Boylik va dunyoqarash: Yaqin o'tmish. Boylik baxt keltiradi(mi)?!
I Qism
Hech o'ylab ko'rganmisiz, boylik o'zi nima? Boy odam qanday bo'lishi kerak?
Boylikka nisbatan dunyoqarash bizda qanday shakllangan? Bizda tarixan boy qatlam toifa insonlar tushunchasi olg'ir, chaqqon, xasis odamlarga sinonim tarzda ishlatilgan. Rostdan ham shundaymi? Xonlik davrlaridan boshlasak, xalqning juda oz qismi boy hisoblangan. Bozorlar bo'lgan, ammo bu to'liq kapitalistik tuzum edi deya olmayman. Chunki bir tomondan yurtdagi eng katta boy - bu xonning o'zi bo'lgan. U esa o'zining monopol huquqlaridan to'la foydangan. Xususiy mulk muqaddas bo'lmagan. Xalqning ijtimoiy yashash tarzini yaxshilashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmagan. Bu yerda barchasi inson faktoriga bog'liq bo'lib qolgan. Xonning yonidagilar ham tabiiyki, tezroq boyib qolishga harakat qilishgan. Chunki keyingi xon ularning kallasini olish ehtimoli yuqori bo'lgan.
Natijada xalq orasida boylar doimo yomon obraz sifatida gavdalantirilgan. Misol uchun, Nasriddin Afandi hamisha ahmoq, semiz, xasis boylar bilan kurashib yurgan.
Chor Rossiyasi davrida jamiyatda kardinal o'zgarishlar bo'lmagan. Xalq yanada kambag'allashgan xolos. Boylar, eshonlar xalqqa boyish yomonligini uqtirib, o'zlari zimdan boyib borganlar. Bu to SSSR paydo bo'lguncha davom etgan.
Jadidlar esa xalq rivojlanishi uchun boyishi shart ekanligini bilib turishgan. Ziyolilar bunga birinchi navbatda, ma'rifiy yuksalish bilangina erishish lozim deb topishgan. Ya'ni ko'r-ko'rona bilimli, xonlar davridagidek xasis va johil boylar emas, balki ziyoli, madaniyatli o'ziga to'q qatlam shakllantirish Vatan ravnaqi uchun muhimroq ekanligini ular bilishgan.
Ulardan xayiqqan bolsheviklar esa qatag'on boshlab yuborishadi. Jadidlar yo'q qilinadi. So'ngra, boshqarish osonroq bo'lgan omi avom ustidan hukmronlik qiladilar. Ular ham boylik yomon, boylarsiz jamiyat quramiz deya jar solishgan. Bunday jamiyat 70 yilcha yashadi. Ammo xalq na teng bo'ldi, na o'rta qatlam shakllandi.
I Qism tugadi.
@boredpandablog