IMHO
July 22, 2021

Parij sindromi - ko'ngil qolish kasalligi

22.07.2021

Bu shahar nomini eshitganizda ko'z oldizga nima keladi? Parij - bu romantika olami poytaxti! Fransiyaga tashrif buyurgan har bir sayohatchining o'zi ko'rgan diqqatga sazovor joylaridan biri. Ammo ba'zi sayyohlar, aksincha, bu shaharga kelib qiynalishadi. Axvol shunchalikka boradiki, odatdagi ko'ngilsizlik haqiqiy ruhiy kasallikka aylanadi.

Biz Parij sindromi deb ataladigan narsa haqida gaplashamiz. Birinchi marta Fransiya poytaxtiga tashrif buyurgan yaponlar orasida aniqlangan. Va sindromning sababi haqiqiy Parij bilan televizorda namoyish etilgan, rasmlar va she'rlarda madh etillgan Parij orasidagi katta farq bo'lib chiqdi.

Ushbu kasallik ilk bor Parijning mashhur Sant-Anne kasalxonasida ishlaydigan yaponiyalik psixiatr Xiroaki Ota tomonidan e'lon qilinadi (Sant-Anne kasalxonasi 1863-yildan beri psixiatriya va nevrologiyaga ixtisoslashgan markaz). Parijga tashrif buyurgan vatandoshlarini tekshirgandan so'ng, Ota ularda depressiyaga o'xshash alomatlarni sezadi. Boshqa "qurbonlar" bilan muloqot yaponiyaliklar sayohatdan keyin duch kelgan bir qator belgilarni ko'rsatdi.

Avvalo, til to'sig'i. Fransiya barcha sayyohlarni madaniyati, adabiyoti, me'moriy yodgorliklari va mahalliy aholining ohangdor tili bilan o'ziga jalb qiladi. Shu bilan birga, fransuzlarning o'zlari chet tillarini bilishlarida uncha farq qilmaydi, shuning uchun ular sayyohlar bilan juda mehmondo'st emaslar. Natijada, shahar mehmonlari o'zlarini yolg'iz his etishadi, bu esa uzoq muddatda yolg'izlik va tushkunlikka olib keladi.

Ikkinchi sabab - mentalitetdagi farqlar. Yaponlar hamjamiyatning guruh tamoyillariga rioya qilishadi, fransuzlar esa individualistik munosabatlardan to'liq qoniqishadi. Ular hissiy va egosentrik xatti-harakatlari bilan ajralib turadi, yaponlar esa, aksincha, bosiq0 va tarbiyali millatdir.

Ammo Parij sindromining eng katta ehtimoliy sababi doktor Xiroaki Ota ta'kidlaganidek, haqiqiy Parij bilan sayyohlar xayol qiladigan shahar o'rtasidagi nomuvofiqlikdir. Romantik shahar, orzu qilingan shahar! Shinam kafelar, tuvaklarda gullar, yangi pishirilgan kruassan va xushbo'y kofe hidiga to'yingan tosh ko'chalar!

Afsuski, haqiqiy Parij bizga "Ameli" filmida namoyish etilgan shahar bilan deyarli o'xshash emas.

Aslida, Parij - bu ulkan metropol bo'lib, unda qator-qator avtoulovlar, o'z bizneslari bilan yugurib yurgana odamlar galasi, sotib oling deya bezor qiluvchi esdalik sotuvchilar va shahar uzra bo'y cho'zgan tutunli bulutlar bor. Ko'pchilik ushbu "haqiqat sinovidan" o'tolmaydi va depressiyaga tushib qoladi. Ba'zi sayyohlar o'zlarining ruhiyatini tiklashga muvaffaq bo'lishadi, ammo ular buni professional psixologlar yordamisiz qila olmaydilar.

@panda_books Telegram kanali uchun