IMHO
February 3, 2021

Avraam Linkoln tomonidan o'g'lining muallimiga yozilgan mashhur xati

J.Bazarbaeff tarjimasi

Bu inson nomini eshitmagan tarixchi yoki oddiy o'quvchi bo'lmasa kerak. Hech bir mubolag'asiz, Avraam Linkoln - dunyodagi eng taniqli shaxslardan biri. Aynan uning xizmatlari evaziga Qo'shma Shtatlarda qullikka chek qo'yiladi, bu uni chinakam millat qahramoniga aylantiradi. So'rovnomalarga ko'ra, u hali hamon Amerika xalqining eng sevimli prezidentlaridan hisoblanar ekan.

1855-yilda Avraam Linkoln mashhur "O'g'limning ustoziga maktub"ni yozadi. Ushbu maktubida Prezidentning sevimlisi bo'lgan besh yoshli Uilyamning o'qituvchisiga yo'llangan hayotda farzandiga asqotishi mumkin bo'lgan tilaklar va qaydlar mavjud edi. Afsuski, kattalar hayotida ushbu bilimlarini qo'llash uchun kichkina Uilyamda imkoniyat bo'lmagan - u juda yosh, 11 yoshida vafot etadi va otasi bilan birga dafn etilgan.

Men bugun sizlarga ushbu otalik mehri va bolaga g'amxo'rlik chuqur singdirilgan xatni o'qishni tavsiya qilaman. Unda biz ko'pincha unutib qo'yadigan haqiqatlar va muhim narsalar haqida fikr yuritiladi:


"Men uning hamma odamlar ham adolatli va samimiy emasligini o'rganishi kerakligini yaxshi anglayman. Shuningdek, unga har bir firibgar inson ichra bir qahramon borligini, shuningek, har bir xudbin siyosatchida esa Vataniga sodiq yetakchi topilishini o'rgating.
Unga o'rgatingki, agar dushman mavjud bo'lsa, unda albat do'st ham bo'ladi. Faqat buni bilish uchun biroz vaqt lozimdir. Agar iloji bo'lsa, unga peshona teri bilan ishlab topilgan bir dollar, yo'ldan topib olingan besh dollardan ko'ra ancha qadrliroq ekanligini o'rgating. Unga mardlarcha yutqazishni, shuningdek, erishilgan g'alabalardan zavq olishni o'rgating.
Agar qo'lingizdan kelsa, uni hasaddan uzoqlashtiring, unga samimiy kulish sirlarini o'rgating. U urishqoq va maqtanchoqlarni yengish osonroq ekanligini erta bilib olsin. Agar imkoningiz bo'lsa, uni kitoblarga oshno qiling...
Orada unga bo'sh vaqt ham bering, toki u hayotning barhayot sirlari to'g'risida bosh qotirsin: osmondagi qushlar, quyosh nuri ostida uchayotgan asalarilar va yam-yashil tepaliklardagi gullar haqida...
U maktabda bo'lganida, uni firibgarlik bilan g'alaba qozonishdan ko'ra, haqiqat bilan muvaffaqiyatsizlikka uchrash ancha sharafliroq ekanligini tushuntiring... Hatto kimdir unga adashayotganligini uqtirsa ham, o'z g'oyalariga sodiq qolishga o'rgating... Yumshoq odamlar bilan yumshoq munosabatda bo'lishni, qo'pol insonlarga o'zlari kabi gaplashish kerakligini ta'kidlang.
Hamma g'olib tomonida bo'lganida esa, o'g'limga olomonga ergashmaslik uchun kuch berishga harakat qiling... Unga hamma odamlarni tinglashni o'rgating, shuningdek, eshitgan narsalariga haqiqat oynasidan qarashni va faqat yaxshiliklarni tanlash mashqini bering.
Agar iloji bo'lsa, unga qayg'uni kulgu bilan yengishni o'rgating. Ko'z yoshida uyat yo'qligini ayting. Unga surbetlik ustidan kulishni va ortiqcha shirinliklardan tiyilishga tayyorlang.
Unga o'z bilimi va bilagidagi kuchini eng yuqori narxda sotishni o'rgating, lekin hech qachon qalbi va yuragi bilan savdo qilmasligini qat'iy uqtiring.
Unga hayqirayotgan olomonga quloq solmaslikni o'qiting, lekin agar u o'zini haq deb hisoblasa, o'rtaga chiqib jang qilishga qodir etib tayyorlang.
Unga muloyimlik bilan muomala qiling, lekin haddan tashqari yumshoqlik ham qilib yubormang. Chunki sifatli po'lat faqat yonib turgan olov sinovida toblanadi. Unga (barcha yomon narsalarga) toqat qilmaslik uchun jasoratli bo'lishiga qo'yib bering... Jasur bo'lishiga o'zida kuch topishiga ilhomlantiring.
Uni har doim o'ziga ishonishni o'rgating, sababi shundagina unda insoniyatga nisbatan ishonch paydo bo'ladi.
Bu oson ish emas albatta, lekin siz nimaga qodirligingizni ko'rsatishga harakat qiling... U juda yaxshi bola, mening o'g'lim!"

@boredpandablog