"Rangin Osmon" filmiga review
Nega tuzalmas bemorlar haqidagi filmlar katta mashhurlikka erishmoqda?
Kecha yangi hind kinosi "Rangin osmon" filmini tomosha qildim. Tasodifan. 10 daqiqa ko'rib, filmning bir jihati e'tiborimni tortdi. Kino haqida taqrizni tugataylik, keyin shu haqida gaplashamiz.
Syujet haqida qisqacha.
Film tuzalmas kasallikka chalingan Aisha Chaudri degan 18 yashar qiz haqida. U yozuvchi, rasssom, umuman olganda juda talantli qiz. Ammo, afsuski, u og'ir kasal, oilasi esa uning so'nggi kunlarida unga har tomonlama dalda bo'lishga harakat qilishadi. Men kinoni o'rtacha suratga olingan kinolar tasnifiga kiritgan bo'lardim. Bitta jihatidan tashqari: filmda dialoglar juda yaxshi qurilgan, bosh qahramon o'z yaqinlarini juda yaxshi tasvirlaydi, ularga laqab ham qo'yadi. Masalan, oyisi Ohu, dadasi Panda, akasi, Jirafa, xullas, tariflar masalasida originallik... Lekin film 2014-yilda suratga olingan "Yulduzlar aybdormi?" kinofilmiga juda o'xshab ketadi, stil bir xil. Plagiat demoqchi emasman, biroq o'xshashlik juda katta. Nimaga? Nimaga bu kabi filmlar turli davlatlarda tez-tez suratga olinmoqda?
Oxirgi yillarda dunyo kinoprokatlarida bir qator tuzalmas bemorlar haqidagi filmlar soni sezilarli ko'paydi. "Mo'jiza", "Yulduzlar aybdormi?", "Bir-biridan metr uzoqlikda", "Seni uchratguncha", "33 telbanoma istaklar" va hk shular jumlasidandir. Bu asarlar asosan melodrama janrida bo'lib, insonni to'lqinlantirib yuboradi. Xo'sh bularga sabablar nima?
Birinchidan, hozirgi zamonaviy jahonda tendensiyalar keskin o'zgarmoqda. Inson hayoti, oilaga e'tibor, mehr-oqibat masalasi hozir har qachongidan ham muhim bo'lib qolmoqda. Bunday filmlarda aynan shu muammolar o''rtaga tashlanganligi odamlarda ularga nisbatan qiziqishni kuchaytirmoqda.
Ikkinchidan, modern adabiyotga bog'liqlik. Ya'ni ushbu filmlarning katta qismi aslida muvaffaqiyatli zamonaviy yozuvchilarning asarlari bo'lib, ular shunchaki omadli ekranlashtirilmoqda. Chunki, "Yulduzlar aybdormi?" asari bestseller bo'lgach, tabiiyki, kinochilarda tayyor ssenariy asosida film suratga olish fikri paydo bo'ladi.
Uchinchidan, og'ir psixologik muammo. Bunday hollarda ko'plab tuzalmas bemorlar yaqinda o'lishini o'ylayverib juda chuqur depressiyaga tushib qoladilar. Bu esa ularning sog'lig'iga yanada yomon ta'sir qiladi. Bunday vaziyatda esa o'limni xuddi eski qadrdondek kutib olishga hamma ham o'zida jur'at topa olmaydi. Yoki odatiy hayotiga qaytishi, amalga oshmagan orzularini, istaklarini bajarishi oson kechmaydi. Bir so'z bilan aytganda ozgina qolgan vaqtidan foydalanib, chinakam yashashga hamma ham intilmaydi. Qo'rqadi. Bunda esa shu film qahramonlari hayoti o'rnak bo'ladi degan fikr mavjud.
To'rtinchidan, eng muhimi, o'lim qachonki, sizning yaqiningizni olib ketsa, u sizga yanada dahshatliroq tuyuladi. Ayniqsa, uning o'limini oldindan bilib tursangiz, bu juda og'ir kechadi. Shu sababli, yaqinlar bunga tayyor bo'lishi, har qanday vaziyatda o'zini tuta olishi, irodasi kuchli bo'lishni o'rgatadi deb o'ylayman.
Xulosa, hech qaysi hayot kinodan olinmaydi. Kino bizga nimanidir o'rgatishi shart ham emas, u bizga nimanidir o'ylashga majbur etsa, shuning o'zi yetarli. Hayotda eng katta sinovlar oldida inson o'z matonati bilan nafaqat o'z hayotini, balki yonidagi yaqinlari hayotini ham saqlab turadi.
Hayotning baxtli o'tishi aslo uning davomiyligiga bog'liq emas, balki baxt uning mazmunidadir.
Zero, nihoyasi bor narsa go'zal bo'ladi.
@boredpandablog