Antiutopiya janridagi eng yaxshi 3 asarning qiyosiy tahlili: Oldos Xaksli "Jasur yangi dunyo", Y.Zamyatin "Biz" va Jorj Oruell "1984"
Dunyo adabiyoti tarixida antiutopiya yo'nalishi bo'yicha yozilgan eng yaxshi asarlar sirasiga angliyalik yozuvchilar Oldos Xakslining "Jasur yangi dunyo", Jorj Oruellning "1984" va rus yozuvchisi Yevgeniy Zamyatinning "Biz" romanlari kiradi. Bizning kitobxonlar auditoriyamizga ham so'nggi ikkita asar ancha yaxshi tanish bo'lib qolgan.
Keling, bugun ushbu 3 ta ajoyib antiutopiyani o'zaro solishtirib ko'ramiz va kerakli xulosalar chiqarishga harakat qilamiz.
Yevgeniy Zamyatinning "Biz" asari haqida qisqacha:
Asar 1920-yilda yozilgan. Unda Yagona Davlatda yashaydigan yer aholisi haqida hikoya qilinadi. Asar voqealari kelajakda ya'ni uchinchi mingyillikda sodir bo'ladi.
Oldos Xakslining "Jasur yangi dunyo" asari haqida qisqacha:
Kitob 1931-yilda yozilgan. Asar voqealari kelajak 26-asrda sodir bo'ladi. Unda aholi mutlaq baxtli sanalgan makonda yashashadi. Ishlash esa bizniki singari majburiyat sifatida qaralmaydi.
Jorj Oruellning "1984" asari haqida qisqacha:
Asar 1948-yilda yozilgan. Asar voqealari esa o'sha paytda kelajak bo'lgan 1984-yilda bo'lib o'tadi. Undagi voqealari aslida sobiq SSSR davlatining allegorik ko'rinishi hisoblanadi.
Asarlar barchasi o'ziga xos stilda yozilgan va ular ko'tarib chiqqan muammolar va kitob so'ngida beradigan g'oyalari bir-biridan mutlaq farq qilsa-da, ularda uyg'un mushtaraklik mavjuddir. Buni aniqlash uchun bir qator mezonlar bo'yicha ushbu asardagi g'oyalarni taqqoslab ko'ramiz.
Ularni taqqoslash uchun biz asosiy deb hisoblagan 5 ta mezonni tanlaymiz.
Birinchisi, bu — Nazoratdir:
Bu borada "Biz" va "1984" asarlari o'zaro o'xshashdir. Bunda biz har ikkalasida ham yakkahokimiyat o'rnatilganligini ko'rishimiz mumkin. "Biz"da Valine'mat har yil qayta-qayta saylansa, "1984"da Katta og'a va yagona partiya mavjud. "Biz"da hamma teng bo'lib, har tarafi ichkari ko'rinadigan shaffof uychalarda yashashsa, Oruell olamida hamma uylarga tovushlarni eshitadigan va ko'ruvchi ekranlar qo'yib tashlangan. Xaksli olamida esa nazorat ancha erkinroq va quvnoqroq ekanligini ko'rishimiz mumkin. Ular yashaydigan jamiyatda qattiqqo'l tizim o'rnatilmagan, aholisi ham ancha ahmoqroq va ular hech qachon tuzumga qarshi chiqish kerak degan fikrga borisha olmaydi. Bunga ularda hech kim qiziqmaydi ham. Zamyatinda "numer"lar (u insonlar yo'q bo'lib ketgani, ular o'rniga numerlar kelganini aytib o'tadi) allaqachon Yagona Davlatga ishonib, unga sodiqroq bo'lishsa, Oruellda hali hammayam Katta Og'ani qo'llamaydi. Lekin barcha undan qattiq qo'rqishadi, chunki qarshi chiqqanlar shunchaki yo'q qilinadi. Hatto, ulardan hech qanday nom-nishon qolmaydi. Mening nazarimda, nazorat borasida Oruellning "1984"i eng qattiqqo'li va tajovuzkoridir. Qolgan ikki asarda odamlar asosan biologik va psixik yo'llar yordamida boshqarishga harakat qilinishini ko'rishimiz mumkin.
Ikkinchi mezon — bu Oila:
"Biz" romanida oila tushunchasi mavjud, lekin unga eskirgan bir ijtimoiy yacheyka deya qarashadi. Turmush qurish va bola ko'rish taqiqlangan. Jinsiy munosabatlar masalasIda Oruellning Uinstoni uchun ayollar bilan yaqin munosabatlar faqatgina partiyaviy burch hisoblangan. Ya'ni ulardan farzand ko'rish va ularni partiya xizmatiga berish lozim qilinardi. Xakslining dunyosida esa bu borada hech kutilmaganda o'ta erkin tanlov ilgari surilgan. Har kim xohlagan odami bilan qovusha olishi mumkin edi. Farzandlar esa maxsus inkubatorlarda sun'iy yo'l bilan yaratilardi. Zamyatin "Biz"ida esa jinsiy munosabatlar uchun maxsus Byurodan oldindan tanlab berilgan numer nomiga pushti talon olingan holdagina qovushish mumkin bo'lgan. Va bu jarayon "akvariumda" pardalarni tushirib qo'yish rasman mumkin bo'lgan yagona holat edi. Oila masalasi barcha antiutopiyalarda aynan oilaga, shaxsiy hayotga qandaydir eskirgan va keraksiz rishta sifatida qaraladi. Zero, barcha antiutopik tuzumlar insonning o'z shaxsiy hayoi bo'lishi va barcha say-harakatini oilasi manfaatlari yo'lida amalga oshirishidan xavfsirashardi. Chunki bu holda ularni tuzumga yanada qattiqroq bog'lash va ularni "ulug' maqsadlar" yo'lida xizmat qidirish murakkablashardi. Mening nazarimda, oilaga munosabat bo'yicha har uchala antiutopiya tanlagan yo'l bir xil darajada noto'g'ri va dahshatli.
Uchinchi mezon — bu Kitoblarga munosabat:
"Biz" romanidagi tasvirlnagan voqea-hodisalar asar bosh qahramoni tutgan kundaligi tarzida bayon qilingan, kitobning bitta sahnasida boshqa uychada ayol kitob o'qib o'tirgani tasvirlanadi. Ushbu asarda bu ish, ya'ni kitob mutolaasi uchun qandaydir jazo bor ekanligini eslolmayman. Aksincha, Oruellning olamida esa bu "qilmish" uchun bemalol qamalib ketish mumkin edi. "1984"da Katta Og'a kitoblarga, umuman axborot olish mumkin bo'lgan har qanday vositaga juda qattiq nafrat va hadik bilan qaragan, shuning uchun bunday nokoiz harakat uchun jazo muqarrar edi. "Biz" romanida "numer"lar faqatgina o'zlarining Shaxsiy Soatlaridagina ko'ngliga yoqqan mashg'ulotini qila olardilar. Ammo ular o'zlarini matematik kamolotga yetgan deya hisoblashgani uchun, ular besh daqiqada bitta roman yoza olishardi. Va albatta unda Yagona Davlat madh etilishi shart edi.
"Jasur yangi dunyo" romanida esa odatdagidek, barchasi biroz boshqacha. Bu yerda tuzumni madh etish shart emas, kitob o'qisangiz hech kim boshingizga shartta qop kiydirib olib ketmaydi. Ammo shunga qaramasdan...odamlar baribir kitob o'qishmaydi. Ha, shunchaki. Axir shuncha ko'ngilochar mashg'ulotlat turganda, kim ham zerikarli kitoblarni varaqlardi? Ya'ni o'sha paytdayoq Xaksli kelajakda ko'ngilochar, yengil-yelpi mahsulotlar odamlarni kitoblardan chalg'itadi deya hisoblagan.
Kuzatganingizdek, kitoblarga munosabat har uchala antiutopiyada turlichadir. Bu borada odatdagidek, eng qattiqqo'l uslubni "1984" asarida uchratishingiz mumkin. Bosh qahramon Uinston ham aslida taqiqlangan kitob o'qigani uchun jazoga mubtalo bo'ladi. "Biz"da kitob o'qishga qarshilik yo'q, ammo kitoblar Yagona Davlat tuzumiga hamdu-sano o'qishi kerak bo'lgan. "Jasur yangi dunyo"da esa hamma narsa mumkin, ammo hech kim kitob o'qishni istamaydi. Nazarimda bu narsa hozirgi zamonimizdagi holatga eng yaqin bo'lgan holat.
Demak, endi to'rtinchi mezon — bu Urush:
Oruellning "1984" asarida bosh qahramon dunyoda 3 ta katta davlatlar o'zaro urush holatida ekanligidan xabardor edi. Aniqrog'i, xabarlar shunchalik tez o'zgarib va qayta yozilib turardiki, Uinston hozir urush yoki tinchlik holati ekanligini aniq bilmasdi. Ma'lumot juda tanqis narsa edi. (Bu haqida keyingi mezonda batafsil) Xullas, Katta Og'a aholini boshqarishda tashqi xavf - dushman obrazini yaratgan va doimiy xavfsirash holatida saqlar edi. Doimiy ogohlik insonlarni boshqa zarurroq ishlardan chalg'itib, qo'rquvda ushlab turardi. Zamyatinning "Biz" romanida esa axvol biroz boshqacharoq edi. Asardagi voqealar dunyoda bo'lib o'tgan 200 Yillik urushdan keyin davom etadi. Bu urush va Ochlikka qarshi kurashdan so'ng dunyo aholisining atigi 0.2 foizi omon qoladi. Valine'mat endi urush tugagani, ammo bitta dushman qolganini ta'kidlaydi. U endi Sevgiga qarshi kurashish kerakligi to'g'risida bayonot beradi.
Xakslida esa 1-mezonda aytilganidek, hech qanday urush yoki inqilob haqida gap bormaydi. Aholi shundog'am kayf-safoda yashagach, kurashishga bo'lgan intilish yo'q. Ustiga-ustak, ular embrionlik paytidanoq "послушный" qilib tarbiyalanadi.
Oxirgi mezon esa — bu Haqiqatdir:
Oruell dunyosida haqiqat qattiq sir saqlanadi. Uni olishning imkoni esa deyarli yo'q. Chunki xabarlar qayta va qayta yoziladi. Tarix doimo o'zgarib turadi. Zamyatinning "Biz"ida esa aholi yagona haqiqat (aslida yolg'on)ga ishontirilgan. Buning natijasida Davlat Gazetasida nima yozilsa, shuni haqiqat deya hisoblashadi. Xakslining bu boradagi qarashlari Oruelldan biroz farq qiladi. Oruell "1984"da haqiqat kamyobligi odamlarga zarar deya hisoblasa, Xaksli aksincha o'ta ko'p ma'lumotlar insonga erkin berilarkan, u shunchaki haqiqatga va asliyatga qiziqmay qo'yishini ta'kidlaydi. Oruellda haqiqatni topish qiyin bo'lsa, Xakslida uni topish juda oson, ammo hech kim uni izlamaydi.
Kichik xulosa:
Bu uchta asar ham antiutopiyaning eng nodir asarlaridan hisoblanadi. Baxtimizga, ulardan biri allaqachon, yana bittasi esa endilikda o'zbek tiliga o'girilmoqda. Ularda tasvirlangan dunyolar va g'oyalar xilma-xil va o'ziga xosdir. Bunday jamiyatlar haqiqatda paydo bo'lish ehtimoli juda past. Bunday asarlar ko'proq bizni kelayotgan xavfdan saqlovchi ogohlik qo'ng'irog'i vazifasini bajaradi, desak ma'qul bo'ladi.
Bu uchala asardan qaysi biri sizga ko'proq yoqadi? Nima uchun? O'qimagan bo'lsangiz, qiziqish uyg'ota oldimi? Agarda sizga mening ushbu kichik adabiy tahlilim manzur kelgan bo'lsa va bu haqida boshqa fikrlaringiz bo'lsa, albatta izohlarda qoldiring.
@panda_books