Kuniga 500 sahifa o'qish - reallik! Buni qanday qilish kerakligi haqida
07.05.2021 Panda Books
"Men har kuni bittadan kitob o'qidim va butun hayotim o'zgarib ketdi."
- O'rhon Pamuq
Quartz nashri yaqinda mashhur jurnalist Charlz Chuning kitob o'qish tajribasi haqida maqolani chop etdi. Charlz bir yil davomida 200 ta kitob o'qish unchalik qiyin ish emasligini o'z tajribalari orqali aniqladi - buning uchun esa shunchaki telefoningizni "mute" rejimiga qo'yib, televizorni esa o'chirib qo'yish kerak. Men @panda_books kanali admini sifatida uning maqolasini foydali deya topganim uchun ham unda yozilgan ko'proq o'qishga yordam beradigan maslahatlarini o'zbek tiliga qo'ldan kelgancha tarjima qildim. Bu sizga ham foydali bo'ladi degan umiddaman.
Bir kuni amerikalik tadbirkor Uorren Baffetdan muvaffaqiyatining siri nimada ekanligini so'rashibdi. U bir uyum kitobni ko'rsatib: "Har kuni 500 bet o'qing. Bilimlar investitsiya sifatida miyangizda to'planadi. Barchangiz bunga qodirsiz, ammo ozchilikkina jur'at eta oladi".
Ikki yil oldin, endigina orzu qilgan ishimga kirgan paytlarim, qadrdon idoramda o'tirib, har kuni hamkasblarimning bo'm-bo'sh ko'zlariga tikilib turardim. Miyamda xayollar charx urardi: "Ey Xudo, agar men 40 yildan keyin ham shu yerda bo'lsam-chi?"
2015-yil yanvar oyida men o'zimda "Baffet usuli"ni sinab ko'rishga qaror qildim. Rostini aytsam, men har doim ham kuniga 500 sahifa o'qimaganman. Biroq, so'nggi ikki yil ichida men 400 dan ortiq kitobni boshidan oxirigacha o'qib chiqdim. Kitob mutolaa qilish haqidagi qaror hayotimdagi eng muhim qarorlardan biriga aylandi: ular menga ergashish uchun qahramonlarni tuhfa qildi.
Yiliga 200 ta kitob o'qish aql bovar qilmaydigan narsa. Garchi aslida bu yerda g'ayrioddiy biror narsa bo'lmasa ham, hamma buni qila oladi. Buning uchun sizga ozgina hisob-kitob va to'g'ri usullar kerak bo'ladi.
1. Boshlamasdan voz kechmang!
"Har kuni 500 bet o'qing" degan maslahatni eshitib, ko'pchilik darhol buning iloji yo'q deb javob berishadi. Shunda odam, nihoyat, bu haqda o'ylamasdan, o'zini bu kabi tashabbusning mumkin emasligiga ishontirish uchun turli xil sabablarni o'ylab topa boshlaydi. Eng mashhur bahonalar: "Men juda bandman", "Men yetarlicha aqlli emasman" va "Kitoblar men uchun emas".
Ikki yil oldin oddiy hisob-kitoblarni amalga oshirgan edim va bu unchalik qiyin bo'lmagan. Baffet aynan shu haqida gapirgan: hamma bunga qodir, ammo bunga jur'at etadiganlar kam.
2. Oddiy arifmetika
200 ta kitobni o'qish uchun qancha vaqt ketadi?
Birinchidan, ba'zi statistik ma'lumotlar:
- O'rtacha bir kishi daqiqada 200-400 so'z tezlikda o'qiydi.
- O'rtacha ilmiy-ommabop kitobda 50 000 so'z mavjud.
Endi bir nechta oddiy hisob-kitoblar uchun:
- 200 ta kitob * 50 000 so'z = 10 million so'z
- 10 million so'z / daqiqada 400 so'z = 25000 daqiqa
- 25000 daqiqa / 60 = 417 soat
Ana xolos. Agar siz 200 ta kitob o'qishni istasangiz - unga yiliga 417 soat sarflang.
Aksariyat odamlar haftasiga 40 soatni faqat ishga sarflashadi. Xo'sh, qanday qilib 417 soatni o'qish uchun sarflash mumkin? Keling, bu safar biroz o'ylab ko'raylik.
3. Vaqt topish
417 soat biroz qo'rqinchli eshitiladi. Ammo boshqa tomondan qaraylik. Statistikaga ko'ra, har yili bir kishi ijtimoiy tarmoqlarga 608 soat, televizor ko'rishga 1642 soat sarflaydi.
Bekorga yiliga 2250 soat! Agar shuncha vaqtni o'qish uchun sarflasangiz, bir yilda mingdan ortiq kitob o'qishingiz mumkin.
Mutolaa uchun vaqtimiz ko'p. Dahshatli haqiqat shundaki, biz juda qaram, irodasiz va osongina chalg'iymiz. Sizga kerak bo'lgan yagona narsa, bo'sh vaqtingizda Instagramdagi lenta va seriallarni tomosha qilmagan holda, qo'lingizdan kitobni tushirmasdan o'qishdir.
Nazariy jihatdan hamma narsa juda oddiy bo'lib ko'rinadi. Ammo aslida qanday bo'ladi?
4. Amalga oshirish
Mana bu ishni bajarishga yordam beradigan ba'zi maslahatlar.
4.1. Qo'llab-quvvatlaydigan muhit yarating
Agar siz chekishni tashlamoqchi bo'lsangiz, sigaretani ko'rinadigan joyda saqlarmidingiz? Albatta yo'q. Sahna ko'rinishini o'zgartirish eng yaxshi usuli sifatida juda qo'l keladi. Agar siz o'qishni istasangiz, atrofingizdagi chalg'itadigan narsalar yo'qligiga va kitoblar iloji boricha qulayroq bo'lishiga ishonch hosil qiling.
Men juda ko'p sayohat qilaman, lekin bu mening o'qishimga umuman xalaqit bermaydi. Hatto Tailandga sayohat qilish uchun o'zim bilan kitoblarni ham olib ketdim. Men ularni har doim yonimda saqlashga harakat qilaman, shunda ularni har qanday vaqtda o'qiy olaman. Telefonim ish stolida faqat ikkita dastur mavjud, ulardan biri Kindle. Bu elektron kitob o'qish uchun. Boshqacha "kitobcha" muhit odatlarni shakllantirishga yordam beradi.
4.2. Odatlarni rivojlantirish
Iroda kuchi odatlarni o'zgartirish uchun eng yaxshi vosita emas. Agar siz odatlanish va odatlarni o'rganish ilmidan bexabar bo'lsangiz, bu mavzu bo'yicha mening eng sevgan kitobim bo'lmish Taynanning "Odatlanish bo'yicha Supermen" asarini sizga tavsiya qilaman. U iloji boricha amaliyotga qaratilgan. Shu bilan bir qatorda, o'zingizga uyda, ishda-o'qishda doimo kitob mutolaasinio eslatib turadigan insonni toping. (Bukblogerlar ham yaxshi yordam beradi bu masalada)
4.3. Turli xil vositalardan foydalaning
Qayerda va qanday o'qiyotganingizga unchalik katta e'tibor bermang. Men ham qog'oz kitoblarni, ham telefonimdan o'qiyman, shuningdek, yana audiokitoblarni ham eshitaman. Va men buni hamma joyda qilaman: parkdagi o'rindiqlarda, avtobusda, hojatxonada - qisqasi, qayerda bo'lsam ham.
Istagan vaqtingizda o'qishni o'zingizga qulay qiling. Kitob o'qish imkoniyatini boy bermang. Agar u mavjud bo'lmasa, u holda uni yarating.
Agar men o'qishni boshlamaganimda, ehtimol o'z orzuyimdagi ish joyimdagi stolimda o'tirib, soatimga qarab o'lim haqida o'ylardim.
Maqola foydali bo'lgan bo'lsa xursandmiz. Kanalimizga obuna bolishni unutmang!
@panda_books Telegram kanali uchun maxsus