IMHO
September 8, 2021

"Men orzu qilaman" (I have a dream) - Martin Lyuter King

Martin Lyuter Kingning oq tanli va qora tanli fuqarolarning huquqlari teng bo'ladigan kelajak haqidagi tasavvurini o'z ichiga olgan eng mashhur nutqi haqida eshitmgan kishi kam bo'lsa kerak. Bugun men sizlarga o'sha nutqning o'zbek tiliga tarjima qilgan holda e'tiboringiz havola etishga harakat qilaman.

Keling, nutq bilan tanishishdan oldin, uning muallifi haqida biroz to'xtalib o'tsak.

Martin Lyuter King kim bo'lgan?

Martin Lyuter King junior (1929-1968) 1954-yildan to vafotiga qadar AQShdagi qora tanlilarning fuqarolik huquqlari uchun kurash harakatining yetakchisi bo'lgan. King mamlakatda fuqarolik huquqlari uchun kurashni hindistonlik mashhur davlat arbobi Mahatma Gandining faoliyatidan ilhomlangan holda va shuningdek, o'zining xristiancha e'tiqodidan kelib chiqib, kuch ishlatmasdan va fuqaroviy bo'ysunmaslik orqali himoya qilishga chaqiradi.

1955-yilda King Montgomerida avtobus liniyasini boykot qiladi va 1957-yilda Janubiy Xristian Yetakchilik Konferensiyasining (SCLC) birinchi prezidenti bo'ladi. Uning boshchiligiga bir qator hududlarda kuch ishlatmasdan norozilik namoyishlarini uyushtiriladi.

1964-yil 14-oktabrda King irqiy tengsizlikka qarshi kurashgani uchun nufuzli Tinchlik bo'yicha Nobel mukofoti bilan taqdirlanadi. Ammo AQShda unga qarshi hukumat tomonidan katta yashirin tergov boshlanadi. Federal Qidiruv Byurosi (FBI) uning mumkin bo'lgan barcha kommunistik aloqalarini tekshiradi, ishdan tashqari hayotini yozib boradi va hukumat amaldorlariga xabar beradi. Hatto bir holatda unga o'z joniga qasd qilishga majburlash urinishi sifatida anonim tahdid maktub ham jo'natishadi.

1968-yilda King Vashingtonda "Qashshoqlar kampaniyasi" deb nomlangan milliy ish tashlash o'tkazishni rejalashtirgan, ammo kutilmaganda 4-aprel kuni Memfis shahrida o'ldiriladi. Uning o'limidan so'ng, AQShning ko'plab shaharlarida noroziliklar boshlanadi.

King vafotidan keyin, Prezident Ozodlik medali va Kongress oltin medali bilan taqdirlangan. Martin Lyuter King kuni 1971-yildan beri bir qancha shahar va shtatlarda tashkil etilgan va 1986-yildan esa federal darajada nishonlanadi. Qo'shma Shtatlarning yuzlab ko'chalari uning sharafiga qayta nomlangan, jumladan King sharafiga Vashington shtatidagi okrugga nomi beriladi. 2011-yilda Vashingtondagi Milliy Alleyada Martin Lyuter King memoriali ochilgan.

Nutq tarixi

Martin Lyuter King bu nutqni 1963-yil 28-avgustda, Vashingtondagi ish va erkinlik marshi vaqtida Linkoln memoriali zinapoyasidan turib aytgan. Bu 1955-1968 yillardagi Amerika Fuqarolik Huquqlari Harakatining muhim davri edi. Namoyish paytida qo'shiqchi Mahaliya Jekson ham qatnashadi, nutq boshlanishidan oldin u Kingga qarata shunday deydi: "Martin, ularga orzu haqida aytib ber!" Kingning nutqi Amerika notiqlik jamiyati tomonidan XX asrning eng yaxshi nutqi deb tan olingan.

Nutq uslubi

"Men orzu qilaman" nutqi notiqlik san'atining eng yaxshi asarlaridan biri hisoblanadi. Bu nutqning kuchi aynan shu so'zning doimiy takrorlanishidadir. King kuchli jumlalarni takrorlash, buyuk asarlarga havola qoldirish va ishtiboh qilish jarayoniga juda ham ijodiy yondashadi. Bu uning nutqiga katta muvaffaqiyat olib keladi. Injilga havola qilingan va'z asosiga qurilgan ushbu nutq amerikaliklarning katta qismi uchun muqaddas bo'lgan boshqa tarixiy hujjatlarga (AQSh Mustaqillik Deklaratsiyasi, AQSh Konstitutsiyasi, Qullikdan ozod qilish Manifesti) ham tayanadi. Ammo eng asosiysi, nutq hammani Amerika orzusi atrofida birlashtiradi.

"Men orzu qilaman" (I have a dream)

Men uchun bu nutqni o'zbek tiliga o'girish juda sharafli ishdir. Albatta, men professional tarjimon emasman, shuningdek buni ulkan auditoriya uchun ham qilmayapman. Ammo baribir bor kuchimni sarflashga harakat qildim.

Nutq boshidagi kirish qismi va namoyishchilarga qaratilgan qismni tarjima qilish va bu bilan sizlarning vaqtingizni olishni lozim topmadim. Men sizlarga nutqning eng muhim qismini yetkazib berishga harakat qilaman.

"Bugun do'stlarim, hozirgi va kelajakdagi barcha muammolarga qaramay, sizlarga shuni aytmoqchiman: "Hali ham orzum bor!". Shunday orzuki, Amerika orzusidan ildiz otgan.

Men orzu qilaman, bir kun kelib, mamlakatimiz o'z e'tiqodining asl ma'nosini anglab, uning timsoliga aylanadi. Biz qat'iy ishonamizki, barcha insonlar tengligi hech qanday isbot talab qilmaydi.

Men orzu qilaman, bir kun kelib, Jorjiyaning alvon tepaliklaridagi sobiq qullarning avlodlari va sobiq quldorlarning avlodlari o'zaro birodarlikda bir dasturxon atrofida to'planadilar.

Men orzu qilaman, bir kun kelib, hatto adolatsizlikdan aziyat chekayotgan, qattiq zulmdan bo'g'ilgan Missisipi shtati ham erkinlik va adolat vohasiga aylanadi.

Men orzu qilaman, bir kun mening to'rtta farzandim insonni terisining rangiga qarab emas, balki axloqiy fazilatlariga ko'ra baholashadigan mamlakatda yashaydilar.

Men bugun orzu qilaman.

Men orzu qilaman, qachondir Alabama shtati o'z zo'ravon irqchilari va shtat qonunlarini nazar pisand qilmaslik va Kongress qonunlarining kuchini tan olmaslik haqida baralla gapiradigan gubernatori bilan birga; qachondir u yerda, Alabama shtatida, qora tanli o'g'il-qizlar o'zlarining oq tanli opa-singil va birodarlari bilan qo'lni qo'lga beradilar.

Men bugun orzu qilaman.

Men orzu qilaman, bir kun kelib har bir vodiy to'lib toshadi, har bir tepalik ko'tariladi va har bir tog' pastlik bo'ladi, notekis joylar to'g'rilanadi, egri yo'llar tekislanadi va Yaratgan egamizning ulug'vor ne'matlari yo'li ochilib, barcha mavjudot buni birgalikda baham ko'radi.

Bu bizning umidimiz. Bu ishonch bilan men Janubga qaytaman. Bu ishonch bilan biz noumidlik tog'idan umid toshini uzib olamiz. Bu ishonch bilan biz millatimizdagi janjalli nizolarni birodarlikning go'zal simfoniyasiga aylantiramiz. Bu ishonch bilan birgalikda ishlaymiz, birga ibodat qilamiz, birgalikda kurashamiz, birga qamoqqa tushamiz, ozodlik uchun birgalikda turamiz, zero biz bir kun birgalikda ozod bo'lishimizni bilamiz.

Bu kun keladi... bir kun keladi, Xudo yarlaqagan barcha bolalar yangi ma'no anglatadigan qo'shiq kuylay oladilar: "Mening yurtim sen, aziz ozod yurtim, men seni kuylayman. Ota-bobom o'tgan yer, Ziyoratchilarning faxri bo'lgan mamlakat, har bir tog' yonbag'ridan ozodlik kuyi jaranglasin!"

Va agar Amerika buyuk davlat bo'lishi kerak bo'lsa, ushbu so'zlar haqiqatga aylanishi shart. Nyu-Xempshirning ajoyib tepaliklaridan ozodlik qo'ng'irog'i jaranglasin. Nyu-Yorkning azim tog'laridan ozodlik qo'ng'irog'i jaranglasin. Pensilvaniya shtatining Allegeynisidan ozodlik qo'ng'irog'i jaranglasin.

Koloradoning qorli cho'qqilaridan ozodlik jaranglasin.

Kaliforniyaning qiya yonbag'irlaridan ozodlik jaranglasin.

Jorjiyaning Tosh tog'idan ozodlik jaranglasin.

Tennessining Lookout tog'idan ozodlik jaranglasin.

Missisipining har bir tepaligidan va har bir burchagidan ozodlik jaranglasin.

Ozodlik jaranglasin va bu sodir bo'lganda... biz ozodlik qo'ng'irog'ini har bir qishloqdan va har bir ovuldan, har bir shtatdan va har bir shahardan jaranglashiga yo'l berganimizda, biz, Olloh Taoloning barcha bandalari, o'sha kunni tezlashtira olamiz, qora tanli erkaklar va oq tanlilar, yahudiylar va yahudiy bo'lmaganlar, protestantlar va katoliklar qo'llarni qo'lga berib, qadimiy diniy so'zlar bilan kuylashlari mumkin bo'ladi: "Nihoyat ozodlik, nihoyat ozodlik! Olloh taologa hamdlar bo'lsinki, biz nihoyat ozodmiz!""

J.Bazarbaeff tarjimasi.

08.09.2021

@panda_books telegram kanali uchun