingan hayot darslarini birlashtiradigan asarlargina ta'sirlantira olsa kerak.

31/01/2026. Kechki soat 3. Samandar