"Death note" anime serialiga review
Ushbu daftarga ismi yozilgan inson... 40 soniya ichida o'ladi!
Flashback
"Ajal daftari" ("Death Note") - tan olishim lozimki, ushbu anime serial menda afsonaviy Xayao Miyadzaki asarlaridan so'ng, menga yapon animatsiyasini qayta kashf etishga undadi. Va men hali ham xursandmanki, bu anime serialdan olgan taasurotlarim va undagi beqiyos g'oya oldida shlyapamni yechishga tayyorman.
Aslida janr bo'yicha "Ajal daftari"- bu bir vaqtning o'zida triller va fantastika elementlari bilan yo'g'rilgan detektiv hikoyadir. Serial shu nomdagi 'manga' asosida yaratilgan. Barcha voqealar Yaponiyada sodir bo'ladi.
Syujet.
Unga ko'ra, g'ayrioddiy xususiyatga ega bo'lgan o'lim xudolari dunyosidan ma'lum bir sehrli daftar odamlar dunyosiga tasodifiy tarzda o'tib qoladi. Bir qarashda oddiy ko'rinsa-da, u shunchaki oddiy daftar emas. Unda bir juda qudratli kuchga ega tilsim yashirin. Ya'ni bu daftarga ismi yoziladigan odam 40 soniya ichida yurak hurujidan yoki ma'lum sabablarga ko'ra, birozdan keyin o'ladi. Agar sizda shunday daftar bo'lsa, kimnidir o'ldirish uchun sizga o'sha insonning ismini bilish va ko'rib tanish bo'lishingiz kifoya. Shunda bir xil ismli kishilar bilan chalkashib ketmaysiz. Daftarda yana bir qator imkoniyatlar va qoidalar mavjud bo'lib, ular daftarning birinchi betiga yozilgan. Bu daftarning asl egasi o'lim ma'budlari bo'lsa-da, uni qo'liga olgan inson zoti ham unga vaqtincha bo'lsa-da hukmronlik qila oladi.
Qahramonlar.
Ko'rib turganizdek, bu daftar qandaydir ahmoq yoki terrorchi qo'liga tushib qolsa nimalar amalga oshirib tashlashini tasavvur qilavering endi. Ammo bu daftar juda katta aql sohibi qo'liga tushib qolsachi? Buni tasavvur qilish yanada og'irroq, nazarimda...
Yagami Layt
Ammo mutlaqo tasodifan bu daftar juda aqlli, xushbichim, odobli va tarbiya ko'rgan yosh bir yigitcha qo'liga tushib qoladi. Uning ismi ham juda o'zgacha — Yagami Layt. (Light - ingliz tildia "yorug'lik" degani)
Yagami Light - tengdoshlari orasidan yorqin ajralib turadigan yosh yigit. Uni juda yuqori ambitsiyalarga ega inson deb atagan bo'lardim. Ammo unga doimo bir narsa tinchlik bermaydi. Bu ham bo'lsa, uning nazdidadi jamiyatda qonunlarning nomukammalligi va jinoyatchilarning ko'pincha jazosiz qolishligi. Ushbu hayotning shu kabi adolatsizliklariga nisbatan alamzada munosabatda bo'lgan yosh geniy va fanatik mana shu ma'shum daftardan o'z fikrlarini amalda isbotlash yo'lida foydalanishga ahd qiladi.
Uning nazarida "qadim dunyo chirigan", undagi adolat barcha jinoyatchilarni birdek jazolay olmaydi. Agar jamiyatning bu qaqshatqich zarbalari va iflosliklari mavjud bo'lmaganida edi, biz yashab turgan dunyo ancha yaxshiroq va tinchroq joy bo'lardi. Bu kabi fashistik qarashga ega geniy yigitdan har nimani kutsa bo'lardi.
Ana shunday kunlarda u o'sha daftarni topib oladi va birin-ketin jinoyatchilarni o'ldira boshlaydi. Ommaviy qatli omdan butun politsiya va xalq oyoqqa turadi. Biroq butun dunyo kutilmagan noma'lum qahrli dushman oldida ojizdek edi go'yo.
Detektiv L.
Zo'rdan zo'r ko'p deganlaridek, hech kutilmaganda hech kim o'z ko'zi bilan ko'rmagan, faqatgina L taxallusi ostida yashiringan iste'dodli detektiv noma'lum qotil izidan tushadi.
Detektiv L. hayoti, ijodi haqida hech narsa ma'lum emas. U barcha ishlarni safdoshi Vatari orqali amalga oshiradi, bu safar esa o'zi vabankka borishga jazm etadi. Uning g'alati odatlari unga mantiqiy fikrlashiga hech ham xalal bermaydi. U bu jangda no'malum killer-manyak Kirani tutishga qattiq kirishadi. To'g'risi, serial davomida bu qahramonga maftun bo'lib qolasiz. Uning aqli o'tkirligiga tan berasiz.
Serial L ismli detektiv va Kira (bizning Yagami) orasida nihoyatda shiddatsiz to'qnashuv asosiga qurilgan desak hech mubolag'a bo'lmaydi. Ha ya, aytgancha, bizning oramizda o'z dunyosida rosa zerikkan o'lim mabudi Ryuk ham bor.
Ma'no va mazmuni
Ushbu anime shubhasiz yuqori sifatli, chuqur ma'noga va puxta chizilgan syujetga ega. Ammo men bu serialni kechqurun zerikkanda shunchaki vaqt o'tkazish maqsadida ko'rishni maslahat bermayman. Undan olish mumkin bo'lgan jihatlar rosa ko'p.
Serialda hokimiyat odamni buzishini, mutlaq hokimiyat esa mutlaq buzishi yaqqol ko'rsatib berilgan. Biz ushbu manga orqali ba'zan biz aslida ezgu niyatda boshlagan ishlar har doim ham yaxshi oqibatlarga olib kelmasligini bilib olamiz.
Aslida, bizlar dunyoni yaxshi va yomonga bo'lib qo'ymasligimiz kerak. Shu singari odamlar ham yaxshi va yomonga bo'linmaydi. Har bir odamning ichida yaxshi va yomon xislatlar xuddi oq va qora itlar kabi yashaydi. Agar siz qaysini ko'proq boqsangiz, o'sha it g'olib chiqadi.
Xulosa
Siz bu haqda jiddiy o'ylab, har bir syujetni tahlil qilishingizni maslahat beraman. Siz uchun atalgan detektiv va falsafiy qarashlar qorishmasidan tayyorlangan yaponcha shedevr mana shundan iborat edi.
Serialning menga yoqqan taraflari:
- Syujet juda puxta ishlanganligi;
- Qahramonlar o'ziga xos manera va xarakterlari borligi;
- Intellektual janglarga boyligi;
- Detektiv yo'nalishda yangi yo'nalish ochilgani;
Yoqmagan jihatlari:
- Juda dramatik yakun;
- L o'limidan keyingi qismlar biroz zerikarli bo'lib qolishi;
- Yagami Light obrazidagi kuzatiladigan ba'zi bir juziy kamchiliklar.
@boredpandablog