Muammo nimada?
#longread
Uzun postni o'qishga erinmaydiganlar uchun
Yaqinda aeroportda o'z reysimni 11 soat kutib qolishimga to'g'ri keldi. Bu orada ba'zi bir narsalar haqida fikrlab olishimga fursat bo'ldi. Keling, barchasini bir boshidan.
Navbat haqida
Ertalab ikkinchi marta reys kechiktirilgach, nihoyat 16:00da registration ochildi. Biz nima qildik deb o'ylaysiz? Navbat bilan, sekin bordik, birinchi ayollar va bolali oilalarga yo'l berdik desam ishonasizmi? Albatta, yo'q. Afsuski siz haqsiz. Bizsiz hech qayerda uchib ketmaydigan samolyotga chiqishga telbalardek oshiqdik.
Bir nimani qoyil qilgandek, hammani surib-urib o'tganlar ham tepaga chiqib yana barcha bilan samolyotni 4,5 soat kutdi. Ha, reys yana kechiktirildi. Agar reys kechikmaganida ham, agar hamma navbatda turganida hech kim kechikmasdi. Ba'zilar eng oxirida kelib, oraga kirib olishni yaxshi ko'rishadi. Bu qonimizga singib ketgan. Biz o'zimizga o'zimiz Xondek tutamiz. Qiziq nega?
Bort ichida
Eng qizig'i, samolyotda boshlanadi. Men shu paytgacha necha marta uchgan bo'lsam, biror marta stuyardessaga qo'pol gapirmagan odamlarni uchratmadim. Doimo bitta aqlli chiqadi va o'z zahrini negadir sizga kulib turgan bechora qizdan oladi. Chunki ular indashmaydida.
Mabodo stuyardessa telefonlarni "Полёт"ga qo'ying desa, demak shunday qilish kerak. Chunki bu parvoz xavfsizligiga bevosita ta'sir qiladi. Telefonni o'chirib, kamarni taqib, yonimda o'tirgan ayolimga ham ko'maklashib bo'lib qarasam, bortning yarmi kamar taqmagan. Samolyot yerga qo'nishiga 1 kmcha qolganida telefonlar jiringlashidan esa deyarli hech kim telefonni o'chirmaganini ham bilvoldim. Hatto bittasi, telefonni olib kim bilandir baland ovozda gaplashyapti: "Ha, mana biz eson-omon keldik!" Allo! Brat hali bunaqa xabar berishga sal ertamasmi, xotya yerga qo'nvolaylik!... deydigan odam yo'q. Yana eng qizig'i, samolyot mana-mana shossega qo'ndi, yon-atrofdan "Dzik, dzik!" ovozlar yangray boshladi. Bu kamarlar yechildi degani. To'g'risi, kimga qanaqayu, lekin beton trassada soatiga 400km tezlikda ketayotgan ulkan kema ichida o'tirganida, odamlar bunaqa ishonchni qayerdan oladi, xayronman?
Qo'ngach
Ha, kema to'xtagach, boya navbat olishga shoshilganlar endi o'zini eltib qo'ygan samolyotdan birinchilardan bo'lib tushib olishga shoshiladilar. Yana katta-katta chemodanlari bilan hammani urib-surib ketishadi. Result: Tabriklayman, siz pastda passajirlarni kutib turgan avtobusga birinchi bo'lib chiqdingiz va qolgan barchani KUTISHGA MAJBURSIZ!
Bunday kimsalar agar o'zlarining 4 kishilik shaxsiy Bombardier samolyotida uchishganida edi, u yerda nima qilishlari menga absolyutno pofig bo'lardi. Lekin agar ular men va boshqalar bilan birgalikda UzAirwaysning Boeing-767 samolyoti ekonom klassida ucharkanlar, iltimos qoidalarga amal qilishlari shart! Hech bo'lmasa insoniylikni yo'qotmaylik.
Xulosa
Qissadan hissani aytadigan bo'lsam, Davlat rahbari xalqimizga qarata: "Yangicha yashaylik, o'zgaraylik!" deganlarida, kinoya bilan "yangi zamonda haliyam eskilar bor" deb qo'yamiz. Aslida, men yuqorida aytib o'tgan voqealardan katta ma'no chiqarsa bo'ladi.
Odamlar bir-birini hurmat qilmaguncha, kiritilgan qoidalarga qat'iy amal qilmaguncha va eng muhimi o'zgarishni istamagunimizcha hech narsa o'zgarmaydi.
Unutmaylik, aslida bu jamiyatda barchamiz go'yo bir ulkan samolyotda jam bo'lganmiz va u osmonda parvoz qilmoqda. Xudo ko'rsatmasi, agar kema qulasa, hamma birdek qulashini esdan chiqarmasak bo'ldi.